FAROVON HAYOTNING MUSTAHKAM POYDEVORI

FAROVON HAYOTNING MUSTAHKAM POYDEVORI


Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi farovon hayotning mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda. Konstitusiya har bir fuqaroning ongi va qalbidan chuqur joy olgan, ularning huquq va erkinliklarini to‘liq kafolatlaydigan haqiqiy hayot qomusiga aylanmoqda.  

Konstitusiya shaxs, jamiyat va davlat o‘rtasidagi munosabatlarda o‘zaro huquq va majburiyatlar hamda ularning kafolatlarini aniq-ravshan belgilab berdi. Bosh qomusimiz jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishidan qat'i nazar, yurtimiz fuqarolari tengligining kafolatlanishini e'tirof etdi va zamonaviy demokratik taraqqiyot uchun zamin yaratdi.  

“Hududgaz Andijon” gaz ta'minoti filialida O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganining 29 yilligiga bag‘ishlangan “Farovon hayotning mustahkam poydevori” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.Unda huquq-tartibot sohasi vakillari va Filial mutaxassislari ishtirok etdilar.

“....Butun dunyo Qomuslari asosan yumshoq va qattiq Konstitusiyaga bo‘linadi, – deydi Andijon shahri yuridik markazi bosh yurist-konsul'tanti Umida Qo‘chqarova.- Bizning Konstitusiyamiz qattiq Konstitusiya hisoblanib, unga o‘zgartish kiritish mumkin, lekin boshqa modda qo‘shilmaydi...”

 O‘tkazilgan davra suhbati bahs-munozaralarga boy bo‘ldi, soha mutaxassislari Konstitusiyaga oid yana ko‘plab yangiliklardan xabardor bo‘ldilar. Yig‘ilganlarga markazning yana bir bosh yurist-konsul'tanti Sanjarbek O‘rmonov ham o‘z huquqiy maslahatlari bilan tegishli tushunchalar berib o‘tdi. 

 “ Biz har bir insonning huquqiy himoyasi kafolatlangan, mehnati qadr topgan jamiyatning fuqarolarimiz, – deydi “Hududgaz Andijon” gaz ta'minoti filiali yuristi Qodirjon Rahimov. – Keyingi yillarda davlatimiz rahbarining barcha sohalarga juda katta e'tibor qaratayotgani har odamda qoniqish, minnatdorlik hislarini mustahkamlamoqda. Men buni har kuni o‘z faoliyatimda, hayotimda ko‘rib turibman. Inson hayoti ulug‘langan Qomusimiz ham ulug‘dir.”

Chindan ham, Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz yilligi keng nishonlangan joriy yilda Konstitusiya kuni bayrami ham o‘zgacha ruh va ko‘tarinki kayfiyatda nishonlanmoqda. Zotan, o‘tgan o‘ttiz yil davomida davlatimizning xalqaro maydonda o‘z o‘rnini topishi, barcha sohalarda keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish va yuksak marralarga erishish, xalqimiz uchun hech kimdan kam bo‘lmagan farovon hayot barpo etishda asosiy qonunimiz – O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qildi. Oldimizga qo‘ygan bosh maqsadimiz – huquqiy demokratik davlat, erkin fuqarolik jamiyati qurish yo‘lidagi barcha sa'y-harakatlarimiz ham konstitusiyamizga tayangan holda olib borilmoqda.

“Hududgaz Andijon” gaz ta'minoti filiali matbuot xizmati



Report Page