Enurez

Enurez

Doctor Ergashev
Uxlaganda siyib qo‘ygan va onasidan gap eshitishdan qo‘rqib turgan bolakay

ENUREZ - asosan bolalar kasalligi.

  

Siydikni ushlab tura olmaslikka enurez deb aytiladi (yun. enureo – siymoq). 


Kunduzgi va tungi enurezlar farqlanadi. Tungi enurez juda ko‘p uchraydi va asosan, bolalik davrida kuzatiladi. Uyqu paytida 2–3 yoshga to‘lmagan bolalar uxlab yotganda tagiga siyib qo‘yishi normal holat. Chunki ularda bosh miyadagi siyishni nazorat qiluvchi markazlar hali rivojlanmagan bo‘ladi. 3 yoshdan keyin qovuq faoliyati nazoratga olinadi va uyqu paytida enurez kuzatilmaydi. Uyqu paytida qovuq siydikka to‘lganligi haqida paydo bo‘lgan signallar bosh miyaga yetib borgandan so‘ng 3 yoshga yetgan bola uyg‘onishi kerak. 

Uxlaganida siygisi kelgan bola tushida siyayotgan holatini ko‘radi.


Albatta, bolani 2 yoshligidanoq shunga o‘rgatib borish ham katta ahamiyatga ega. Enurezning 3 yoshdan so‘ng kuzatilishi kasallik holati hisoblanadi. Bunday bolalar qotib uxlashadi. Maktab yoshigacha bo‘lgan bolalarning deyarli 20 % i tungi enurezdan aziyat chekadi.  


Sabablari... 


Enurezning asosiy sababi – nerv sistemasining (shu jumladan, vegetativ nerv sistemasining) funksional jihatdan rivojlanishdan orqada qolishi. Bunday bolalarda ba’zida orqa miya anomaliyalari va nuqsonlari aniqlanadi. 

❗️Shuningdek, 3 yoshgacha turli kasalliklar bilan og‘rigan va keyin tuzalib ketgan bolalarda ham enurez balog‘at yoshigacha davom etishi mumkin. 

❗️Surunkali LOR infeksiyalar ham enurez sababchisidir. 

❗️Jismoniy jihatdan nimjon bolalar enurezga moyil bo‘lishadi. 

❗️Enurezga nasliy moyillik borligi ham inkor etilmaydi. Chunki enurez, ko‘pincha oilaviy bo‘lib uchraydi va bolaning otasi yoki onasi bolalik davrida enurezdan aziyat chekkan bo‘ladi. Ayniqsa, balog‘at yoshigacha davom etgan enurezlarda nasliy moyillikka katta urg‘u beriladi. 

❗️Noto‘g‘ri tarbiya, oiladagi doimiy urush-janjallar bolaning psixik rivojlanishiga qattiq salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bunday bolalar o‘ta injiq, yig‘loqi, qaysar yoki odamovi bo‘lib qolishadi. Ular kechasi qotib uxlashadi va siyg‘oq bo‘lishadi.  

Belgilari...


⚠️ Enurez kuzatiladigan bolalarning deyarli 90 % ida nevrotik buzilishlar aniqlanadi. Shuning uchun ham tungi enurezni nevrozning tungi klinik simptomi deb atash mumkin. Haqiqatan ham nevrotik buzilishlarni bartaraf etish enurezni davolashda katta samara beradi. 

⚠️ Kunduzgi enurez kunduz kunlari ishtoniga, tungi enurez tunda uxlab yotganda tagiga siyib qo‘yish bilan namoyon bo‘ladi. 

⚠️ Ba’zi bolalarda tungi enurez balog‘at yoshigacha to‘xtovsiz davom etadi.❗️Ba’zida esa, ya’ni 2,5–3 yoshdan so‘ng siymay qo‘ygan bola, 5–7 yoshlardan so‘ng yana siya boshlaydi. Bunga qattiq stress yoki o‘tkir infeksiyalar sabab bo‘lishi mumkin.

⚠️ Tungi enurez turli yosh, ya’ni 4–6, 7–10, 11–15, 16–19 yoshgacha davom etadi. 

⚠️ Kattaroq yoshdagi bolalarda enurez kam uchraydi. Masalan, 10 yoshgacha bo‘lgan bolalarda enurez 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarga qaraganda 2 barobar kam uchraydi. 20 yoshdan keyin enurez deyarli uchramaydi. 

Tashxis va qiyosiy tashxis...


✅ Enurez tashxisini qo‘yish, avvalambor, uni nevrogen qovuq sindromidan farqlashdan boshlanadi. 

❓ Nevrogen qovuq sindromi organik nevrologik buzilishlar sababli rivojlansa, enurez – funksional nevrologik buzilishlar sababli rivojlanadi. 

❓ Nevrogen qovuq sindromi turli yoshlarda (erta yoshdan to umrining oxirigacha) kuzatilsa, enurez 20 yoshgacha bo‘lgan davrda kuzatiladi. 

❓ Enurez, ko‘pincha tunda uchrasa, nevrogen qovuq sindromi kunduzi ham, tunda ham kuzatilaveradi. 

❓ Nevrogen qovuq sindromi siydik pufagining turli xil disfunksiyalari bilan kechsa, enurez faqat siydik ushlab tura olmaslik bilan namoyon bo‘ladi.  


Davosi va profilaktikasi... 


Bola nevropatolog nazoratida davolanishi kerak. Davolash jarayonida psixologik yordamning o‘rni katta. Shuning uchun davolash jarayonida psixologlar ham ishtirok etishlari maqsadga muvofiq. 

✅ Davolash bolaning ota-onasi bilan ishlashdan boshlanadi. Oilada sog‘lom psixologik muhit yaratish o‘ta muhim. 

✅ Tagiga siyib qo‘ygan bolani hech qachon qattiq urishmaslik va uni aka yoki opalari oldida masxara qilmaslik lozim. Bunday munosabatlar enurezni kuchaytiradi, xolos. Ba’zida enurezni bartaraf etish yoki uning oldini olish uchun bolani to‘g‘ri tarbiyalashning o‘zi etarli bo‘ladi. 


❓❓❓Birinchi bor enurez kuzatilganda nima qilish kerak?

Deylik, tagiga siymay yurgan 4 yashar bolada birinchi bor tungi enurez kuzatildi. Dastlab bolaning ota-onasi buning sababini aniqlab olishi lozim. Bola kechasi sovqotgan bo‘lishi yoki kechqurun gazli ichimliklarni (kola, fanta, sprayt) ko‘p iste’mol qilgan bo‘lishi mumkin. Bolaga bu haqda tushuntirish ishlarini olib borish, kechki soat 18.00 dan so‘ng ko‘p suyuqlik ichmaslik kerakligi, aks holda yotgan joyiga siyib qo‘yib uyatga qolishi mumkinligi tushuntiriladi. Bolaga bir xil paytda yotish va uxlashdan oldin hojatxonaga borib kelish tayinlanadi. Bola yotgan joy issiq bo‘lishi, eshik-oynalar ochiq qolib, yelvizak esib turmasligiga e’tibor qaratish lozim.  


⚠️ Jismonan nimjon va immuniteti past bolalar tez-tez shamollab turishadi. Bu esa ularda enurez rivojlanishiga turtki bo‘ladi. Shuning uchun ularning ota-onasiga bolasi doimiy tarzda sport bilan shug‘ullanib organizmni chiniqtirib borishi zarurligi tushuntiriladi. Bolani sport to‘garaklariga berish enurezni davolashda ham, uning oldini olishda ham katta ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, kechasi velotrenajyor bilan shug‘ullanish juda foydalidir. Velotrenajyor organizmga umumiy ta’sir qilishdan tashqari, kichik tos a’zolari muskullari (shu jumladan, qovuqning) tonusini oshiradi, ko‘p terlatadi, ya’ni ortiqcha suyuqlik teri orqali chiqib ketadi.  


⚠️ Ovqatlanishni ham to‘g‘ri tashkil qilish lozim. Kechqurun bola suyuqlikni kam ichishi va iloji boricha quyuqroq ovqatlarni iste’mol qilishi lozim. Masalan, kolbasa, pishloq, osh, qovurilgan baliq, go‘sht, kartoshka va h.k. Ammo bu ovqatlarni ham me’yorda iste’mol qilish uqtiriladi. Ulardan so‘ng bola suv ichmasligi yoki 50–100 ml suv ichishi mumkin, xolos. Ayniqsa, yotishdan oldin suzmadan qilingan qurut so‘rib yotish ham foydalidir. 

☝️ Aksariyat hollarda jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanish, to‘g‘ri ovqatlanish va uxlash qoidalariga amal qilish orqali enurezlarni bartaraf etish mumkin. Bolani kechasi uyg‘otib siydirib turish ham foydalidir. Parallel tarzda boshqa davolash muolajalari ham olib boriladi.  


Murakkab vaziyatlarda dorilar bilan davolash qo‘llaniladi. Dorilarni va maqbul dozalarni bolalar nevrologi aniqlaydi.


✅ Enurez bilan kasallangan bolalarni davolashda psixoanalitik terapiya va Erikson gipnozi ham samaralidir. ❗️ Har qanday usullar bilan davolash kamida 4–8 hafta davom ettirilishi kerak. 


Prognoz...

Har doim yaxshi.


Maqola NEVROLOGIYA kanali uchun maxsus tayyorlandi. Uni ko‘chirib olganda kanalning nomi va manzili ko‘rsatilishi shart!!!


@neuropatolog_uz


NEVROLOGIYA kanaliga ulanish:


👇👇👇👇👇👇👇👇👇👇👇

https://t.me/joinchat/AAAAAFJcpAzCnDSCpGrCug

☝️☝️☝️☝️☝️☝️☝️☝️☝️☝️☝️

Report Page