GIYOHVANDLIK — ASR TAHDIDI

GIYOHVANDLIK — ASR TAHDIDI


Bugungi kunda jadal rivojlanib, taraqqiyot sari dadil odimlayotgan O‘zbekiston xalqaro maydonda o‘zining munosib o‘rni va nufuziga ega davlat sifatida e’tirof etilmoqda. Mamlakatimizda iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, avvalo, inson manfaatlari va farovonligini ta’minlashga qaratilgan. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Inson qadri uchun” tamoyili yurtimiz taraqqiyotining yangi bosqichga ko‘tarilganini yaqqol namoyon etmoqda.

Shu bilan birga, bugungi globallashuv davrida jamiyat taraqqiyotiga jiddiy xavf tug‘dirayotgan muammolar ham mavjud. Shunday tahdidlardan biri giyohvandlikdir. Ushbu illat nafaqat alohida shaxsning sog‘lig‘i va hayotiga, balki butun jamiyatning ma’naviy-axloqiy muhitiga, iqtisodiy taraqqiyotiga hamda millat genofondiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Mamlakatimizda aholi orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, inson salomatligini muhofaza qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Biroq so‘nggi yillarda sintetik giyohvandlik vositalarining paydo bo‘lishi va ularning internet hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali tez tarqalishi mazkur yo‘nalishdagi faoliyatni yanada takomillashtirish zaruratini yuzaga keltirmoqda.

Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 6-maydagi PF–73-son Farmoni bilan “O‘zbekiston Respublikasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish orqali ularning aholi salomatligi va mamlakat genofondiga salbiy ta’sirini bartaraf etish bo‘yicha strategik chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hujjat qabul qilindi hamda 2024–2028-yillarga mo‘ljallangan Giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish milliy strategiyasi tasdiqlandi.

Mazkur strategiya doirasida aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar orasida “giyohvandlikka qarshi immunitet”ni shakllantirish, ta’lim muassasalarida psixofaol moddalar tarqalishining oldini olish, targ‘ibot va profilaktika ishlarini yangi bosqichga olib chiqish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.

Shuningdek, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar, kuchli ta’sir qiluvchi va zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda saqlash, tashish yoki tarqatish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari kuchaytirildi. Bu esa mazkur turdagi jinoyatlarning oldini olish va aholi salomatligini muhofaza qilishga xizmat qilmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, giyohvandlik inson organizmiga jiddiy zarar yetkazadi, ruhiy va jismoniy qaramlikni keltirib chiqaradi hamda ko‘plab ijtimoiy muammolarni yuzaga chiqaradi. BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyo bo‘ylab 316 milliondan ortiq kishi giyohvand moddalarni iste’mol qiladi. Ularning qariyb 64 million nafari giyohvandlik bilan bog‘liq og‘ir kasalliklar va muammolardan aziyat chekmoqda.

Afsuski, giyohvandlikning salbiy oqibatlari haqida keng targ‘ibot ishlari olib borilayotganiga qaramay, ayrim yoshlar ushbu illat ta’siriga tushib qolmoqda. Bu esa oilalar, ta’lim muassasalari, mahalla va jamoatchilik zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi.

Giyohvandlikka qarshi kurash faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi emas. Bu – har bir ota-ona, pedagog, mahalla faoli va fuqaroning fuqarolik burchidir. Ayniqsa, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning qiziqishlari va ijtimoiy muhitini nazorat qilish muhim ahamiyat kasb etadi.

Xulosa qilib aytganda, giyohvandlik bugungi kunda insoniyat oldida turgan eng dolzarb ijtimoiy muammolardan biridir. Ushbu illatga qarshi kurashishda davlat va jamiyatning hamkorligi, profilaktik tadbirlarning samaradorligini oshirish hamda yosh avlodni sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash ustuvor vazifa bo‘lib qolaveradi. Zero, yoshlar – nafaqat ertangi kunimiz, balki bugungi taraqqiyotimizning ham hal qiluvchi kuchi va bebaho boyligidir.

 




Report Page