FAO O‘zbekistonda “AquaCrop” sug‘orish modelini joriy qilishga ko‘maklashmoqda

FAO O‘zbekistonda “AquaCrop” sug‘orish modelini joriy qilishga ko‘maklashmoqda


Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan Buxoroda ekinlarni sug‘orishni yanada maqbullashtirish maqsadida “AquaCrop” modelini joriy etish bo‘yicha o‘quv seminari tashkil etildi.

Seminar Kordoba universiteti (Ispaniya), Leven katolik universiteti (Belgiya) va Barqaror qishloq xo‘jaligi instituti (Ispaniya) xalqaro ekspertlari tomonidan olib borildi.

Seminar O‘zbekistonning tegishli vazirlik va idoralari mutaxassislari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Suv xo‘jaligi vazirligi, Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti, O‘zgidromet xodimlari, shuningdek, BMTTD va Shveytsariya taraqqiyot va hamkorlik agentligining “O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish Milliy loyihasi” vakillari uchun o‘tkazildi. Tadbir Global Ekologik Jamg‘arma (GEF) tomonidan moliyalashtirilayotgan FAOning “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg‘oqchil va sho‘rlangan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” (CACILM-2) mintaqaviy loyihasi doirasida tashkil etildi.

Ta’kidlash joizki, yaqin kunlarda loyiha doirasida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Suv xo‘jaligi vazirliklari bilan hamkorlikda Toshkent shahrida “AquaCrop” o‘quv markazini ochish ham rejalashtirilgan.

Yangi markaz O‘zbekistonda “AquaCrop” modelini yanada keng tatbiq qilish va suv sarfini maqbullashtirish, shuningdek, ushbu sohadagi mahalliy mutaxassislar salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Kun tartibida qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishni rejalashtirishda tabiiy-iqlim omillarini hisobga olish masalasi ko‘rildi. Bunda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, atrof-muhit sharoitlari va resurslarni boshqarishning ekinlar hosildorligiga ta’sirini baholash maqsadida FAOning Yer va suv resurslari bo‘limi tomonidan ishlab chiqilgan “AquaCrop” modelidan foydalanish taklif etiladi.

Dastur tuproq va iqlim omillari asosida o‘simliklarning o‘sishini kompyuter simulyatsiyasini yaratadi va hosildorlikni maksimal darajada oshirish uchun zarur bo‘lgan suv miqdorini hisoblash imkonini beradi. Shunday qilib, “AquaCrop” suv iste’moliga qarab o‘simliklarning hosildorligini prognoz qiladi. Bu, ayniqsa, qurg‘oqchilik xavfi bo‘lgan hududlarda juda muhimdir.

“FAOning suv masalalari bo‘yicha olib borayotgan ishlari qishloq xo‘jaligida suvdan samarali va ekologik xavfsiz foydalanishga qaratilgan. Biz suv resurslari va ularga bog‘liq ekotizimlar holatiga zarar yetkazmasdan ishlab chiqarishni ta’minlashga intilamiz.

“AquaCrop” modelining amalda qo‘llanilishi qishloq xo‘jaligi ekinlari turlarini maqbullashtirish va ularning hosildorligini oshirish, shu bilan birga, suv resurslarini sezilarli darajada tejash imkonini beradi. Bu qurg‘oqchilikka moyil hududlarda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihamizning maqsad va vazifalariga to‘la javob beradi”, - dedi CACILM-2 milliy loyiha boshqaruvchisi Muhammadjon Qosimov.

Seminarda Buxoro viloyatida sug‘orma dehqonchilikning o‘ziga xos xususiyatlari ko‘rib chiqilib, paxta, bug‘doy va beda yetishtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Qurg‘oqchilik va sho‘rlanish xavfiga qarshi kurashish, sug‘orish texnologiyalarini takomillashtirishga oid alohida taqdimotlar o‘tkazildi. Sug‘orish va sug‘orishning texnik tomonlari, sug‘orish va kollektor-drenaj tizimlaridan foydalanishni rejalashtirish sxemalari, suv ta’minoti standartlari va hisobi hamda boshqa dolzarb masalalar muhokama qilindi. Seminar dasturiga dalalarga tashriflar ham kiritilgan.

Seminarning amaliy qismida ishtirokchilar Buxoro viloyatida “AquaCrop” modelini sinovdan o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ishtirokchilar xalqaro ekspertlarning tavsiyalarini inobatga olgan holda harorat, yog‘ingarchilik, shamol tezligi va boshqa ko‘rsatkichlar bo‘yicha ma’lumotlarni elektron tarzda qayta ishlashni amalga oshirdilar, tuproq va barglardan namlikning bug‘lanish koeffitsiyenti bo‘yicha ma’lumotlar olib, so‘ngra ba’zi qishloq xo‘jaligi ekinlari misolida sug‘orish rejimlari va hosildorlik bashoratlarini ishlab chiqdilar.

O‘zbekistonda suvdan foydalanish va qishloq xo‘jaligi ekinlarini maqbullashtirish sohasida FAOning “AquaCrop” modeli kabi qulay tizimlarni keng ko‘lamda amalga oshirish qurg‘oqchilikka moyil hududlarda qishloq xo‘jaligi mahsuldorligini atrof-muhitga zarar yetkazmasdan oshirishga yordam berib, bu o‘z navbatida qishloq aholisi hayotida eng qimmatli va muhim omili bo‘lgan suv resurslarini tejash imkonini beradi.

Report Page