Fasillar Kelinchagi Bahor

Fasillar Kelinchagi Bahor

Xudoyqulov Yashnarbek


Fasllar kelinchagi bahor

Allohning nazari tushgan jannatmonand yurtimizda to‘rt fasl mujassam. Bizning jonajon yurtimiz O‘zbekiston deb atalgan hur diyordir! Bu o‘lkada fasllar kelinchagi deb nomlangan bahor fasli yaxshi mujassamlashgan. Bahor fasli bu yasharish yangilanish faslidir. Bahor fasli bu? Ko‘ngillar quvonadigan, dillar yayraydigan atrof yam-yashil bo‘lib ona zaminimiz uyg‘onadigan fasildir.
Bahor fasli dillarga shodlik, ko‘ngillarga quvonch olib keladi, bu fasil bejiz fasillar kelinchagi deb aytilmaydi. Umrning eng yaxshi davri bu yoshlik, kelinchaklik esa bu qizlarni eng chiroyli davridir, shu sababli bahor fasliga ham bejiz fasllar kelinchagi jumlasi qo‘lanilmaydi . Bahor faslida maysalar unib chiqadi, daraxtlar uyg‘onadi, bahor elchisi bu boychechakdir. Bahor darakchisi bo‘lmish sariq va oq boychechaklar ochilib yurtga yangilanish va yasharish fasli kelganini bildiradi. Boychechakdan so‘ng daraxtlardan bodom birinchilardan bo‘lib uyqudan uyg‘onib bahor kelganini bildirib gullaydi.

Salqin saharlarda, bodom gulida,
Binafsha labida, yerlarda bahor,
Qushlarning parvozi, yillarning nozi,
Baxmal vodiylarda qirlarda, bahor.
O‘zbekiston xalq shoirasi,
Zulfiyaxonim Isroilova.
Bahor faslini geografik jihatdan kuzatsak, bir kunda har uch soatda havo harorati maxsus termometr yordamida o‘lchanib boriladi va hisoblab chiqiladi. 24:3=8 bir kunlik jami yig‘ilgan haroratni sakkizga bo‘lamiz. Kunning o‘rtacha harorati kelib chiqadi. O‘rtacha kunlik havo harorati 5 0 C dan ko‘tarilsa bahor fasli boshlanadi. Bu faslni tugashi havo harorati kunlik o‘rtacha 20 0 C dan oshishi bilan tugaydi.
Bahor faslida butun borliq o‘zgacha namoyon bo‘ladi. Qushlar xonishi odamni hushnud qiladi, gullar ifori odamlarni dimog‘larini chog‘ qiladi. Havoning mo‘tadil bo‘lishi yerga ko‘p yomg‘irlar yog‘ishi natijasida hamma yoqda maysalar bo‘y cho‘zib tabiat yashil libosini kiyadi. Bu faslda dehqonlar yerga yaxshi niyatlar bilan don sepadi.
Cho‘ponlar chorva hayvonlarini tog‘larga olib borib boqishadi. Chorva hayvonlari yam-yashil maysalar va o‘t-o‘lanlarni iste’mol qilib tezda semirib o‘zgarib olishadi.
Bahor fasli Greygorov taqvimi bo ‘yicha 1-martdan to 31-maygacha deyiladi [Gregorov taqvimi bizning yurtga 1918-yili 14- fevraldan qo‘lanilib kelinadi].
Lekin yurtimiz turli xil past va balandlik hududlarda joylashgani uchun o‘lkamizning janubiy viloyatlari Surxandaryo va Qashqadaryo viloyatlariga ertaroq keladi. Yurtimizning dengiz sathidan baland qismlariga nisbatan kechroq bahor keladi [yurtimizdagi barcha balandlik mintaqalari Boltiq dengizidan olingan].
Bahor fasli bayramlarga boy fasldir. 8-mart -- Xalqaro xotin-qizlar bayrami, 21-mart esa teng kunlik, kun va tun tenglashgan kun Navro‘z bayrami keng miqiyosda o‘tqaziladi. Qadimgi bobolarimizdi hisob kitobi bo‘yicha 20-mart kunigacha qish 21-mart bahorning birinchi kuni bo‘lgani uchun ‘‘Yil boshi” bayrami nishonlangan. Qishdan eson-omon chiqdik iliq issiq kunlarga yettik deb bayram qilib nishonlashgan. Hijriy qamariy yili bo‘yicha, V-VI asrlarda yashab o‘tgan Firdavsiy, Monuchehriy, Tabariy, Ma’sudiy, Gardaziy va X-XI asrda Beruniy navro‘z bayramini kelib chiqishi va birinchi qo‘llanilishini yozib qoldirgan. ‘‘Navro‘z” atamasi Eron shohi Jamshid tomonidan qo‘llanilgan deb yozib ketishgan. U kishi o‘zining eng yaxshi kunini ‘‘Navro‘z” deb nomlab bayram qilgan shundan keyin bu bayram keng miqyosda o‘tkazilgan. ‘‘Navro‘z” so‘zi fors tilidan olingan bo‘lib ‘‘Nav” yangi ‘‘ro‘z” kun ya’ni ‘‘Yangi kun” degan ma’noni anglatadi.
Bahorda ko‘proq ishtaha ochuvchi taomlar tayyorlab iste’mol qilamiz. Turli xil ko‘katlar, ismaloqlar terib turli tuman vitaminlarga boy taomlar tayyorlaymiz, somsalar yopamiz.
Bizga tibbiyotdan ma’lumki ko‘katlarda inson uchun kerakli vitaminlar juda ko‘p, misol uchun: C vitamini ko‘p uchraydi. C vitamini insonning og‘iz bo‘shlig‘idagi milklarimizni mustahkamlaydi va tishlarimizga foydalidir. Shuning uchun insonlar ko‘katlarni doim iste’mol qilishi kerak.
Bahor faslining yana bir shoh taomi bu sumalakdir. Sumalak haqida turli qo‘shiqlar bor.
Bahorning sen elchisi,
Yaxshilikning belgisi,
Navro‘zning sen singlisi,
Sumalakjon, sumalak.

Bu taom bizga tarixdan ma’lumki Sohibqiron Amir Temur davrida ham tayyorlangan.
Sumalakning tarixi 3000 yillarga borib taqaladi. Sumalak tayyorlash bazm qilib o‘tkaziladi. Qishloqlarda katta dashtlarda tayyorlansa, shaharlarda ochiq maydonlarda uyushtiriladi. Yosh yigit qizlar qo‘shiqlar kuylab, laparlar hirgoyi qilib yoshlari ulug‘ buvijonlarimiz yangi kirib kelgan yilimiz qut-barakali yil bo‘lishini Allohdan so‘rab duolar qilishadi.
Sumalak so‘zining tarixiga kelsak forscha ‘‘Si” o‘zbekcha o‘ttiz raqamini bildirsa ‘‘malak” o‘zbekchada farishta degani. Ya’ni ‘‘o‘ttiz farishta” degan ma’noni bildiradi.
Sumalak so‘zi haqida ko‘p rivoyotlar bor, shulardan birida qadimda bir kambag‘al ayolning farzandlari ochlikdan injiqlik qiladi. Ayol farzandlarini biroz o‘ynab turishini tayinlab, o‘zi qozonga suv solib qozonning tagiga o‘t qalaydi. Ayol dalaga chiqib bug‘doyzordan o‘tgan yilgi bug‘doy tomirlarini yig‘ib har xil nish urgan o‘t o‘lanlarni yig‘ib kelib yaxshilab yuvib qozonga solib, un xaltasidan ozroq qolgan unlarni solib qaynata boshlaydi.
Ayol juda horigani uchun tun yarimidan keyin uxlab qoladi. Tunda osmondan o‘ttizta farishtalar tushib taomga tuz solib taomni pishirib qo‘yishadi. Tongda uyg‘ongan farzandlari bu taomni nomini onasidan so‘rashadi, onasi ‘‘Si malak” bu taomni o‘ttizta farishtalar tayyorlab ketgan deb javob beradi. ‘‘Si malak” so‘zi keyinchalik sumalak bo‘lib o‘zgargan deyiladi.
Tarixdan bizga ma’lumki Mahmud Koshg‘ariyning ‘‘Devoni lug‘atit turk” [‘‘Turkiy so‘zlar devoni”] kitobida yozilishicha: Suma-ivitilgan bug‘doy nomi. Uni quritib tuyuladi va undan ugra oshi va non qilinadi. Sharbat uchun qilingan undirilgan arpa uchun ham bu nom qo‘llanadi. Shunga ko‘ra ‘‘Sumalak” – ivitilgan bug‘doy yoki arpa ma’nosini anglatuvchi qadimiy turkiy so‘z ‘‘Suma”dan kelib chiqqan deyish mumkun.
Sumalakda inson organizimlariga kerakli E va C vitaminlari bor. Sumalak qon tarkibini ham yaxshilaydi va gepirtoniya kasallikiga davo hisoblanadi. E vitamini erkaklar va ayollar bepushtligini davolashi bizga tibbiyotdan ma’lumdir.
To‘rt faslning o‘ziga hos tomonlari ko‘p, har bir fasl o‘zgacha olam. Lekin bahor fasli beg‘ubor yoshlikga o‘xshaydi.

Bahor keldi

Keldi bahor, gul bahor,
Erib bitti oppoq qor .
Uchib keldi qushlar jon,
Daraxtlar taqdi marjon.

Suvlar oqar shildirab,
Yulduz boqar miltirab,
Chumolilar yayrashar,
Cho‘h bulbullar sayrashar.

Endi ilk sof navbahor,
Chunki bizga gulbahor.
Bog‘da qizil lolalar,
Terib oling bolalar.

Tog‘ bag‘rida qo‘zilar,
Ma’rab o‘tga cho‘zilar
Tolbarg taqib qizlar,
Chuchmomolarni izlar.

Quyosh nurlarin sochdi,
Atirgul g‘uncha ochdi.
Yuring chiqaylik, bog‘lar,
Bizni kutar o‘rtog‘lar.

Maqola muallifi: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Geografiya va tabiiy resurslar fakulteti 1-kurs talabasi
Xudoyqulov Yashnarbek Abdulhaq o‘g‘li.


Report Page