ENG YAXSHI BUVI

ENG YAXSHI BUVI

hikoya

Malika bugun barvaqt uygʻondi. Oʻzi har kuniyam shunaqa, sahar uygʻonib, avvaliga qoʻradagi qoʻylariga qaraydi, hovliga suv sepib, supuradi. Karavotga koʻrpachalarni solib, choy tayyorlaydi. Malika bu ishlarni buvijoni Roziya momodan oʻrgangan. “Qiz bola har kuni erta turib, hovlini supurishi, darvozani ochib, farishtalarga salom berishi kerak”, deydi buvi har gapida Malikaga nasihat qilarkan. Yana-chi... Roziya momo har oyda davlat beradigan nafaqa puliga ham nabiralarini turli joylarga dam olgani olib boradi. 

Roziya buvi uzoq yillar tikuv fabrikasida ilgʻor tikuvchi boʻlib ishladi, soʻngra uni mahallaga rais qilishdi. Oxirgi yillarda yugur-yugurlardan charchagan momo, mana, nihoyat nabiralari davrasida. Dam u nabirasi, dam bunisi xarxasha qilavergani bois, Roziya buvi farzandlarining navbatma-navbat uylariga borishiga koʻnikib ham qoldi. “Oʻzingga shukur”, dedi momo ichida. Biz bunday onlarni qanchalik kutdik-a...  

Malika buvisining yoniga kelib salom berdi va “Buvijon, bugun sochlarimni oʻrib qoʻying. Hadeb gullarga ilinaverganidan toʻzib ketayapti”, dedi norozi ohangda. Buvisidan tasdiq ishorasini olgach, qizaloq yana yumushlariga unnay ketdi. Ertalabki nonushtaga birin-ketin yigʻilgan oila aʼzolari kimdir ishga, yana boshqasi dala yumushlariga yoʻl oldi. Uyda Roziya buvi va Malika yolgʻiz qolishdi. 

– Qani, qizim, tarogʻingni olib kel-chi... 

Malika darhol buvisiga taroqni tutqazdi. Soʻngra bir necha xildagi iplarni qoʻllariga ilib oldi. 

– Buni nima qilasan? – dedi Roziya buvi qizchaning qoʻllaridagi yashil, sariq, pushti iplarga ishora qilib. 

– Bularni sochlarimga qoʻshib oʻrib qoʻyasiz... Chiroyli koʻrinadi, – dedi Malika oʻrnashib oʻtirib olarkan. 

– Bu nimasi? Xilma xil qilib iplarni sochlaringga qoʻshib oʻrib qoʻysam, haligi.... eh, esimga tushmadi-da, chet eldagi artistlardan farqing qolmaydi-ku?!

– Kecha dugonam Sitora ataylab “salon”da shunaqa qilib oʻrdirib kelibdi. Onam falon pul toʻlab oʻrdirdilar, dedi. Men ham sizga ana shunaqa qilib oʻrdirib olaman. Koʻchadagilar koʻrsa... 

Roziya buvi nabirasining gaplariga hayron qoldi. – Nega endi koʻchadalagilar senga baho berishi kerak, qizim?... 

– Hozir urf shunaqa-da, buvijon...

Roziya buvi nabirasining shashtini qaytargisi kelmadi, ammo uning rang-barang ipli sochlari bilan koʻchada yurishiga ham koʻngli qarshi chiqaverdi. U Malikaning sochlarini oʻrdi-da, ma, ushlab tur, deb qizga sochlar tutamini tutqazib, oʻzi ichkariga kirib ketdi. Anchadan keyin ichkaridan chiqqan buvining qoʻllarida kattakon dastroʻmolga oʻralgan narsa bor edi. Ichida nimalardir shiqir-shiqir qilardi.

– Bu nima, buvijon? – savol berdi sochlarini dam u qoʻliga dam bu qoʻliga olayotgan qiz sabri chidamay. 

– Hozir koʻrasan... 

Roziya buvi Malikaning sochlariga sochpopuklarni taqarkan: “Men bolaligimda mana shu sochpopuklarni taqib yurardim. Onam rahmatlik, sochlar mana shu popuklardan oʻtaman deb, oʻsaveradi, derdilar. Sen tengi qiz boʻlganimda, sochlarim taqimimga yetardi. Hammaning havasi kelardi... 

Malika bu sochpopuklarni yoqtirmayotgani shundoqqina bilinib turardi. U darhol hoʻmrayib oldi. Ammo buvisi qovoq uyganlarni yoqtirmasligi sababli, buni bildirmaslikka harakat qilardi. 

– Mana, boʻldi... 

Malika oʻrnidan turib, oynaga qaradi. Sochlariga hamohang rangda qop-qora sochpopuklarning tagida mayda munchoqchalar boʻlib, yurganda ular shiqirlardi. Kechga yaqin Malika dugonalari bilan koʻchaga oʻynagani chiqdi. Uning sochpopuklari hamma qizlarga yoqib qoldi. – Buvijoningga ayt, bizga ham taqib qoʻysin, – deya chugʻurlashardi qizlar. Tashqaridan mamnun holda qaytgan Malika buvisiga rahmat aytib, ertaga dugonalari ham kelishini, buvisining sochpopuklari hammaga yoqqanini aytdi. 

– Mana, koʻrdingmi, qizim, bu bizning milliyligimiz, odatlarimizning bir belgisi. Nima boʻlganda ham siz oʻzbekning farzandisiz. Shuni hech qachon unutmagin, – dedi. Malika bu gapga asta boshini irgʻab, buvisini mahkam quchoqlab oldi va: «Siz dunyodagi eng yaxshi buvijonsiz!”, dedi. 

Ozoda TURSUNBOYEVA




Report Page