Faoliyat xavfsizligi yo'lida

Faoliyat xavfsizligi yo'lida

Enter Engineering Pte.Ltd

Yoz oylarida Enter Engineering loyihalarida ish sur’ati pasaymaydi. Shu bilan birga, xodimlarning ochiq quyosh ostida bo‘lishi bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarning oldini olish masalalari dolzarb bo‘lib, ular bilan kompaniyaning HSE departamenti mutaxassislari shug‘ullanadi.

Yilning eng issiq faslida qurilish maydonlarida odamlar salomatligini asrash uchun qanday profilaktika choralari ko‘rilayotgani haqida mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar bilan suhbatlashdik.

«Xodimlar uchun xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish bevosita ish beruvchining vazifasidir. Shuning uchun, yoz davomida biz asosiy qoidalarga rioya qilinishini nazorat qilamiz. Birinchisi, quyoshdan himoya qiluvchi kiyim kiyishdir. Biz barcha xodimlarning uzun yengli va bosh kiyimlari kiyishlarini tekshiramiz. Ikkinchidan, ko‘p suv ichish va bu oshqozon-ichak infektsiyasini keltirib chiqaradigan xom suv bo‘lmasligi kerak. Biz odatda xodimlarimizga choy taklif qilamiz. Uchinchidan, iloji bo‘lsa, ishni tik quyosh nurida emas, balki yopiq joylarda tashkil qilish. Men rahbarlik qilayotgan obyektlar asosan Toshkent shahrida joylashgan bo‘lib, ochiq qurilish maydonchalaridan ko‘ra shahar sharoitida bu talablarga rioya qilish osonroqdir», — deydi MMQvaXT bo‘yicha bosh mutaxassis Sodiq Gadaboyev.

Issiq mavsumda turli surunkali kasalliklar avj oladi, issiq havo yurak va nafas olish tizimining ishiga to‘sqinlik qiladi va oftob urishiga olib kelishi mumkin. Gipertonik bemorlar, 50 yoshdan oshgan odamlar va ortiqcha vaznga ega bo‘lganlar salbiy ta’sirga ayniqsa sezgir bo‘lishadi. Shu sababli, obyektlarda doim feldsherlar navbatchilik qilishadi va quyosh urishidan saqlanish uchun birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha muntazam ko‘rsatmalar beriladi, shuningdek, tegishli dori-darmonlar doimo mavjud bo‘lgan birinchi tibbiy yordam to‘plamlari ham to‘ldirib boriladi.

«Ochiq maydonlarda issiqda ishlashning o‘ziga xos xususiyatlari bor. Masalan, barcha ish joylarida SanPin talablariga javob beradigan, harorati 8 °C dan past bo‘lmagan va 20 °C dan yuqori bo‘lmagan sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash punktlari mavjud. Vaqti-vaqti bilan, maxsus ishlab chiqilgan jadvalga muvofiq, uning tarkib tahlili amalga oshiriladi. Barcha xodimlar yozgi kiyim-kechak va poyabzal bilan ta’minlangan, xodimlarning jismoniy yuklamasi qanchalik ko‘p bo‘lsa, issiqda ishlash shunchalik qiyinlashadi, shuning uchun biz dam olish uchun qisqa tanaffuslar jadvallarini ishlab chiqdik. Tashqi havo harorati soyada +50 ° C dan yuqori bo‘lsa, shamol tezligidan qat’i nazar, ochiq havoda ishlash to‘xtatiladi. Obyektning ichki yo‘llari bo‘ylab ham changni bosish jadvalga muvofiq tashkil etilmoqda. Tibbiyot xodimlarining aptechkasida esa ilon va hasharotlar chaqishidan keyingi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun dori vositalari hamisha bo‘ladi», — dedi 3-MBF loyihasining MMQvaTX bo‘yicha bosh mutaxassisi Muhsin Ashurov.

Kompaniya xodimlarining sog‘lig‘ini saqlashga mas’ul bo‘lgan barcha mutaxassislarga omad va baxtsiz hodisalar bo‘lmasligini tilab qolamiz.



Report Page