FAVQULODDA VAZIYATLAR VAZIRLIGI AKADEMIYASIDA  O‘QISH ISTAGI BOR YOSHLAR UCHUN IMKONIYAT

FAVQULODDA VAZIYATLAR VAZIRLIGI AKADEMIYASIDA  O‘QISH ISTAGI BOR YOSHLAR UCHUN IMKONIYAT


O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyarlar vazirligi akademiyasi 1993-yil 11-avgust kuni Yong‘in xavfsizligi oliy texnik maktabi sifatida tashkil etilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-apreldagi farmoni asosida Yong‘in xavfsizligi institutiga o‘zgartirilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-apreldagi farmoni asosida 2020-yil 1-yanvardan O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi tashkil etilgan.

Respublikaning barcha jabhalarida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish, yong‘in xavfsizligini ta’minlash, shuningdek hayot faoliyati xavfsizligi sohasida malakali kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash bo‘yicha yagona yetakchi (tayanch) oliy harbiy davlat ta’lim muassasasi hisoblanadi.

QABUL JARAYONI

        O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-sentabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risida”gi Nizom va Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy ta’lim muassasalarida o‘qishga nomzodlarni saralab olish va qabul qilish, kursantlarni o‘qishdan chetlashtirish va qayta tiklash tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablariga muvofiq amalga oshiriladi.

Akademiyaga o‘qishga kirish istagini bildirgan nomzodlarning hujjatlari doimiy yashash joyidagi mudofaa ishlari bo‘limlari, harbiy xizmatchilarniki esa o‘zining xizmat joylarida rasmiylashtiriladi.

Akademiyaga o‘qishga kirish istagini bildirgan nomzodlar doimiy yashash joyidagi mudofaa ishlari bo‘limlariga ariza bilan, harbiy xizmatchilar esa xizmat joyidagi tegishli komandir (boshliq) nomiga bildirgi bilan murojaat etadilar.

Akademiyaga o‘qishga kirish uchun arizalar va bildirgilar 1-fevral kunidan 31-mart kunigacha (shu kuni ham) qabul qilinadi.

Akademiyaga o‘qishga – 17 yoshdan 23 yoshgacha bo‘lgan, shu jumladan o‘qishga qabul qilingan yili 17 yoshga to‘ladigan fuqarolar, shuningdek 18 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan, shu jumladan o‘qishga qabul qilingan yili 18 to‘ladigan, ofitserlar tarkibi harbiy unvonlariga ega bo‘lmagan harbiy xizmatchilar va harbiy xizmatga majburlar, shuningdek 26 yoshgacha bo‘lgan va akademiyada o‘qish istagini bildirgan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining talabalari qabul qilinadi.

O‘qishga nomzodlarning bo‘yi 170 sm va undan yuqori bo‘lishi shart.

Akademiyaga kursantlar kontingentini sifatli butlash uchun quyidagi saralab olish tadbirlari bosqichma-bosqich amalga oshiriladi:

- harbiy-professional yo‘nalish;

- dastlabki saralab olish;

- test sinovlari.

Harbiy-professional yo‘nalish bo‘yicha tadbirlar harbiy xizmatchi kasbining mohiyatini va unga qo‘yiladigan talablarni ochib berish, yoshlarda harbiy kasbni ongli ravishda tanlashni shakllantirish, muayyan harbiy mutaxassislikni tanlashda ularga yordam ko‘rsatish maqsadida amalga oshiriladi.

Dastlabki saralab olish tadbirlari ikki bosqichda o‘tkaziladi.

Birinchi bosqich: fuqaro yoshlar uchun – mudofaa ishlari bo‘limlarida, harbiy xizmatchilar uchun – xizmatni o‘tash joyida, 1-fevralidan 10 aprelga qadar (shu kuni ham) amalga oshiriladi.

- hujjatlarni to‘plash va o‘rganish;

- yakka tartibdagi suhbat;

- birlamchi tibbiy ko‘rik.

Ikkinchi bosqich: fuqaro yoshlar va harbiy xizmatchilar uchun – mudofaa ishlari boshqarmalari va O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining harbiy-tibbiy muassasalarida 11-apreldan 31-mayga qadar  (shu kuni ham) amalga oshiriladi.

- individual-psixologik o‘rganish;

- umumjismoniy tayyorgarlik ko‘rganligini baholash;

- yakuniy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish.

Qabul imtihonlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash Agentligi tomonidan majburiy blokda – ona tili (o‘zbek, rus, qoraqalpoq), matematika, O‘zbekiston tarixi fanidan hamda mutaxassislik bo‘yicha – matematika, fizika fanlaridan test sinovlari o‘tkaziladi.

       Akademiyaga o‘qishga topshirgan dastlabki saralab olish tadbirlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlarga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy ta’lim muassasalarida o‘qishga nomzodlarni saralab olish va qabul qilish, kursantlarni o‘qishdan chetlashtirish va qayta tiklash tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablariga muvofiq belgilangan tartibda imtiyozlar qo‘laniladi.

O‘QUV JARAYONI

       O‘qishga qabul qilingan nomzodlar o‘qish jarayonida bepul mavsumiy kiyim-bosh, barcha sharoitga ega yotoqxona, oziq-ovqat va pul ta’minoti (stipendiya) bilan ta’minlanadilar.

       Akademiyada quyidagi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ofitser kadrlar tayyorlanadi:

1. “Yong‘in xavfsizligi” mutaxassisligi;

2. “Texnosfera xavfsizligi” mutaxassisligi.

       Akademiyani tamomlagan bitiruvchilar leytenant harbiy unvoniga, magistrga tenglashtirilgan diplomga ega bo‘ladi.

     Favqulodda vaziyarlar vazirligi akademiyasida o‘quv jarayoni o‘qitishning eng zamonaviy texnik jihozlari bilan ta’minlangan bo‘lib, o‘quv-laboratoriya binolari, tibbiyot xizmati va maishiy xizmat, ma’naviyat hamda ma’rifat markazi va shunga o‘xshash obyektlar kursantlarning bilim olishlari va shug‘ullanishlari uchun doimo shay holatda.

       Favqulodda vaziyarlar vazirligi akademiyasida olib borilayotgan o‘quv mashg‘ulotlarining amaliy idoralar tajribalari bilan uyg‘unlashtirilishi, kursantlarning Toshkent shahrida sodir bo‘layotgan favqulodda holatlarni oldini olish va bartaraf etishga jalb etilishi yo‘lga qo‘yilgan.

     Kursantlarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan bog‘lab olib borish ustuvor vazifalardan biri ekanligini inobatga olgan holda, akademiyada muntazam ravishda amaliyot xodimlari bilan uchrashuvlar, davra-suhbatlari uyushtiriladi.

         Favqulodda vaziyarlar vazirligi akademiyasi yurt va Vatan sha’nini har narsadan ustun qo‘yadigan, yurtimiz tinchligi, osoyishtaligi, hayotini muhofaza qilish uchun sidqidildan xizmat qiladigan xavf-xatardan cho‘chimaydigan o‘tyurak mutaxassislarni tayyorlaydi.

 

              Manzil: Toshkent shahar, Yangihayot tumani Do‘stlik ko‘chasi, 5-uy. Tel/Faks: 71-258-56-57, 71-258-88-81.

 

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI FAVQULODDA

VAZIYATLAR VAZIRLIGI AKADEMIYASI



Report Page