Ерни хусусийлаштириш қандай тоифадаги ерларга амал қилади?
АОКАда ўтказилган брифингда Кадастр агентлиги ахборот хизмати раҳбари Неъмат Атамуратов соҳага оид аҳолидан келиб тушган саволларга жавоб берди:
1. Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zboshimchalik bilan egallagan yer uchastkalariga egalik huquqini berish to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi degan xabar tarqaldi. Bu qanchalik to’g’ri?
Javob: Bu noto’g’ri xabar. Qonun qabul qilinsa ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilinadi. Yurtdoshlarimizda bunday yolg’on axborotlarga aldanib qolmasliklari uchun rasmiy maqomga ega bo’lgan OAVlarni kuzatib borishni tavsiya qilamiz.
2. Yakka tartibda uy-joy qurmoqchimiz, qonuniy qanday tartibda yer olsak bo‘ladi firibgarlarga aldanmasligimiz uchun.
Javob: amaldagi qonunlarimizga ko’ra uy-joy qurish uchun yer uchastkalarini e-auksion.uz portali orqali ochiq onlayn auksionda ishtirok etib sotib olishingiz mumkin. Agarda boshqa fuqaroga tegishli yerni sotib olmoqchi bo’lsangiz, unda barcha harakatlarni o’rnatilgan tartibda tegishli hujjatlar bilan notarial idoralar orqali amalga oshirishingizni tavsiya qilamiz.
3. Men yon qo‘shnimni uyini sotib oldim. Notarial idora orqali rasmiylashtirdim. Shu ikkita hovli joyni bitta qilib hujjat qilib olsam bo‘ladimi?
Javob: ha albatta buni imkoni bor. Buning uchun Ko‘chmas mulkni birlashtirish va uning yangi chegaralarini belgilash yuzasidan davlat xizmatlari markazi yoki my.gov.uz orqali ariza qoldirishingiz kerak bo’ladi. Arizangiz 13 ish kunida ko’rib chiqiladi.
4. Kadastr hujjatini har 5 yilda yangilab turish kerak ekan deb eshitdim. Men kadastrimni 2015 yilda qildirganman. Hozir kadastrimni yangilashim kerakmi?
Javob: bu ham noto’g’ri axborot. Har 5 yilda kadastr hujjatlari yangilash kerak degan talab qonunchiligimizda yo’q.
Kadastr pasporti quyidagi hollarda rasmiylashtiriladi yoki qayta rasmiylashtiriladi:
-ko‘chmas mulk ob’ekti bo‘yicha birlamchi xatlov ishlari bajarilganda;
-ko‘chmas mulk ob’ektining bir qismi begonalashtirilganda yoki yer uchastkasi alohida bo‘linganda;
-qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari xususiylashtirilgandan so‘ng ularning bir qismiga bo‘lgan huquq boshqa shaxsga o‘tganda;
-yer uchastkasining maydoni yoki chegara nuqtalari o‘zgarganda;
-ko‘chmas mulk ob’ektining manzilini belgilashda yoki o‘zgartirishda;
-ko‘chmas mulk ob’ektining toifasi o‘zgarganda;
-o‘z yer uchastkasida tegishli ruxsatnomalarni rasmiylashtirmasdan qurilgan bino va inshootlar mavjud bo‘lganda.
5. O‘zboshimchalik bilan uy qurgandim kadastr xodimlari tomonidan jarimaga tortildim. Agar qurilmani buzsam jarimadan ozod etilamanmi?
Javob: Agarda huquqbuzarga nisbatan MJtKning 60-modda 2-qismi bilan maʼmuriy ish ochilgan boʻlsa va huquqbuzar noqonuniy qurilmani oʻz xohishi bilan buzib holatni bartaraf etsa, bu holda maʼmuriy ish
60-modda 4-qismi bilan tugatiladi va huquqbuzarlik bartaraf etilganligi bois jarima qoʻllanilmaydi.
6. Bundan 5 yil oldin uy sotib olgan edim. Yaqinda kadastr xodimlari davlat roʻyxatidan oʻtkamagansiz deb jarima yozib berishdi. Bu qonuniymi?
Javob: Amaldagi qonunchilikka ko’ra koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlar vujudga kelganidan 1 oy ichida uni davlat ro’yxatidan o’tkazish uchun murojaat etish lozim. Oʻz vaqtida murojaat etmaslik, MJtKning 681-moddasiga muvofiq fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari, mansabdor shaxslarga esa — 15 baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.
7. Yerni xususiylashtirish qanday toifadagi yerlarga amal qiladi?
Javob: Avvalo shuni aytishimiz kerak - qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarga nisbatan amal qiladi.
Jumladan:
-yuridik shaxslarga tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan yer uchastkalari;
-O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish, shuningdek tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan yer uchastkalari;
-xususiylashtirilishi lozim bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlari joylashgan yer uchastkalari;
-bo‘sh turgan yer uchastkalari.
8. So’nggi paytlarda ayrim ishlarimda uyimni ko’chirmasi zarur bo’lib qolayapti. Ko’chirmani olish uchun davlat xizmatlari markaziga borish shartmi. Onlayn olishni imkoni bormi?
Javob: ha buning imkoni bor. Ko’chirmani onlayn yuklab olishni ikki xil yo’lda amalga oshirishingiz mumkin.
Birinchisi, my.gov.uz portalida ariza berish orqali. Xizmat avtomat ravishda bepul amalga oshiriladi.
Ikkichisi esa davreestr.uz portal orqali olishingiz mumkin. Bunda ham xizmat avtomat ravishda bepul amalga oshiriladi.
Davlat reyestridan mavjud koʻchirmani yuklab olish uchun mulkdor o‘zining shaxsiy kabineti orqali bosh sahifada joylashgan qidiruv paneliga koʻchmas mulk obʼektining kadastr raqamini kiritadi, soʻngra rasmda paydo boʻlgan kodni kiritib, izlash tugmasi bosiladi. Izlash tugmasini bosganda koʻchmas mulk obʼekti haqidagi aks etgan maydon vujudga keladi, bu yerdan koʻchirmani yuklab olish degan tugmani bosib tegishli ko'chirmani yuklab olish mumkin.