Erkin Marketolog
@math_solver
Dunyo marketologlari shunday yurishlar qiladiki. Siz ular xohlagan harakatlarni bajarayotganingizni hatto sezmaysiz ham.
Oʻzim istaganim uchun kola ichyapman, deb oʻylaysiz. Mersedes minish mening azaliy orzuim, deb ishonasiz.
Kola oʻrniga pepsi xarid qilgan paytingiz esa, bu tanlovni oʻzingiz qilganingizga aminsiz. Aslida, ikkisidan birini tanlash imkoningiz ham marketologlar hiylasi ekanini tasavvur ham qilmay qolasiz baʼzan.
Xoʻsh, ular bizlarni shunday boshqarish uchun nimalar qilishadi? Bizni oʻrganishadi. Kundalik odatlarimiz, qiziqishlarimiz, qanday tarzda aytilgan gapga qanday reaksiya koʻrsatishimiz va hokazo va hokazo...
Ular istagan ishni bajaryapmizmi, demak ular bizni oʻzimizdan koʻra yaxshiroq "taniydi". Bunday tanish uchun esa ular koʻp va xoʻp mehnat qiladi. Kuzatadi, tahlil qiladi. Va... Yana mehnat qiladi: bizni harakatga chorlaydigan soʻzlarni terib-terib, bizga eshittiradi, bizni taʼsirlantiradigan roliklar ishlaydi, har joylarga yozuvlar yoki oʻzini eslatuvchi rang va shakllarni joylab, ong ostimizga joylashib olishga, biz uchun "eski tanish" maqomini egallashga harakat qiladi. "Eski tanish" boʻlganda ham, yaxshi, yoqimtoy "eski tanish" maqomini egallaydi.
Va biz, tish pastasi xaridi uchun chiqqanimizda, aksar hollarda "eski tanish"imiz "Colgate"ni tanlaymiz. Baʼzida esa, "yangi tanish"larimizni ham "eski tanish"larimiz nomi bilan atab yuraveramiz. "Pampers", "Tefal" kabi. Bu xuddi yaqinda uylangan ayolini vafot etgan xotinining ismini aytib chaqirishdek eshitilsa kerag-ov oʻsha yangi brendlar uchun))
Xullas, oʻylab koʻrsak, bizga bu kabi taʼsir oʻtkazish oson emas. Buning uchun guruh-guruh jamoalar mehnat qiladi.
Ularning mehnat natijasiga qarab turib, Oʻzbekistondagi marketingni kuzatsangiz, sabrsizroq va dangasaroq ekanimizni anglaysiz:
"Nimaga endi biz oʻylab, tahlillar oʻtkazib, taʼsirli roliklar ishlashi uchun butun guruhga pul sarflashimiz kerak? Chetdan mashina olib kirishni qiyiiin qilib tashlasak, mashinamiz sotilaveradi."
"Nimaga endi biz doʻppini targʻib qilish uchun yangi-yangi libos kolleksiyalari ustida bosh qotirishga vaqt ketkazishimiz kerak? Ana, madaniyat vaziri shundoq chiqib, "hamma kiyadi!" deydi, tamom. Shungayam endi odamlarning feʼl-atvorini oʻrgan, ularga yoqadigan qilib gapir, qilib oʻtiramizmi?.."
"Nimaga endi biz ishlab chiqarayotgan mahsulotimiz sifati haqida qaygʻurishimiz kerak? "Shuni ichsang, qimmat mashinalarimizdan birini yutib olasan", — deymiz, boʻldi. Savdodan tushgan pullarni sanab ulgurmaymiz."
"Chinakam brendlar marketologlari ahmoq, jamoa boʻlib bosh qotirib, qator-qator strategiyalar ishlab chiqadi. Mana, bizdan oʻrgansin ishlashni. Ish degani mana bunday boʻpti. Marketing degani, bundoq boʻladi..."
Oʻzbekistonda xuddi shunday oʻylaydigan biznes egalari koʻplab topiladi. Marketologni ishga olishadi-da, nima qilishni unga oʻzlari aytib turishadi. Bordi-yu, marketing nuqtai nazarini keltirsa, qabul qilgilari kelmaydi. Oʻzlarini boshliq boʻlmay qolayotgandek sezishadimi, direktorlik rutbasidan tushib qolyapman, deb oʻylashadimi... Boz ustiga, kutishga vaqtlari yoʻq. Tez boʻlishi kerak, tez, tez, tez.
Odamlar esa, ilojsiz neksiya sotib oladi-da, uni ichida "qachon mersedes minarkinman" degan shirin xayollar ogʻushida yoʻllar kezadi. Hech boʻlmasa, rulini oʻrnatib olishadi)
Buning sababi bitta. Mersedes marketologlari erkin. Odamlarni oʻrganadi, ularga komfort kerak, degan xulosani beradi. Ishlab chiqaruvchi esa, mahsulotini sotish uchun shunga moslaydi. Boshqalaridan ajralib turadigan jihatimiz shu deydi-da, rulda oʻtirgan haydovchi mashina ichidagi komfort tufayli oʻzini sherdek his qilayotganini koʻrsatib beradi.
Neksiya marketologi esa, "qoʻl-oyogʻi bogʻliq". U boshliqlarga boʻysunishga majbur. Shuning uchun aholini "yaxshilab" oʻrganib, biznikilarga maqsadga yetish emas, maqsadga yetishni orzu qilish maroqliroq boʻlishini aytadi. Va xalqqa orzu qilish imkonini yaratishadi. Mayli, mersedes minishni orzu qilsin, lekin neksiya sotib olaversin. Biz uchun asosiysi sotish. Majburlab sotamizmi, cheklab sotamizmi, farqi yoʻq. Sotilsa boʻldi. Mayli, bizning mahsulotimizni orzu qilmasin, yomon koʻrsayam farqi yoʻq, sotib olsa boʻldi.
Marketing ustida koʻproq bosh qotirishganda edi, hozirgacha oʻzimizda ishlab chiqarilayotgan mashinalarni ham oʻziga xosliklari bilan, chinakam xohlab sotib olayotgan boʻlardi odamlar. Yaxshiroq bosh qotirilsa, yoniga mersedesni bir xil narxda qoʻyib qoʻysa ham, bunisini tanlaydigan holatni keltirib chiqarsa boʻlardi.
Xullas, nima demoqchiligimni tushundingiz, degan umiddaman.