Ekologiya huquqi yosh olimlar nigohida

Ekologiya huquqi yosh olimlar nigohida

O'zbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahar partiya tashkiloti

Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2023 yil 11 sentyabrdagi PF-158-son farmoni bilan O‘zbekistonni 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasi qabul qilindi. Strategiyada bir qancha ustuvor maqsadlar va 5 ta asosiy vazifa belgilangan bo‘lib, ulardan biri suv resurslarini saqlash va atrof-muhitni muhofaza qilishdir.

Suv resurslarini tejash borasidagi islohotlar doirasida respublikada suvdan oqilona foydalanish madaniyatini oshirish, sug‘orish tizimi va suvni tejovchi texnologiyalarni rivojlantirish, “yashil energiya”ni keng joriy etish doirasida xususiy sektor boshqaruvi va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini keng joriy etish hamda “yashil yenergiya” texnologiyalarini keng joriy etish doirasida nasos stansiyalari tomonidan elektr energiyasi iste'molini kamaytirish rejalashtirilgan.

Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi islohotlar respublikada ekologik vaziyatni tubdan yaxshilash, inson hayotiga ta'sir etuvchi ekologik muammolarni bartaraf etish, ekologik vaziyatni barqarorlashtirish, o‘rmonlar maydonini kengaytirishga qaratilgan “Yashil Makon” milliy loyihasini kengaytirish, Orolbo‘yida ekologik vaziyatni barqarorlashtirish va Orol dengizining qurishi natijasida yuzaga keladigan ekologik muammolarning salbiy ta'sirini yumshatish, iqlim o‘zgarishining salbiy ta'sirining oldini olish, biologik xilma-xillikning barqaror saqlanishini ta'minlash, qattiq maishiy chiqindilarni yig‘ish va olib ketish xizmati sifatini yaxshilash hamda havo ifloslanishining oldini olish, uning tabiiy tarkibini saqlash bo‘yicha qat'iy choralar ko‘rishni nazarda tutadi.

Xususan, mazkur qarorning qabul qilinishini yurtimizda aholi uchun qulay ekologik sharoit yaratish, inson manfaatlarini to‘la-to‘kis ta'minlash va yurtdoshlarimizning farovon va baxtli hayot kechirishini ta'minlash maqsadida Toshkent davlat yuridik universiteti tashabbusi bilan O‘zbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahar Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Ekopartiya fraksiyasi hamda Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Toshkent shahar boshqarmasi bilan hamkorlikda “Ekologiya huquqi yosh olimlar nigohida” mavzusida yoshlar konferensiyasi o‘tkazildi.

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Ekologik partiyasi vakillari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a'zolari, Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari, Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari, partiyaning “Yoshlar qanoti” vakilllari va OAV ishtirok etdilar.

Konferensiyani kirish so‘zi bilan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist, professor Uzoq Bozorov ochib berdi.

Shuningdek,Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Moxira Xodjaeva so‘zga chiqib, Xalqimizning erkin va farovon, qudratli Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi xohish-irodasini ro‘yobga chiqarish maqsadida qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 5 ta asosiy g‘oyasi qatorida aholi uchun qulay ekologik sharoit yaratish ham alohida o‘rin tutganini alohida ta'kidlab o‘tdi.

Shundan so‘ng, tadbirda universitet talaba va yosh olimlarning atrof muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi davlat boshqaruvi; Milliy qonunchilikda tabiiy resurslarga nisbatan mulk huquqi; O‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanishning huquqiy tartibi; Fuqarolarning ekologik huquqlarini ta'minlash masalalari; Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishning huquqiy asoslari; Ekologik nazoratni amalga oshirishda jamoatchilikning roli, Antropogen o‘zgargan hududlarning huquqiy rejimi va h.k. mavzularidagi ma'ruzalari tinglandi.

Konferensiya yakuni bo‘yicha soha mutaxassislari tomonidan yosh olimlarning ma'ruzalari bo‘yicha xulosalar berildi.

Konferensiya yakunida ekologiya mavzusidagi ma'ruzalar bilan ishtirok etgan yosh olim va talabalarga sertifikat hamda partiyaning esdalik sovg‘alari topshirildi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi

Toshkent shahar Kengashi matbuot xizmati

Report Page