FORS DIYORIDAGI NAFIS MAJLISLAR

FORS DIYORIDAGI NAFIS MAJLISLAR


Joriy yilning 11-18-fevral kunlari Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi tomonidan Eron Islom Res­publikasiga “Navoiy qadamjolari izi­dan” xalqaro ilmiy ekspedit­siya­si tash­kil etildi. Taniqli adiblar, olimlar, tarjimon va jurnalistlardan iborat eks­peditsiya safar davomida ulug‘ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy­ning qadami teggan joylarni ziyo­rat qilish bilan birga, soha uchun ko‘p­lab yangilik­larga ega bo‘lishdi. Erondagi qator universitetlar, muzey va kutubxonalarda navoiyshunoslik anjumanlari, Haz­rat Navoiy ta’biri bilan ayt­ganda, “majo­lis un-nafois”lar o‘tkazildi. Safar taas­surotlari bilan o‘rtoqlashish maqsadida ekspeditsiya a’zolari bilan davra suhbati tashkil etdik.

 

Boqijon TO‘XLIYEV,

filologiya fanlari doktori,

professor:

– Safar davomida Tehrondagi Alloma Tabotaboiy universiteti, Eron­ning Madaniyat va islo­miy aloqalar tashkiloti, Fors tili va adabiyoti akademiyasi, shuning­dek, bir necha universitetlar professor-o‘qituvchilari bilan suh­bat va uchrashuvlarimiz ancha samarali bo‘ldi. Suhbatlar jarayonida O‘zbekistonda so‘nggi yillarda kechayotgan islohotlar, ayniqsa, Alisher Navoiy shaxsiyati va ijodi­ga munosabat davlat miqyosida tubdan o‘zgarganini mezbonlar yak­dil­lik bilan e’tirof etishdi. Ali­sher Navoiy nomidagi xalqaro fond tomonidan amalga oshirilgan 30 jilddan iborat “Istiqlol davri o‘zbek navoiyshunosligi” turkumidagi ki­­toblarning ta­qdim etilishi eronlik mutaxassislarning ehtirom va e’tiroflariga sazovor bo‘ldi.

Uchrashuvlarda ilmiy, ta’limiy muassasalarning rektorlari, prorektorlar, fakultet dekanlari va ularning o‘rinbosarlari, kafedra mudirlari, yirik professor-o‘qituvchilarning faol ishtiroki ekspedi­tsiyaning nufuzi va maqomiga Eron tomonidan berilgan daraja va maqomni ko‘rsatib turdi. Ma’lum bo‘lishicha, hozirgacha Eron Islom Respub­likasi hududidagi turli muassasa va tashkilotlarda Alisher Navoiyning 258 asari rasmiy kataloglardan joy olgan. Ular orasida mutlaqo nodir va moʻtabar qo‘lyozmalar ham mavjud.

Eron xalqining Firdavsiy merosiga qiziqishi va e’tiqodining milliy ruhga egaligi, uning tom ma’nodagi ommaviyligi kishida havas uyg‘otadi. Nazarimizda, bunday an’ana­lar Alisher Navoiy hayoti va ijodini o‘rganish hamda ommalashtirishda yo‘lga qo‘yilishi uchun jiddiy harakat qilishimiz zarur. Umuman, bu ijodiy safardan ekspeditsiya a’zo­lari qanoat hosil qilishdi, bu ular­da yangi mavzu va muammolar ustida izlanish­lar uchun munosib zamin hozirladi.

 

Karomat MULLAXO‘JAYEVA,

filologiya fanlari nomzodi:

– Eron Islom Respublikasining ko‘p­lab shaharlari Navoiy taqdiri bilan tutash. Navoiy Mashhaddan Samarqand­ga safar qilish arafasida Sayyid Hasan Ardasherga yozgan maktubida o‘zida ulkan bir kuchni tuya­yotganini, katta bir asar yozish istagi­ni aytib, shunday deydi:   

Bu maydonda Firdavsiy ul gurd erur

Ki, gar kelsa Rustam javobin berur.

Ani derga bo‘lsa qachon rag‘batim,

Erur oncha haq lutfidin quvvatim,

Ki, har necha nutq o‘lsa kohilsaroy,

Bitigaymen o‘ttuz yilin o‘ttuz oy.

Shoirga kuch-u ilhom bergan “Shohnoma” muallifi Firdavsiyning yurti – Mashhadning yonginasidagi Tus shahridir. Mashhaddan Navoiyning “Xamsa” yozish istagidagi bu o‘ylari­ni yodga olib Tus shahriga bordik. Firdavsiydan qolgan bu ulkan adabiy yodgorlikning (“Shohnoma”) eronliklar jon-u ruhiga singib ketganiga guvoh bo‘ldik. Ularning she’rga munosabati va aynan “Shohnoma” qahramonlari orqali o‘z kuchiga ishonch ruhi e’tiborni tortdi. Tus shahridagi hujjat ul-islom Muhammad ibn Muhammad al-Gʻazzoliy ­qabri ziyoratidan ruhimiz poklanib yo‘lda davom etarkanmiz, u zotning xizmatlari, asarlari haqida so‘zlay bosh­­la­dik. Bugun butun dunyoda ­uning asarlari turli rakurslarda amali­yotga tatbiq etilayotgani, dunyoviy, diniy-tasavvufiy ilmlarni uyg‘unlashtirgan bu olimning “Nasoyim ul-muhabbat”dagi ta’rif va tavsiflarini esladik.

Nishopurgacha bo‘lgan yo‘li­miz avva­lida tog‘lar poyida joylashgan Sabzavor shahrida barchamizni Navoiyning bolaligi haqidagi xayollar chulg‘adi nazarimda. Shoirning otasi hokimlik qilgan bu shaharda hazrat Navoiyning qadamjolarini o‘rganish bahonasida ko‘p­lab joylarni ziyorat qildik. Hakim Sabzavoriy nomidagi universitet bilan yaqindan tanishdik, shoir ijodiy merosiga oid anjumanlar o‘tkazildi. Navoiyning “Majolis un-nafois” tazkirasida xurosonlik ko‘plab shoirlar tilga olingan. Ular orasida sabzavorlik, nishopurlik, mashhadlik, tuslik, sheroz­lik, isfahonlik shoirlar nomi keltirilgan. Ehtimol, keyinchalik ularning faoliyatini tiklashda “Majolis” muhim aha­miyat kasb etgan. Mashhaddagi Imom Ali Rizo majmuasi kutubxonasidagi qo‘l­yoz­malar, Mashhad universiteti professor-o‘qituvchilaridan birining Eron­­dagi Alisher Navoiy qo‘lyozmalari tavsifi va tasnifiga bag‘ish­langan ma’ruzasi, nazarimda, safarimizning maqsad kalitini qo‘lga kiritganimizga chiroyli ishora bo‘ldi. O‘zaro munosabatlarni mus­tahkamlash va davom ettirish istagida memorandumlar – kelishuvlar tuzildi...

Eron olimlari Alisher Navoiy shaxsiga, uning ijtimoiy-siyosiy faoliyatiga va, albatta, ijodiga, o‘zbek tiliga bo‘lgan e’tiborini, mehrini namoyon etdi. Bunday safarlarning bardavom bo‘lishi ilm-fanimiz uchun faqat foyda keltiradi.

Erkin A’ZAM,

O‘zbekiston xalq yozuvchisi:

– Bir haftalik Eron safari haqida kiroyi bir kitob yozsa ham bo‘ladi, ammo hozircha zehnga mahkam o‘rnashib qolgan bittagina taassurot bilan cheklansak. Sabzavor­dagi tadbir­lar o‘rin­la­gach, kechki payt mezbonlar bizni shahardan xiyla naridagi eski bir mahallaga boshlab borishdi. Zebsiz, xarobroq go‘shalar. Biz, odatda, bunaqa manzillarga xorijiy mehmonlarni yaqin ham yo‘latmaymiz. Mezbonlardagi ishonch va qat’iyatga ko‘ra, safar dasturida qayd etilmagan bu yurishimizda nedir bir xosiyat borligini payqash mumkin edi.

Bo‘yradekkina hovlidan o‘tib, kengishroq bir xonaga kirildi. Rassomlik ustaxonasiga o‘xshaydi: dastgoh, bo‘yoq-so‘yoq, yozuv-chizuv anjomlari, devorlarda ajabtovur tas­virlar. Muallif qirqqa yetib-yetmagan Mas’ud Muhibbifar degan yigit ekan. Aytish­laricha, u tasvir san’atining allaqaysi yo‘nalishi bo‘yicha dunyo­da ikkinchi o‘rinni egallagan emish. Lekin qiyofasida jahonshumul shuhrat-u shavkatlardan nisho­na yo‘q, odmigina bir kishi, o‘zini anchayin xattotmi, naqqoshmi deb biladi, xolos. Bunday qaraganda, asarlari rostdan ham arabiy yozuv belgilaridangina iborat chigal muj­malotni eslatadi. Biroq ana shu aji-buji tasvirlar zamirida teran bir ma’no-mazmun jo ekanini anglab turasiz. Tasviriy san’atdagi bunday yo‘sinni mutaxassislar yangi-yangi “izm”lar bilan ataydilar, muallifimiz esa ulardan bexabar bo‘lishi ham mumkin, tug‘ma tabiiy bir ishtiyoq uni bu yo‘llarga boshlagan chiqar...

Rassomning bir turkum ishlari hazrat Navoiy asarlariga bag‘ishlangan; chunonchi, bir g‘azal­ning har misrasidan alohida-alohida asar dunyoga kelgan. Qaytayotganimizda, muallif bar­­­cha­­mizga ana shu asarlaridan hadya qildi. San’at ashyolarining bozori chaqqon bugungi zamon tutumlaridan xabardor kishi shoshib qolmog‘i tayin: tushimmi, o‘ngimmi? Albatta, bu yigit Pikasso emas, ammo Pikassoning barmog‘i teggan bir parcha qog‘oz ham million-millionga narxlanib tur­gan za­mon­da!.. Dunyo hashamidan yiroq faqirona, saxovatli bir kulbada buyuklik da’vosidan yiroq haqir bir inson san’at moʻjizasi yaratib o‘tir­ganidan o‘zi ham bexabar­dek. Hazrat Navoiy nafasi yetgan xonadon...

 

Qosimjon SODIQOV,

filologiya fanlari doktori,

professor:

– Ekspeditsiya sakkiz kun davomi­da muttasil izlanishda bo‘ldi. Dastlabki ish kunimiz Tabotaboiy universitetida o‘tdi: olimlar bilan uchrashdik. So‘ngra Eron Milliy kutubxonasi rahbariyati bilan, tushdan so‘ng Fors tili va adabiyoti akademiyasi olimlari bilan uchrashuv o‘tkazildi. So‘ngra Milliy kutubxona fond­lari bilan tanishdik. Eron madaniy yodgorliklar uyushmasidagi suhbatdan so‘ng, kechga yaqin Sabzavor shahriga yo‘l oldik. U yerda Hakim Sabzavoriy universiteti faoliyati bilan yaqindan tanishdik. So‘ng mazkur sha­harning tarixiy obidalarini ko‘zdan kechirdik.

Nishopur universitetidagi uchrashuv­da eronlik taniqli olimlar bilan Ali­sher Navoiy hazratlarining ilmiy-ijodiy me­rosi­ni o‘rganish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro manbalar almashish va tadqiq etish borasida ke­lishib olganimiz ayni muddao bo‘ldi. Ilmiy uchrashuvlar nihoyatda mazmunli va foydali kechdi. Bu muloqotlarimiz ko‘p jihatdan navoiyshunoslikni yangi materiallar bilan boyitishga xizmat qilishi shubhasiz.

Ilmiy uchrashuvlarda eron olimlari ham, o‘zbek olimlari ham o‘zlari­ning qizg‘in ilmiy ma’ruzalari bilan qatnashdi. Biz har qadamda eronlik olim­larning samimiy munosabatini his qilib turdik..

 

Soyibjon BEGMATOV,

O‘zbek milliy maqom san’ati  markazi bosh direktori:

 – Safar davomida Eronda Ali­sher Navoiy va musiqa san’atiga oid talaygina qimmatli ma’lumotlar saq­lanib qolganiga guvoh bo‘ldik. Xusu­san, Alisher Navoiyning o‘z davrida musiqa san’ati rivoji uchun amalga oshirgan amaliy va ijodiy ishlari hozirgi davrgacha eron xalqi tomonidan avaylab saqlanib, ijro amaliyotida qo‘llanib kelinayotgan ekan.

Navoiyning ko‘rsatmalari­ga ko‘ra yaratilgan va temuriylar davrida yozil­gan musiqiy risolalar Eron kutubxonalari fondida mavjudligi qayd etildi. Hakim Sabzavoriy universitetining taniqli olimlaridan biri, temuriylar davri Xuroson madaniy munosabatlari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borgan Ali Yahyoyi Abdurahmon Jomiyning “Risolayi musiqiy”, Zaynulobiddin Husayniyning “Qonun”, Naj­middin Kavkabiyning “Risola dar bayoni duvozdah maqom”, Abdulqodir Marog‘iyning “Maqosid ul-alhon” asarlari xususidagi ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi.

Hakim Sabzavoriy universitetida o‘tkazilgan uchrashuv yakunida bevosita Navoiy bilan bog‘liq ikkita musiqiy namuna talabalar ansambli tomonidan ijro etildi. Qizig‘i shundaki, birinchi asar – “Navoiy, Navoiy, Navoiy, Navoiy...” so‘zlarini naqo­rat qilib ijro etiladigan nag‘ma yoshlar ijrosida talqin etildi. Ushbu asar, ularning bayoniga ko‘ra, Ali­sher Navoiyga bag‘ishlangan qo‘shiq (“Naqsh”) bo‘lib, hazrat davridan merosdir. Bu asarning ulug‘ shoir xotirasiga atab amaliyotda ijro etib kelinishi, ushbu yurtda, ya’ni Sabzavorda xalq orasida Alisher Navoiyga bag‘ishlangan qo‘shiq hozirgacha kuy­lanib, saqlanib kelinayotgani­dan darakdir. Ikkinchi qo‘shiq ham aynan Navoiyni eslab ijro etilishi, oxirgi ­yarim asrda ommalashgani xususidagi ma’lumotlar qayd etildi. Bu ikki qo‘shiq aynan Navoiyga atab ijro etib kelinadigan namunalar sifatida e’zoz­lab kelinar ekan. Ikkinchi nag‘­ma Alisher Navoiy davrida yasha­gan ikki yosh mulla Muhammad va Oyisha haqida, ular birgalikda qo‘shiq aytishgan.

Qo‘shiqda ularning chin sevgisi sarobga aylangani va bundan xabar topgan Alisher Navoiy ularning baxtini topishiga sababchi bo‘lgani xusu­sida hikoya qilinadi. Shu bois bo‘lsa kerak, ushbu nag‘ma eron xalq ijrochilik amaliyotida og‘izdan og‘izga o‘tib, zamonlar osha kuylab kelingan. Hozirgi kunda ham kuy yangrashi bilan xonandalarga ting­lovchilar qo‘shilib aytish an’anaga ayla­nib ketganiga guvoh bo‘ldik. Yarim asr oldin bu qo‘shiqning fors tilidagi namunasi bizning yurtimizda yang­rab, xalq orasida keng ommalashgan edi. Bu, albatta, Eron xalqining hazrat Alisher Navoiyga ehtiromi ekanini e’tirof etish joizdir. Zero, bu ikki nag‘ma Alisher Navoiy kuyi timsolida xalq qalbida abadiy yashab kelmoqda.

Dilnavoz YUSUPOVA,

filologiya fanlari doktori,

professor:

– Eron xalqi, xususan, biz ziyo­rat qilgan Sabzavor, Nishopur, Tus va Mashhad shaharlari aholisi bevosita temuriy­lar, alalxusus, Alisher Navoiy davrida bunyod etilgan inshootlar, binoyi xayr­larni benihoya e’zozlar ekan. Navoiy buyuk inshootlar me’mori, saxovatpesha, xalqparvar amir sifatida ulug‘la­nishiga guvoh bo‘ldik. Mezbonlardan birining aytishicha, Mashhad shahri­ning aholisi suvsizlikdan qiynal­gan vaqtda Alisher Navoiyning sa’y-hara­katlari bilan Tus shahrining yuqori qismida joylashgan mashhur buloq­larning biridan ariq qazilib, Mashhad shahriga olib kelingan ekan.

Davlatshoh Samarqandiyning “Taz­­­­­­­­kirat ush-shuaro” asarida ushbu bu­­loqning nomi Chashmayi Gil, Navoiy qurdirgan ariqning uzunligi esa qariyb 80 km. ekanligi aytiladi. Nisho­pur shahrida bo‘lganimizda, buyuk “Shohnoma” muallifi Abulqosim Firdavsiy, ulug‘ munajjim, riyo­­ziyotchi olim va shoir Umar Xayyom qabrlari bilan bir qatorda hazrat Navoiyning ma’naviy ustozi Shayx Farididdin Attorning maqbaralarini ziyorat qildik. Attor qabrining o‘ng tomonida Ali­sher Navoiy tomonidan o‘rnatilgan tosh diqqatimizni tortdi. Tosh mehrob shaklida bo‘lib, balandligi 2 metr­dan ziyod. Unda yuksak xattotlik san’ati asosida o‘yib yozilgan matn bor. Matn­da hazrat Farididdin Attorning attorlikni tashlab, tasavvuf yo‘liga kirganlari bilan bog‘liq tarix aks etgan. Bu bevo­sita Alisher Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat”da keltirgan ma’lumotlari bilan uyg‘undir. Maqbara xodim­laridan biri­ning aytishicha, ushbu tosh yana ikki metr yer tagiga kirgan. Xondamirning “Makorim ul-axloq” asaridagi ma’lumotga ko‘ra, mazkur ravoqli imorat 1496-1497-yilda quril­gan. Navoiy ulug‘ mashoyixlarning qabrlarini ziyo­rat qilish asnosida buzilishga yaqin qolgan qabrlar qatorida Attor qabrini o‘sha davrda keng qo‘llaniladigan usulda tuzatishni buyurgan va ustozi qabri yoniga ushbu toshni o‘rnattirgan.

Mashhad shahridagi Imom Rizo me’moriy yodgorlik maj­muyida ham bo‘ldik. Majmua eski hovli, Alisher Navoiy ayvoni, yangi hovli, imom Rizo maqbarasi, Gavharshodbegim masjidi, madrasa, muzey, kutubxona, karvonsaroy va boshqa inshootlardan iborat ekan. To‘rtta hovlidagi katta ayvonlar XV asr oxirida Alisher Navoiy tomonidan qayta qurilgan va hozirgi ko‘rinishga keltirilgan.

Navoiy qurdirgan binoyi xayrlar orasida rabotlar – karvonsaroylar alo­hida o‘rin egallaydi. Xondamir “Makorim ul-axloq” asarida Navoiy tomonidan qurilgan 50 dan ortiq rabotning nomini keltiradi. Ushbu rabotlar orasida Mashhad shahridan o‘ttiz yetti kilometr uzoqlikda joylashgan Sangbast raboti o‘ziga xos ahamiyat kasb etar ekan. Gumbazi va minorasi bor bu bino Sulton Mahmud Gʻaznaviy zamo­nida Tus hokimi Ars­lon Jozib tomonidan hijriy-qamariy 389-421 (milodiy 999-1030)-yillar oralig‘ida qurilgan. Keyinchalik binoning raboti buzilgan va Alisher Navoiy uning yonidan ­yangi bir rabot qurdirgan. Davlatshoh Samarqandiy Navoiy tomonidan qurdirilgan ushbu rabotning chiroyliligi va kattaligi to‘g‘risida shunday yozgan: “Olam ko‘zi haligacha bunday imoratni ko‘rmagan edi...”

Biz bilan suhbatlashgan olimning aytishicha, aynan Alisher Navoiyning zamoniga kelib, rabotlar shunchaki turar joy yoki bosh­pana emas, balki ma’rifiy mas­­kan vazifasini ham o‘tagan. Eron hududida buyuk bobo­miz tomonidan bunyod etilgan ushbu yodgorliklarni ko‘­rib, qalblarimizni chek­siz iftixor tuyg‘usi egalladi, zavq-­shavq va ishtiyoq bilan ona Vatanimizga qaytdik.

 

Olimjon DAVLATOV suhbatlashdi


2024-yil 1 -martdagi 10-sonida

Report Page