Ernest Xeminguey. Dahshatli kutish (hikoya)

Ernest Xeminguey. Dahshatli kutish (hikoya)

Doctor Muxtorov

O‘rinda yotarkanmiz, u derazani yopish uchun xonaga kirdi, ko‘zimga kasaldek ko‘rindi. Yuzlari bo‘zday oppoq, og‘riqning zo‘rligidan bazo‘r harakat qilar, qaltirardi.

— Nima bo‘ldi, toychoq?

— Boshim og‘riyapti.

— Borib yot.

— Yo‘q. Tuzukman.

— Joyingga borib yot. Hozir kiyinib, oldingga tushaman.

Men pastga tushganimda u kiyinib o‘choq yonida o‘tirardi. To‘qqiz yashar murg‘akning rangida rang yo‘q edi. Peshonasiga qo‘limni qo‘yib, harorati borligini bil-dim.

— Kirib yot,— dedim unga.

— Kasalsan.

— Tuzukman,— dedi u.

Ko‘p o‘tmay doktor keldi, bolaning isitmasini o‘lchadi.

— Qancha?— deb so‘radim undan.

— Haddan ortiq baland… Bir yuzu ikki.

Doktor ko‘rsatma berib, uch xil dori qoldirdi, Bolani tumov deb aytdi, o‘tib ketadi, harorati u qadar xavotirli emas dedi. Xonamga qaytib, bolaning haro-ratini yozib qo‘ydim-da, dori berilgan vaqtni belgila-dim.

— Biron narsa o‘qib beraymi?

— Mayli. Agar xohlasangiz,— dedi bola.

Uning yuzi.oppoq ko‘zlari kirtayib ketgandi. To‘shakka mixlanib xayol suradi, xolos. Men Xovard Paylning «Dengiz qaroqchilari haqida doston»idan eng qiziq hikoyani o‘qib berdim, biroq uning bunga mutlaqo e’ti-borsizligi sezilib turardi.

— Qalaysan, toychoq? — deb so‘radim undan.

— Hamishagidek,— deya javob berdi u.

Men uning oyoq tomoniga cho‘kib, keyingi dori berish vaqtiga qadar kitob o‘qidim. Uxlab qolar, deb o‘ylovdim, qaydam — karavot oyog‘iga tikilib, jimgina yotibdi.

— Nega uxlamayapsan? Dori ichiladigan payt o‘zim uyg‘otaman.

— Uxlamaganim yaxshi… Siz ketavering, dada… agar malol kelayotgan bo‘lsa…

— Yo‘g‘-e, nima deyapsan, o‘g‘lim.

— Ha, anglashimcha… agar malol kelsa… yonimda turmaysiz…

Ehtimol, u alahsirayotgandir, deb o‘yladim va soat o‘n birda beriladigan dorisini ichirib, tashqariga chiqdim.

Bola xonasiga hech kimni kiritmayapti, deb aytishdi.

— Kirmang, kasali yuqishi mumkin,— deyishdi. Men ichkariga kirib, asta karavotga yaqinlashdim.

Uning qovog‘i isitmadan pir-pir uchar, hanuz ko‘zi karavot oyog‘ida edi. Haroratini o‘lchadim.

— Qancha?— deb so‘radi u.

— Ancha tushibdi.

— Demak, najot yo‘q…— deya xo‘rsindi u.

— Kim shunday dedi? Harorating joyida… Qo‘rqinchli joyi yo‘q.

— Qo‘rqayotganim yo‘q,— dedi u,— lekin… o‘ylaganim sari…

— O‘ylama.

— Bo‘lmayapti-da,— dedi u va menga qadaldi. U nimadandir qattiq siqilardi.

— Manovini suv bilan ich.

— Foydasi bormikan?

— Albatta-da, foydasi bor.

O‘tirib, yana «Qaroqchilar»ni o‘qiy boshladim, lekin uning quloq solmayotganini ko‘rib to‘xtadim.

— Men qachon o‘laman, ota?— deb so‘radi u.

— Nima?!

— Men qachon o‘laman?

— Sen… o‘lmaysan… Nima bo‘ldi o‘zi senga?

— Mengami? Uning: «Haddan ortiq baland», deganini eshitdim…

— Odamlar qirq daraja isitmaga chidaydi-ku. Ahmoqona xayollarni qo‘y.

— Men bilaman o‘lishimni, Farangistondaligimiz-da maktabdosh bolalar menga qirq to‘rt daraja harorat bilan yasholmaysan, deb aytishgan. Meniki — bir yuzu ikki.

U tun bo‘yi, hatto ertalabki soat to‘qqizgacha o‘zining o‘limini kutib yotgan ekan.

— Ay, toychog‘im-a,— dedim men.— Sen o‘lmaysan. Axir o‘lchagichlar har xil bo‘ladi-ku. Xuddi milya bilan kilometrdek. U o‘lchagichda o‘ttiz yetti daraja binoyi harorat hisoblanadi, bunda esa to‘qson sakkiz daraja.

— Rostdan-a?— dedi u hayratlanib.

— Haqqast rost. O‘ylab ko‘r, mashinada o‘n yetti milya yursak, qancha kilometr bo‘ladi?

— Ha…

U bo‘lak karavot oyog‘iga tikilib xo‘rsinmay qo‘ydi. Yuziga ham rang kirgandek bo‘ldi. Keyingi kuni esa arzimas narsani ko‘ngliga olib, xarxasha qildi…


Ingliz tilidan O‘roq Ravshanov tarjimasi

«Yoshlik» jurnali, 1991 yil, 6-son


Report Page