“Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi O‘zbekiston Respublikasining suveren kredit reytingi bahosini BB- (barqaror) darajada tasdiqladi

“Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi O‘zbekiston Respublikasining suveren kredit reytingi bahosini BB- (barqaror) darajada tasdiqladi

EconomyMoliyaPress

2023-yilning 3-mart kuni b xalqaro reyting agentligi O‘zbekiston Respublikasining suveren kredit reytingi bo‘yicha navbatdagi hisobotini chop etdi. Hisobotga ko‘ra, mamlakatimiz suveren kredit reytingi BB- (barqaror kutilma) darajada tasdiqlandi.

2023-yilning 15-23-fevral kunlari “Fitch” xalqaro reyting agentligining Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va boshqa idoralar mutasaddi rahbarlari hamda xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Agentlik O‘zbekistonning suveren kredit reytingini yilda ikki marta qayta baholaydi va baholash jarayonida respublikadagi so‘nggi iqtisodiy yangiliklar bilan tanishadi.

Hisobotda ta’kidlanishicha, mamlakatimizning mustahkam tashqi va fiskal zaxiralari, mo‘tadil davlat qarzi darajasi va “BB” reytingiga ega mamlakatlarga nisbatan yuqori o‘sish sur’atlari respublika suveren kredit reytingini qo‘llab-quvvatlovchi omillardan hisoblanadi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston iqtisodiyoti tashqi shoklar ta’siriga qarshi chidamlilik namoyish eta oldi, shu bilan birga tashqi shoklar bilan bog‘liq noaniqliklar saqlanib qolmoqda.

Hisobotda keltirilishicha, Jahon bankining so‘nggi e’lon qilingan boshqaruv sifati ko‘rsatkichlarida O‘zbekistonning o‘rni sezilarli yaxshilanib to‘qqiz pog‘onaga ko‘tarilgan. Bunda, mazkur o‘zgarish tartibga solish sifati va hukumat samaradorligi, aholi fikrini inobatga olish va hisobdorlik hamda korrupsiyani tiyib turish ko‘rsatkichlarida aks etgan.

Shu bilan birga, hisobotda O‘zbekiston Hukumati davlat korxonalari va banklarni xususiylashtirish, hukumatni ixchamlashtirish va byurokratiya darajasini qisqartirish, shuningdek iqtisodiyotda raqobatni rag‘batlantirish maqsadida imtiyozli kreditlash hajmini kamaytirish kabi muhim tarkibiy iqtisodiy islohotlarni amalga oshirayotgani hamda bunday islohotlarni davom ettirish bo‘yicha salohiyati yuqoriligi alohida e’tirof etilgan.

2022-yilda O‘zbekiston iqtisodiyotining 5,7 foizga o‘sishiga asosiy omillar sifatida yuqori eksport hajmlari, fiskal rag‘batlantirish hamda aholi iste’molining o‘sishiga sabab bo‘lgan pul o‘tkazmalari ko‘rsatib o‘tilgan.

Agentlik global iqtisodiyotining sekinlashuvi ortidan 2023-2024-yillarda O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘rtacha 5,4 foizga o‘sishini prognoz qilinmoqda.

Shu bilan birga, “Fitch” prognoziga ko‘ra, fiskal konsolidatsiya kutilganidan ko‘ra tezroq amalga oshib, konsolidatsiyalashgan budjet defitsitining YAIMga nisbati 2023-yilda agentlik tomonidan kutilgan 3,9 foiz o‘rniga 3,5 foizni, 2024-yilda 2,3 foizni tashkil etadi (“BB” reytingiga ega mamlakatlar uchun o‘rtacha - 3,3 foiz).

Agentlikka ko‘ra, YAIMning barqaror o‘sishi va soliqqa tortish bazasining kengayishi davlat budjet daromadlarining ortishiga hamda davlat dasturlarini kreditlash hajmining qisqarishiga sabab bo‘lgan, shu bilan birga davlat-xususiy sheriklik tizimining yo‘lga qo‘yilishi davlat xarajatlarining qisqarishiga hamda davlat moliyasi boshqaruvining yaxshilanishiga turtki bo‘ladi.

Davlat qarzining YAIMga nisbati 2023-2024-yillarda o‘rtacha 36,4 foiz darajasida barqarorlashishi va “BB” reytingiga ega davlatlar medianasidan (YAIMga nisbatan 55 foiz) past darajada qolishi kutilmoqda.

Shuningdek, agentlik imtiyozli shartlarda jalb qilingan uzoq muddatli kreditlar sababli davlat qarzi bilan bog‘liq xatarlarni past darajada baholagan.

Hisobotda keltirilishicha, pul o‘tkazmalari o‘sishining barqarorlashuvi va import hajmining ortishi natijasida 2023-2024-yillarda joriy operatsiyalar hisobi defitsiti YAIMga nisbatan o‘rtacha 4,4 foizni tashkil qiladi.

Shu bilan birga, “Fitch” prognoziga ko‘ra O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari va likvidlik pozitsiyasi mustahkam darajada saqlanib qoladi, zaxiralarning importni qoplash darajasi esa 11 oyni tashkil etadi.

Agentlik 2022-yilda inflyatsiya darajasi o‘rtacha 11,3 foizni tashkil etishi, 2024-yilga kelib mazkur ko‘rsatkich 9,0 foizgacha pasayishi prognoz qilinmoqda.

“Fitch”ning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning suveren kredit reytingi va kutilmasi quyidagi hollarda oshirilishi mumkin:

• boshqaruv sifati ko‘rsatkichlari yanada yaxshilanganda;

• iqtisodiy o‘sish va makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlovchi islohotlarni izchil amalga oshirish natijasida aholi jon boshiga YAIM miqdorining “BB” reytingiga ega davlatlar ko‘rsatkichiga yaqinlashganda.

O‘zbekistonning suveren kredit reytingi quyidagi hollarda pasaytirilishi mumkin:

• tashqi moliyaviy ko‘rsatkichlar yomonlashganda, pul o‘tkazmalarining sezilarli kamayishi va tashqi savdo defitsitining oshishi sababli xalqaro zaxiralar sezilarli darajada kamayganda;

iqtisodiy o‘sish sur’atining davomiy sekinlashishi, davlat shartli majburiyatlarining davlat tomonidan qoplanishi tufayli davlat qarzining YAIMga nisbati keskin oshganda yoki suveren fiskal zaxiralar kamayganda.


Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Axborot xizmati

Report Page