Fayzullayev Ozodjon, BDTI 4-bosqich talabasi

Fayzullayev Ozodjon, BDTI 4-bosqich talabasi


Bismillahir Rohmanir Rohiym.


Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuh!

Men Buxoro Davlat Tibbiyot instituti 4-kurs talabasi Fayzullayev Ozodjon boʻlaman.

2020-yil oʻqishga kirganman. COVID vaqti edi. Bolalalikdan shifokor boʻlish niyatida boʻlganman. Bu niyatimga barcha yaqinlarim xayrixoh boʻlishgan. Oxirgi 3-4 yil mobaynida kimyo-biologiyadan yaxshi tayyorlandim, Xudoga shukr oʻqishga kirish nasib etdi.


Bir qoida bor: biror maqsadga yetish uchun aniq niyating, aniq rejalaring, yo'l ko'rsatuvchi ustozing boʻlmasa, 1 yillik yoʻlni 10 yil yurishga toʻgʻri keladi. Balki undan ham koʻproqdir. Ushbu so’zlarimni oʻqib turgan deyarli barcha kishi shu qoidaga rioya qilgan holda biror muvafaqqiyatga erishgan deb oʻylayman. Kaminada ham shunday. Abituriyentlikdagi ustozlarimning tarbiyalari, nasihatlari va maslahatlari bilan oʻqishga kirganman. Ustozlarim menga faqat fanni emas, ba'zida aka boʻlib, baʼzida doʻst boʻlib hayotni ham oʻrgatishgan, yo'l-yo'riq ko'rsatishgan.


Institutda hali unday ustozlarni topganimcha yoʻq. Hanuzgacha institutdagi holatga moslashishga qiynalaman, desam ham boʻladi. Chunki u yerda hamma o’zicha o’qiydi. Vaholanki, ustozsiz chuchvarani xom sanash tugul, uni tuzuk bukib ham ololmaysiz ekan. Tuzuk bir etagini tutadigan ustozingiz bo'lmaganidan keyin, bu domla "bunday oʻqish kerak" desa ham "haaa" deysiz, u domla "unday oʻqish kerak" desa ham "haaa" deysiz. Tashqaridan tibbiyotga umuman aloqasi boʻlmagan birov kelib, sizni biznesga qiziqtirsa, unga ham "haaa" deysiz. Xullas, menga oʻxshab "bir u ko'lmakdan, bir bu ko'lmakdan suv ichib" yuraverasiz. Yana oʻzingizga oʻxshagan tushovsiz kursdoshlaringizning aql o'rgatishlari ham bor. Na ustoz bor, na reja, na maqsad bor, na tartib va na intizom.


Oʻzingizcha bir yerlardan "motivatsiya" olib, bir-ikki kun zoʻo'o'r o'qiysiz-u, keyin yana 1 oy shalvirab qolasiz. Ustozi yoʻqning ustozi shayton boʻladi, deb bejiz aytishmagan. 1-kursim va 2-kursimning ham koʻp qismi "talabalik gashtini surish", "studentlikda oʻynab qolish", "hamma narsaga bir qiziqib koʻrish", "hammadan zo'rroq bo'lish" degan, boʻlajak shifokorga butkul yarashmaydigan keraksiz bir xom-hayollar girdobida oʻtgan. Shu yillar ichida menga faqat lotin tili va anatomiyaning "yelvizagi" tegib o’tgan, xolos.


Har bir ishning bir yaxshi tarafi boʻlgani kabi karantin ham ta'limda yangicha yo’nalish ochilishiga sababchi boʻldi: koʻplab onlayn kurslar ochildi. Men ham anatomiya, fiziologiya kurslariga qatnashdim. Ozroq bir narsalar oʻrgangan boʻldim.


Ochigʻini aytsam, hayotimdagi tub burilishlar 2021-yil sentyabr oyida boshlandi. Bir yaqin kishimning tavsiyasi bilan Tibosfera tibbiyot maktabiga fundamental fanlarni o'rganish uchun qo’shildim. Boshida ikkilanish ham bo’lgan. Biroq…

Institut darslari bir ahvol bo'lib, shifokorlik yoʻlim ham qorongʻu boʻlib turgan bir paytda, Tibosferada onlayn darslar boshlanib ketdi.

Kirish suhbati chog’ida aytilgan bu gaplar doim yodimda turadi:

Biz chiqayotgan yoʻl judayam uzoq va mashaqqatli yoʻl. Bunda oʻzim deydigan odam yurolmaydi. Yiqiladi, yoʻlda qolib ketadi. Qachonki jamoa boʻlib ishlasangiz, oila boʻlib, qoʻlni qoʻlga berib oʻqisangiz, himmatli boʻlsangiz, ana unda hammangiz manzilga yetasiz. Bizga oʻzim boʻlay deydiganlar kerak emas. Bizga bir-birini oʻylaydigan, doʻstim deydigan, birodarim deydigan, xalqim, jamiyatim deydigan kishilar kerak.


1-suhbatdan soʻng, men haqiqiy shifokorlik – fidoyilik yoʻlini tanlagan, axloqiy va diniy qadriyatlarga ega ustoz topganimni his etganman. Keyin bilsam, bunday ruh Tibosferada ta'lim berayotgan barcha ustozlar uchun xos ekan.


Tibosferaning 1-afzalligi — vaqtingizga baraka kirishi.

Darslar har kuni ertalab soat 05:00 da boʻlardi. Vaqtli uxlab, vaqtli uyg’onishga odatlandik. Kechasi 11 dan keyin uxlasak, ertalabki darsga turish ehtimoli kamayib ketishini koʻp tajribadan oʻtkazdik). Vaqtimizga unum kirdi. Har kuni 7-8 bet topshiriq berilardi. Oʻzlashtirish uchun kamida 2-3 soat qattiq shug'ullanishimiz kerak. Mana shuni riyozat chekish deyilsa ajab emas.


Tibosferaning 2-afzallik jihati — ustozlarning sizga aniq reja belgilab berishi.

Masalan, amaliyotni qachon qilish yoki chet tillarini o’rganish borasida. 

Siqilmagan, bosilmagan, qolipga solinmagan loydan hech bir buyum yasab bo'lmaganidek, sendan ham bir shakl yasash, bir foyda keltiradigan ko'rinishga keltirishlari uchun qilt etmay chidashing kerak ekan.

Bugungacha biz anatomiya, gistologiya, fiziologiya, biokimyo va patalogiya dovonlarini oshib oʻtdik. Hozirda farmakologiya oʻqiyapmiz. Keyin nima oʻqishimiz, nimadan keyin nima kelishi ham aniq reja qilingan. In shaa Alloh, kelajakdagi qilinadigan ishlarimiz aniq ekanligidan koʻnglimiz toʻq.


Tibosferaning 3-afzalligi – o’zingizga ishonch ortishi.

Darslarni yaxshi takrorlab, olimpiadalarda yuqori oʻrinlarni olsangiz nafaqat oʻzingizga boʻlgan ishonch ortadi, balki kurs uchun grant ham yutib olasiz. Xudo meni ham bulardan bebahra qilmadi. Menda institutdagi darslarda ham "Tibosfera effekti" koʻrina boshladi.

2-kursdan toki 3-kursning 1-choragigacha boʻlgan 14 oydan koʻproq vaqt mobaynida biz Tibosferada anatomiyani tugatib, gistologiya va fiziologiya fanlarining ham ancha muncha qismini oʻtib qoʻydik. Bu vaqt ichida men institut darslarini baʼzan chala, baʼzan yuzaki o’qib yursam ham, Tibosferadagi vazifalarni doimiy bajarib borishga harakat qilardim. Shu meni oʻzimga boʻlgan ishonchimni saqlab turardi.

3-kursda shunaqa bir holat boʻldiki, eng qiyin fanlar ham men uchun judayam yengil boʻlib qoldi. Misol uchun, patan, patfiz, OXTA, xirurgiya, radiologiya va yana bir qancha fanlar asosi biz yaqindagina oʻqib tugatgan anatomiya, gistologiya va fiziologiya kabi fanlarga borib taqalardi.

Institutdagi domlalar xoh leksiya paytida, xoh dars paytida mana shu fundamental fanlardan savol berishadi. Hamma jim qolib, sukut saqlab turgan bir paytda siz bularni bilib turasiz. O'rningizdan turib shartta - shartta savollarga lotincha terminlar bilan javob berib tashlaysiz. Kutilmagan bu bilimingizga talabalar bir karra hayron qolishsa, domlangiz ikki karra hayron qoladi.

Shunday paytlar boʻldiki, mana shu fundamental bilimlarni darslar mobaynida kursdoshlarimga tushuntirib berayotgan vaqtimda, ba’zi domlalarning oʻzlari meni oʻtirib tinglashdi, bilim o'rganishdi.


Tibosferaning 4 - afzalligi – ustoz - shogird an’anasiga sodiq qolingani.

Tibosferada bizga ta'lim berayotgan ustozlarimizning aytganini qildik. Tarbiyasini oldik. Kam bo'lmadik. Ayniqsa, suhbat uchun tashkillangan guruhdagi turli mavzularda suhbatlar ongimizning qorongʻu burchaklarida qolib ketgan shubhali hayollarga, "keyin nima qilaman?" degan javobsiz savollarga chiroyli va ravshan javoblar, aniq yechimlar topib beradi. Fikrimizni yanada oydinlashtiradi. Ustozlarimizdan Alloh rozi boʻlsin!


Tibosferaning 5 - afzalligi – pozitiv atmosfera.

Tibosfera guruhimizda doimiy ko’tarinki muhit hukmron. Bu yerda hazil-mutoyibalar ham, guruh ustozimizning tavsiya-yu maslahatlari ham oʻz oʻrnida. Kishi oʻzini erkin his qiladi.


Tibosferaning 6-afzalligi – jamoaviylik.

Guruhingizdagilar bilan asta-sekin aka-uka, opa-singildek, do'st-birodar boʻlib ketarkansiz. Ustozlarimiz boshchiligida bir yo'ldamiz, siz qiynalsangiz, sizga yordam berishadi, boshqalar qiynalsa, siz yordam berasiz.


Institutda hozir sikl darslaridamiz. Mavzularni faqat kursdoshlarimga tushuntirib berish uchungina oʻqiyman desayam boʻladi. Kasalliklarni o'rganishda, patologik mexanizmlarni tushunishda deyarli hech bir ogʻirlik yoʻq. Chunki Xudoga shukrki, fundament bor.

Allohga behisob shukrlar boʻlsin: shunday tizimda ta’lim olyapman. Hammada bir oliy maqsad bor — yaxshi shifokor boʻlib, Allohning roziligini topish. Bu yoʻlda mening shunday jonkuyar ustozlarim va samimiy doʻstlarim bor ekanidan baxtiyorman. Alhamdulillah.                                                                                                      

                                                    31-dekabr 2023-yil.


Report Page