Facebook’da ishlaydigan o‘zbekistonlik Aziz Murtazoyev bilan suhbat

Facebook’da ishlaydigan o‘zbekistonlik Aziz Murtazoyev bilan suhbat


Facebook da ishlovchi Millatdoshimiz bilan ochiq suhbat!

— Qachondan beri Facebook’da ishlaysiz? — Facebook bilan eng birinchi aloqa 2014-yil sentabrda bo‘lgan va suhbatlar 2015-yil fevralgacha davom etgan. Facebook’ning London ofisida 2015-yil, 14-sentabrda ish boshlaganman.

— Facebook’ning qayerdagi ofisi yoki ofislarida, qaysi lavozim yoki lavozimlarda faoliyat olib borasiz, borgansiz? — Hamma suhbatlardan muvaffaqiyatli o‘tib bo‘lgandan keyin Kaliforniyadagi bosh ofisi — Menlo Park’ga ishga taklif qilishdi. Facebook’ning AQShdagi ofisida ishlash uchun ish vizasini (H1B) olish talab qilinar edi. Bu viza turini olish juda ham qiyin, chunki qancha odam topshirishidan qat’i nazar yiliga faqat 65 ming dona viza beriladi. Men ham shunday viza olmoqchi bo‘lgan yilda 233 ming kishi ariza topshirgan va lotereya asosida 65 ming kishi tanlab olingan.

Men viza olganlar tarkibida bo‘lmaganman, lekin yaxshiyamki, muqobil variant bor edi. Facebook ishga taklif qilganida, “Agar AQShga viza berilmasa, Facebook’ning Londondagi ofisida ishlashingiz mumkin bo‘ladi”, deb aytilgan edi. Shunday qilib, 2015-yilning sentabridan boshlab Facebook’ning Londondagi ofisida ishlay boshladim.

Facebook’ga Android operatsion tizimida ishlaydigan dasturchi-muhandis bo‘lib ishga kirdim. Eng qizig‘i, Facebook’da muhandislar bir-birining lavozimlarini bilmaydi. Ya’ni, tizimda boshqa ishchining lavozimini bilish mumkin emas va ishchi faqat o‘z lavozimini ko‘ra oladi. Facebook’ning ish madaniyatiga ko‘ra, har xil lavozim — katta muhandis, kichik muhandis kabilar xodimlar orasida muomalaga sun’iy to‘siq yasaydi, deb hisoblanadi. 5 yillik ish tajribasi bor muhandis bilan universitetni endi tugatib, ishga kirgan muhandislar bir xil imkoniyatlarga ega.

Foto: “Likeit.uz”


Foto: “Likeit.uz”

— Facebook’da ish boshlashingiz qanday bo‘lgan? — Facebook’ga kirgan hamma ishchilar Bootcamp deb nomlangan trening dasturini o‘tib bo‘lib ish boshlaydi. Bootcamp — bu 5—6 haftalik dastur bo‘lib, ishchilar Facebook’ning hamma texnologiyalari bilan tanishib chiqadi va dastur oxirida ishchilar istalgan jamoasida ish boshlashga tayyor bo‘ladi. Facebook’ni boshqa kompaniyalardan ajratib turadigan narsasi — ishchilar ish boshlaganining birinchi haftasidayoq Facebook veb-dasturiga o‘zgartirishlar kiritishi mumkin.

Men eng birinchi Commit — tizimga o‘zgartirish kiritiladigan kodni ish boshlaganimga 5 kun bo‘lganida qilganman va bunday holat keng tarqalgan. Boshlang‘ich 3 haftada, Londonda Facebook’ning asosiy texnologiyalari haqida kurslar bo‘ldi va oson/o‘rtacha topshiriqlar ustida ishladik. Undan keyin 2 hafta Kaliforniyadagi bosh ofisda treningni davom ettirdik va bu safar har kim o‘z yo‘nalishi bo‘yicha kurslarni davom etdi.

Men Android dasturchi bo‘lib ishga olinganimdan keyin, shu operatsion tizim bo‘yicha kurslarni o‘tdim va Android bo‘yicha topshiriqlarni qildim. Facebook’ning Android mobil ilovasida oddiy dasturlashda ishlatiladigan texnologiyalardan ancha farqli texnologiyalar ishlatiladi. Chunki Facebook’ning Android ilovasi standart Android ilovasiga nisbatan ancha katta ilova hisoblanadi va standart yondashuvlar Facebook miqyosida ishlamaydi. Kaliforniyadan qaytib kelgandan keyin jamoa tanlash bilan shug‘ullandik. Jamoani ishchilar o‘zlari o‘z qiziqishiga qarab tanlashadi. Muhandislar kerak jamoalarni o‘z faoliyati haqida ichki veb-saytda e’lon qilib qo‘yadi va qanday muhandis kerakligini ko‘rsatib o‘tadi (masalan, iOS, Android, generalist).

Bootcamp’ni bitirganlar ularga qiziqqan jamoalar yetakchilari bilan suhbatlar qilib, jamoada qilinadigan ish muhandis qiziqishiga qanchalik to‘g‘ri kelishi, kelmasligini bilib olishi mumkin. Odatda ishga kirgandan keyin 5–8 haftada muhandislar o‘z jamoasini topib oladi.

— Ishga kirish suhbati qanday o‘tgan? — Menda ishga kirish jarayoni uch bosqichli suhbatdan iborat bo‘lgan. Suhbatlarning eng boshidagi tanishuv suhbatidan tashqari hammasini Facebook’ning muhandislari olib borgan.

Eng birinchi suhbat onlayn — Skype orqali bo‘lgan. Onlayn suhbat bir soat davom etgan va unda ilk 10–15 daqiqa oldingi ish tajribam haqida va keyin Android bo‘yicha texnik savollar berilgan. Undan keyin asosiy qismiga o‘tdik va berilgan algoritmik masalani 30–40 daqiqa davomida hal qildim. Ya’ni intervyu o‘tkazayotgan kishi va men ko‘ra oladigan onlayn-dokument ochiladi, shunda men berilgan masalani yechimining kodini yozishim kerak.

Intervyuda kod yozish, kompyuterda kod yozishdan ancha farq qiladi, chunki kompyuterda kod yozganda dasturlash muhitini har xil qulayliklaridan foydalanish mumkin. Shuning uchun ham intervyuga tayyorlanganda algoritmik masalalarni yechimini qog‘ozda yechib ham o‘rganish kerak. Boshida masalani qanday yo‘l bilan yechmoqchiligimni og‘zaki tushuntirib berdim va yechimining kodini yozishga o‘tdim. Kodni yozishda intervyu qabul qilayotgan kishi nafaqat oxirgi natijasiga qaraydi, balki kod yozish jarayoniga ham e’tibor beradi.

Bu yerda masalani qanday usul bilan yechilishini aniq tushuntira olish, kodni tez yozish, chekka holatlarni (edge cases) hisobga olish muhim hisoblanadi. Masalani yechib bo‘lgandan keyin 5—10 daqiqa nomzod, ya’ni men intervyu olayotgan kishiga xohlagan savolimni berishim mumkin. Bu Facebook’da qandaydir texnologiyani ishlatilishi, kompaniyadagi muhit, kompaniya madaniyati va shunga o‘xshagan savollar bo‘lishi mumkin. Umuman olganda, birinchi intervyu ko‘nglimdagidek bo‘lib o‘tdi. Birinchi intervyuning javobi bir hafta o‘tmasdan keldi va ijobiy natija bo‘lganligi haqida menga ma’lum qilishdi.

Keyingi boshqich, ya’ni ikkinchi onlayn intervyu qilinadigan bo‘ldi. Intervyuga yaxshilab tayyorlanish maqsadida uni bir oydan keyin bo‘ladigan qilib kelishib oldik. Ikkinchi intervyu jarayoni xuddi birinchisidagidek bo‘ldi. Boshida Android bo‘yicha savollar berildi va hammasiga yaxshi javob bera oldim. Chunki shu paytga qadar Android bilan uch yil shug‘ullanayotgan edim.

Keyin algoritmik masalani yechishga o‘tdik. Bu safar birinchi intervyudagidek yaxshi o‘tmadi va masalani ko‘nglimdagidek yecha olmadim. Mening yechgan yo‘limda bir, ikkita chekka holatlarni (edge cases) hisobga olmagan ekanman. Ikkinchi intervyuning javobi ham tez o‘tmasdan keldi. Unda meni keyingi boshqichga o‘tganim haqida ma’lum qilindi. Buni eshitib, juda ham xursand bo‘lganman. Chunki ikkinchi intervyudan o‘ta olmagan bo‘lsam kerak deb o‘ylagan edim.

Ular meni keyingi bosqichga chaqirish/chaqirmaslik qarorini qabul qilishida nafaqat ikkinchi intervyuning natijasiga qaragan, balki boshqa omillarni ham hisobga olgan. Meni oldingi ishxonamda qilgan ishlarim (Facebook’dan oldin Janubiy Koreyada Samsung Electronics’da ishlaganman), meni bo‘sh vaqtimda qilgan Android dasturim shular jumlasidan edi. Ayniqsa, ularga men tuzgan va Google Play’ga joylashtirilgan Android dasturim ma’qul kelgan. Keyingi (oxirgi) bosqich Facebook’ning Kaliforniyadagi ofisida bo‘lgan va Seuldan San-Fransiskoga biletlar, mehmonxona, ovqat, taksi va shunga o‘xshash xarajatlarni hammasini o‘zlari qoplab bergan.

Oxirgi bosqich ketma-ket to‘rt intervyudan iborat bo‘lgan. Har bir intervyu bir soat davom etgan. To‘rt intervyudan ikkitasida Android bo‘yicha masala berilgan va doskada yechimining kodini yozganman. Uchinchi intervyu System design (Tizim dizayni — “Daryo” tarjimasi) bo‘yicha bo‘lgan va unda ham Android’ga bog‘liq masala berilgan. To‘rtinchi intervyuning yarmi algoritmik savol, yarmi Behavioral questions (Qiziqishlar haqida savollar — “Daryo” tarjimasi) bo‘lgan, ya’ni men kompaniya madaniyatiga qanchalik to‘g‘ri kelishimni savollar berib tekshirishgan.

Ikkinchi intervyudan keyin “Tushlik intervyu” bo‘lgan, ya’ni bu rasmiy intervyu bo‘lmasa ham, bunda Facebook xodimi bilan tushlik qilganmiz va shu paytda Facebook haqida xohlagan savol berishim mumkin edi va buning boshqa intervyularga ta’siri bo‘lmagan. Seulga qaytib borganimdan keyin bir hafta o‘tmasdan ulardan ijobiy javob kelgan va menga ish taklifini berishgan. Men ikkilanmasdan bu taklifni qabul qilganman va o‘sha paytda o‘zimni juda ham baxtli sezganman.

— Facebook’da ishlash qanday? Boshqa ishlagan joylaringizdan farqi, ish rejimi, imkoniyatlar, qulayliklar, jamoadagi kayfiyat… — Bizning ofisimiz juda ham noodatiy va u yerda xodim o‘zini noqulay his qilmasligi va turli xil maishiy savollarga chalg‘imasligi uchun barcha sharoit yaratilgan. Kompaniya xodimlari uchun bepul, uch mahal ovqat beradi. Xodim tongda ishga kelgach, uni turli xil meva, salat, sharbat, tuxumning turli ko‘rinishi va boshqa bir qancha narsalardan qilingan nonushta kutadi.

Tushlikda esa eng ko‘p turdagi ovqatlar beriladi va har kim xohlaganini ta’biga qarab tanlashi mumkin. Har bir ovqat maxsus belgiga ega. Bu esa ovqatlanishda biror cheklovga ega kishilar o‘zlariga mos ovqatni tanlashlarida yordam beradi. Masalan, kimdadir yong‘oqqa allergiya bo‘lishi, kimdir vegetarian bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, har bir ovqat uch xil rang bilan belgilanadi. Agar yashil bo‘lsa, bemalol ko‘p yeyish mumkin. Masalan, turli salatlarni. Qizil bo‘lsa, ko‘p yeyish tavsiya etilmaydi. Masalan, mol go‘shti. Bular xodimlarning sog‘ligini o‘ylab qilingan. Ovqat hajmi esa cheklanmagan. Sariq rang esa qizil va yashil o‘rtasini bildiradi.

Bundan tashqari har doim turli xil pishiriqlar, shokolad, muzqaymoq, shirinliklar va ichimliklar mavjud bo‘ladi. Vaqti-vaqti bilan xodim ishdan chalg‘ishi va ishga yangi kuch bilan qaytishi uchun har xil o‘yin xonalari bor. Ularda ping-pong, stol futboli, PS4, Xbox o‘ynash yoki cholg‘u asboblaridan foydalanish mumkin.



Facebook’da ish grafika juda erkin. Bu yerda xodimning ishda o‘tkazgan vaqtini hisoblash sistemasi yo‘q. Bu esa xodim ofisdan tashqarida ishlashi ham mumkinligi uchun shunday. Har bir xodimning o‘z noutbuki bor va ba’zida uydan ishlash ham mumkin. Bu normal holat hisoblanadi. Chorshanba esa majlislar bo‘lmaydigan kun deb qabul qilingan. Xodimlar shu kuni ishga umuman kelmasliklari va uydan ishlashlari mumkin.

Kasallik uchun ta’til olishda cheklov yo‘q. Agar kasallansangiz, shunchaki menejerni ogohlantirib qo‘yish yetarli. Kasal bo‘lib qolganda ishga chiqmaslik va qahramonlik ko‘rsatmaslik tavsiya qilinadi. Xodimlarga ishonish darajasi juda hayratlanarli va kompaniyadagilarning fikricha, xodimlarning o‘zi qachon ishlaganlari foydali bo‘lishini yaxshi bilishadi.

Doimiy tarzda Mark Sukerberg bilan savol-javoblar sessiyasi o‘tkazilib turiladi. Unda xodimlar kompaniya faoliyatiga oid o‘zlarini qiziqtirgan va xavotirlantirgan savollarni berishlari mumkin. Bu xodimlar o‘z fikrlarini berishlari va top-menejment fikrini bilishlari uchun ajoyib imkoniyat.

London ofisida (Kaliforniyadagi bosh ofisdan tashqari barcha ofislarda ham) Free Lunch Wednesday va BFF dasturlari mavjud. Har chorshanbada ofisdan tashqari istalgan restoranda ovqatlanish mumkin. Yoki 5 kishidan kam bo‘lmagan xodimlar bilan birga borsa ham bo‘ladi. Bunda har bir xodimga 25 funtdan beriladi. Shu bilan birga har bir xodim kino, teatr, muzey, konsertga borish kabi biror tadbir uyushtirishi mumkin. 5 kishidan kam bo‘lmagan bunday jamoalarning har bir a’zosiga ham 25 funtdan beriladi.

Bu boshqa jamolardagi xodimlar bilan tanishish uchun yaxshi imkoniyat va u jamoalar o‘rtasidagi muloqot yaxshilanishiga xizmat qiladi. Tez-tez xakatonlar o‘tkazilib turiladi. Ular kun bo‘yi davom etadi va unda odatiy ishdan boshqa g‘oyalarlar ustida ishlash mumkin. Shunday xakatonlar sabab, Facebook uchun yangi va qiziq loyihalar yuzaga keladi.

— Qayerlarda o‘qigansiz? — Maktabni tugatgach, O‘zbekiston Milliy universitetining Iqtisod fakultetiga o‘qishga kirganman. Umuman olganda, o‘qishga kirguncha iqtisod haqida hech qanday tushunchaga ega bo‘lmaganman. Hal qiluvchi omil esa o‘qishga kirish fanlarini yetarlicha yaxshi bilishim bo‘lgan.

Men matematika bilan shug‘ullanganman va ingliz tilini yaxshi bilganman. Bular bilan yaxshi ta’lim dargohiga kirish uchun esa, o‘shanda iqtisod deb o‘ylaganman. Taxminan uchinchi kursda iqtisod umuman mening soham emasligini his qila boshlaganman. Gumanitar fanlardan ko‘ra menga aniq fanlar ko‘proq ma’qul edi.

Keyin esa kursdoshlarimiz bilan bitta markaz talabalarni tekinga dasturlashga o‘qitishi haqida bilib qolganmiz va sinab ko‘rishga qaror qilganmiz. Bu markaz “Yosh dasturchilarni tayyorlash va qo‘llab-quvvatlash markazi” deb nomlangan va unda .NET platformasi asosida dasturlashni o‘rgatishgan.

Uch oy davomida darslardan so‘ng, haftasiga 5 kun, kuniga uch soatdan shu markazga qatnaganmiz. Menga dasturlash juda yoqqan va yomon chiqmagan. O‘quv kurslari tugagach, yakuniy loyihamni topshirganman va markaz hamkorlik qiladigan kompaniyalardan biri — NetDec’ga ishim ma’qul kelib, meni amaliyot o‘tashga chaqirgan. U yerda yarim yil ishlaganman.

Universitetni bitirganimdan so‘ng kim bo‘lib ishlashim haqida hech qanday shubham qolmagan edi. hundan so‘ng ikki yil Toshkentdagi Muransoft kompaniyasida ishladim va Januibiy Koreyaga magistratura o‘qish uchun jo‘nab ketdim.

Magistraturani rivojlangan davlatlardan birida o‘qishni juda orzu qilganman va turli xil Yevropa universitetlariga ham hujjatlarimni topshirganman. Software Engineering yoki Computer Science bo‘yicha magistraturada o‘qishni juda xohlaganman. Lekin bakalavr diplomim iqtisod bo‘yicha bo‘lgani bois, ko‘plab universitetlar qabul boshida meni rad qilishgan.

Keyin esa Janubiy Koreya universitetlariga hujjat topshirishga harakat qilib ko‘rganman. Baxtimga, bitta universitet, to‘g‘rirog‘i shu universitetning professorlaridan biri meni o‘qishga qabul qilishga rozi bo‘lgan va men Suvon shahridagi Adjou universitetiga kirganman. Computer Engineering fakultetida o‘qiganman. U yerda olingan nazariy bilimlarim kompyuter ilmidagi bo‘shliqlarim o‘rnini to‘ldirishda katta yordam bergan.

— Kasbingiz qanday, nimalar qilgansiz, qaysi dasturlash tillarida ishlaysiz? — Janubiy Koreyadagi universitetni bitirgach o‘zim o‘qigan shahar — Suvondagi Samsung Electronics’da ish boshladim. Ishga kirishda bo‘lgan intervyulardan birida mendan Samsung’da nima bilan shug‘ullanishga qiziqishim haqida so‘rashdi. Men esa ikki xil soha: Android’da dasturlash va tizim taqsimoti (Distributed Sytsems) deganman.

Yakunda esa Samsung smartfonlarining foydalanuvchi interfeysini ishlab chiqadigan jamoadan o‘rin egallaganman. U yerda bir Android’da ishlaganmiz va Java’ni asosiy dasturlash tili sifatida foydalanganmiz.

Hozir ham Facebook’da Android bo‘yicha ishlayman va Facebook Lite mahsuloti ustida ishlayman. Shuningdek, o‘z loyihalarimda avval Python dasturlash tilidan ham foydalanganman.

— Qaysi tillarni bilasiz va ular Facebook’da ishlashingizda qanday imkoniyatlar yaratmoqda? — Xorijiy tillardan rus va ingliz tillarini bilaman. Janubiy Koreyada ham uzoq payt ingliz tilida muloqot qilganman. Koreyadaligimda koreys tilini ancha o‘rgandim, ammo hozir deyarli ishlatmasligim sabab esimdan chiqmoqda.

Facebook’da ruscha gaplashadigan xodimlar ko‘p. Ular asosan Rossiya va Ukrainadan. Biz o‘zaro rus tilida muloqot qilamiz. Biroq, rus tilida suhbatlashadigan xodimlar bizning jamoamizda yo‘q. Agar bo‘lganida ishlash osonlashardi. Lekin hamma ingliz tilida yetarlicha yaxshi gaplasha oladi. Mahalliy tillardan esa qoraqalpoqcha (ona tilim) va o‘zbekchani bilaman, qozoqchani tushunaman.

— Qayerliksiz? Bolalikdagi orzularingiz? Masalan, dasturchi bo‘lishni orzu qilgandirsiz va unga qanday erishgansiz? — Men Qoraqalopg‘istonning Nukus shahrida tug‘ilganman va katta bo‘lganman. 37-litseyning matematikga chuqurlashtirilgan sinfida maktabni yakunlaganman. Sharoitlar bo‘lsa ham, hech qachon dasturchi bo‘laman deb o‘ylamaganman. Bolaligimda otam shanba kunlari meni ishiga olib borgan va shunda birinchi marta kompyuter nima ekanligini bilganman.

O‘shanda asosan faqat kompyuter o‘yinlarini o‘ynaganman va MS-DOS hamda Windows haqida biroz o‘rganganman. Keyinchalik esa uyimizda kompyuter bo‘lgan va unda turli xil dasturlardan foydalanishni o‘rganganman. Ammo dasturlash bilan qiziqmaganman. Kelajakda kim bo‘lishim haqida bolalikda o‘ylamaganman. Menga maktabdagi ma’lum fanlar, ayniqsa matematika juda yoqqan.

— Kelajak rejalaringiz qanday? — Qisqa qilib aytganda, Facebook’da ishlab turganimda, bu yerda yaratilgan imkoniyatlardan iloji boricha ko‘proq foydalanishni xohlardim. Bunday imkoniyatlar esa quyidagicha:

a) Texnik bilimlar: Android, Java va biz bu yerda foydalanadigan texnologiyalarni chuqurroq o‘rganish. O‘zim hamda boshqalarni doimiy o‘qitish;

b) Loyihalarni ishlab chiqish: Bu yerda mahsulot ishlab chiqarilishiga yondashishlari juda yoqadi. Bitta loyiha ustida UX Researcher, Data Scientist, Designer, Content Strategist, Product Specialist va boshqa platforma (Android, iOS, web) dasturchilari birgalikda ishlaydi. Ular bilan ishlab, mahsulot qanday tayyorlanishi haqida tasavvur uyg‘onadi. Bu esa babaho tajriba. Jarayon esa ko‘pchilik kompaniyalarda deyarli bir xil. Shuningdek, bu yerda barcha qarorlar shunchaki qabul qilinmasligi, aniq hisob-kitoblar asosida bo‘lishi menga yoqadi.

c) Professional aloqalar: Bu yerda juda aqlli muhandislar va turli soha, turli shaharliklar bilan ishlash mumkin. Ulardan ko‘p narsa o‘rgansa bo‘ladi va bu kelajakda boshqa loyihalarda hamkorlik qilish imkonini beradi. Facebook’da menga yana ham ko‘proq narsalar o‘rganish mumkinligi yoqadi. Qachondir Facebook’ni tark etish kerak bo‘lsa, men o‘zimni katta darajaga chiqish istagida bo‘lgan kichik kompaniya, biror startapda sinab ko‘rishni xohlardim.

— Facebook’da qilinayotgan yangiliklar haqida bo‘lisha olasizmi?

— Afsuski, biz yangi loyihalar haqida gapira olmaymiz.

— Facebook’dan [foydalanuvchiga] biror yordam bera olasizmi? Umuman so‘rab turishadimi?

— Facebook foydalanuvchilarining ma’lumotlaridan foydalanishlariga qattiq e’tibor beradi. Bu esa xodimlarga juda taaluqli. Agar xodim vakolatini buzib, foydalanuvchilarning o‘ziga berilmagan ma’lumotlarini qarasa, kompaniya uchun avval qilgan xizmatlari ham inobatga olinmay, darhol ishdan bo‘shatiladi.

— O‘zingiz Facebook haqida nimalarni so‘zlashni xohlaysiz? — Facebook kabi top-texnologik kompaniyalarda ishga qabul qilinish yetarlicha tayyorgarlik bilan to‘liq real hodisa ekanligini aytishni xohlardim. Intervyu jarayoni ko‘plab texnologik kompaniyalarda bir xil. Asosan intervyularda nomzodlar uchun algoritmik savollar beriladi va ularga oldindan tayyorlanish mumkin. Shaxsan o‘zim uchun bunga tayyorlanish 4–5 oy vaqt talab etgan va sarflangan vaqt o‘zini oqlagan.




Report Page