Falsafadan nima naf?
Khurshid Yuldosh
Falsafa – inson aqliy faoliyatining o‘ziga xos bir turi bo‘lib, bunday faoliyat orqali aql o‘zini o‘zi taftish etadi, iroda, tuyg‘ular va mayllar o‘rtasidagi murakkab va ko‘pincha chalkash, hatto ziddiyatli munosabatlar ustidan nazorat qilishga intiladi. Xususan, anglash (познание) bilan ishonchning turli shakllari (din, axloq, fan, san'at va h.k.) naqadar o‘zaro muvofiq bo‘lishi, ular to‘g‘ri yo‘nalishda takomillashib, rivojlanib borishi, ta'bir joiz bo‘lsa, “falsafiy nazorat” vositasi bilangina mumkindir. Bunda falsafiy kategoriyalar nazorat quroli vazifasini bajarsa, insonning o‘z oldiga o‘zi “nega?”, “nima maqsadda?”, “nimaga kerak?” kabi “bosh og‘rituvchi” savollarni qo‘yib turishi, bunday savollarga o‘z bilim va tajribasi ko‘lamida bo‘lsa-da, bir so‘z bilan aytganda, “o‘z bilganicha” (metafizik) javob izlashi ana shu nazoratni amalga oshirish usulidir. Albatta, bunday tahlil sayoz yoki chuqur bo‘lishi mumkin, insonni to‘g‘ri javob sari yetaklashi yoki, aksincha, printsipal xato xulosalar tomon yo‘naltirishi ham mumkin. Xuddi mana shu o‘rinda falsafaning ijtimoiy ahamiyati yaqqol ko‘zga tashlanadi.
“Nega?” kabi savollarni qo‘yish o‘z navbatida “chindan ham shundaymikan?” deya tashbih va uning ortidan “asl haqiqat qanday ekan?” degan qiziquvchanlikni tug‘diradi. Shu ma'noda savol qo‘yish (Sharq falsafasida mas'ala) aqlning nazorat qilish faoliyatini harakatga keltiruvchi kuchli omil bo‘ladi. Spekulyativ mulohaza , u ob'ektiv haqiqatga munosabatidan qat'i nazar, savollarni shakllantirish, ifodalash va o‘zaro bog‘lashda muhim rol o‘ynashi bilan ijobiy xususiyatga ega.
Xulosa qilib aytish mumkinki, falsafiy tafakkur bilish, ishonch-e'tiqod va mayliy intilishlar uchun o‘ziga xos fon, ta'bir joiz bo‘lsa, inson aql-idroki uchun “asab sistemasi”ga o‘xshash vazifani bajaradi. Falsafa esa falsafiy tafakkurning ko‘p ming yillar davomida shakllangan va rivojlanib kelayotgan, tizimli, oliy shakli bo‘lib, falsafiy kategoriyalar, falsafiy muammolar va spekulyativ tahlil uning muhim elementlari bo‘lsa, aqliy faoliyatni muvofiqlashtirish, yo‘naltirish, kerak bo‘lsa, qiziqtirish yana ham muhimroq jihati – funksiyasini tashkil etadi.
Xo‘sh, falsafa savollar qo‘yish bilangina cheklanib, ularga umume'tirof etilgan, shu ma'noda ob'ektiv yechimni bera olmasa, bu uning shaxs va jamiyat uchun naf keltirishi mumkinligini shubha ostiga qo‘ymaydimi? Yo‘q, albatta! Falsafaning inson hayotidagi o‘rni va funktsiyasi xususiy savollarga xususiy javoblar izlashdan chuqurroq, shu ma'noda yuqoriroqdir – u tafakkur faoliyatini tezlashtiruvchi, inson o‘zini shunchaki jonzod emas, balki inson his etishiga ko‘maklashuvchi misoli bir katalizator vazifaini bajaradi.
“Matematika – aql gimnastikasi”
degan ibora keng tarqalgan. Bu to‘g‘ri, albatta, ammo aqlni matematika bilangina gimnastika qildirish faqat paylarni chiniqtirish bilan shug‘ullangan kabi bir tomonlama bo‘lib qolsa kerak. Inson komillik kasb etishi uchun u o‘z vujudining barcha unsurlarini chiniqtirishi yo‘lida mashq qilishi lozim. Shu jihatdan aql gimnastikasining sinalgan vositasi bu – falsafadir. Shunisi ham borki, tosh ko‘tarish bilan shug‘ullanuvchi atlet jismonan sog‘lom bo‘lishga erisha oladiyu, ammo ijtimoiy ahamiyatga molik hech nima hosil qilmaydi. Aqlning falsafa bilan shug‘ullanishday “gimnastika”si esa, yana bir marta takrorlash joiz, tafakkurni charxlashidan tashqari, shaxs, jamiyat va bashariyat uchun g‘oyat muhim ahamiyatga egadir.
Falsafaning ijtimoiy ahamiyatiga akademik S. Shermuhammedovning “Falsafa masalalari” jurnalida (Moskva) bosilgan maqolasida ham urg‘u berilgan:
***
Birinchi navbatda falsafaning shaxs uchun nafi masalasi ustida to‘xtalaylik. To insoniyat tamaddun mavqeiga ega bo‘libdiki, falsafa insonning shaxs sifatida shakllanishi va kamol topishida beqiyos ta'sirchan vosita bo‘lib kelmoqda. Shu bilan falsafa shaxsga naf keltiradi. Bu borasidagi mulohazazalarimizni, avvalo, “naf” deganda nima nazarda tutilayotganini aniqlashtirib olishdan boshlagan mantaqan o‘rinli bo‘ladi.
Naf – insonda qoniqish va rozilik hissini paydo qiluvchi muayyan xatti-harakat yoki vaziyatning mahsuli.
Qoniqish va rozilik hissining nimaga nisbatan yo‘nalganiga ko‘ra, naf moddiy yoki ma'naviy bo‘lishi mumkin. Shundan kelib chiqib, falsafiy tafakkur shaxsga qanday moddiy va ma'naviy, bir so‘z bilan aytganda amaliy naf yetkazishini ko‘rib chiqaylik.
Bugungi izchil rivojlanayotgan bozor iqtisodiyoti hamda aqlni shoshiradigan jadallik bilan kechayotgan globallashuv jarayonining shaxsga ta'siri, bosimi naqadar kuchli ekanligi haqiqatdir. Har bir shaxs jamiyatda o‘z o‘rnini egallashga intilar ekan, u ana shu ta'sirga nisbatan qanday aks xatti-harakatlar bilan javob berishi shu shaxsning o‘z taqdiri uchun ham, u mansub jamoa uchun ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Bunda shaxsning voyaga yetish davomida egallagan bilim, ko‘nikma va malakalar asosiy o‘rin tutadi. Buni izohlash maqsadida misollarga murojaat etaylik. Odamlar qabila bo‘lib yashagan sharoitda o‘rtacha shaxsning bilimi yoki ko‘nikmasi deyarli ahamiyatga ega bo‘lmagan – qabila a'zolaridan birining vazifasini boshqasi bajarib ketavergan. Yaqin o‘tmishda esa “sotsializmda ishsizlik bo‘lmaydi” degan shiorga asoslangan tuzumda yalqov bilan jonkuyar dehqon, darsni latifa aytib o‘tkazadigan o‘qituvchi bilan xalqaro olimpiada g‘olibini tarbiyalagan muallim maoshi o‘rtasida farq katta bo‘lmagan. Bunday sharoitda esa, tabiiy, bilim ham, malaka ham shaxs taqdirida hal qiluvchi rolь o‘ynamas, odamlar ko‘proq “nima qilib bo‘lsa ham kamroq ishlab, ko‘proq topish”ga intilar edi. Mavjud vaziyat shaxsdan mustaqil, faol, tashabbuskor bo‘lishni talab qilmoqda. Xo‘sh, bunday sharoitda falsafiy bilimlarning kimga keragi bor? Falsafaning ahamiyatini pasaytirishga urinuvchilar ko‘p holda falsafiy bilim va falsafiy tafakkurni bir-biri bilan qorishtirib yuborib, xatoga yo‘l qo‘yadilar. Bu o‘rinda shuni ta'kidlab o‘tishimiz lozimki, falsafiy bilimlarga ega bo‘lish (falsafa tarixi, mantiq, ontologik va epistemologik ta'limotlardan xabardor bo‘lish) aslida falsafiy tafakkurni rivojlantirish yo‘lidagi vosita xolos. Falsafani tanqid qiluvchilar, deylik, “Aristotelni o‘qish biz uchun nima ham naf keltira olardi?!” deyishar ekan, bu bilan aslida maqsadni emas, balki vositani rad qilgan bo‘ladilar. Bu kabi tanqidlar, kinoya tarzida aytiladimi, yoki ilmiy bahs tarzidami, falsafaning tafakkurni rivojlantirishdagi ahamiyatini inkor qila olmaydi, albatta. Shu munosabat bilan yirik ingliz mantiqshunosi va faylasufi Bertran Rasselning so‘zlariga e'tibor beraylik:

“Falsafa muayyan savollarga aniq javob olish uchun o‘rganilmaydi. Negaki, odatda, bunday savollarga ishonchli deb hisoblash mumkin bo‘lgan aniq javobni umuman berib bo‘lmaydi. Falsafa aslida savol qo‘yishni o‘rganish uchun o‘rganilishi lozim. Chunki savollar nima ehtimol haqiqat bo‘lishi to‘g‘risidagi tushunchamizni kengaytiradi, intellektual tasavvurimizni boyitadi va tafakkurga to‘siqlik qiluvchi cheklanish, o‘ziga bo‘lgan mutaassibona ishonchni kamaytiradi.”
Falsafa mutaxassisi mehnat bozorida o‘zining bilimini emas, balki ayni bilimlar vositasida shakllantirilgan malaka va ko‘nikmalarini taklif qiladi. Albatta, ko‘nikma va malaka boshqa soha mutaxassisligi uchun ham g‘oyat zarur, lekin uning uchun bilimning o‘rni ham katta bo‘ladi.
Keling, falsafa mutaxassisining ko‘nikma va malakasi nimalardan tarkib topishiga bir nazar tashlaylik:
— sohalararo munosabatlarda yuzaga keluvchi masalalarning tag mohiyatini ilg‘ay olish va ularni muayyan tarzda bayon qilib berish;
— murakkab va ziddiyatli ijtimoiy muammolarni muvofiq tarzda ifodalab, tahlil qila olish;
— hodisalarning tarixiy va zamonaviy rivojlanish tamoyillarini yaxshiroq ilg‘ay olish, ulardan kelib chiquvchi fikr-mulohazalarni talqin qila olish;
— falsafiy termin va kategoriyalarni erkin va tanqidiy yo‘sinda qo‘llay olish;
— mantiqiy ziddiyatlarni aniqlay bilish, sog‘lom argumentlarni topib, ularni mushohadaga jalb eta olish;
— metodologik xatolarni, e'tiqoddan kelib chiqadigan g‘oya va xatti-harakatlardagi ba'zan nooshkor, ba'zan atayin yashirilgan iddaolarni, tafakkurdagi chalkashliklar, ob'ektitv haqiqatdan chetlashishlarni aniqlay olish;
— bahsli masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini imkon qadar lo‘nda va aniq bildirish, ayniqsa, yozma bayon qilish;
— falsafiy muammolar, ijtimoiy masalalar va ular bo‘yicha taklif etilgan nuqtai-nazarlarni va yechimlarni solishtira olish, kuchli va zaif tomonlarini, foydali va zararli jihatlarini ilg‘ay olish;
— mustaqil fikrlay olish, ijtimoiy nuqtai nazardan ijobiy natijaga yo‘naltirilgan xolis tanqid malakasi.
Alohida ta'kidlash lozimki, faylasuf malakasidagi so‘nggi xususiyat avvalo uning o‘ziga, fikrlash tarziga ham taalluqlidir. Falsafa tarixida sezilarli iz qoldirgan faylasuflarning aksari birinchi navbatda o‘z fikrlashi, ta'limoti, fe'l-atvorini tanqid va tahlil qilish, shu asosda tadrij yo‘li bilan komillikka intilish orqali o‘zlari yashagan davrda zamondoshlarining hurmat-e'tiborini topgan. Bu ayniqsa Sharq faylasuflari hayoti va ta'limotlarida yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Bugungi kunda ham yuqorida sanab o‘tilgan ko‘nikma va malakani egallagan kadrlar qaysi sohada ishlamasin, ish beruvchilar tomonidan qadrlanishiga shubha qilmasa bo‘ladi.
Falsafa bilan shug‘ullanish orqali vujudga keluvchi bunday xususiyatlar shaxsning raqobatbardosh kadr bo‘la olishi uchun zarurdir. Bunday ko‘nikmalarsiz zamonaviy liderlar, menejerlar va siyosiy yetakchilarni tarbiyalab bo‘lmaydi. Qolaversa, bu kabi sifatlar iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarda ish beruvchilar tomonidan yuqori baholanadi. Bugungi kunda ayni xususiyatlar ahamiyati ortib borayotganini hisobga olsak, falsafani o‘qish va o‘qitish shaxs uchun amaliy jihatdan qanday naf keltirishi ma'lum bo‘lib qoladi.
Endi “Falsafa jamiyat uchun nima naf keltiradi?” degan savolga o‘taylik. Bu safar ham jamiyatning birlamchi manfaati nimada ekanligiga to‘xtalib o‘tish joiz.
Jamiyat ongli, muayyan maqsadlar sari intiluvchi, birgalikda harakat qilishi shaxslar majmuasidir. Jamiyat mavjudligining birlamchi sharti uni tashkil etuvchilar o‘rtasidagi muvofiqlik, aniq mezonlar asosidagi bir butunlikdir. Aks holda u tartibsiz to‘daga aylanadi yoki ichki ziddiyatlar ta'sirida parchalanib, hatto qarama-qarshi manfaatli taraflarga bo‘linib ketadi. Demak, jamiyatning birligini ta'minlovchi har qanday g‘oya, maqsad uning manfaatini yuzaga chiqaradi.
Qabila, mahalla kabi qadimdan mavjud an'anaviy, nisbatan kichik guruhlardan iborat jamiyatlar uchun manfaat nisbatan jo‘n ifodaga ega bo‘ladi. Hozirgi zamon tamadduniga xos bo‘lgan jamiyatlarda esa ijtimoiy manfaatni anglash a'zolarning onglilik darajasi qay darajada bo‘lishi bilan bog‘liqdir. Bu daraja qancha yuqori bo‘lsa, jamiyat manfaati ham shu qadar kuchli bo‘lib, jamiyat birligini ta'minlash omili vazifasini bajara oladi.
Ijtimoiy ongning yuksakligida esa hamma zamonlarda ham falsafa, falsafiy qarashlar, falsafiy tafakkur nihoyatda muhim o‘rin tutgan. Bu G‘arb tamadduni tarixida ham, Xitoy, Hindiston, Markaziy Osiyoning buyuk tamaddunlari misolida ham yaqqol ko‘rinadi.
Ya'ni, jamiyatga eng ko‘p naf keltiruvchi, uning asil manfaatlariga xizmat qila oluvchi muhim omillardan biri bu – falsafadir. Bu tezis ayniqsa jamiyatning birlamchi manfaatini xavf ostiga qo‘yuvchi jangarilik, irqchilik, mutaassiblik, xurofiy qarashlarning keng tarqalishi, mahalliychilik, aqidaparastlik, millatchilik, diniy betoqatlik kabi g‘oya va oqimlar kabi illatlarga qarshi kurashda hech bir ijtimoiy ong sohasi falsafachalik samarali ta'sirga ega bo‘lolmaydi. Albatta, adabiyot, san'at ham shunday ta'sir kuchiga ega. Ammo baribir bu sohalar, aytaylik, telefilm o‘zida muayyan falsafiy g‘oyani ifodalamas ekan, uning mazmuni va maqsadiga ko‘ra ko‘ngilochar vositadan nariga o‘tmaydi. Shuningdek, insoniyat tarixida ulkan ta'sir kuchiga ega ega bo‘lgan adabiyot namunalarini yaxshi bilamiz. Lekin bu holda ham badiiy asarga o‘ziga xos falsafiy g‘oya singdirilgan bo‘ladiki, natijada u ana shunday ta'sir quvvatini kasb etadi. Deylik, Navoiyning dostonlari, Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy”si, Gyotening “Faust”idan ularing zamiridagi falsafani ajratib bo‘lmaydi va shuning uchun ham ular abadiy o‘lmaydigan asar darajasiga ko‘tarilgan.
Jamiyatga ta'siri yaqqol bo‘lgan yana bir ijtimoiy ong sohasi bu – fan. Ammo fanning ta'sirini jamiyatning birlamchi manfaatlariga muvofiq yo‘nalishida bo‘ladi, deyish qiyin. Fan yutuqlari ko‘proq umumbashariy ahamiyatga molik bo‘ladi. Albatta, filologiya, tarix, etnografiya kabi milliy o‘zlikni anglash bilan bog‘liq fan sohalari bundan mustasno. Shu bilan birga xuddi shu sohalarda falsafa alohida o‘ringa ega bo‘lgani uchun ular ijtimoiy ahamiyat kasb etadi. Bunda mazkur fanlarning falsafa bilan aloqasi tarix falsafasi, germenevtika, milliy qadriyatlarni o‘rganish kabi fan tarmoqlari va mavzulari bilan belgilanadi.
Tabiiy va texnik fanlarga kelsak, ular jamiyat uchun zarur, biroq jamiyat oldida ko‘ndalang bo‘ladigan ko‘plab muammolarni hal qilishga ojiz. Misol tariqasida bugungi globallashuv jarayoini olaylik. Bu jarayonning yuzaga kelishi va jadal sur'atlar bilan chuqurlashib borayotganida fanning roli beqiyos, ammo bunda sirtga chiqadigan siyosiy, ijtimoiy va axloqiy oqibatlar xususida hoo‘irgacha biron-bir aniq tavsiya taklif etilgani ma'lum emas.
Aslida fan har qanday muammoni hal eta olish da'vosini qilmaydi. Aksincha, termoyadro energiyasi beruvchi qurilma, irsiyatga ta'sir etib, hosildorlikni keskin oshiruvchi usul, iqlimni boshqarishga imkon beruvchi ixtiro kabi muammolarni bir kunma-bir kun kelib hal eta olar, ammo vositalarni amalda qo‘llash kerakmi yoki yo‘qmi, degan savolga ular javob bermaydi. Tibbiyot fan sohasi sifatida tuzalishdan umid yo‘q bemorni azobdan qutultirish vositalarini taklif qilishi mumkin, ammo ana shunday vositani amalda qo‘llash joizligi to‘g‘risidagi tortishuvlarda “Buyog‘i bizning ishimiz emas”, deya o‘zini chetga tortadi. Olimlar bu kabi savollarga javob bergan taqdirda ham fan odami sifatida emas, oddiy fuqaro sifatida o‘z fikrini o‘rtaga tashlaydi, xolos.
Jamiyatning birlamchi manfaati odatda uning maqsadiga bog‘liq bo‘ladi, ya'ni, mazmun-mohiyatiga ko‘ra sub'ektivdir. Fan sohalari esa ob'ektiv haqiqatni izlashga qaratilgani uchun, jamiyatning birlamchi manfaatlari fan uchun tadqiqot ob'ekti bo‘la olmaydi. Masalan, iqtisodiyot mavjud iqtisodiy munosabatlarni o‘rganishi mumkin, iqtisodiy qonunlarni ochib, muayyan prognozlar qilishi, tavsiyalar berishi mumkin, ammo hali mavjud bo‘lmagan, kelajakdagi iqtisodiy munosabatlarni tadqiq qila olmaydi. Shu singari, siyosatshunoslik ham mavjud siyosiy munosabatlarni tadqiq etadi.
Xullas, fan bizga o‘rganish predmeti oid “qanday?” degan savolga javob izlaydi (nazariylik), ammo “maqsadga muvofiqmi?” degan savolni o‘z oldiga qo‘ymaydi.
Shu o‘rinda biz jamiyat hayoti uchun o‘ta muhim yana bir soha – axloq bilan to‘qnashamiz. Yuqorida bahs yuritilgan savol va muammolar aynan shu sohaga oid bo‘lgani uchun ham fan doirasidan chetga chiqadi. Ular bilan etika (axloqshunoslik) shug‘ullanadi. Ammo etika – falsafaning bo‘limi. Shubhasiz, axloqiy masalalar ijtimoiy ongning boshqa bir muhim sohasi bo‘lmish din tomonidan yechimini topadi. Tarixda jamiyatning birlamchi manfaatlari bilan bog‘liq savollarga diniy ilm muvaffaqiyat bilan javob bergan davrlar oz emas. Lekin ayni paytda diniy masalalar yuzasidan tortishuvlar jamiyatni parchalanishiga olib kelgan misollar undan ko‘proq. Xususan, islom dini tarixidagi eng katta bo‘linish payg‘ambarimiz vafotidan hech qancha o‘tmay yuz bergan.
Yaqin tarixga murojaat etsak, O‘zbekiston mustaqillikka erishib, mamlakat tarixida rivojlanishning g‘oyat mas'uliyatli, shu bilan birga shu qadar sharafli bosqichiga kirgan dastlabki paytda dinimiz peshvolarining talay qismi jamiyatning birlamchi manfaatini ilg‘ab ololmadi, bir qismi esa bilibmi yo bilmay ana shu manfaatlarga zid ish tutdilar.
Bugungi jamiyatlarda ham axloqiy masalalarda dinning o‘rni va ta'siri katta, ammo u baribir falsafaning funktsiyasini o‘z zimmasiga ololmaydi, chunki bugungi jamiyatlarning aksari ko‘pkonfessional va sekulyar tabiatga ega.
Falsafa ijtimoiy ong sohasi sifatida paydo bo‘lganiga salkam uch ming bo‘layotganiga qaramay, u hozirgacha ijtimoiy nizolar keltirib chiqarmagan.
Alohida e'tiborga molik holat: qaysi mavzuni olmaylik, ikkita faylasufning fikri to‘liq bir xil chiqishi ehtimoldan yiroq, shu sababli ham falsafa bir-biridan farq qiluvchi, ko‘pincha hatto bir-birini tanqid qiluvchi ta'limotlar yig‘indisidan iborat, ammo shunga qaramay falsafa har doim jamiyatda birlashtiruvchilik funktsiyasini bajargan. Boshqacha qilib aytganda, u ijtimoiy manfaatlarga putur yetkazuvchi hodisalar bilan samarali kurash vositasidir. Xuddi mana shu xususiyat falsafaning jamiyat uchun eng katta nafidir.
Falsafa bu vazifani turli yo‘llar bilan amalga oshiradi. Ular ichida eng muhimi – falsafa ta'limidir.
Birinchidan, falsafa bilan shug‘ullanish davomida bizda o‘ziga xos falsafiy tanqid ko‘nikmasi shakllanadi. Falsafiy tanqid esa yoshlar tomonidan g‘oya, qarash yoki yondashuvlarni ko‘r-ko‘rona qabul qilmaslikni ham, xuddi shu yo‘sinda inkor qilmaslikni ham o‘rgatadi. Muhimi, bu borada asossiz tarzda shubhalanishni emas, balki mantiq chig‘irig‘idan o‘tkazib tahlil qilish, hatto avtoritetlarning fikrlariga ham ijodiy yondashish ko‘nikmasini tarbiyalaydi. Bu xulosa Aristotelning
“Platon mening do‘stim, ammo men uchun haqiqat yuqoriroq”
degan mashhur jumlasida o‘z ifodasini topgan, holbuki Platon Aristotel uchun shubhasiz avtoritet bo‘lgan. Umuman, falsafa tarixi bir avlod oldingi avlodning falsafiy qarashlarini, bir oqim ikkinchi oqimning falsafiy sistemasini taftish va tanqid qilishdan iborat deyilsa, ko‘p ham xato bo‘lmaydi.
Shunday qilib, falsafiy tanqidning yagona maqsadi bu haqiqatni izlash va uni topish imkoniyatini kengaytirishdir. Falsafiy muammolar, ularning qo‘yilishi va tarixi bilan misol uchun, Kant falsafasi bilan tanishar ekanmiz, bizda ayni turdagi muammolar va ulardan kelib chiquvchi oqibatlarni tushunish va tushuntirib bera olish malakasi shakllanadi. Bu esa o‘z navbatida falsafiy tafakkur va tanqidning shakllanishi uchun poydevor bo‘ladi. Natijada biz muammoning o‘z shaxsiy yoki guruhiy manfaatlarimizga mos keluvchi jihatlaridan yuqoriroq ko‘tarilib, uni sof holda, ob'ektiv ravishda o‘rganishga odatlana boshlaymiz.
Falsafa bilan muntazam shug‘ullanish shakllantiradigan bunday ko‘nikma, uni hech ikkilanmay fazilat hisoblash mumkin, mustaqil fikrlaydigan, turli mafkuraviy tajovuzlardan ishonchli tarzda himoyalangan shaxsni, yuksak ma'nodagi fuqaroni tarbiyalashda bemisl ahamiyatga egadir. Bunday fazilat bizni moddiy jihatdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri boy qilmasa-da, ma'naviy boyitishi – tafakkur sohibi etadi. Unda o‘z atrofida yuz berayotgan hodisalarga nisbatan mas'uliyat tuyg‘usi kuchayadi. Tafakkuri yuksak shaxslardan tarkib topgan jamiyatda turli “izm”larning suqilib kirishi qiyinlashadi, jamiyat manfaatlariga yot aqidalar va xurofiy odatlar tarqala olmaydi, chetdane kelgan missionerlar ham maqsadiga erishmay quruq qaytib ketishga majbur bo‘ladi. Amerikalik faylasuf U.Jeyms so‘zlari bilan aytganda
Ikkinchidan, falsafa bilan shug‘ullanish o‘zgacha qarashlarga nisbatan toqatli munosabatda bo‘lish – bag‘rikenglik (tolerantlik)ni shakllantiradi. G‘oyaviy kelishmovchiliklar sababli ro‘y beruvchi zo‘ravonliklar, qurolli to‘qnashuvlar, ekstremistik kayfiyat va xatti-harakatlar o‘rnini ochiq, o‘zaro hurmat asosiga qurilgan, madaniy munozara-mubohasalar egallashiga yordam beradi.
Falsafiy tafakkur va tolerantlik o‘rtasida qanday bog‘liqlik bor? Tolerantlik bu – sub'ekt tomonidan qabul qilinmagan, uning ishonch-e'tiqodiga muvofiq bo‘lmagan din, dunyoqarash, g‘oya, milliy qadriyat, turmush tarziga yo‘l beradigan ijtimoiy munosabatni xarakterlovchi tushunchadir. Bu tushunchaning asosida “men” bilan bir qatorda “u” ham yashashga haqlidir, degan e'tiqod yotadi. Tolerantlik dogmatizmning passiv ko‘rinishi, ya'ni muayyan fikrni himoya etgan olgan holda, o‘zga g‘oyalarga qarshilik ko‘rsatmaslik bilan chiqishadi, ammo uning faol shaklini – o‘z fikriga yopishib olish bilan birga boshqacha fikrlarga nisbatan toqatsiz, radikal munosabatda bo‘lishni, xususan, ekstremizmni butunlay inkor qiladi. Falsafa o‘zining tanqid funktsiyasi orqali passiv dogmatizmni muqobillashtiradi, tolerantlikni kuchaytirish bilan esa faol dogmatizmga qarshi faol kurashadi.
Biz falsafa olamiga kirib borar ekanmiz, shu paytgacha oddiy bo‘lib ko‘ringan hodisalar tabiati qanchalar murakkab ekanini his eta boshlaymiz. Falsafiy ta'lim tafakkurimizdagi zaif tomonlarni kzrishga o‘rgatadi, ma'lum ma'noda “ko‘zimizni ochadi”. Bu esa bizda o‘zgalar fikriga quloq tutish, yechimi shubhasiz bo‘lib tuyulgan masalalar ustida chuqurroq o‘ylab ko‘rish odatini shakllantira boshlaydi. “O‘zga”ga hurmat, undan o‘rganish va o‘zaro hamkorlikning samarasiga bo‘lgan ishonchimizni mustahkamlaydi. Mana shu jihati bilan falsafa tolerantlikning nazariy poydevoridir. Biz jamiyatimizda millatlararo totuvlik, ijtimoiy hamkorlik va dinlararo bag‘rikenglik g‘oyasini kishilar ongiga chuqur singdirishni maqsad qilgan ekanmiz, bu maqsadimiz yo‘lida xizmat qiluvchi eng samarali vosita falsafani o‘rganish va o‘rgatishdir.
Uchinchidan, falsafa jamiyatni axloqiy-ma'naviy jihatdan yuksaltiradi. U ijtimoiy ongning turli shakllari – siyosat, san'at, fan, din o‘rtasida o‘zaro muvofiqlashtiruvchi funktsiyasini o‘taydi, bir qarashda o‘zaro zid tuyulgan, ammo chuqurroq mushohada va tahlil etilganda ziddiyatlar yuzaki va sun'iy ekanini ko‘rsatish bilan falsafiy tafakkur shaxs xatti-harakatida, umuman hayotida kuchli ta'sirga ega omilga aylanadi.
Shaxs dunyoqarashini shakllantiruvchi turli sohalar (masalan, din va fan) o‘rtasidagi ziddiyatlarni tahlil etish va ularni o‘zaro muvofiqlashtirish funktsiyasi falsafiy fikrni ong faoliyatining yaxlit namoyon bo‘lishi va so‘nggi mahsuli sifatida tushunishimizga imkon beradi.
Falsafa jamiyat hayotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta'sir ko‘rsatmaydi. U aksar hollarda o‘zga sohalar orqali bu ishni amalga oshiradi. Bunda turli siyosiy, iqtisodiy nazariyalar, adabiyot va san'at asarlari oraliq bog‘lovchi rolini o‘taydi. Shuning uchun ham ba'zilar falsafaning jamiyat hayotidagi o‘rnini yetarlicha payqay va baholay olmaydilar va “falsafa o‘zi kerakmi?” mazmunidagi savolni qo‘yadilar. Savol istehzoli, kinoyali bo‘lishiga qaramay, qat'iy javob berish kerak: jismonan salomatligingiz uchun jismoniy tarbiya naqadar foydali bo‘lsa, tafakkuringiz salomatligi uchun falsafani o‘rganish, falsafiy tafakkur ko‘nikmasini hosil qilishingiz shu qadar naf keltiradi.
1-ilova
BMT Bosh Konferensiyaning “Jahon falsafa kuni”ni nishonlash to‘g‘risidagi 33-sessiyasida (2005 yil, 19 oktyabr) qabul qilingan rezolyutsiyasi
Bosh Konferensiya,
Ijroiya Kengashining “Jahon falsafa kuni”ni nishonlash to‘g‘risidagi 33 C/45 hujjati va qarorini ko‘rib chiqib,
Bosh Direktor tomonidan “Jahon falsafa kuni”ni nishonlash to‘g‘risida taqdim qilingan tadqiqot-tahlil natijalarini ma'qullab,
falsafaning mustaqil va tanqidiy tafakkurga rag‘bat beruvchi soha ekanligi va dunyoni yanada yaxshiroq anglashga xizmat qila olishi, shuningdek, tinchlik va tolerantlikni targ‘ib qilishini esda tutib,
“Jahon falsafa kuni”ning nishonlanishi YuNESKOning 2006-2007 yillar byudjeti uchun hech qanday qo‘shimcha moliyaviy oqibatlarga ega bo‘lmasligini ta'kidlab,
YuNESKOda o‘tkazib kelingan Falsafa kunlarining “Jahon falsafa kuni” sifatida belgilanishi falsafaning ahamiyatini e'tirof etish, xususan, dunyo bo‘ylab falsafani o‘qitish muhimligi tan olinishiga rag‘bat berishiga amin bo‘lgan holda,
1. Har yili, noyabr oyining uchinchi payshanbasini “Jahon falsafa kuni” deb e'lon qiladi.
2. YuNESKOga a'zo davlatlarni YuNESKO bo‘yicha milliy komissiyalar, nodavlat tashkilotlari va tegishli jamoat va xususiy institutlar (maktablar, universitetlar, institutlar, ma'muriy viloyatlar, shaharlar, jamoalar, falsafa assotsiatsiyalari, madaniy assotsiatsiyalar va shu kabilar) bilan birgalikda mahalliy, milliy va mintaqaviy miqyosda mazkur kunni nishonlash va uni davomli tarzda amalga oshirishda faol ishtirok etishga undaydi.
3. Bosh Direktorni ayni masalada bo‘ladigan milliy, mintaqaviy va xalqaro darajadagi barcha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga da'vat qiladi.
4- Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasidan mazkur tadbirni o‘tkazishda ishtirok etish va barcha a'zo davlatlarni ayni yo‘sinda harakat qilishlarini rag‘batlantirishni so‘raydi.
2-ilova
(YuNESKO Ijroiya Kengashining 171-sessiyasida qabul qilingan “Falsafa bo‘yicha sektorlararo strategiyasi” nomli hujjatdan)
YuNESKO faoliyatida falsafaning ahamiyati shubhasizdir. Chunki falsafiy tahlil va mulohaza yuritish Tashkilotning asos missiyasi bo‘lmish tinchlikni barpo etish va uni saqlash bilan inkor qilib bo‘lmas tarzda bog‘langandir. Tashkilot Nizomida tinchlik “insoniyatning intellektual va axloqiy hamjixatligi”ga asoslanishi kerak degan xulosa ta'kidlangan. Erkinlik va inson qadr-qimmati, adolat kabi muhim tushunchalarni tushunish va tahlil qilishning intellektual vositalarini rivojlantirish, mustaqil fikrlash va qaror qabul qila olish malakasini vujudga keltirish, dunyo va u yuz tutayotgan muammolarni anglash, ularga doir mulohazalar to‘g‘risida savollar qo‘ya olish ko‘nikmasini rivojlantirish, shuningdek, qadriyatlar va tamoyillar ustida fikrlashni kuchaytirish bilan falsafa “erkinlik maktabi”ga aylanadi.
….YuNESKO falsafani keng ma'noda – har bir shaxsda mustaqil fikrlash ko‘nikmasini paydo qiluvchi, inson hayoti va borlig‘i bilan bog‘liq universal muammolar bilan shug‘ullanuvchi soha sifatida tushunadi. Falsafa inson bilishining asosida yotadi. Uning qamrovi YuNESKO shug‘ullanuvchi sohalarni qamrab olish darajasida keng. Barcha uchun ta'limni joriy qilish, madaniy turfa xillik, fan etikasi, inson huquqlari, bilimga asoslangan jamiyat, demokratiya, madaniyatlar va sivilizatsiyalararo muloqot kabi Tashkilot shug‘ullanuvchi yirik masalalar mustahkam falsafiy asos, tahliliy va kontseptual sinchkovlikni taqozo etadi. YuNESKO dasturlarida ifodalangan norma, standart va tushunchalarning tanqidiy tahlili Tashkilot faoliyatining davr talablariga muvofiq va mahsuldor bo‘lishi uchun zarurdir. …..
04.07.2014