Fransiya taraqqiyot agentligining Rabat shahridagi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Fransiya taraqqiyot agentligining Rabat shahridagi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi


O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) hamda “Expertise France” tomonidan tashkil etilgan “Monitoring, hisobot va tekshiruv (MRV) tizimini joriy etishda Marokash tajribasini o‘rganish” o‘quv-dasturi doirasida Fransiya taraqqiyot agentligining Rabat shahridagi vakillari bilan uchrashdi.

Tomonlar ikki mamlakatda iqlim o‘zgarishi sohasida FTA bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlar, xususan, davlat moliyasini boshqarish tizimiga “yashil” iqtisodiyot tamoyillarini integratsiyalash doirasida budjet xarajatlarini “yashil” markirovkalash, “yashil” davlat xaridlarini joriy qilish, “yashil” moliyalashtirish taksonomiyasini (“yashil” mezonlar) joriy qilish kabi loyihalar bo‘yicha o‘zaro tajribalar almashishdi.

Uchrashuv davomida ikki mamlakatda yangi joriy etilayotgan loyihalar, jumladan, davlat ishtirokidagi korxonalarning “yashil” iqtisodiyotga o‘tishini jadallashtirish, shuningdek, issiqxona gazlari savdosini yo‘lga qo‘yish mexanizmlari, xususan, Yevropa Ittifoqining transchegaraviy uglerodni tartibga solish mexanizmi (Carbon border adjustment mechanism – CBAM) hamda milliy va xalqaro emissiya savdosi tizimlarini joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Shu bilan birga iqlim o‘zgarishi chora-tadbirlarini moliyalashtirish vosita va usullarini rivojlantirish, xususan, suveren va korporativ “yashil” obligatsiyalar chiqarish, xususiy sektorda “yashil” moliyalashtirish oqimlarini rag‘batlantirish yuzasidan ikki mamlakat tajribasi muhokama qilindi hamda bu borada hamkorlikda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan istiqbolli yo‘nalishlar ko‘rib chiqildi.

Ma’lumot uchun: 2023-yilning oktabr oyida O‘zbekiston Respublikasi ilk bor 4,25 trln so‘m miqdoridagi “yashil” suveren xalqaro obligatsiyalar hamda 660 mln AQSh dollari miqdoridagi xalqaro obligatsiyalarni London fond birjasida joylashtirdi. Ta’kidlash joizki, Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-oktabrdagi 561-sonli qarori bilan mamlakatda milliy “yashil” iqtisodiyot taksonomiyasi joriy etildi.

Bundan tashqari, qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida iqlim o‘zgarishiga moslashish choralarini ishlab chiqish, suv resurslaridan oqilona foydalanish (aqlli irrigatsiya) hamda yashil barqaror binolarni barpo etish bo‘yicha Marokashda FTA ishtirokida muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishildi hamda O‘zbekistonda bu borada ustuvorliklardan kelib chiqib, amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan loyihalar bo‘yicha fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda FTA va “Expertise France” tomonidan Marokashda muvaffaqiyatli amalga oshirilgan loyihalar misolida O‘zbekistonga qo‘shimcha ko‘mak yo‘naltirishga kelishib olindi.


Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Axborot xizmati

Report Page