Film ichida o’ziga xos film!

Film ichida o’ziga xos film!

Ikrom Ruzimurodov
Om Shanti Om



“Om Shanti Om” tomoshabinlarni jalb qiladigan film. Unda Bollivud qiroli Shohruh Xon suratga tushgan. Lekin kartinaning yutug‘i bosh rolni aynan Shohruh Xon ijro etganidagina emas. Filmni tomosha qilsangiz, bunga o‘zingiz guvoh bo‘lasiz.

Syujet haqida: Om Prakash Maxija (Shohruh Xon) 70-yillar kinosanoatidagi yosh aktyorlardan. U o‘rtog‘i Pappu (Shreyas Talpade) bilan birga katta artist bo‘lishni orzu qiladi. Onasi Bela Maxija (Kiron Kxer) o‘g‘lini qo‘llab-quvvatlaydi. Om kinosanoatdagi mashhur aktrisa Shanti Priya (Dipika Padukone)ni yaxshi ko‘radi.

Om Shantini “Orzudagi qiz” filmi premyerasida uchratadi. Keyin bir film syomkalarida u aktrisani yong‘indan olib chiqib, hayotini saqlab qoladi. Shundan so‘ng ular do‘st tutinishadi. Shanti Priyaning filmlariga Mukesh Mexra (Arjun Rampal) prodyuserlik qiladi. Shanti va Mukesh aslida turmush qurishgan bo‘ladi, biroq prodyuser bu munosabatlarni ovoza qilishni istamaydi. Sababi, u “Om Shanti Om” filmi uchun badavlat biznesmendan pul olmoqchi va uning qiziga uylanmoqchi edi. Shanti esa, homilador. Bularning baridan voqif bo‘lgan Omning qalbi tilka-pora bo‘ladi.


Mukesh Shantini aldab, film syomkasi uchun qurilgan dekoratsiyalarni yoqib yubormoqchiligin aytadi. Biroq qizni u yerga olib borgach, Shantini ichkarida qoldirib, dekoratsiyaga o‘t qo‘yadi. Shanti qancha yolvormasin, dod-voylariga quloq solmaydi. Shantining olov ichida qolganini ko‘rgan Om uni qutqarishga urinadi. Biroq bunga muvaffaq bo‘lmaydi. Uni homilador xotinining yoniga shoshilayotgan Rajesh Kapur (Javed Sheyx) mashinasi bilan urib ketadi. Om vafot etadi. Rajesh o‘g‘il ko‘radi. Bolaga Om deb ism qo‘yadi...

Filmning keyingi voqealari yanada qiziqarli tus oladi. Zero, Rajeshning o‘g‘li qiyofasida Om qayta dunyoga kelgan edi...


“Om Shanti Om” hind kinosanoatida 2007-yil yaratilgan eng zo‘r xitlardan biri bo‘ldi. Bir talay mukofotlarni qo‘lga kiritdi. Bunda rejissyor Farax Xonning hissasi katta. Aslida, Farax o‘z filmlarida originalikka katta ahamiyat beradi. Buni uning ilk filmi “Men borman-ku” (“Main Hoon Na”)da ham payqash mumkin.


Filmning eʼtiborli jihatlaridan biri shuki, “Dewangee Dewangee” qo‘shig‘iga ishlangan raqs sahnasida Bollivudning eng yorqin 31 ta yulduzi betakror raqs ijro etadi. Hind kinosining eng ko‘rkam erkaklari va eng sohibjamol aktrisalarini ko‘rish mumkin bu sahnada. Ular orasida 70-80-yillarda katta shuhrat qozongan Jitendra, Dxarmendra, Mitxun Chakraborti, Rekxa ham bor. Amitabx Bachchan, Abxishek Bachchan, Akshay Kumar, Feroz Xon, Ritik Roshan, Karan Joxar, Rishi Kapurlar esa mukofot topshirish sahnasida ko‘rinish berishadi. Darvoqe, bu sahna yumorga boy. Ayniqsa, Akki bilan Abxining sanʼatiga tan berish kerak.

“Om Shanti Om” bosh rolni ijro etgan Dipika Padukonening katta ekrandagi ilk ishi bo‘lsa ham, kartinani tomosha qilish davomida uni boshlovchi aktrisa deb o‘ylamaysiz. U o‘z qahramonini ishonarli va jonli o‘ynay olgan. Xullas, “Om Shanti Om” — Bollivudning barcha yulduzlari jamlangan, romantika va kulgiga boy, shu bilan birga dramatik, Shohruh Xon o‘zga qiyofada namoyon bo‘ladigan film.


Internetdagi manbalar asosida tayyorlandi

Ikrom Ro'zimurodov

Report Page