FARG‘ONA BOLALAR ADABIYOTI
ORTIQOVA NARGIZAXONORTIQOVA NARGIZAXON
1976-yil Farg‘ona viloyati Farogʻona tumanida tugʻilgan. Fargʻona davlat universitetining Oʻzbek filologiyasi fakultetini tamomlagan. Farg‘ona davlat universiteti Filologiya fakultetida katta oʻqituvchi, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori. “Oq bulut sog‘inchi” (1998), “Bir hovuch hayrat” (2007), “Oʻrikli hovli” (2017), “Assalom Koreya” (2021) kabi to‘plamlar muallifi.
AQLLI KOʻZGU
Bor ekan-u, yo‘q ekan, bir go‘zal qishloqda mehnatkash ota-ona va ularning to‘rt farzandi yashar ekan. Tashqaridan qaraganda, tinch va ahil oiladek ko‘ringan bu xonadonda farzandlar o‘rtasidagi munosabatlar havas qilgudek emas ekan. To‘ng‘ich farzand Jasur o‘ziga ishongan, aqlli, ammo doimo boshqalardan ustun bo‘lishni xohlardi. Ikkinchi farzand Saida ham akasidan orqada qolmaslikka harakat qilar va juda rashkchi edi. Uchinchi farzand Farrux biroz sust, ammo ochiqchasiga hasadgo‘y bo‘lib o‘sdi. Eng kichik qizaloq Lola esa juda erka, hammaga qo‘rs muomala qilar va ota-onasi uning o‘zinigina yaxshi ko‘rishlarini istardi.
Obid ota va Oygul ona bolalarining bu munosabatlaridan juda iztirobda edilar. Ular doimo farzandlarini ahillikka chaqirar, lekin bunday nasihatlar har safar bolalarning turli tortishuvlari, yig‘i‐sig‘ilari va arazlari bilan tugardi. Bir kuni ota farzandlarini yoniga chaqirib, ularga shunday dedi:
– Bolalarim, birlikda gap ko‘p, o‘zaro inoq bo‘lsangiz, oilamizga baraka kiradi. Bir-biringizni hurmat qiling, biz sizlarni har biringizni teng yaxshi ko‘ramiz.
Bolalar otasining so‘zlarini jim o‘tirib tingladilar, ammo ko‘p ahamiyat bermadilar. Har biri o‘z fikrini to‘g‘ri deb hisoblar, aybni boshqalarga ag‘darishga harakat qilardi.
Bir kuni uyda kutilmagan vaziyat yuz berdi. Tinib‐tinchimas onalari betob bo‘lib qoldi. U yotib qolgach, uy ishlarini bajarish bir muddat farzandlarga qoldi. Lekin bolalarning har biri uy ishlarini bir-biriga ag‘darishar, hech biri javobgarlikni olishni istamasdi. Jasur:
– Men kattaman, men ishlamayman. Farrux qilsin!
Saida:
– Nimaga men? Ana Lolaxon – erkatoylari bir uddalab ko‘rsin.
Shunday qilib, uy ishlari ham, onaga qarash ham otaning o‘ziga qoldi. Obid ota esa bu holatdan iztirobga tushib, yana farzandlariga murojaat qildi:
– Bolalarim, sizlarning ahilligingiz – bu uyimizning quvonchi. Mana, bir‐biringizga mehrsiz bo‘lganingiz uchun onangizning ko‘ngli ozorlandi va kasal bo‘lib qoldi.
Bolalar ranglari siniqqan onalarining yuziga bir‐bir boqib xo‘rsinib qo‘yishdi.
Bir kuni Obid ota bolalarga saboq berish uchun bir hiyla o‘ylab topdi. Bozordan katta bir ko‘zgu sotib oldi. Uni uyga olib kelib mehmonxonaga o‘rnatdi. So‘ng shunday dedi:
– Bu oddiy ko‘zgu emas. U sizlarning ichki olamlaringizni ham ko‘rsatadi. Unga xasad va rashk to‘la ko‘zlaringiz bilan qarasangiz, yuzingizni ushbu yomon odatlarning xunuk ko‘lankasi ostida ko‘rasiz. Lekin mehrli va kechiruvchi nigoh bilan qarasangiz, ko‘zguda nafaqat o‘zingizni, balki mehmonxonamizdagi barcha narsalarni ham go‘zal ko‘rinishdagi aksini ko‘ra olasiz.
Dastlab bolalar bu gaplarga ishonmadilar. Jasur ko‘zguga qaradi va unda o‘zining kekkaygan va qo‘pol qiyofasini ko‘rdi. Saida jahl bilan qaradi. Ko‘zgudagi yuzi xira va zo‘riqqan ko‘rinishda edi. Farruxning yuzida esa norozilik bilan chaqchaygan ko‘zlar paydo bo‘ldi.
Bolalar hayron qoldilar. Shu payt ko‘zgu oldiga kenjatoy Lola keldi. Hozircha ko‘zguning ajoyibligiga ishongan yolg‘iz bola u edi. U:
– Ey aqlli oyna, men ota‐onamni, akalarim va opamni judayam yaxshi ko‘raman. Iltimos, ularni va uyimizni juda chiroyli qilib ko‘rsatgin, – dedi. Uning ko‘zgudagi qiyofasi yorqin va yoqimtoy edi.
Shu voqeadan so‘ng, bolalar astoydil o‘zgara boshladilar. Jasur endi kichiklarga yordam berar, Saida boshqalarni ham tushunishga harakat qilardi. Farrux esa iloji boricha qizg‘onmaslikka harakat qilar, kichkintoy Lola esa oiladagi barchaning guldek atir taratayotganidan xursand edi.
Oygul ona ham sog‘aydi. U bolalarining o‘zgarishini ko‘rib, shunday dedi:
– Qaranglar otangiz olib kelgan ko‘zgu huddi quyosh nurini qaytargandek bizga o‘z mehrimizni aks ettirib turibdi. Ahillikda baraka, mehrda kuch bor. Bir-biringizga yordam berib, tushunib yashayotganingiz sari hayotimiz shu ko‘zguning aksidagi yaxshiliklar bilan to‘ladi.
Shundan keyin bolalar faqat oiladagina emas, boshqa odamlar bilan ham mehribon va ahil munosabatda bo‘lishga harakat qildilar. Ular o‘rtasidagi mehr esa katta ko‘zguda akslangan kabi atrofga nur sochardi.