“Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi O‘zbekiston Respublikasining suveren kredit reytingi bahosini BB- (barqaror) darajada tasdiqladi.

“Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi O‘zbekiston Respublikasining suveren kredit reytingi bahosini BB- (barqaror) darajada tasdiqladi.


MoliyaPress

2022-yilning 9-sentabr kuni “Fitch Rating” xalqaro reyting agentligi O‘zbekiston Respublikasining suveren kredit reytingi bo‘yicha navbatdagi hisobotini chop etdi. Hisobotga ko‘ra, mamlakatimiz suveren kredit reytingining bahosi BB- (barqaror kutilma) darajada tasdiqlandi.

2022-yilning 29-31-avgust kunlari “Fitch” xalqaro reyting agentligining O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy bank, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va boshqa idoralar mutasaddi rahbarlari hamda xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlar bilan uchrashuvlari o‘tkazildi.

Agentlik O‘zbekistonning suveren kredit reytingini yilda ikki marta qayta baholaydi va baholash jarayonida respublikadagi so‘nggi iqtisodiy yangiliklar bilan tanishadi.

Hisobotda ta’kidlanishicha, mamlakatimizning mustahkam tashqi va fiskal zaxiralari, mo‘’tadil davlat qarzi darajasi va “BB” reytingiga ega mamlakatlarga nisbatan yuqori o‘sish sur’atlari respublika suveren kredit reytingini qo‘llab-quvvatlovchi omillardan hisoblanadi.

Shu o‘rinda, mamlakatning xom-ashyo tovarlariga bog‘liqligi, institutsional va boshqaruv sifati darajalarining sustligi, yuqori inflyatsiya darajasi, va aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotining (YAIM) pastligi respublika kredit reytingini cheklovchi omillar sifatida keltirilgan.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston geosiyosiy vaziyatning dastlabki ta’siriga bardosh bera oldi va mamlakat iqtisodiyoti tashki shoklarga qarshi chidamlilik namoyish etishda davom etmoqda.

Xususan, qulay eksport narxlari, qo‘llab-quvvatlovchi fiskal siyosat, pul o‘tkazmalarining sezilarli oshgani va valyuta almashuv kursining barqarorlashuvi natijasida respublika iqtisodiyoti joriy yilning I yarim yilligida 5,4 foiz o‘sishga erishgani sababli agentlik 2022-yilda O‘zbekistonning real iqtisodiy o‘sish sur’ati bo‘yicha kutilmasini 3,1 foizdan 5,1 foizga oshirgan.

Shu bilan birga, “Fitch” tomonidan kelgusi yilda kutilayotgan global o‘sishning zaiflashuvi oqibatida 2023-yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 4,7 foizga o‘sishi va 2024-yilda bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan fiskal konsolidatsiya va qishloq xo‘jaligi, qurilish va sanoatga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan islohotlar natijasida real o‘sish sur’ati 5,5 foizga yetishi prognoz qilinmoqda.

Hisobotda keltirilishicha, 2022-yilda joriy operatsiyalar hisobi defitsiti YAIMga nisbatan 2,1 foizgacha pasayishi kutilmoqda. Mazkur kutilma oltin eksporti va oltinsiz eksportning o‘sishi va pul o‘tkazmalarining sezilarli ortgani bilan izohlangan. 

Agentlik prognoziga muvofiq, xalqaro zaxiralar kelgusi yillarda barqaror (2023-2024 yillarda – o‘rtacha 33,5 mlrd. dollar) darajada saqlanib qoladi. 2022-yilda inflyatsiya darajasi o‘rtacha 11,7 foizni tashkil qiladi va 2024-yilga kelib 9,2 foizga pasayadi. 

“Fitch” prognoziga ko‘ra, ijtimoiy soha va investitsiya xarajatlarini hisobga olgan holda konsolidatsiyalashgan budjet defitsiti 2022-yilda YAIMga nisbatan 4,8 foizga yetib, 2023 yilda 4,1 foizgacha pasayadi. Davlat qarzining YAIMga nisbati esa 2022-yilda 37,3 foizga yetishi, ammo “BB” reytingiga ega davlatlar medianasidan (YAIMga nisbatan 55 foiz) past darajada bo‘lishi qayd etilgan. 

Shuningdek, parlament tasdiqlagan “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi qonun loyihasida davlat qarzining YAIMga nisbatan 60 foizlik yuqori chegarasi, yangi jalb qilinadigan davlat qarziga yillik limitlar belgilanishi va davlat qarzi YAIMga nisbatan 50 foizdan oshgan holatlarda qarz hajmini kamaytirish choralari ko‘rilishi nazarda tutilganligi alohida e’tirof etilgan.

Mazkur qonun samaradorligi amalda qarz o‘sish sur’atlarini sekinlashtirish, shartli majburiyatlar xatarini boshqarish va davlat fiskal buferlarini saqlab qolish salohiyatiga bog‘liqligi, hamda mazkur choralar respublika kredit reytingini qo‘llab-quvvatlovchi asosiy omil sifatida qayd etilgan.

Hisobotda qayd etilishicha, murakkab tashqi muhitga qaramay Hukumat islohotlarni davom ettirishga sodiq qolmoqda. 

“Fitch”ning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning suveren kredit reytingi va kutilmasi quyidagi hollarda oshirilishi mumkin:

• makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlagan holda yuqori iqtisodiy o‘sishga erishilganda va aholi jon boshiga YAIM miqdorining “BB” reytingiga ega davlatlar bilan farqi kamayganda;

• “qonun ustuvorligi”, “aholi fikrini inobatga olish va hisobdorlik”, “tartibga solish sifati” va “korrupsiyani nazorat qilish” kabi boshqaruv standartlari sezilarli yaxshilanganda;

• fiskal va tashqi zaxiralar sezilarli oshganda.

O‘zbekistonning suveren kredit reytingi quyidagi hollarda pasaytirilishi mumkin:

• tashqi moliyaviy ko‘rsatkichlar yomonlashganda, pul o‘tkazmalarining doimiy kamayishi, tashqi savdo defitsitining oshishi sababli joriy operatsiyalar hisobi manfiy saldosining ortishi, xalqaro zaxiralarning sezilarli darajada kamayishi yoki tashqi majburiyatlarning tez oshishi;

iqtisodiy o‘sish sur’atining davomiy sekinlashishi, davlat shartli majburiyatlarining davlat tomonidan qoplanishi tufayli davlat qarzining YAIMga nisbati keskin oshishi yoki suveren fiskal buferlarning kamayishi.

Moliya vazirligi

Axborot xizmati

Report Page