ENG MASHHUR FALASTINLIK

ENG MASHHUR FALASTINLIK

“XX ASR: TAKDIRLARDA AKS ETGAN”, TARIX, SHUXRAT ERGASHEV,TULKIN BOBOMATOV

AROFAT, YOSIR (YASIR ARAFAT)

(24.08.1 929 — 11 .11.2006 ) — (to’liq, ismi Muhammad Abd ar-Rauf al-Kudvax al-Huseyni) — rasmiy hujjatlarga ko’ra 1929 yilning 24 avgust kuni Qohirada, boy musulmon oilasida tug’ilgan.

Falastin yetakchisining o’zi bir necha bor o’sha yilning 4-avgustida Quddusi sharifda dunyoga kelganligini aytgan. Uni keyinchalik Yosir deb atay boshlashgan («yosir» so'zi arabchada «yengil» degan ma’noni bildiradi). Falastin davlat arbobi, 1994 yildan Falastin muxtoriyati ma'muriyatining boshligi, 1969 yildan Falastinni Ozod qilish Tashkiloti (FOQT) Ijroiya qo’mitasining raisi, 1989 yili Falastin davlati Prezident deb e'lon qilingan. Nobel mukofoti laureat ( 1994).

Uning uncha baland bo’lmagan to’la qomati, yarim harbiy frenchi', uch kunlik soqol-mo’ylovi, Falastinning konturini takrorlovchi katak-katak «kufiya»si (milliy ro’mol) allaqachon butun dunyoga mashhur. U birovlar uchun «tinchlik o’rnatuvchi» bo’lsa, boshqalar uchun «terrorist». Hatto falastinliklar orasida ham u haqda yagona fikr yo’q: kimdir uni «dohiy» deb biladi, kimdir «sotqin» deb hisoblaydi.

Bundan tashqari, FOQT Ijroqumi raisiga, FOQTning tarkibiy qismlaridan biri bo’lgan FATX tashkilotining rahbariga, Falastin qurolli kuchlari Bosh qo’mondoniga, Falastin milliy ma'muriyati boshlig’iga, davlatning prezidenti Yosir Arofatga ko’p bora siyosiy inqirozni bashorat qilgandilar. Ammo har safar u eng chorasizdek tuyulgan holatlardan chiqib ketardi. Yana buning ustiga o’z obro’sini oshirib ham olardi. U qanday qilib o’ttiz yildan oshiqroq, vaqt birinchi raqamli falastinlik bo’lib qola olishning uddasidan chiqdi? Ko’plar uchun (balki hamma uchun hamdir) bu haligacha javobi topilmagan jumboq,... Shuni aytish kerakki, FOQT yetakchisining tarjimai holi ham uning siyosiy qarashlari kabi qarama-qarshi va bahslidir. Hatto hanuzgacha uning tug’ilgan vaqti va joyi tuliq aniq emas. Ko’pgina faktlar Arofat baribir Quddusda ham emas, G’azoda ham, Akko yoki Sfatda ham emas, Qohirada tug’ilganligini ko’rsatadi. Uning otasi g’azolik yer egasi va onasi kelib chiqishi Muhammad(s.a.v) payg’ambarimiz oilasiga borib taqaladigan qudduslik mashhur urug’ga mansub bo’lgan Zaxva Abu Saud — 1927 yilda Misrga ko’chib o’tganlar. Arofat (oiladagi oltinchi farzand) to’rt yoshga to’lganda ukasi Fatx dunyoga keldi, onasi esa tusatdan vafot etadi. Bu yo’qotishdan qattiq, ta'sirlangan otasi ikkala kichkintoyni Quddusga, ularning tog’asi Salim Abu Saud xonadoniga jo’natdi. Falastinning bo’lg’usi yetakchisi tarbiya topgan oila millatchi doiralar bilan yaqin aloqada edi. Salim Abu Saudning xonadoniga tez-tez musulmonlar jamoasining ko’zga ko’ringan namoyondalari kelib turar va siyosiy suhbatlar uyushtirardilar. Ingliz askarlari uyga bostirib kirgan va qatorasiga hammani kaltaklay ketgan o’sha tunni Arofat tez-tez eslaydi: «O’shanda men yetti yoshda edim, Fatxi esa juda kichkina edi. Olti yildan keyin ikkinchi marta, keyin esa uchinchi marta ham uylangan otam biz aka-ukalarni Qohiraga, o’z oldiga chaqirib oldi». Ikkinchi jahon urushi yillarida Misrning poytaxti siyosiy ehtiroslar, turli xil dunyoqarashlar va nuqtai nazarlar tuqnashuvi, qaynab turgan qozonni eslatardi. O’sha paytlari Arofatning hayotiy pozitsiyasiga ta'sir qilgan asosiy yo’nalishlar arab vatanparvarligi va millatchilik bo’ldi. Bu ikkala omil Falastinning bo’lg’usi yetakchisini siyosiy, balki boshqa barcha sohalarda ham muvaffaqiyat garovi — yaxshi bilim olish ekanligiga ishontirdi. Arofat Texas universitetining muhandislik faqo’ltetiga ariza berdi. ammo AQSh davlat departamenti unga viza bermadi. Ayni paytda u falastinliklar bilan yangi tashkil qilingan Isroil davlati o’rtasidagi kurash ishtirokchisi deb hisobga olingandi.

Shuning uchun ham u Qohira universitetiga o’qishga kirdi. 1948 yili, birinchi arab-yahudiy urushi boshlanganida u mashg’ulotlarni yig’ishtirdi va isroilliklarga qarshi jang qilishga jo’nab ketdi. O’sha urushdagi dahshatli mag’lubiyatdan so’ng u qisqa muddatga Misrning qo’l ostida bo’lgan G’azo sektoriga o’tib oladi. 1950 yili u muhandislik fakultetida o’qishni davom ettirish uchun Qohiraga qaytib keladi. Bu yerda u o’zining kurashdagi bo’lg’usi safdoshlarini uchratadi, ular bilan birgalikda inglizlarga Qarshi kurashadi. Kursdoshlarining aytishlaricha, Arofat arablarning Isroil bilan urushdagi mag’lubiyatiga juda ham qayg’urgan. Talabalar o’rtasidagi bahslarda u BMT Bosh Assambleyasi qaroriga muvofiq, Falastinni bo’lib olishdan arab mamlakatlarining voz kechishini «xato» deb atagan. Bundan kelib chiqadiki, aynan O’sha vaqtlarda unda falastinliklar o’z taqdirlari haqida o’zlari qayg’urishlari kerakligi, buni ular uchun «arab og’aynilari» qachon bajarishini kutmaslik lozimligi haqida fikr paydo bo’lgan. 1952 yili Arofat Misrdagi Falastinlik talabalar ittifoqini tashkil qiladi va uning raisi qilib saylanadi. Uning ta'lim olishi sakkiz yil (uch yil o’rniga) davom etganidan kelib chiqib, ishonch bilan aytish mumkinki, uning uchun birinchi o’rinda Ittifoq, ishlari turgan. G’ayratli, irodali va chidamli bo’lganligi tufayli u faqat siyosiy muzokaralarda ishtirok etibgina qolmasdan, harbiy ishni ham faol egalladi. Vaqti kelib ofitserlik diplomini ham oldi.

Bunda unga ota-onasi uning tug’ilishini Misrda ro’yxatdan o’tkazganligi yordam berdi. 1956 yili, ingliz-fransuz-isroil askarlari Nosir tomonidan milliylashtirilgan Suvaysh kanaliga bostirib kirganida esa leytenant Arofat falastin birlashmalari tarkibida portlatuvchilar otryadini boshqarardi. Universitetni tugatganidan bir yil keyin u yaxshigina daromad keltiruvchi uchta qurilish firmasi tashkil qildi. «Men millioner emas edim, — deya tan oladi keyinchalik Arofat. — Lekin men boy edim...» Aytish lozimki, u hech qachon FOQT xazinasidan pul olmas edi. Qurilish sohasidagi tadbirkorligi bilan birga Arofat faol siyosiy alotsalarni ham izga tushiradi. Aynan O’sha paytlari avvaliga uncha katta bo’lmagan, uning butun mavqeyi va hayoti bog’langan. O’sha tashkilotning asosi shakllangandi. Gap u 1959 yili boshqara boshlagan Falastinni Ozod Qilish Harakati haqida bormoqda. Qiziq bir voqea. Bu nomlanishning qisqartirilgan ko’rinishi arabcha «halokat» so’ziga o’xshash bo’lib chiqdi. Nima qilish kerak? Arofat bu muammoni hal qildi: u harflar o’rnini almashtirishni taklif qildi. Arab tilidan tarjima qilganda «kashfiyot, egallash, g’alaba qilish» ma'nolarini anglatuvchi O’sha mashhur FATX paydo bo’ldi. Aynan O’shanda u o’ziga Abu Ammar degan yashirin taxallusni oldi. O’sha paytdagi ko’pgina arab yetakchilari arablarni «yahudiylarni dengizga uloqtirish» va ulardan bo’sh qolgan yerlarda mustaqil Falastin davlatini tuzish uchun birlashishga chorlardi.

Arofat va uning safdoshlari butunlay boshqacha g’oyani olg’a surdilar. Uning asosiy g’oyasi — «Falastinni ozod qilish — bu eng avvalo falastinliklarning ishi». «Falastinga yo’l — arablarning birlashishi emas, — ta'kidlaydi FATX yetakchisi. — Falastin arablarning birlashishiga yo’l. Bunga faqat «Isroilga qarshi qurolli partizanlik kurashi» yo’li bilangina erishish mumkin, deb hisoblardi FATX rahbarlari.

FATXning mashhurligi va falastinliklarga ta'siri oshib borayotganligi ba'zi arab arboblarini tashvishga solmasligi mumkin emasdi. Falastinliklarni doimo «jilovlab» turishni xohlovchi arab davlatlarining rahbarlari 1964 yili Qohirada oliy maqomdagi uchrashuvlarga yig’ilib, Falastinni Ozod qilish Tashkilotini tuzdilar. Arofat bu qadamni falastinliklarni bo’ysundirishga urinish, deb baholadi. FATXni mustaqil jangovar tuzilma sifatida saqlab qolish uchun qat'iy, hal qiluvchi javob berish, ishlari bilan o’zini ko’rsatish kerak edi, buning ustiga buni hech kimdan ijozat suramasdan amalga oshirish lozim edi. FATX jangchilari tomonidan 1965 yilning 1 yanvarida Isroil hududida o’tkazilgan birinchi partizanlik operatsiyasi tarixga Falastin qarshilik harakatining boshlanishi sifatida kirdi.

1967 yilning iyunidagi «olti kunlik urush»da arablarning mag’lubiyati Arofatni va uning tarafdorlarini yana bir marta fakat o’z kuchlariga ishonish kerakligiga hamda Falastinni ozod qilish uchun o’zlari kurashishlari lozimligiga ishontirdi. Ana O’sha paytdan boshlab «fatxchilar» yahudiylar bosib olgan hududlarda jangovar operatsiyalarni faollashtirishdi va kichik bir tashkilotdan yetakchi harbiy-siyosiy kuchga aylanishdi. 1968 yil 21 may kuni Arofat Karame (Iordaniya) yaqinidagi jangda qatnashadi. Unda falastinliklarning kichik bir otryadi isroilliklarning muntazam qo’shinlariga qarshi muvaffaqiyatli kurashadi. Shiddatli jangda 29 isroillik o’ldirildi, 4 ta tank va 4 bronetransportyor yo’q qilindi. Bu jangdagi g’alaba FATX rahbarining obro’sini yana ham oshirdi. Endi FATXning nomi dunyo ommaviy axborot vositalarining sahifalaridan tushmay qoldi. 1969 yilning fevralida Falastin milliy kengashi (quvg’indagi parlament) Arofatni FOQT Ijroqumining raisi qilib sayladi. Yana bir yildan keyin esa u Falastin inqilobi qurolli kuchlarining Bosh Qo’mondoni bo’ldi. Endi barcha arab davlatlari uni oliy darajada qabul qildilar. Lekin FOQT uchun va tabiiyki, Arofat uchun ham keskin burilish yili 1974 yil bo’ldi. O’shanda Yangi siyosiy dastur Qabul qilindi. Bu dastur «Isroilning o’rniga emas, Isroil bilan bir qatorda», ya'ni Iordan daryosining G’arbiy qirg’og’i va G’azo sektoridagi bosib olingan yerlarda Falastin davlatini tuzish uchun kurashga chaqirdi.

Arofat BMT Bosh Assambleyasida so’zga chiqdi va Isroilga sulh taklif qildi. Ana shundan so’ng FOQT'ni yuzdan ziyod mamlakatlar tan oldilar, uning yetakchisi esa Yaqin Sharq siyosiy sahnasida eng atoqli arbob bo’lib qoldi. Biroq oldinda Arofatni jiddiy sinovlar kutib turardi. Eng dahshatlisi — FOQT shtab-kvartirasi joylashgan Livanga 1982 yilning iyunida Isroilning bostirib kirishi bo’ldi. Arofat falastinliklarni uddaburonlik bilan boshqardi va o’z jangchilari bilan tashkiliy ravishda, qo’llarida qurollari va milliy bayroqdori bilan Bayrutni tark etdi. Muxoliflari nimalar desalar ham, Arofatning isroilliklar qamal qilib olgan shaharni tark etish haqidagi qarori yagona to’g’ri qaror edi — u odamlarni kelgusi kurashlar uchun saqlab qoldi.

Falastin milliy muxtoriyati ma'muriyatining rahbari 2006 yili 11 noyabr, payshanba kuni ertalab 76 yoshida Parij yaqinidagi fransuz harbiy

gospitali — Persida vafot etdi. Gospitalga yotqizilganining 14-kuni, ikki

inqirozdan so’ng, chuqur hushsizlik holida bo’lgan Arofatning yuragi urishdan to’xtadi. Arofatning vasiyatiga ko’ra u Quddusda, Al-Aksa yonida ko’milishi lozim edi. Biroq, Isroil hukumati bunga rozilik bermadi.

Arablarning birlashuvi — Falastinga yo’l emas, Falastin — arablarning birlashuviga yo’l... (Yosir Arofat)

TalabaUz kanali uchun maxsus tayyorlandi.





Report Page