GASTERBAYTER “CHEMPIONKA
Tillaniso1
Buxoro. 2015.
Turkiyaga nima sababdan ketmqchisiz?
Ishlagani.
Kimdir chaqiryaptimi sizni, kutib oladigan odam bormi?
Hozircha yo`q, lekin topsa bo`ladi, o`zbek ko`pu ho`rda.
O`zbek ko`p, aldab ketadiganiyam ko`pda.
Akam, meni es-hushim joyida, yo lallayganga o`xshaymanmi?
Xodimlarning sal semizrog`i qo`lida turgan passort-u hujjatlardan boshini ko`tarib, Sanamjonga bir qarab oldida, ochiqdan ochiq ensa qotirdi. Qiz ham pinagini buzmay tikka qarab turaverdi.
23 uch yosh ekansiz, begona joyda bir o`zingiz qiynalasizda, -yana nimalardir deyishga og`iz juflagandiyu, birdan xafsalasi so`ndi. Ketsa ketar, birovning tashvishiyam uning zimmasidami, bunga o`xshagan qanchasi suryapti, orqasidan o`ligi kelsayam, bilganini qilsin, dedi xodimning ichidagi bexafsala ovoz. – Mengaku farqi yo`q, qayerda bo`lsangiz ham omadingizni bersin, singlim. Mana, hujjatlariz joyida, faqat ovir uchun notariusdan tasdiq kerak, ota-onangiz borib, notariusga chetga chiqishiz uchun roziligi haqida tilxat bersin.
Nimaga ota-onam ruxsat beradi, passportimda 18 dan o`tganim yozilganku?! – Sanamjon boshida talmovsiradi, keyin oshkora jahli qo`zidi.
Singlim, davlatning qoidasi shunaqa. Yoshizni ko`rib turibman. Erga tekkan bo`lsangiz, kuyov, bo`lmasa ota-ona rozilik berishi kerak chetga chiqish uchun.
Erim ham meni roziligimni olishi kerakmi biror joyga ketish uchun?
Xodimning yonidagi yoshroq va ozg`in sherigi titkilab turgan qog`ozlaridan ko`z uzmagan ko`yi bosh chayqab kulib qo`ydi.
Xullas, gap shu, - xodim hujjatlarni Sanamjonga uzatarkan asabiy suhbatni tezroq kesgisi keldi, buni qizga urg`ulash uchun bot-bot tashqarida navbatda turganlarga ko`z qirini tashladi, -- sizga yordam berishga tayyormiz, faqat notariusdan o`sha xatni olib keling.
Sanamjon hujjatlarini olarkan, yomg`ir ostida qolgan mushukchadek hurpayib oldi, “axir boshqa yo`li yo`qmi, ota-onamga qanday…” Tuyqus yalinishga tushdi, “Akajon, bashqa chorasi bordir, bo`lsa o`rgating, masalan, ota-onamni obormay o`sha go`ristonga, hujjatga shundoq imzo qo`ydirib kelaman, keyin notarius tasdiqlab beradi.”
Xodim endi yanayam qat’iylashdi, “ha gap buyoqda ekanda, o`zi qilig`ing bu, shu holingga osmondan kelyapsanmi boyadan beri” istehzo kuldi ichida.
Yo`q, singlim, yo`q. Iloji yo`q buni, ota-onangiz borib yuzma-yuz turib tasdiqlashi kerak. Davlat chiqargan qonun bu. Biz aralasholmaymiz.
Yaxshi, tushindim, men endi qari ota-onamni sudrab yurmay degandimda, tupkani tegida yashaymiz, shaharga kelishi qiyin. Lekin shu kerak bo`lsa, shunday qilamiz.
Sanamjon otdan tushsa ham egardan tushmay, sir boy bermaslikka tirishdi, tashqariga chiqargan umrida birinchi marta kimgadir yalingani uchun o`zini yanadi, g`ururi shilingandek bo`ldi, “sen,a kelib-kelib senlarga yalindimmi, ota-onamga yalinmaganman hech”. Mana shu ota-onamga yalinmaganman degan gapi o`ziga hammasidan ham og`ir botdi. Ichidan qirindi o`tdi. Doim o`zinikini o`tkazib kelgani, ota-onasiga zo`rlik qilib bilgan yo`lidan borgani uchun na o`zidan faxrlana olgan, na o`zini to`la qonli his qila olgan. Endi nima deydi ularga borib, nana, dada, men bilgan, tanlagan yo`llarim xató ekan, sizlar haq edingiz, bu kasb, bu yo`llar bilan tirikchilik qilib bo`lmaskan, hayotda o`rin topishning ham iloji yo`q, eng yomoni, siz aytganingizdek kelajagi yo`q bu ishlarning, shunga ketaman, boshqadan boshlayman, chet elda qora ish qilaman, birovni uyini tozalayman, ketini artaman, ovqatini pisharaman deydimi?! G`ururi o`laqolsa yo`l bermaydiku bunga. E, bore, o`zimni qondoshim, sharmanda bo`lsam, shularning oldida bo`lay, deb aytib ham ko`rsin mayli ko`zini chirt yumib, ularning javobi tayinku: “Ana, kech bo`lsayam aqling kiribdimi, unda erga tegasan. Hech kim omaydi deb shoshma, o`zimiz topamiz er!”
Sanamjon o`ylari ichida parishon turarkan, oldiga kelib to`xtagan sariq matiz oynasidan chiqib turgan tepakal bosh hurkitib yubordi:
Hoy duxtar, gujo meri?
2
Aslidaku, yangasi uydan chiqib kestin, kvartirant qo`yaman demaganida, ish bunchalikka bormasdi. Ketishni o`ylab ko`rmasdi, shu yangalar ham seni oyoq uchida ko`rishi, og`iring kelgandek qarashi alam qiladi-da. Ketishni o`ylamagan, boriga qanoat qilib, bor, e deb qo`l siltab nima bo`lsa-bo`lar deb yashayverarmidi? Yo baribir ketarmidi, yangasi yaxshi qildimikan, sabrining so`nggi tomchisini ag`darib?!
Hammasidan ham yaqinlaringni qo`llamasligi alam qilarkan, hamma narsaga ko`na olardim, lekin bu yaqinlarimga hech qachon yoqolmayman bu turishimda, -- ichdan ezildi Sanamjon. (O`ziku u hech kimga ezilgani, hatto ezila olishi mumkinliginiyam ko`rsatmaydi, o`zicha hamma uni beton deb,o`ylaydi, degan fikrda. Ammo ichdan qanchalik zil ketishini o`zi biladi.) Yangaga o`sha keladigan ijarachi beradigan pulni topib beray desa, buyoqda maoshi bir ahvol. 600 mingni ijaraga yetkazsinmi, yo yeb-ichishiga ishlatsinmi?! Yaxshiki, akalari, unga qo`shilib yangalari ham rossiyachi bo`lgandan beri, uyiga pul bermaydi, ota-onasini shular boqadi. Agar shuyam bo`lmasa, ikki hissa jabr bo`lardi. Yangani tushinsa bo`ldi, birovning yurtida qahraton sovuqda ko`cha supirib topgan puliga olgan uydan daromad kelib turishini istaydi. Yomon joyi yo`qku, o`zi odamlar Rossiyaga shuni uchun borsa, biror biznes ochadi kichik, yo uy olib ijaraga beradi. Bo`lmasa, umrbod rossiyachi bo`lib yuraveradi, boshqa daromad keladigam joy bo`lmasa…
Onasiga “ikki-uch kunda boshqa joyga ko`chib o`taman” deb aytdi, endi uy topish kerak, agar Turkiya o`xshasa bormi, bira to`la o`sha joydan topardi uyniyam! Ammo uyam o`xshamaydigan, ko`zi yetmayapti. Boshqa nima qilsa bo`larkan, maoshimni ko`tar deb, janjal qilgani bilan, hech ish chiqmaydi. Buyam davlat qilgan qonunlar kabi qat’iy davlat belgilagan maosh. Rahbarlarga bir narsa de-chi, darrov og`zingga uradi: “shukr qil, sport maktablari o`zi zarariga ishlayapti, maosh ko`tarilsin, ko`tarilsin deysan, undan ko`ra yopilib ketmasin deb duo o`qi, yopivorishiyam mumkin.”
O`zi chiqib ketib alohida to`garak ochsami? Eplay olarmikan, eplashdan battar qoplay olarmikan? Joy ol arendaga, unga bir dunyo pulga inventor sotib ol, mayli borsin, katta bir kredit ko`taradi, ammo keyinchi, qizlar kelarmikan? Ha, deganda ota-onalar qizini sportga beravermaydi, bersa ham bu sport turiga berishi qiyinov, o`zi qanaqa qarshiliklar bilan chiqqan! Sport maktabidagi dzyudo sinfida 30 ta yigitning ichida bor-yog`i bir qiz ediku. Qanaqa dashnomlar eshitmadi?!
Qizlar kelmasa, yigitlar keladi deb ishonsa, uyam bir mo`rt ishonch. Odatda og`il bolalar baribir erkak murabbiyga ketadi. Sport maktabi harna kuniga yarayapti.
Haydovchi nimadir deb tojikchalab gujurdagandi, Sanamjon kesdi:
Amaki, o`zbekcha gapiravering, man g`irt qishloqiman, qishloqdan kelgan, tojiki nemodanam.
Shopir oynadan unga qarab ha-ha, yaxshi, shundaymi deganday bosh silkidi. – Boya sizga qarab turib rosa ikkilandim deyman, yigitmi bu qizmi deb, borib nima dey, hey qiz desammikan, yo yigit? Qansharimga tushirib qomaydimi adashgan bo`lsam , -- deb o`zining gapi o`ziga na’sha qilib xoxolab ketdi. Sal yaqin borsam, orqangizga sochingiz yig`ilgan ekan. Lekinchi, rosa bir bayovoy qizga o`xsharkansizda.
Shopir yana xaxolab ketdi. O`z gapiga o`zi kuladigan bu noqisga qayerdan yo`liqdi ekan?!
-O`xshamayman, aniq bayovoy qizman, amaki.
Sanamjon sen aytmasang ham o`zim bilaman degan qabilida cho`rt kesdi. Sharttakiligi shopirni cho`chitdi shekilli, indamay qo`ydi. Sanamjonning bir dardi mingta bo`lib yana xayollari to`zg`ib ketdi. Shu “bayovoy”, yo “erkakka o`xshaysan” degan gaplardan qancha azob chekdi. Amakiyu tog`larining otasiga shikoyat qilib kelgani, “bo`ldi, qizing yig`ishtirsin sportni, buning erkakcha kiyinishlaridan elotda bosh ko`tarib yurolmay qoldik” deganalariyu, sport maktabidan oldingi maktabdagi qadrdon dugonlarining ulg`ayib borgan sari kesatiqnamo qilgan pichinglari o`z yo`ligaku (ha mayli, tushinmaydigan odamlarning gap-so`ziga og`rinib, vaqt yo`qotish uvol), Mamlakat sport vazirligining Respublika chempionatida qilgan ishini nima deb oqlash mumkin? (Qanchalik jon-jonidan o`tgandi o`Shanda!) Chempionatni aniq Sanamjon yutdi. Buni hamma ko`rdi. Hakamlar ham shunday topdi, u endi O`zbekiston chempioni! Bu kunlarni qancha orziqib kutdi, viloyatma-viloyat, turnirmi-turnir yuraverib, oyog`i chiqib, qo`li sinib, nihoyat sabr tagi sariq oltin bo`lib chiqdi-ya! Endi shohsupaning yuqori o`rniga chiqish uchun murabbiyi bilan hozirlik ko`rib turgan bir payt tashkilotchilar imlab qoldi. Sekin yoniga borishsa, yumshoq qilib, “singlim, 1-o`rin diplomini sizga bersak, lekin e`londa raqibangiz ismini eshittirsak, qarshimasmisiz, shohsupagayam siz ikkinchi, u birinchi bo`p chiqib bersa, yo`q xavotir olmang, birinchiligingizni hamma bildi, faqat televideniya va jurnalistlar ko`ziga… shunday qilib turaylik?”
Sanamjon hech narsani tushinmay dovdiradi, axir hali o`smir qiz, u paytlari sharttakiligi haddi a’losiga yetmagan, ammo murabbiyi chidab turmadi, “eslaring joyidami, shunaqa musobaqani ham sotdingmi sen iflosla, he ko`zingni pul ko`msin”.
“Hay-hay, gap boshqa yoqda”, - yoshi kattaroq tashkilotchi murosa izladi. “Qizingiz haqiqiy sportchi ekanda, nima desam, turishlari, kelbatlari o`g`il bolacha, xalqimiz buni ko`rsa malomatga qolib ketmaymizmi, jurnalistlar so`rashyapti bizdan shuni, aka”, deb mo`ltiradi. Sanamjonning ichi muzlab ketdi, qo`lida nimadir bo`lganda yerga tushib chil-chil sinardi, ammo shundog`am ruhi yerlarga tushib chilparchin bo`ldi. Murabbiy esa gap topib berolmay kalovlandi. Tortisholmadi, nimayam deydi, oraga xalq nomi qo`shildi, xalq esa … kim bilsin qanday munosabat qilishini oldidan aytib bo`lmaydi. O`sha jurnalistlar haqdir, el ichida yurganku, ehtimol qizni asrashayotgandir…
Sanamjon birinchi marta musobaqadan medal olib keladi. Navoiyda bo`ldi, har xil joylardan raqibalar kelgan ekan, Sanamjon yutdi. Kech kirmay, uyga yetib, uydagilarga maqtanay deb shoshildi. 7 yo 8-sinfmidiyey. Onasi xamir yoyayotgan ekan. Sanamjon g`urur bilan medalni supraga tashladi: Mana, ona, ko`rib qo`y, sport maktabida o`zimcha yurmayapman, menam nimagadir yarayman, uni ustiga g`olibman, g`olib!
Onasi parvosiz so`radi:
Nima bu, sotsa bo`ladimi, necha pulga ketadi?
Sanamjon tishlab ko`rdi, “yo`q, oddiy metal bu, buni sotib nima qilamiz o`zi, nana?
Sanga pul keltirmasa, nima naf bu ishlaringdan, bir kunlik ro`zg`orimizga yetsayam mayliydi?!
Sanamjon bolaligidan dashnom eshitaverib, ota-onasini qayirib tashlashga o`rgangan. Lekin u paytda hali bola, hali ota-onam mendan mag`rurlanadi degan umidlari tetik. Onasining javobidan yelkasi qisingan bo`lsayam, ko`rsatishga ori kelib, molxona tomon yugurdi. Molxona uzoqda, shamolgay, yuzini tiladigan ko`zni achishtiradigan shamolga o`zni tutib, dod desa bo`ladi dunyo dastidan. Ko`zidagi ko`z yoshni birov bilmaydi. Shamol-da bu deydi. Qattiq diydasidan uch-to`rt tomchi yosh to`kiladi. Yuragiyam qotganday bo`ladi. Shu-shu medal olib, hech yaqinlariga ko`z-ko`z qilmay qo`yadi. Uni sotsa bo`lmaydi, axir. Ota-onaning ko`nglini tinchitay desa, g`olibga shu ramziy medaldan tashqari beriladigan pul yo`q. Vaqti kelib shon-shuhratga erishaman, Respublika chempioni bo`laman, televizordan gapiraman, butun O`zbekiston taniydi, o`shanda ota-onam qarindoshlarga, butun qishloqqa meni gapiradi: “Qaranglar, meni qizim, mana shu champion meni qizim bo`ladi. O`zi juda qaysar edi-da bolaligidan, mana qaysarligi oqibatidan orzulariga yetdi!”
Biroq chuchvarani xom sanagan ekan. Sanamjon mag`lub bo`lgan raqibasi gazetalar uchun suratga poz berib tushishiga bir chekkada yovqarash qilib tikilib o`tirdi. Birov undan kelib intervyu ham olmadi, rasm tushishni ham so`ramadi. Yo`q, singani yo`q, shunga sinib o`libdimi, faqat endi marra yanayam balandlashdi, endi jahon chempionatiyu, Olimpiadani ko`zlab yuraverishi kerak oldinga, o`shanda hammasining uni o`chadi. U shunaqa yerga ursa, ko`kka sakrab, oldinga o`zib ketaveradi, hammadan o`zadi!
Ehh, o`sha orzulariga yetardi, lekin ko`r qismat odamning oyog`idan chalarkan. Mashg`ulotlardan birida tap etib qo`li chiqdi. Soldirdi. Keyin yana va yana chiqaverdi. Shiq etib kirib chiqadigan o`yinchoq bo`lib qoldi. Oh, uni solinishdagi azob! Arslon ham jon chiqar mahali og`riqdan bu qadar o`kirmasa kerak! Keyin oyog`i sindi tizzadan. Viloyat kasalxonasidagi duxtir bir amallab tuzatdi, aytdiki, “endi sport qilmaysan, mushaklar mo`rt bo`lib turibdi, yo Germnaiyaga borib jiddiy operatsiya qilidirib kel. 3-4 ming dollar topsang, bitadi ishing”.
3-4 ming dollar, a?! Og`izning bir chetidan chiqib ketadi, ammo qayerdan topadi uncha pulni?! Shu bilan katta sportdan ketdi. Lekin anavi ko`ksdagi bir narsa borku, yurak, o`shani o`ti ketmadi-da hech, hech o`zini oddiy hayot shartlariga egolmadi, haliyam egolmay yuribdi, mana.
Sanamjon, ozgina o`zingizni bo`sh qo`ysangiz-chi, hayotga tashlab ber, muhitga, axir hammamiz somon-parchamiz, mazza qilib oq!
Xayolga berilib ketgani o`ziga erish tuyilib turgan Sanamjon kimdir uning siridan ogoh bo`lgandek, yalt etib menga qaradi. O`takasi yorilayozdi:
Kim, kimsan sen? Nega sen ham kelib menga aql o`rgatasan?
Menmi? – sokin jilmaydim. – Sening hikoyangdagi roviyman. Hali ko`p uchrashamiz, uzoq yillar…