GAZ JIHOZLARINING SOZLIGI XAVFSIZLIK GAROVI

GAZ JIHOZLARINING SOZLIGI XAVFSIZLIK GAROVI


Kuzning salqin kunlari tugab, qish eshik qoqmoqda. Sovuq kunlar boshlanishi bilan aholining tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyoji ikki hissaga ortadi. Bu davrda fuqarolarimiz tomonidan yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzib, qo‘lbola gaz jihozlaridan foydalanish holatlari ko‘payadi. Bu esa, o‘z navbatida, baxtsiz hodisalarni keltirib chiqarishi mumkin.

Gaz tufayli sodir bo‘ladigan talofatlarni oldini olishda uy ichi jihozlarining sozligi va davlat standartlariga mosligi muhim o‘rin tutadi. Shunday ekan, gaz jihozlaringizning sozligiga e’tibor qaratishingizni, qo‘lbola gaz uskunalaridan foydalanmasligingizni tavsiya qilamiz.

Ayni kunlarda Samarqand viloyatining barcha tumanlarida “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filialining uy ichi xizmati xodimlari tomonidan reja-grafik asosida aholi xonadonlaridagi gaz uskunalariga texnik xizmatlar ko‘rsatib kelinmoqda.

 Jumladan, “Kattaqo‘rg‘onshahargaz” gaz ta’minoti bo‘limi 19 236 ta tabiiy, 1 872 ta suyultirilgan gaz iste’molchilari mavjud bo‘lib, 2021 yil oktabr oyi davomida hududdagi 1260 ta tabiiy va 463 ta suyultirilgan gaz iste’molchilariga, jami 1723 ta aholi xonadonlaridagi gaz uskunalariga texnik xizmatlar ko‘rsatildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvarda qabul qilingan “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 22-sonli qaroriga ko‘ra, gaz ta’minoti tashkiloti tomonidan tasdiqlagan jadvallar va tariflar bo‘yicha iste’molchilarning ichki gaz tarmoqlari va “zangori olov”dan foydalanish uskunalariga profilaktik xizmat ko‘rsatiladi. Bunda, ko‘p qavatli turar joylardagi gaz plitalar, boshqa gaz uskunalari mavjud bo‘lmaganda - ikki yilda bir marta, turar joylardagi gaz plitalari, isitish, suv isitish uskunalari - yilda bir marta va har bir isitish mavsumi boshlanishidan avval mutaxassis ko‘rigidan o‘tkazish majburiy qilib belgilab qo‘yilgan. Bu gaz tarmoqlarida uchraydigan turli avariyalar va ko‘ngilsiz talofatlarning oldini olishga xizmat qiladi.

“Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati

Report Page