Futzalchilarimiz jahonning eng kuchli jamoalaridan biriga munosib qarshilik koʻrsatishdi

Futzalchilarimiz jahonning eng kuchli jamoalaridan biriga munosib qarshilik koʻrsatishdi


Kecha Bahodir Ahmedov boshchiligidagi futzal boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari qoʻshni Qozogʻistonning Nursultan shahrida maydon egalariga qarshi nazorat-sinov oʻyinida maydonga tushdi.

Vakillarimiz uchun sparring-raqib sifatida bejiz Qozogʻiston tanlanmadi. Qoʻshnilarimiz soʻnggi jahon chempionatida yarim finalgacha yetib bordi va oʻzlaridan juda yaxshi taassurot qoldirishdi. Qolaversa, bu mamlakat klublari Yevropa Chempionlar ligasida doimiy ravishda yuqori oʻrinlarga daʼvogarlik qilib kelishadi.

Kuchli raqibga qarshi oʻyinni Ahmedov shogirdlari yomon boshlashmadi. Dastlabki boʻlimda tomonlar harchand urinishmasin, darvozalar daxlsiz qoldi. Ammo, tanaffusdan keyin hammasi oʻzgarib ketdi...

Avvaliga 22-daqiqada mezbonlar standart vaziyatdan samarali foydalanishdi. Gol muallifi Arnold Knaub boʻldi. Oradan hech qancha vaqt oʻtmay Junior Duglasning aniq zarbasidan soʻng hisob 2-0 oʻrinishini oldi.

Vaziyatning bunday tus olishi Bahodir Ahmedov va uning jamoasini aslo qoniqtirmas edi. Oʻyinda burilish yasash va uchrashuvni qutqarib qolishga intilgan vakillarimiz maydonga oʻynovchi darvozabonni tushirishdi. Buning samarasi oʻlaroq 37-daqiqada Ilhom Hamroyev hisobni qisqartirdi.

Shundan soʻng vakillarimiz hujumkorlikni yanada oshirishdi. Biroq, hujumga berilib ketish oqibatida darvoza boʻsh qoldirildi va 39-daqiqada qoʻshnilarimiz darvozaboni Igita ochiq qoldirilgan darvozani ishgʻol qilib, oʻyinga yakuniy nuqtani qoʻydi. Qozogʻiston – Oʻzbekiston – 3:1.

Garchi magʻlubiyatga uchragan boʻlsa-da, futzalchilarimizning oʻyini muxlisu-mutaxassislarda iliq taassurot qoldirganini ham alohida taʼkidlash kerak. Bu esa oʻzbek futzali taraqqiyot sari dadil qadam tashlayotganidan darak beradi.


Report Page