Mikrobiznes uchun endi buxgalter kerak emas
MoliyaPressMamlakatimizda tadbirkorlik subyektlari faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda. Bu borada, Davlat rahbari tomonidan 2022-yilda tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan «Ochiq muloqot»da belgilangan topshiriqlariga asosan 2023-yil
1-yanvardan boshlab aylanmadan olinadigan soliqni qat'iy belgilangan summada to‘lash tartibi joriy etildi.
Bunda, soliq to‘lovchilarga jami daromadi 500 mln so‘mdan oshmaganda yiliga 20 mln so‘mlik, jami daromad 500 mln so‘mdan oshganda esa yiliga 30 mln so‘mlik qat'iy belgilangan summada soliqni to‘lashni tanlash huquqi berildi.
Shuni ta'kidlash joizki, mazkur tartib bo‘yicha soliq to‘lash ixtiyoriy hisoblanadi.
Ushbu tartibni tanlash tadbirkorlik sub'ektlari uchun quyidagi yengilliklarni yaratib beradi:
- hisobchi yollash shart bo‘lmaydi (bunda hisobchiga to‘lanadigan ish haqi xarajatlari qisqaradi), shuningdek tovarlar hisobini yuritish talab etilmaydi;
- soliq organlariga moliyaviy hisobotlar va aylanmadan olinadigan soliq hisoboti taqdim etish majburiyati yuzaga kelmaydi.
-bank hisobvarag‘idan dividend tarzida yechib olinadigan mablag‘lar soliqqa tortilmaydi.
Aylanmadan olinadigan soliqning qat'iy belgilangan summada to‘lashning o‘ziga xos xususiyatlari mavjud.
Jumladan, aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchi kalendar yilning istalgan oyidan ushbu tartibga o‘tishga haqli.
Bunda, aylanmadan olinadigan soliqni umumiy tartibda to‘lashga navbatdagi soliq davridan boshlab qaytiladi.
Misol uchun, jami daromadi 500 mln.so‘mdan oshmagan soliq to‘lovchi 2023 yil 1 apreldan boshlab yiliga 20 mln so‘m bo‘lgan stavkada qat'iy belgilangan summada soliq to‘lashni tanladi. Mazkur xolatda soliq summasi 12 ga bo‘linib, bir oy uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq summasi aniqlanadi. Bunda, soliq summasi 9 oy uchun hisoblanadi va shu yil uchun soliq summasi 15 mln.so‘mni tashkil etadi (20 mln. so‘m/12 oy x 9 oy).
Ushbu tartib bo‘yicha soliqni to‘lashga o‘tish uchun soliq to‘lovchilar soliq organiga shaxsiy kabineti orqali keyingi oy boshlanishidan 10 kun oldin xabarnoma yuborishi yetarli bo‘ladi.
Bunda, soliq to‘lovchilar 2023-yil yanvar oyidan o‘tish uchun xabarnomani 2023-yil
25-yanvargacha taqdim etishga haqli.
Misol uchun, 2022 yilda soliq to‘lovchining jami daromadi 500 million so‘mdan oshmagan bo‘lsa, 2023 yildan ilk marta qat'iy belgilangan summada soliqni to‘lashga o‘tganda soliqning yiliga 20 mln so‘mlik stavkasini tanlashi mumkin.
Agar, 2022 yilda soliq to‘lovchining jami daromadi 500 million so‘mdan oshgan bo‘lsa, 2023 yildan ilk marta qat'iy belgilangan summada soliqni to‘lashga o‘tganda soliqning yiliga 30 mln so‘mlik stavkasini tanlashi lozim bo‘ladi.
Shuningdek, soliqning yiliga 20 mln so‘mlik stavkasini tanlagan soliq to‘lovchilar jami daromadi 500 mln so‘mdan oshgan taqdirda, soliqni 30 mln so‘mlik stavkada to‘lashga o‘tishlari lozim.
Misol uchun, yiliga 20 mln so‘mlik stavkani tanlagan soliq to‘lovchining jami daromadi 2023 yil 17 avgust kuni 500 mln so‘mdan oshgan. Mazkur xolatda, jami daromadning ko‘rsatilgan miqdordan oshishi ro‘y bergan oydan boshlab soliq stavkasi 30 mln so‘mlik stavkadan kelib chiqib hisoblanadi. Bunda,
yanvar– iyul oylari uchun yiliga 20 mln so‘mlik stavkadan kelib chiqib ya'ni (20 mln so‘m/12 oy)*7 oy= 11,7 mln so‘m.
avgust – dekabr oylari (5 oy) uchun esa 30 mln so‘m – 11,7 mln so‘m= 18,3 mln so‘m soliq to‘lanadi.
Moliya vazirligi
Soliq-bojxona siyosati va daromadlarni prognozlashtirish departamenti bosh mutaxassisi
Jaloliddin Aminboyev