E’tibor bering 

E’tibor bering 

Kitobdan parcha | Asaxiy Books

Atrofdagi jismoniy va ruhiy muhitga diqqat qarating. Sizni bezovta qiladigan, o‘ylantiradigan, kun bermaydigan, siz to‘g‘rilay oladigan va to‘g‘rilashni xohlaydigan narsalarni aniqlang. Shunday narsalarni o‘zingizga uchta savol berib (chinakamiga bilishni istab) topishingiz mumkin:

▪️"Meni nima bezovta qilyapti?"

▪️"Men buni o‘nglay olamanmi?"

▪️"Buni o‘nglashni rostdan xohlaymanmi?" 

Agar bu savollarning biri yoki barchasiga javobingiz "Yo‘q" bo‘lsa, qidirishni boshqa joyda davom ettiring. Nishonni pastroq oling. Toki sizni bezovta qiladigan, siz to‘g‘rilay oladigan va to‘g‘rilashni xohlaydigan narsani topmaguningizchа izlashda davom eting, keyin uni o‘nglang. Bir kunga shu vazifa ham yetadi. 


Balki, stolingiz ustida bir uyum qog‘oz to‘plangan, siz esa uni saralashdan o‘zingizni olib qochayotgandirsiz. Xonangizga kirganda unga hatto qaramaysiz ham. O‘shа uyumda qo‘rqinchli narsalar pisib yotibdi: soliq blankalari, qarz eslatmalari va yetkazib berolishingiz dargumon bo‘lgan narsalarni xohlayotgan kishilardan xatlar. Qo‘rquvingizni e’tiborga olib, unga ozgina hamdard bo‘ling. Balki, qog‘oz uyumida ilonlar ham yashirindir. Balki, ular sizni chaqib olar. Ehtimol, u yerda hatto gidralar ham bordir. Bir boshini chopsangiz, yettitasi o‘sib chiqadi. Qanday qilib bunga chidash mumkin? 


O‘zingizdan "O‘shа qog‘oz uyumi borasida birorta chora ko‘rolmaymanmi? Balki, uning bir qismini bo‘lsa ham ko‘rib chiqarman? Hech qursa, yigirma daqiqa?" Ehtimol, xayolingizga "Yo‘q!" degan javob kelar. Lekin siz bu ishga o‘n yoki besh (agar shu ham bo‘lmasa, bir) daqiqa ham ajratolasiz. Shunchaki boshlang. Keyin payqaysizki, hujjatlarning bir qisminigina ko‘rib chiqqaningiz sababli butun uyum anchа kichrayadi. So‘ng uning shunchaki qismlardan iboratligini tushunasiz. Bu ishni tugatgandan keyin mukofot sifatida kechki ovqat payti bir stakan vino ho‘plasangiz, divanga yastanganchа kitob o‘qisangiz yoki jinnichа film ko‘rsangiz-chi? Nimanidir o‘nglaganingizdan so‘ng xotiningiz yoki eringizni "Balli! " deb aytishga o‘rgatsangiz-chi? Bu sizni rag‘batlantiradimi? Siz rahmat eshitishni xohlaydigan insonlar minnatdorchilik bildirishga unchalik usta bo‘lmasligi mumkin, biroq boshlanishida bu sizni to‘xtatmasin. Insonlar boshlanishida uquvsiz bo‘lsa ham, o‘qib o‘rganoladi. O‘zingizdan biror ishni bajarish uchun nima mukofot talab qilishingizni samimiy, xolisona so‘rang va javobni eshiting. O‘zingizga "O‘zimni rag‘batlantirish uchun buni qilishim shart emas", demang. O‘zingiz haqingizda nimani ham bilardingiz? Siz, bir tomondan borliqdagi eng murakkab mavjudot, boshqa tomondan esa hattoki mikroto‘lqinli pech taymerini ham yoqolmaydigan kishisiz. O‘zingiz haqingizdagi bilimingizga juda yuqori baho berib yubormang. 


Kundalik yumushlar mushohada uchun o‘zlarini namoyish qilishiga qo‘yib bering. Balki, ulardan birini ertalab, karavotingiz chetida o‘tirganchа bajarolarsiz. Ehtimol, uni tunda, uxlashdan oldin bajarib ko‘rarsiz. O‘zingizdan madad so‘rang. Agar xushmuomalalik bilan so‘rasangiz, diqqat bilan tinglasangiz, aldamasangiz, sizga madad berilishi mumkin. Ozgina muddat buni har kuni takrorlang. Keyin butun umr takrorlang. Tezda o‘zingizni butunlay boshqachа vaziyatda ko‘rasiz. Endi o‘zingizga savol berish odatga aylanadi: "Hayotni yaxshilash uchun nima qilolardim, nima qilgan bo‘lardim?" O‘zingizga "yaxshiroq" nima anglatishi kerakligini uqtirmaysiz. Hattoki o‘zingizga ham totalitar yoki utopik munosabatda bo‘lmaysiz. Zero, natsistlar, sovetlar va maoistlardan, qolaversa, o‘z tajribangizdan totalitar bo‘lish yomonligini o‘rgangansiz. Baland mo‘ljal oling. Nazaringizni Mavjudlikni yaxshilashga qaratib qo‘ying. O‘zingizni, qalbingizni Haqiqat va Oliy Ezgulik tomon yo‘naltiring. Yashash uchun qulay bo‘lgan tartib va go‘zallikni yaratmoq lozim. Yengish uchun esa yovuzlik, aritish uchun azob-uqubat va yaxshilash uchun o‘zingiz borsiz.


#kitobdan_parcha #fragment 


©️ Jordan Piterson: Hayot uchun 12 qoida. Tartibsizlikka qarshi malham 


Report Page