EMILI
© MuniHaydovchi mashinani hashamatli qoʻrgʻonning darvozasidan ichkariga kiritib, uy kirish eshigiga yetgandan keyingina to'xtatdi. Avtomobil ochilib, qarshimdagi kimsaga qoʻrquv bilan asta boshimni koʻtarib qarar ekanman, tanish chehraga koʻzim tushishi bilan yengil nafas oldim. Har holda, endi menga havf soladigan hech qanday tahdidli narsa yoʻq edi.
– Janob sizni kutyapti, marhamat, – yoʻl koʻrsatdi bu yigit.
Bir soʻz demasdan uning aytganini qilib, kattakon uyning ichiga qadam bosdim. Meni bu yerga olib keltirgan begona odam emasligini tushunganimda ancha yengil tortgan boʻlsam, endi nega bu tarzda yoʻl tutganini oʻylab hayolimda turli savollar aylana boshladi.
Menga yaxshi tanish boʻlgan yordamchi kaminani uyning mehmonxonasiga boshlab kirgandan soʻng, oʻzi jimgina ortiga qaytib ketdi.
– Stiven? – deraza tarafga qarab olgancha, qoʻlida ichimlik solingan stakan bilan jim turgan bu yigitni chaqirdim. U shoshmasdan ortiga oʻgirilar ekan, qoʻlidagi idishni stolda qoldirib, asta qarshimga keldi.
– Salom.
– Nimalar boʻlyapti oʻzi? – hayron boqdim unga, – Sen...ketmaganmiding? Kevin qayerda? Nega meni bu yerga hech nima demasdan, xuddi oʻgʻirlagandek olib keltirding?!
– Kevinni ortiga qaytarib yubordim, hozir oyingni yonida. Ketmaganimning boisi esa, senga aytishim kerak boʻlgan muhim masala bor. Bu tarzda shoshilinch olib kelishgani uchun kechir, ketishingdan oldin gaplashib olishimiz kerak.
Carper men bilgan odamlar ichida oʻz hissiyotlarini jilovlay olish boʻyicha eng yaxshisi ekanligiga qaramay, uning doimgi hotirjam ifodasi ayni dam yoʻqolib, oʻrnini tahlikaga oʻxshash holat egallaganini sezdim. Men bilan nimani gaplashishga qaror qilganini ham ichimdan tahmin qilgandek boʻldim: Stiv Jeyms bilan qayta koʻrishib qolganimni bilib boʻlgan.
– Demak...hammasini bilasan, toʻgʻrimi? – jurʼatsiz ohangda soʻradim. U esa kutganimdek tasdiq ishorasini qildi:
– Bilaman.
Hijolatlik bilan nigohlarimni yerga qadar ekanman, Stiv mendagi har bir oʻzgarishni kuzatayotganini sezib, uning oldida uyatdan yerga kitib ketishimga sal qoldi. Har doim mening muammolarimni oʻzinikidan ham ustunroq qoʻyib, hamisha yonimda koʻmakdosh boʻlgan odamni aldashga uringanim ahmoqlik edi.
– Stiv, aslida...men u bilan uchrashishni istamagandim. Hammasi... tasodifan yuz berdi, ishon. Senga buni aytmaganimning sababi esa, ranjishingni istamadim. Barini hal qilib, yana ortga qaytaman, deb oʻyladim.
Carper gaplarimni tinglar ekan, hech nima demasdan jim tikilib turaverdi. Uning sukuti nimani anglatishini bilish uchun yuziga sinchkovlik bilan nazar soldim. Biroq, qalbing tubigacha kirib boruvchi oʻtkir nigohlarida hech qanday ifoda aks etmasdi. Xuddi, qarshisida tirik insonga emas, uzoq bir boʻshliqqa tikilgandek. Shundagina tushundimki, bu yigitning men cheksiz deya tahmin qilgan bardoshi oʻz nihoyasiga yeta boshlagan. Hozir kaminaga aytishga shaylangan soʻzlari ham aynan shu mazmunda boʻladi va yillar davomida uni qiynagan javobsiz sevgi sahifasi yopiladi. Butun umrga...
Lekin, tan olaman, men buni istamasdim. Qanchalik xudbinlik boʻlib koʻrinmasin, hammasidan voz kechib, ichimdagi eski tuygʻularni butunlay unutishga qaror qilganimda Stiven ham mendan yuz oʻgirishi men koʻtara olmaydigan judolik boʻlardi.
Ha, men undan voz kechishni istamasdim. Negaki, Jeymssiz quradigan yangi hayotim va boshqa inson bilan yaratadigan munosabatim haqida oʻylaganimda hayolimdan birgina kimsa – Stiven Carperning obrazi gavdalanardi xolos. Aytganimdek, men shunday xudbin odam edim...
– Bilaman, – ikki ogʻiz soʻzim uni fikridan qaytarishga kamlik qilishini bilib, qayta gap boshladim, – senga shu paytgacha qilgan munosabatim koʻpi nohaqlik edi. Menga boʻlgan tuygʻularingni qadrlay olmadim. Ammo, endi bunday boʻlmasligini senga ishonch bilan ayta olaman. Menimcha, hammasiga chinakamiga nuqta qoʻyish payti keldi. Bu qarorga kelishimga Roberts bilan uchrashganim bir turtki boʻldi, uning ham endi oʻz hayoti borligini va hamma orzulariga asta-sekin erishayotganini koʻrdim. Endi bu yigitning hayotida kaminaga joy yoʻq. Yana, u ikkimizni birga deb oʻylagani sabab endi mendan nafratlanadi. Mayli, shunday deb oʻylay qolsin, qarshi emasman. Ammo...seni ham yoʻqotishni istamayman.
Har bir soʻz tilimdan qiyinchilik bilan chiqar ekan, gaplarim jiddiy ekanligini bildirish uchun uning koʻzlaridan nigohimni uzmadim. Bu gaplarimni eshitgan Stivning qarashlarida qaygʻuga oʻxshash nimadir paydo boʻldi. Bir zumga boshini biroz pastga egib, oramizdagi bir necha qadamlik masofani qisqartirgancha menga yaqinlashdi va qaytadan yuzimga qaradi:
– Keragi yoʻq, Emili. Uni hamon sevishingni yaxshi bilaman. Bu uchun sendan ranjimayman ham, chunki, inson yuragiga kimni tanlashi haqida bosim oʻtkaza olmaydi. Aslida, bularni bila turib ham qachondir hammasi oʻzgarishiga umid qilganim mening aybim.
– Stiv, bas qil! Bu yerda zarracha sening aybing yoʻq. Ha...men uni hamon sevaman. Biroq, boshqa bu davom etishini istamayman, tushunyapsanmi? Uni telbalarcha sevishim sabab qalbim tilkalanishini xohlamayman. Chunki, ortiq azoblanishga kuchim yetmaydi. Juda charchadim...
Lekin, vaʼda beraman, endi hammasi boshqacha boʻladi. Ortiq oʻz tashvishlarim bilan seni qiynab yashash niyyatim yoʻq. Ayni dam menga kerak inson bu - sen. Agar...hayotimda Jeyms boʻlmaganida, sevishim mumkin boʻlgan yagona odam ham hech ikkilanishsiz...sen boʻlarding. Shuning uchun nimani oʻylagan boʻlsang, bu fikringdan qayt. Iltimos...
Carper maʼyus nigohlari bilan menga qarar ekan, oxirgi jumladan soʻng uning iyagi bir lahzaga titragandek boʻldi. Kaftini yuzimga qoʻygach, goʻyo, dunyodagi eng nozik billur narsaga teginib koʻrayotgandek, bosh barmogʻi bilan ohista yanogʻimdan siladi. Kamina uning koʻzlaridan ayni dam menga boqayotgan mehr, sevgi va jamiki iliq tuygʻular qorishmasidan oʻzimni hamon yoʻqotib qoʻymaganimga hayron qoldim. Biroq, bu koʻpga choʻzilmasligini ham sezardim, negaki, Stivenning butun jismi hozirda u qilishni istagan harakati haqida baralla aytib turardi. Buni bilsam ham, oʻzimni olib qochmadim va joyimdan qimirlamay turaverdim. Goʻyo shu bilan barcha gaplarim rostligiga ishontirmoqchi boʻlgandek, koʻzlaridan nigohimni uzmadim. Ammo, men kutgan narsa sodir boʻlmadi. Vaziyatdan istaganicha foydalanib qolishi mumkin boʻlgan paytida Stivenning harakatlarida hech qanday yovvoyi hissiyot sezilmadi. Aksincha, uzun va chiroyli barmoqlari bilan sochlarim aralash yuzimdan silab, peshonamga lab bosdi. Shu birgina oddiy harakatdan tanam jimirlab, oʻzimni gʻalati seza boshladim. Bu hisning sevgi-muhabbat bilan hech qanday bogʻliqligi yoʻqligini yaxshi bilardim. Ammo, nimadir bu yigitning yonida qandaydir oʻzim tushunmagan narsani uygʻota olardi.
Oramizdagi qisqa masofani butunlay yoʻqolganidan foydalanib, qoʻllarini belimdan oʻtkazgancha meni bagʻriga bosar ekan, hamon boshini koʻtarmasdan turaverdi. Shunda, yuzini sochlarimga bosib, hidlayotganini tushundim. Stivenning bunday noodatiy harakatlari meni havotirga solar, hammasidan ham haligacha bir soʻz demayotganiga hayron edim.
– Stiv, – boshimni koʻtarib shivirladim yuziga tikilgancha. Uning nigohlari avval koʻzlarimda, soʻng asta pastlab, lablarimda toʻxtadi. Biroq bu safar ham hech qanday ortiqcha harakat qilishga jurʼat etmay yutinib qoʻydi.
Aslida, Stivenning Jeymsdan farqi shunda edi: u koʻproq mening hislarim haqida qaygʻurardi. Oʻz istaklariga qaramay, menga qulaylik yaratish va noqulay holda qoldirmaslik Stivenning asosiy tamoyillariga kiradi. Jeyms esa buning umuman teskarisi: xayoliga kelgan ish u uchun qiziq tuyulsa, hech ikkilanmasdan bunga qoʻl uraverardi. Masalan, koʻchada yomgʻir yogʻayotgan boʻlsa, Stiven shamollab qolishimdan havotir olib meni boshpanaga yetaklar, Jeyms esa yomgʻir ostida sayr qilishni taklif qilardi. Yoki, Stiven birga qayergadir borishni istasa, buni kamida bir hafta oldin rejalashtirar va menga qulay vaqtni tanlashga urinardi. Jeyms boʻlsa, uzoqqa rejalar tuzishni yoqtirmas, agar koʻnliga tushsa, bir-necha soatni ichidayoq toʻgʻga sayohat uyushtirishi yoki oʻrmondagi uyga dam olishga yetaklab ketishi mumkin. Qisqasi, Stiven – sokinlik, Jeyms esa emotsiyalar hadya etish boʻyicha uddaburon edi. Biroq, quloqsiz yuragim hamon Robertsni deyishiga qaraganda, men uchun hissiyotlar muhimroq. Undan tashqari, Carper bilan qanchalik qulay boʻlmasin, Jeysming yonida oʻzimni chinakamiga tirik his qilardim. Aynan u bilangina cheksiz hislar, havotir, quvonch, baxt va adrenalin nima ekanligini bilganman.
Biroq, endi menda ular oʻrtasida tanlov qilish imkoni yoʻq. Jeyms – men uchun qaytish mumkin boʻlmagan oʻtmish. Stiven esa yolgʻizlikda qolishim mumkin boʻlgan kelajakdan qutqarishi mumkin boʻlgan yagona najot. Biroq, ayni dam meni bagʻriga bosib olgan bu najot yulduzi ham istagan paytida soʻnib, nursiz hayotimni butunlay zulmatda qoldirishi mumkin.
"Yoʻq, uni sendan voz kechib ketishiga yoʻl qoʻyma!" takrorlardi aqlim. Va kamina uning gapiga amal qilishga urindim.
– Avval gapimni...
Yana ogʻiz ochishga uringan ham edimki, birdan lablarimga koʻrsatkich barmogʻini bosib, jim boʻlishimga majbur qildi. Unga hayrat bilan tikilganimda esa, ikkala yuzimni kaftlari orasiga olgancha, bu safar oʻz harakatlariga mos ravishda muloyimlik bilan boʻsa olishga tushdi. Men esa tafti yuzimga va butun tanamga urilishi bilan qimirlashni va odatdagidek nafas olishni unutdim. Xuddi, juda uzoq kutilgan visolga yetishganu, ammo hammasi sarobga aylanishidan qoʻrqqan odamga xos tarzda ehtiyotkorona, mayin va uzoq choʻzilgan oʻpich edi bu. Koʻpincha, insonlar sevgan kishisi bilan qayta hech qachon uchrashmasligini bilsa shu tarzda boʻsa olardi.

Shu on yanoqlarimga iliq namlik yugurganini sezdim. Bu koʻz yosh edi.
Jin ursin, bu birgina tomchi koʻz yosh Stivenniki edi!
Hamma dunyodagi eng sovuqqon, bemehr va qahri qattiq deb bilguvchi insonning yigʻlashiga guvoh boʻlish...aqlga sigʻmaydi.
Yoki men parallel olamga tushib qolganman, yoki...bu yigit shu darajada azob chekyapti. Ammo, nega...
– Stiv, senga nima boʻldi oʻzi? – undan uzoqlashgach, koʻz yoshini tiya olmagani uchunmi, oʻzidan jahli chiqqandek mendan nigohini olib qochishga urindi. Kimningdir oldida ojizligini koʻrsatib qoʻygani u uchun yaxshi holat emasdi, albatta.
Soʻngra qaytadan yanoqlariga qoʻlimni qoʻyib, diqqatini oʻzimga qaratdim:
– Ichingda qanday toʻfonlar kechayotgan boʻlmasin, muammolaringni men bilan baham koʻr. Senga yordam berishni istayman.
Shunda, u asta bosh silkib qoʻygancha, shivirladi:
– Menga bu borada hech kim yordam bera olmaydi. Endi kech. Juda kech...
Tabiiyki, u nimani nazarda tutayotganini tushunmasdim, ammo, har bir soʻzidan borgan sari ichimdagi bezovtalik yanada kuchayaverardi.
– Emili, – yuzidagi qoʻllarimni kaftiga olib, pastga tushirar ekan, birdan jiddiylashdi, – senga bir muhim narsani aytishim lozim.
– Nimani?
Bu savolimdan keyin uning chehrasi oʻzgardi, qoshlari orasida tugunchak paydo boʻlib, peshonasida bir necha chiziqlar koʻrindi. Ammo, Stiven hali hamon gap boshlashga jurʼat qilmas, menimcha, umrida ilk bor chorasiz vaziyatga tushgandek edi.
– Hozir bilganlaringdan keyin qaytib yuzimni koʻrishni istamasligingni ham bilaman. Biroq, ortiq yashirishdan maʼno yoʻq. Chunki...seni bunday qiynalib yurishingni istamayman.
– Hech nimani tushunmayapman, Stiv.
U oxirgi bor sovuq nafas olib qoʻyar ekan, birdan dedi:
– Bu hammasi meni ishim!
– Nima sening ishing?
– Toʻrt yil oldin seni Jeymsdan voz kechishga majbur qilgan oʻsha voqea sababchisi menman. Oʻsha qotillik hodisasini ham oʻzim uyushtirganman.
Men eshitganlarimdan keyin bir necha soniyaga kiprik ham qoqmay jim turdim. Soʻngra, oʻz-oʻzidan yuzimga tabssum yugurdi.
– Yomonmas, – yelkasiga urib qoʻydim uni, – haziling kulgili boʻlmasa ham, ancha qoʻrqinchli chiqdi. Ortiq bunday oʻyin qilma.
Biroq, uning yuz ifodasi oʻzgarmadi. Menga oʻsha jiddiy nigohlari bilan tikilishi oqibatida yuzimdagi kulgu asta-sekin yoʻqoldi.
– Bu hech qanday oʻyin emas...afsuski, – taʼkidladi u.
– Meni shu safsataga ishonadi deb oʻylayabsanmi? Gaping qanchalik beʼmani eshitilayotganini oʻzing tushunyapsanmi?! Axir, bu imkonsiz!
– Nega?
– Chunki, sen menga bunday yomonlik ravo koʻrishingga hech qachon ishonmayman. Aksincha, hamma narsamdan ayrilib, imkonsiz qolgan paytimda yordam qoʻlini choʻzgan yagona inson oʻzingsan. Lekin, nega hozir qilmagan aybingni oʻz boʻyningga olishga urinyapsan, bilmadimu, biroq, bilib qoʻy, bu urinishing umuman oʻxshamadi.
– Qaniydi, hammasi sen aytganday boʻlsa...
– Nega yana bunday deyishda davom etyapsan? Bas qil.
Stiven oxiri chida olmay baqirib yubordi:
– Jin ursin, chunki chindan hammasi meni ishim, tushunyapsanmi? Oʻsha kuni birga koʻchaga chiqqaningizni bilib aynan men oʻsha bezorini ortingizdan borishi uchun yolladim. Liza bilan kelishib aynan men seni shantaj qilishini soʻradim. Meni deb sen unga gapiga ishonib oʻz shahringdan uzoqga ketding. Chunki, bularning bari kamina tomonidan oldindan rejalashtirilgan ishlar edi!
U jahlga toʻlgancha, oʻzini tiya olmay baland ovozda gapirar, men esa bu yigitda umuman yoʻq deb hislatlarimdan bittasi, gʻazabiga ilk bor duchor boʻlayotganim sabab lol-u hayron turardim. Havotir, chorasizlik, qaygʻu, jahl – bugun qarshimda Carper barcha qirralarini koʻrsatishga qaror qilgandek edi goʻyo.
– Boʻlishi mumkinmas, – soddalik bilan inkor qildim yana, – sen bunday qila olmaysan.
– Qila olaman, Emili, hatto bundanda battar ishlarni ham koʻz yumgancha qila olaman. Seni koʻp bora ogohlantirgandim, men sen oʻylagandek odam emasman, deya. Ammo, ishonmading. Yana oʻsha begʻubor bolalarcha qalbing bilan, mendek maraz odamni farishta oʻrnida koʻrding. Oqibatda esa...
"Yoʻq, uning gaplariga quloq solma. Seni aldayapti, undan nafratlanishing uchun atay shunday qilyapti. Hamma gaplari yolgʻon!" takrorlardi yuragim. Ammo, aqlim koʻz oʻngimda barchasining dalil isboti turganini bila turib, inkor qilishim ahmoqlik ekanligini uqtirardi. Men esa qay biriga quloq solishni bilmay, ikki oʻrtada sarson edim.
– Sen Lizning shartlariga osongina koʻnishingni, ilojsiz holda mendan yordam soʻrashingni, birga ketish taklifimga rozi boʻlishingni ham oldindan juda yaxshi bilardim. Shuning uchun, hammasi oʻylaganimdek boʻlishiga zarracha shubham yoʻq edi.
U gapirgani sari, gaplari yolgʻon boʻlishi mumkinligiga boʻlgan zigʻircha umidim soʻnib, achchiq haqiqat taʼmini sezib borardim. Buning taʼsirida dilim kimdir erinmay maydalayotgan shishadek, minglab boʻlaklarga boʻlinardi.
– N-nega? – tiragan ovozda arang soʻradim.
– Sababi oydek ravshan, oʻshanda sen qancha urinishlarimga qaramay uni tanlading. Men esa bunga jimgina koʻnib keta olmadim. Agar, oʻz ixtiyoring bilan boʻlmasa, shu yoʻl bilan seni yonimda olib qolishni yagona chorasi shu edi.
Stiv bularni bamaylixotir gapirar ekan, shu toʻrt yil ichidagi barcha azoblarim koʻz oldimdan oʻtdi. Men hayotimda suyanishim mumkin deb bilgan, uning tuygʻulariga javob qaytara olmaganim uchun oʻzimni ayblab kelishimga sababchi boʻlgan yagona inson shunday qabihlikka qoʻl urishini qabul qilish haddan ortiq mushkul boʻlib, misqollab toʻplangan ishonch bir lahzada yer bilan yakson boʻlgani aqlimga sigʻmasdi.
– Qanday, – shivirladim uning yuziga tikilgancha, - qanday hadding sigʻdi?
Tabiiyki, u boshqa bir soʻz demadi. Men esa ichimdagi unga boʻlgan qancha yaxshi hislatlarim bir zumda nafratga aylanayotganini his qilardim. Qizigʻi, bir necha daqiqa olding cheksiz hurmat bilan qaragan insonim, endi koʻz oʻngimda dunyodagi eng jirkanch kimsaga aylanishni juda yaxshi eplay oldi.
– Hamma sirlarimni senga ishonib aytganimni, hamma darlarimni koʻra bila turib ham shunday ablahlik qilshga qanday qoʻling bordi?! Jeyms men uchun qanchalik qardli insonligini hammadan ham yaxshi bilarding!
– Aynan shuning uchun ham shu ojizligingdan foydalandim.
Bu javobdan keyin ortiq oʻzimni tiya olmadim. Uning yuziga tushgan tarsaki ovozi xona boʻylab jaranglab chiqdi. Zarba kuchidan esa kaftim lovulladi, ammo, bu hozir meni qaygʻuga soladigan narsalar qatorida eng oxirgisi edi.
Stiven yegan shapalogʻidan yuzi chapga burilganiga qaramay, joyidan jilmay, sukut saqlashda davom etdi. Goʻyo, oʻz aybini yaxshi tushungani bois, har qancha gʼazabimga chidashga tayyordek, barmogʻi uchini ham qimirlatib qoʻymadi. Biroq, mening ahvolim birgina tarsaki bilan oʻz joyiga tushib qoladigan darajada emasdi.
– Nafratlanaman, – boʻgʻzimga tiqilgan yigʻini bosishga uringanim sabab, past ovozda dedim.
Afsuski, nafratim sababchisi boʻlgan kimsadan yana hech qanday javob boʻlmadi. Va aynan shu yerda, kaminada haqiqiy jazava boshlandi.
– Sendan nafratlanaman, eshityapsanmi?! – goʻyo shu bilan oʻch olishim mumkindek, dargʻazab holda koʻksiga mushtladim, – Koʻrgani koʻzim yoʻq, jin ursin seni!
Soʻngra, baribir ichim toʻlib ketganidan ortiq oʻzimni tiya olmay yigʻladim. Qoʻllarimdan mador ketguncha unga kuchsiz zarbalar tushirishda davom etib, koʻzlarimda yosh qolmaguniga qadar uzoq yigʻladim.
Chunki, chindan yuragim ogʻrirdi.
Toʻrt yil davomidan Jeymsdan bekorga ayrilganim uchun yoki oʻz yaqinlarimdan voz kechganim uchun emas, men hayoitmda ilk bora tavakkal qilib, ishonch bilishga uringan insonim hamma umidlarimni puchga chiqarganidan azob chekardim. Oʻzi aytgandek, men uchun farishta koʻringan insonning yuzidagi niqobi yechilib, aslida iblis boʻlib chiqqanidan qalbim tilka pora boʻlardi.
Nahotki, adashgan boʻlsam?
Nahot, qorongʻu kunlarimda menga yogʻdu taratmoqda deb oʻylagan yagona yulduz aslida shu zulmatim sababchisi boʻlsa?!
Chindan ham, shunchalik goʻl odammanmi?! Mendan foydalanish va istagan qoʻlda oʻyinchoq qilish shu darajada osonmi?
Oradan qancha vaqt oʻtganini bilmasdim, ammo, bogʻzim qaqshab, oyoqlarimdan mador ketganiga qaraganda yetarlicha oʻzimni yoʻqotganimni tushundim. Aqlim joyiga qayta boshlaganidan soʻng, ayni dam boshimni Stivenning koʻksiga qoʻyib olganimni, u esa meni tinchlantirishga urinish uchun yelkamdan quchib, sochlarimni silayotganini angladim.
Ha, yuragimni yaralagan insonning oʻzi endi menga malham boʻlishga urinardi.
Ablax!
Yashin tezligida uning bagʻridan oʻzimni tortib olgancha, ichimdagi bor nafratimni nigohlarimga jamlagab unga tikildim. Shashtimni koʻrgan bu iblis nimadir demoqchidek, men tomonga qadam tashar ekan, qatʼiy tarzda unga koʻrsatkich barmogʻimni oʻqtaldim:
– Yaqinlashma! Qaytib menga qoʻlingni uchini ham tekkiza olmaysan!
– Emili...
– Ismimni ham tilingga ola koʻrma. Bilib qoʻy, shu lahzadan boshlab men uchun oʻlgansan!
Stiven boshqa gapirmadi, ammo, har bir soʻzimdan soʻng yuz qiyofasi tundlashib boraverdi. Men esa uni yanada qiynashni, boshdan kechirayotgan azoblarimdan zarracha boʻlsa ham his qilishini istardim. Shuning uchun ham, ongim tilimdan chiqishi mumkin boʻlgan eng zaharli soʻzlarni tanlashga urinardi.
– Bilasanmi, avvaliga oʻz otang nega sendek oʻgʻlini sevmasligini koʻrib hayron qolardim. Vaqt oʻtib, mana endi tushunyapman. Chunki, ablaxsan. Shuncha yildan beri senga sarflagan har bir soniyam va eʼtiborimdan afsuslanaman. Umrim davomida eng qilgan katta xatoyim ham oʻzing boʻlib qolasan. Sen – men shu paytgacha hayotimda uchratgan eng razil, xudbin va pastkash odamsan! Qaytib qorangni ham koʻrishni istamayman. Seni ilk bor uchratgan oʻsha kunimga laʼnatlar boʻlsin!
Shunday deya keskin tarzda ortga burilib, bu yerdan tezroq ketish uchun tashqariga yoʻl oldim. Stiven ortimdan ergashmaganiga qaraganda, oxirgi soʻzlarim chindan nishonga tekkan va meni butunlayga yoʻqotganini tushunib yetgan koʻrinardi.
– Xonim, olib borib qoʻyaymi? – koʻchaga chiqishim bilan atay qilgandek qarshimda uning yordamchisi paydo boʻldi. Men esa hammasiga aynan shu odam sababchidek, dargʻazab holda yeb qoʻygudek qaradim. Nigohimdan ortiqcha gapirib qoʻyganini tushunib, bu yigit ham tezda ortga tisarilgancha, yoʻl boʻshatdi.
Tashqari hamon qorongʻu boʻlib, tun yarmidan oʻtib boʻlgan, tong otishiga esa hali bir necha soat vaqt bor edi. Havo esa salqin, ustiga ustak osmondagi barcha yulduzlarni toʻsib olgan ulkan bulutlar ham mening oʻrnimga koʻz yosh toʻkkandek, maydalab yomgʻir yogʻardi.
Sochlarimdan tortib, tirnogʻim uchigacha jiqqa hoʻl boʻlganimga ham eʼtibor qilmay, boʻm-boʻsh koʻcha boʻylab ohista qadam bosib borar ekanman, butun vujudim boʻshliqqa aylangandek edi. Bundan keyin nima qilishni, taqdir qanday boʻlishini bilmasdim. Men ishongan kelajak va yangidan qurishga uringan hayot hammasi sarobga aylandi. Oʻtmishimdan qolganlarini esa oʻz qoʻllarim bilan yakson qilib boʻlganman. Aynan mening ishonuvchanligim bois oʻzim ilingan qopqonda oʻzim qiynalmaganim yetmagandek, Jeyms va boshqalarni ham azoblanishga majbur qildim.
Xoʻsh, qanday qilib ularning yonlariga qayta olaman, koʻzlariga qanday qarayman?
Umuman, endi qanday yashayman?