FAKE xabar tarqatishni bas qiling, janob blogerlar!!!

FAKE xabar tarqatishni bas qiling, janob blogerlar!!!



Yaqinda shaxmatning rapid yoʻnalishida FIDE jahon chempionligini qoʻlga kiritgan hamyurtimiz, xalqaro grossmeyster Nodirbek Abdusattorov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga asosan “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi va unga Prezident sovgʻasi sifatida Toshkent shahar Maxtumquli koʻchasi 91/1 uy manzilidan ikki xonali kvartiraning kalitlari topshirildi.

Biroq, turli yolgʻon va boʻhton xabarlar tarqatish orqali oʻz obunachilarini koʻpaytirishga odatlangan blogerlar yana “hunarlarini” koʻrsatishmoqda. Jumladan, ular uyalmasdan Nodirbek Abdusattorovga sovgʻa qilingan uy kalitlari qaytarib olindi, degan mazmundagi xabarlarni ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatishmoqda. Eng yomoni, xalqimiz ham shu yolgʻon xabarlarga ishonib qolishayotganida.

Bugun Toshkent shahar hokimi oʻrinbosari – Turizm va sport bosh boshqarmasi boshligʻi Faxriddin Davrukov dunyo tarixidagi eng yosh jahon chempioni va uning ota-onalarini Prezident sovgʻasi boʻlmish 2 xonali kvartira bilan tanishtirdi.

Tez kunlarda qonunchilikda belgilangan rasmiyatchilik ishlari yakunlanib, ushbu xonadon Nodirbek Abdusattorovga topshiriladi.

Janob blogerlar, Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga koʻra, yolgʻon va boʻhton xabar tarqatganlik uchun ham oʻrnatilgan tartibda jazo choralari qoʻllaniladi. Shunday ekan, biron maʼlumot tarqatishda avval uni obdon tekshirib, igʻvo va boʻhton emasligiga ishonch hosil qilgandan keyingina ommaga tarqatishingizni maslahat beramiz.

Oʻzbekiston Respublikasida senzura yoʻq, biroq bu sizga asoslanmagan, yolgʻon va boʻhton xabarlar tarqatish huquqini bermaydi.

Otabek Eshmamatov,

Turizm va sport vazirligi Matbuot xizmati xodimi