"Farangeyt boʻyicha 451 gradus": bugun haqida 70 yil oldingi bashorat

"Farangeyt boʻyicha 451 gradus": bugun haqida 70 yil oldingi bashorat

Muhiddin Nido

"Hech kimning birov uchun vaqti yoʻq". Ha, Rey Bredberi 1953-yildayoq bugunimizga va bundan keyinimizga ajoyib tarif bergan. Odamlar, tuygʻular, rishta va munosabatlarning barchasi mobillashdi. Boshimizni koʻtarib atrofga qarashga, arining gʻongʻillashini, shamolda daraxt barglarining shitirlashini eshitishga vaqtimiz yoʻq. Goʻyoki odamlar A nuqtadan B nuqtaga tinimsiz harakatlanadigan matohga aylangandek. Ishonmasangiz 15-20 daqiqaga odamlar gavjum joylardan birini kuzating. Natijasi sizni ham lol qoldirar, balki...

1953-yilda fantastik hisoblangan asar hozir reallikka aylandi!

Insoniyat paydo boʻlibdiki, oʻz meni, atrofidagi olam va undagi oʻz vazifasining nimadan iborat ekaniga qiziqib keladi. Nimalarnidir tushungisi, tushuntirgisi keladi. Xuddi nafas olishga ehtiyoj sezgandek so‘rashga, javob berishga, umuman olganda, muloqot qilishga ham shunday ehtiyoj sezadi. Albatta, oʻsha inson erkin va hur fikrli qilib tarbiyalangan boʻlsa. Bredberining "Farangeyt boʻyicha 451°" asari esa fikrati bichilganlarning qanday oson boshqarilishini, tabiatdan yulib olinganlarning robotdan farqi qolmasligini muvaffaqiyatli tushuntiradi. Jamiyat shu darajada zaharlanadiki, kitob oʻqigan yoki saqlagan odam ashaddiy jinoyatchiga aylanadi. Keraksiz chiqindilar bilan toʻldirilgan miyalar esa kitob bilan koʻrgan har qanday insonni oʻt oʻchiruvchilarga topshiradi. Hatto u otasi, bolasi, xotini yoki eri boʻlsa ham. Undan-da achinarlisi esa asarda oʻt oʻchiruvchilar kitob va kitob oʻquvchilarining ustidan kerosin sepib yoqish bilan shugʻullanadi. Ongsizlik shu darajaga yetadiki, hech bir odamda bu kasb nomi nega oʻt oʻchiruvchiyu, lekin yoqish bilan shugʻullanishadi, degan savol tugʻilmaydi ham.

Asarni oʻqigan aksar kitobxonning xayolidan hozirgi oʻzbek jamiyati ham oʻtsa ajab emas. Negaki, hokimyat tomonidan kitob oʻqishga taqiq qo‘yilmagan, aksincha karrasiga imkoniyatlar oshirilayotgan boʻlsa ham, yosh-u qarilarning juda katta qismi umuman kitob oʻqishmaydi. Kitoblarning tinimsiz nashrdan chiqishi, ammo rastalar va doʻkonlarda chang bosib yotishi ham, aslida, Bredberi asaridagi kabi kitoblarni yoqish bilan barobar, deb o‘ylayman. Iltimos, kitoblarni yondirmaylik...

"Agar odamning siyosatdan xafa boʻlishini istamasangiz, unga masalaning ikkala tomonini koʻrsatmang. Faqat bir tomoninigina koʻrsin. Undan ham yaxshisi, birortasini ham koʻrmay qoʻya qolsin", deya zaharxanda kinoyalar qilgan muallifni zukko oʻqirmon darrov ilgʻaydi. Uning asar qahramoni tilidan "Turli tanlovlar tashkil qiling. Masalan, kim mashhur qoʻshiqlarning so‘zlarini yoddan biladi yoki shaharlarning nomlarini kim koʻp sanab bera oladi? Odamlarning miyalarini raqamlar, keraksiz faktlarga toʻldirib tashlang. Shunda o‘zlarini bilimlidek, fikrlayotgandek his qilishadi", degan so‘zlari har qanday zamon uchun dolzarb ekanini his qilmaslikning iloji yo‘qdek.


Kitob "Farangeyt bo'yicha 451°"da yonadi. Nom va ilmiy bogʻliqlik dahshat a?

Asaxiy books tomonidan chop etilgan kitobning yon tomoni gugurt ishqalab yoqiladigan joyni eslatadi. Nashriyot vakillari goʻyoki kitobni yoqmang(oʻqilmasdan rastalarda yotishi yonish bilan teng) deyotgandek goʻyo. Yoki kitobning shu qismiga biroz boshingizni ishqalang, oʻt oldiring deya ta’kidlamoqchidek. Yozarman aytganidek, "Kitob haqida muqovaga qarab xulosa qilinmaydi", lekin bu kitobning muqovasi mushohada qilishga arziydigan minimalizm instrumentida bunyod etilibdi. 220 betli kitobda 3 ta imloviy xatoga koʻzim tushdi. Bu boshqa nashrlar bilan solishtirsa ham, solishtirmasa ham juda katta yutuq. Tarjima va matnning pishiqligi ham maromida, o‘zbek tilli o‘quvchi o‘z tilida yozilgandek ravon o‘qiydi. Ammo kamchiliklar ham yo‘q emas. O‘zim uchratgan g‘aliz jumlalardan birini keltirib o‘taman.

"Farangeyt bo‘yicha 451°", 110-bet
"Qogʻozning har kvadrat dyumida hayotning haqqoniy chizgilari qanchalik koʻp boʻlsa, kitob ham shunchalik "badiiy"roq boʻladi. Bu harqalay mening fikrim. Koʻproq yangi tafsilotlar. Yaxshi yozuvchilar hayot bilan yonma-yon boradilar, oʻrtachalari unga biroz yaqinlashadilar".

Keltirilgan matndagi birinchi gapning naqadar mazmunli ekani eʼtiboringizni koʻproq tortdimi? Men esa diqqatingizni "Koʻproq yangi tafsilotlar" deya bitilgan gapga qaratmoqchiman. Endi matndan oʻsha gapni olib tashlab oʻqib koʻring. Nimadir oʻzgargani sezildimi? Masalan, men olib tashlansa ham nimadir oʻzgarganini sezmadim. Matnda hech qanday oʻringa ega boʻlmagan bu gapni kitobga kim qoʻshib qoʻydi? Yoki tarjimon xato oʻgirdimi? Kitobning darajasidan kelib chiqilsa, muallif bunday yozganga oʻxshamaydi. Bu kabi xatolar koʻp boʻlmasa-da, bor ekanini taʼkidlashdan maqsad shuki, bu texnik yoki imloviy xato emas. Texnik xatolarning bir necha oʻnlab uchrashi ham butun dunyoda normal qabul qilinadi, ammo butun jumlaning gʻaliz yoki mantiqan xato ekanligi umuman boshqa narsa. Bredberi aytganidek, "Qog'ozning har kvadrat dyumida hayotning haqqoniy chizgilari" koʻproq boʻlishi uchun bunaqangi gʻaliz yoki umuman notoʻgʻri jumlalar boʻlmasligi kerak.

"Eng sevimli mavzu - Oʻzim"

Muallif butun boshli asarni ana shu jumla atrofida qurgandek goʻyo. Asar qahramoni Montegning oʻt oʻchiruvchi boʻla turib(asarda bu kasb kitob yoqish bilan shugʻullanadi) kitoblarga mehr qoʻyadi. Ana shu mehrdan paydo boʻlgan olov oʻzidan nafrat keltirib chiqaradi. Faqat oʻzni oʻylash orqali ish bitmasligi, jamiyat tanazzulga uchrashini oʻylay boshlaydi. Hamda asar soʻngida silliq kechib turgan hayotidan, sevimli mavzu yaʼni oʻzidan kechib, keyingi bobga oʻtishga kitob majbur qilganini koʻrish mumkin. Keyingi bob esa "jamiyat" deb nomlanadi!


Muhiddin Nido

Report Page