Endi platformamiz xalq taʼlimi tizimida!
Joriy yilning 1-iyul kuni Xalq ta’limi vazirligi hamda «BILIM ONLAYN» nodavlat notijorat tashkiloti o‘rtasida Toshkent shahri umumta’lim muassasalarida “Khan Academy O‘zbek” elektron platformasidan foydalangan holda ta’lim berish bo‘yicha memorandum imzolandi.
Platforma Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi maktablarda o‘quvchilarning mustaqil bilim olishi uchun elektron ta’lim resursi sifatida ko‘mak beradi.
Hamkorlikdan ko‘zlangan asosiy maqsad umumta’lim muassasalari bitiruvchilari o‘rtasida STEM fanlarini chuqur o‘rgatish, innovatsion usullardan foydalanib, oliy ta’lim muassasalariga qamrovni oshirishdan iborat.
Dastlabki bosqichda Khan Academy tomonidan tajriba-sinov tariqasida Toshkent shahridagi 215- va 222-sonli umumta’lim maskanlarining moddiy texnik bazasini mustahkash ishlari amalga oshiriladi. Shu bilan birga o‘quv jarayoni sifatini oshirish va mustaqil o‘rganishga qaratilgan metodik qo‘llanmalar tayyorlanib, o‘qituvchilar uchun mahorat darslari tashkil etiladi. Platformadagi elektron resurslardan foydalanish uchun 80 ga yaqin kompyuter jihozlari taqdim etiladi.
Ushbu amaliyot Toshkent shahrida muvaffaqiyatli amalga oshsa, platformani Respublikamizning boshqa hududlaridagi maktablarga ham tadbiq etish rejalashtirilgan.
❇️ Khan Academy O‘zbek – Bepul. Barcha uchun. Har joyda. Hamisha.