Eh, kattalar...

Eh, kattalar...

Asqad Muxtor

Egnimdagi dxotining chokidan ketganiga qaramang, men braxmanlar toifasidan bo‘laman. Ishonmasangiz, mana, peshonamda asl sandal bo‘yog‘idan qip-qizil tamg‘a. Ko‘rdingizmi?

Bu yil yomg‘ir faslida o‘n ikkiga kiraman. Otim – Bajdat. Braxman bo‘lsak ham kambag‘almiz-da. Boy bo‘lganimizda otim Bajdat emas, Bajradat bo‘lardi. Dadam shunchaki tabib. Muyulishda o‘tirib, bambuk cho‘p bilan odamlarning qulog‘ini tozalaydi. Oyim bo‘lsa bostirmaning tagida qolib o‘lgan. Qo‘shnimiz Xiromon babu o‘sha kuni menga qarab turib shunday degan edi: ona o‘limidan keyin bola uchun eng xayrli ish otaning o‘limi...

To‘g‘ri aytgan ekan. Dadam o‘shandan beri har kuni meni xivich bilan...

Hay, bu gaplarni men sizga nima uchun gapiryapman? Rostdan ham juda mahmadonaman. Nima qilay, og‘zim ochilsa gapim gapga ulanib ketaveradi. Odamning ichida gap ko‘p bo‘lar ekan. Gapirmasam koptokday shishib, xuddi dam bo‘lib ketayotganga o‘xshayman.

Gapirgan yaxshi-da! Nima dedingiz? Odamning yaxshi ko‘rgan narsasi bo‘ladi, yomon ko‘rgan narsasi bo‘ladi. Gapirmasa buni birovlar qayoqdan biladi?

Men, masalan, yomg‘irni yaxshi ko‘raman. Nega deyapsizmi? Ana, o‘zingiz ham qiziqib qoldingiz. Gapiraman-da.

Yomg‘irni yaxshi ko‘rganim... Osma bog‘chani ko‘rganmisiz? Juda chiroyli, hamma vaqt ko‘m-ko‘k; daraxtlarni tarashib har xil hayvonlarning suratini qilib qo‘yishgan. U yerdan butun Bombay xuddi kaftingizda turganday ko‘rinadi. Hindiston darvozasi ham, okean ham ko‘rinadi.

Men oyimning eski zontini qo‘ltiqqa urib, har kuni bog‘ga boraman. U yerda sayohatga kelgan juda ko‘p sohiblar, xonimlar sayr qilib yurishadi. Hammasi biram nozik, oppoq, ko‘ylaklari xil-xil ipak. Birdan yomg‘ir quyib bersa, tipirchilab qayoqqa borishni bilmay qolishadi. O‘shanda men, xuddi ertakdagiday lip etib paydo bo‘laman-u, zontni shartta ochib:

– Madam! Sohib! – deb shundoqqina ro‘parasida iljayib turgan bo‘laman.

Yomg‘ir, baxtimga qattiqroq savalab bersa bormi, uch paysa, besh paysalab baxshish qilishadi.

Har kuni yomg‘ir yog‘maydi-da, esizgina...

Endi, yomon ko‘radigan narsang nima, desangiz, buni qisqagina qilib aytib berolmayman. Gapirave­raymi? Bo‘pti. Yaxshi sohib ekansiz. «Mahmadona» deb og‘zimga urmagan sohibni endi ko‘ryapman, Ram-ram!

Yomon ko‘rgan narsam – kattalarning biz, bolalarga hadeb xo‘jayinlik qilaverishi. «U mumkin emas! Bu to‘g‘ri kelmaydi!» ming xil qonun-qoidalarni o‘ylab chiqarishadi. Bular bo‘lmaganda men hovlimizdagi hamma bolalar bilan allaqachon o‘rtoq bo‘lib olardim. O‘shanda biz eng ajoyib o‘yinlarni o‘ylab chiqargan bo‘lardik. Dengiz sohiliga chiqib, cho‘kib yotgan kemaga yoki g‘ordagi ehromlar oroligacha suzib borardik. Odam bitta o‘zi qo‘rqadi. Eh, siz kattalar, o‘rtoq bo‘lishning qanday yaxshi ekanini bilmaysizlar-da...

Biz hov ana shu uyda turamiz. Olti qavatli uy, ko‘rdingizmi, oldida ko‘kalamzor maydoni ham bor. Bu uyning hammasi bizniki emas, albatta. Dadam bilan biz uning eng tagida – yerto‘lasida turamiz. Bizdan teparoqda Xiromon babu turadi. Uning Lekxa degan qizi bor. Undan teparoqda do‘kondor Pars turadi, o‘g‘li­ning oti – Avrang; undan narida Shoislom degan kishi turardi, cho‘loq o‘g‘li bilan. Pokistonga ketib qo­lishdi. Undan yuqorida soqolini o‘rib yuradigan panjoblik Sinks turadi – uning ham Moxan degan o‘g‘li bor. Eng yuqorida bo‘lsa, hov tomida hovuzi, gulzori bor joyda sohib Mak Sitli turadi. Baqalog‘ining otini bilmayman. Biz uni kichkina mister deymiz. Uning botinkasidan ham atir hidi...

E, to‘xtang, men hali bularning hammasini bir-bir gapirib beraman. Buning uchun bir boshdan aytishim kerak.

Puntidan boshlaymiz. Ana u, savatdan tushib qolgan ko‘mir parchasiday bo‘lib, maydonda – oftobda o‘tiribdi. Bal daraxti tagidagi bo‘yra bilan to‘silgan chayla o‘shalarniki. Katta uyda turmasa ham, Punti biz yashaydigan hovlining bolasi hisoblanadi, chunki ularning chaylasi shu yerda. U doim yolg‘iz. Onasi katta ko‘prik tagidagi shahar kirxonasida mag‘zava to‘kadi. Dadasi taxtiravonchi. Bu nima deganing, deysizmi? Ezgu maymunlar ehromini ko‘rganmisiz? Uch yuz pillapoyali zinadan chiqiladi. Sohib sayyohlar kelganda bu pillapoyadan piyoda chiqishga bo‘yni yor bermay, hammollarning yelkasidagi taxtiravonga o‘tirib chiqishadi. Taxtiravon – yog‘ochdan qilingan, to‘rt dastalik, tobutga o‘xshashroq narsa. Faqat ikki kishi o‘tiradigan joyi bor. Puntining dadasi bolaligidan beri shuni ko‘tarib, bukri bo‘lib qolgan. Ular kamar degan past tabaqadan. Shuning uchun unga boshqa ish berishmaydi. Mumkin emas. Shuning uchun Puntiga ham hech kim yaqinlashmaydi. Biz braxmanlarga u bilan qo‘l ushlashish, gaplashish to‘g‘ri kelmaydi. Biz ular tekkan idishni sindirib tashlaymiz. Etagimiz tegib ketsa, uch kun ovqat yemay, dam soldiramiz.

Mana shu Puntiga juda rahmim keladi. U mendan kichik, juda mo‘min, indamas. Kamar toifasidan bo‘lgani uchun yonidagi quduqdan suv olib icholmaydi. Ularga mumkin emas, paqirni harom qilib qo‘yishadi. Shuning uchun, chanqasa, sopol kosasini ushlab yoniga kelib turadi. Ertadan kechgacha turadi. Bironta rahmdil braxman suvga kelganida xumchasidan jindak suv quyib bersa – yaxshi, bo‘lmasa bola ikki-uch kun ham kosasini tutib, tilanchiday tura­verishi mumkin. Quduq tepasida tashnalikdan tili shishib o‘lsa o‘ladiki, o‘zining suv olib ichishga haddi sig‘maydi.

Bir kuni uning oyisini ilon chaqdi. Mag‘zavadan burishib ketgan qo‘lini qo‘ltig‘iga suqib, chayla yonidagi bo‘yrada kechasi bilan yumalab, to‘lg‘anib chiqdi. Azonda qarasam, Punti quduq yonida turibdi. Onda-sonda suvga kelganlarga yolvorib tikiladi, oyisi­ning ingraganini eshitganda kichkinagina vujudi titrab ketadi. Kun ertalabdan qizitar edi. Punti quduq yonidan jilmaydi. Quruqshab ketgan lablarini yalab, odamlarga tikilganida yoshli ko‘zlarida...

Yana, meni mahmadona deyishadi-yu, eng kerak joyda so‘z topolmay qolaman.

Xullas, men chidamadim. Yugurib borib Puntiga quduqdan bir paqir suv tortdim-da, ko‘tarishib, chaylasiga eltishib berdim. Oyisi uchun shuncha jon kuydirganiga qoyil bo‘lib, yelkasiga qoqib qo‘yganimni bilmay qolibman. Dadam qayoqdandir halloslab kelib, qulog‘imdan burab qolsa bo‘ladimi!

– Harom bo‘lding, itvachcha, kimligingni bilmaysanmi? Braxmanmiz-a, braxmanmiz!

Shu kuni dadam meni xivich bilan rosa...

Bunisiyam mayli, gap dadamda ham emas, kattalar hammasi shunaqa: qayoqdagi qonun-qoidalarni pesh qilishgani-qilishgan.

Gap shundaki, Punti yaxshi bola bo‘lsa-da, u bilan o‘rtoq bo‘lolmadim. O‘rtoq bo‘lishim mumkin emas, tushundingizmi? U kamar toifa, men bo‘lsam braxmanman.

Braxmanlardan bizning hovlimizda Lekxa degan qiz bor. Haligi aytganim Xiromon babuning qizi. Men ana shu bilan o‘rtoq bo‘lishim mumkin deb, bir kuni unga kaftlarimni juftlab, egilib salom berdim:

– Pronam!

– Ha, kxoka, oting nima? – dedi.

U ham juda yaxshi qiz ekan, salom berganimga quvonib ketdi, birpasda ancha gaplashdik, u ham dengiz sohiliga cho‘kkan kemaga, fillar oroliga borishni orzu qilib yurar ekan. Zap o‘rtoq bo‘ladigan bo‘ldik.

Ikkinchi kuni Lekxa menga hamma taqinchoqlarini ko‘rsatdi. Men bunaqalarni faqat magazinning derazasidagina ko‘rganman. Lekxaning dadasi boy pandit, nufuzli munajjim. Nima? Munajjimni bilmaysizmi? O-o! Yulduzlarga qarab fol ochadi. «Ved» degan kitobi bor, shuni har kuni o‘qib, baxt xudosi Lakshmi bilan gaplashar ekan. Yulduzlarga qarab shartta aytib beradi: omadingiz kelganmi, yo‘qmi?

Safarga otlanganlar, qiz uzatadiganlar, qimorga katta pul tikkanlar, ishqilib, baxtini sinamoqchi bo‘lganlar Xiromon babuning eshigidan uzilmaydi. Lekxa bilan biz bo‘lsak bu orada inoq bo‘lib qoldik.

Lekin bu uzoqqa cho‘zilmadi. Bir kuni ertalab muyulishda Lekxani kutib qoldim.

Biz Osma bog‘ga borishga va’dalashgan edik. Birdan achchiq qarg‘ish eshitilib qoldi. Yuqoriga qarasam, Lekxalarning derazasidan eshitilyapti ovoz. Xiromon babuning tovushiga o‘xshaydi. Ha, xuddi o‘sha.

– Badbaxt yulduz soyasida tug‘ilgan gado! U senga teng emas!

– Ular ham braxman axir... – Lekxaning yig‘lamsi­ragan ovozi eshitildi.

– Ha, osmon-u falakning qahr-g‘azabiga uchragan braxman. Ko‘cha-ko‘yda tuproq yalab o‘sgan bolasi senga oshna bo‘lar ekanmi? Yoniga borganingni ko‘rsam, sochingni qirqaman, bilib qo‘y!

Tamom! Bu ham bo‘lmadi. Yana yolg‘iz qoldim. Endi umidim anavi Avrangda edi. U ham ammo-lekin yaxshi bola. Chiroyli bola. Qoraqosh, qirraburun, kip­riklari uzun-uzun. Ular gado emas – dadasi do‘kondor. Hamma uni «do‘kondor pars», deydi. Ular past toifadan ham emas. Avrang bilan oshna bo‘lishimga hech qanday to‘siq yo‘q. Oshna bo‘ldim ham. Bu juda oson ko‘chdi, ochiq bola ekan. Tanishganimizning ikkinchi kuniyoq uyida bo‘lgan hamma gaplarni gapirib berdi. O‘sha kuni kechasi uning amakisi o‘lib qolibdi. Shuning uchun butun oilalari, qarindosh-urug‘lari – hammasi bugun Sukut minoriga borishar ekan.

– Yur, seniyam olib boraman, juda qiziq bo‘ladi, ko‘rasan! – dedi Avrang.

Hamma azada-yu, Avrang bilan biz xursand edik. «Qiziq bo‘ladi!» dedi Avrang. Ko‘pchilikka ergashib ketaverdik. Haqiqatan ham, parslarning odati juda qiziq ekan.

Osma bog‘dan o‘tib, katta qo‘rg‘onga kirdik. Qo‘rg‘onning o‘rtasida baland minora. Uning tepasida to‘da-to‘da quzg‘unlar salmoq bilan qanot qoqib gir aylanib turibdi. Qo‘rg‘on devoridan minoraning tepasiga chiqiladigan yakka cho‘p ko‘prikka kelganda bizni to‘xtatishdi, ko‘prikdan faqat tobut ko‘targanlar o‘tib ketdi.

Quzg‘unlar murda kelganini sezib, osmonda bezovta bo‘lib qolishdi, yana ham ko‘payishdi. Avrangning dadasi yana bir qarindoshi bilan, o‘likni minora tepasiga qo‘yib tushishdi-yu, hamma qavm-qarindoshlar yoniga, devor tepasiga kelib o‘tirishdi. Hech kim indamas, hamma yerga qaragancha og‘ir qayg‘uda o‘tirar edi. Avrangning biqiniga turtdim: «Nima bo‘lyapti?»

– Hozir muqaddas quzg‘unlar amakimni yeyapti, jim o‘tir, ularning g‘azabi keladi.

Avrangning pichirlagan tovushidan etim uvishib ketdi. Minoraga qarab qo‘ydim, qonli ko‘zlarini, yovvoyi, qayrilma tumshuqlarini aniq ko‘rganday bo‘ldim. Bularniki qiziq ekan. Biz o‘lgan qarindoshlarimizni yondirib, kulini Gang daryosiga sovurib keta qolamiz. Parslarniki qiziq ekan... Birpas jimlikdan keyin minora ichida bir nima gumbur etib, anchagacha yer tagidan chiqqanday bo‘g‘iq yangroq eshitilib turdi.

O‘tirganlar hammasi yengil tortib, o‘rinlaridan turishdi, yuzlari yorishib ketdi.

– Nima bo‘ldi? – deb so‘radim men Avrangdan.

– Quzg‘unlar amakimning go‘shtini yeb bo‘lishdi, suyagi minoraning tagiga, yer qa’riga tushib ketdi: ruhi jannatga qabul qilindi. Ko‘rdingmi, hamma xursand.

Men esimni yo‘qotguday bo‘lib, anqayib tursam, birov yoqamdan mahkam ushladi.

– Bu kim?! Sen, bo‘yning uzilgur, kimni olib kel­ding Sukut minoraga?

Bu Avrangning dadasi edi. U meni qo‘yib, Avrangning yoqasidan oldi. Shovqin ko‘tarildi.

Avrangning dadasi bilan oyisi faryod solib yig‘lay boshlashdi. Ularning ko‘ngliga dahshatli shubha tushgan edi: men tufayli marhumning ruhi jannatga qabul bo‘lmasligi mumkin. Buni payqab, o‘zim ham titrab ketdim. Avrangning qarindoshlarining avzoyini ko‘rib, o‘zimni qayoqqa urganimni bilmayman. Osma bog‘da, kenguru shaklda tarashlangan hulya daraxtining tagida pusib yotganimda hushimga keldim. Kech kirib qolgan edi. Oqshom salqin bo‘lsa ham butun a’zoyi badanim terdan jiqqa ho‘l. Uyga qaytib, to‘rt kun isitmalab yotdim. Juda qo‘rqqan ekanman, shekilli.

Endi Avrang bilan oshna bo‘lish qayoqda, tasodifan duch kelib qolishdan ham qo‘rqaman. U o‘zi ham o‘shandan beri ko‘rinmaydi. Qisqasi, bu ham bo‘lmadi. Endi boshqa o‘rtoq qidirish kerak. Shoislomning cho‘loq o‘g‘lini olib, Pokistonga ketgani ham tuzuk bo‘ldi. Men u bilan baribir o‘rtoq bo‘lolmasdim.

Panjoblik Sinksning o‘g‘li Moxan bilan oshna bo‘lishni o‘zim ham istamayman, chunki u, avvalo, katta, o‘n oltiga kirib qolgan. Undan keyin, zo‘ravon, maqtanchoq: panjobliklardan boshqalar odam emas emish. Faqat panjobliklar kuchli, jangovar, chiroyli, hunarmand bo‘lar emish. Boshqalar xunuk, lapashang, dangasa bo‘larmish. Uning dadasi ham shunday deb o‘ylasa ke­rak – men ko‘chada o‘tirsam, xuddi kuchukka qaraganday qarab, salom bersam, yerga tuflab o‘tib ketadi.

Moxan Bombayni ham yomon ko‘radi. Shunday katta, chiroyli shaharni-ya! Ha, mayli, o‘zining ishi. Men baribir u bilan oshna bo‘lmayman.

Endi faqat bitta baqaloq qoldi. Kichkina mister. Botinkasidan ham atir hidi kelib turadi. U bilan oshna bo‘lsam bo‘ladi. U doim menga uzoq iljayib qarab turadi. Shuning uchun ishonamanki, yomon bola emas.

Kichkina janobning mushukdekkina oppoq iti bor. Xuddi bir yumaloq paxta deysiz. U har ikki kunda bir marta o‘shani yetaklab ko‘kalamzor maydonga tushadi. Sof havoda sayr qildiradi.

Bir kuni men maysada yotsam, itchasini ipak tasma bilan yetaklab tushib qoldi. U tushganda hamma vaqt biz uyimizga kirib ketar edik. Chunki oq sohiblar ularning yonida turishimizni yoqtirishmaydi, burnilarini jiyirib, darrov ro‘molchalarini olishadi. Lekin bu safar men maysada yonboshlaganimcha yota berdim. Negaki, oshna bo‘lmoqchiman u bilan. Bilaman, kichkina janob haydamaydi, iljaygancha tikilib tura­veradi.

Men o‘rnimdan turib, ta’zim qildim. Kichkina janob bosh irg‘adi, aytganimday, iljayib tikildi. U dam itiga, dam menga tikilardi. Nega desangiz, qiziq-da, it – paxtaday oppoq, mening tanim bo‘lsa qozonkuya­day qop-qora. Buni solishtirish kichkina janobga juda qiziq tuyuldi chog‘i. U qarab tura berdi. Lekin itchasi tinchlik bermadi: menga qarab ingichka, o‘tkir tovushi bilan hamma yoqni yangratib hura boshladi. Kichkina janob unga qand berdi, erkaladi, lekin it hamon menga qarab huraverdi. Oxiri, kichkina janob ham bunga e’tibor bermay qo‘ydi.

Bu vaqt baqaloqning oyisi paydo bo‘ldi. U yugurib kelib, itchani qo‘liga olib, og‘zidan o‘pdi.

– Sen nima qilyapsan? – dedi menga. 

– Shundoq... o‘ynab, – dedim uning ko‘z qarashidan cho‘chib.

– Senga boshqa joy qurib ketganmi o‘ynagani? 

Uning avzoyi juda yomon edi. Xuddi bolasi o‘layotgan xotindek, tovushida yig‘i, g‘azab, baxtsizlik, alam, musibat ohanglari eshitildi. Men nima qilishimni bilmay, sekin qayrilib, jo‘nab qoldim.

– Oyi, oyog‘i ham qop-qora-ya... – degan ovoz eshi­tildi orqamdan.

Bu kichkina janobning tovushi edi. Oyisi meni itchalik ham bilmay, xo‘rlab haydayapti-ku, bu unga sira ta’sir qilmabdi, oyog‘imni gapirib o‘tiribdi. Shuna­qa esi past bilan oshna bo‘lamanmi, o‘zingiz o‘ylang? Baribir, baqaloq esli bola bo‘lganida ham, oyisi oshna bo‘lishimizga qo‘ymasdi. Men buni uning ko‘z qarashlaridan angladim.

Mana shunaqa, hovlimizda shuncha bolalar bor-u, birontasi bilan oshna bo‘lolmadim. Kattalarga hayronman! Nima qilarkin, ming xil qonun-qoidalarni o‘ylab chiqarib? Mana, o‘zingiz ayting, kitobda bormi shu qoidalar? Yo‘q! Hammasi o‘ylab chiqarilgan. Tag‘in meni mahmadona deyishadi, kuyganimdan gapiraman-da...

Report Page