EL-YURT OSOYISHTALIGI YO‘LIDA
Xurshida NISHONOVA
Respublikamiz miqyosida bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” profilaktik tadbirlari doirasida jamoat xavfsizligini ta’minlash, aholi farovonligini oshirish hamda huquqbuzarliklarning oldini barvaqt olish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Ayni paytda mazkur keng ko‘lamli tashabbusning uchinchi bosqichi bo‘yicha Guliston shaharlararo qo‘riqlash bo‘limi tomonidan shahar hududida samarali chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda profilaktik ishlarni kuchaytirish maqsadida qo‘riqlash bo‘limi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan o‘zaro hamjihatlikda ish olib borish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Mazkur hamkorlik asosida mahallalarda jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash va mulkiy turdagi huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan amaliy ishlar izchil davom etayotir.
Qo‘riqlash bo‘limi tezkor harakatlanuvchi guruhlari hamda qo‘riqlovga olingan obyektlarda xizmat olib borayotgan xodimlar tomonidan turli jinoyat va huquqbuzarlik holatlarining oldini olish bo‘yicha tezkor va samarali choralar ko‘rilmoqda. Har bir mahallada profilaktika inspektorlari bilan hamkorlikda xavfsizlik va farovonlikni ta’minlash, aholining osoyishtaligini mustahkamlashga qaratilgan tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, ko‘p qavatli turar joy binolarining kirish yo‘laklariga zamonaviy tashvish tugmalarini o‘rnatish orqali favqulodda holatlarda tezkor xizmatlarni jalb etish imkoniyatlari kengaytirilmoqda. Bu esa jamoat tartibini saqlash, aholi va mulk egalarining xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bundan tashqari, shahar hududi-dagi ko‘ngilochar maskanlar, restoran va kafe-barlar, tungi klublar hamda umumiy ovqatlanish shoxobchalarida ham tashvish tugmalarini o‘rnatish ishlari jadal sur’atlarda olib borilayotir. Bu kabi choralar jamoat joylarida huquqbuzarliklarning oldini olish, tinch va xavfsiz muhitni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
—Tashvish tugmasi haqida Sirdaryo viloyati Qo‘riqlash boshqarmasi axborot xizmati rahbari Javlonbek Valiqo‘ziyev quyidagilarni ma’lum qildi:
— Mazkur tugma bosilgan paytda xavf haqidagi axborot avtomatik tarzda monitoring markaziga uzatiladi va tegishli kuch hamda vositalar joyiga yo‘naltiriladi. Tashvish tugmasi asosan davlat obyektlari va boshqa turdagi obyektlarga savdo nuqtalari, davlat muassasalari, ta’lim va tibbiyot muassasalari hamda odamlar gavjum bo‘ladigan joylarda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida o‘rnatiladi. Ushbu tizim inson omilini minimallashtirgan holda tezkor harakat qilish imkonini yaratib, huquqbuzarliklarning oldini olish va fuqarolar xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Masalan, viloyat miqyosida 2024-yilda 2240 nafar fuqaroning xonadonlari qo‘riqlovga olingan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 5324 taga yetgan. Bu esa, 3084 taga yoki taxminan 138 foizga o‘sish demakdir. Qo‘riqlovga olingan obyektlar soni 2024-yilda 2194 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilda 4655 taga yetgan. O‘sish 2461 tani yoki qariyb 112 foizni tashkil qiladi.
O‘tkazilayotgan targ‘ibot-tashviqot tadbirlari davomida fuqarolar va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga qo‘riqlash xizmatining afzalliklari, xizmat ko‘rsatish turlari, shuningdek, sohada qo‘llanilayotgan zamonaviy texnik vositalar va innovatsion texnologiyalar haqida atroflicha ma’lumotlar berilmoqda. Bu esa aholining huquqiy ongini oshirish, shaxsiy va mulkiy xavfsizlikka bo‘lgan mas’uliyatini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Targ‘ibot ishlari natijasida o‘z xonadonlari va tadbirkorlik obyektlarini qo‘riqlash xizmatiga topshirish istagini bildirgan fuqarolar soni ortib bormoqda.
Mazkur profilaktik tadbirlar fuqarolarning tinch hayotini ta’minlash, jinoyatchilikning oldini olish va jamiyatda xavfsiz muhitni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu kabi tizimli va maqsadli ishlar kelgusida ham shahar, tumanlar kesimida izchil davom ettirilishi rejalashtirilgan.
Agar fuqarolarimiz Qo‘riqlash xizmati turlaridan foydananmoqchi bo‘lsalar, qisqa 1131 va (55) 651-45-06 raqamlariga murojaat qilishlari yoki Qo‘riqlash xizmati sayti orqali onlayn ariza qoldirishlari mumkin.
Xurshida NISHONOVA