EHTIROMGA LOYIQ USTOZ
Ta’lim-tarbiya tizimidagi islohotlarning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan o‘qituvchi va murabbiylarga bog‘liqligi sir emas. Shu sababli mamlakatimizda o‘qituvchilar mehnatini qadrlashga, ularga har jihatdan g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga harakat qilinmoqda.
Jumladan, mamlakatimizda ta’lim tizimini jahon andozalari asosida isloh qilish, yangi ilm maskanlari qurish, ularni zamonaviy texnika vositalari bilan jihozlash ishlari izchil davom ettirilmoqda. Ana shunday ilm dargohlaridan biri Prezident ta’lim muassasalari agentligi tasarrufidagi Ogahiy nomidagi ijod maktab-internatidir.
Bugungi maqolamiz shu muassasaning tajribali matematika fani o‘qituvchisi Polvonova Yulduzxon Saparboyevna faoliyati bilan tanishtirishga bag‘ishlanadi.
Polvonova Yulduzxon Saparboyevna 1980-yil 8-fevralda Yangiariq tumanida tug‘ilgan. 1997-yilda Yangiariq tumanidagi Mahmud az-Zamaxshariy nomli litseyni imtiyozli attestat bilan tugatgan va shu yili Urganch davlat universitetining fizika-matematika fakultetiga grant asosida o‘qishga kirgan. 2001-yilda bakalavr bo‘yicha imtiyozli diplom bilan bitkazib, 2001-2003-yillarda shu universitetning “Funksiyalar nazariyasi” yo‘nalishi magistraturasini muvaffaqiyatli tugatgan.
Y.Polvonova 2003-2004-yillarda UrDU ning fizika-matematika fakultetida stajor-tadqiqotchi lavozimida ishladi. 2005-2007-yillar mobaynida Xiva tumanidagi 55-son ixtisoslashgan maktabda, 2007-2019-yillarda UrDU qoshidagi 4-son akademik litseyda, hozirda Prezident ta’lim muassasalari tasarrufidagi Ogahiy nomidagi ijod maktab-internatida 2019-yil sentabrdan buyon matematika fani o‘qituvchisi bo‘lib ishlab kelmoqda. Pedagogik mehnat staji 22 yil. Ibratli oila bekasi, 1 nafar farzandi bor.
Polvonova Yulduzxon tajribali va mahoratli pedagog sifatida ta’lim jarayoniga innovatsion texnologiyalarni tatbiq etib, yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish borasida samarali faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. lmiy-uslubiy izlanishlari asosida uning muallifligida Urganch davlat universiteti ilmiy-uslubiy kengashining yig‘ilish bayonnomasiga asosan nashrga tavsiya etilgan “Ismli sonlar” (2016-yil) mavzusidagi o‘quv-uslubiy qo‘llanmasi chop etilgan.
2018-yil 22-fevralda O‘zbekiston “Adolat” SDP tomonidan faol, tashabbuskor, jamoa va oilada namuna ko‘rsata oladigan ayollarni aniqlash va ularni rag‘batlantirish maqsadida o‘tkaziladigan “Yilning eng faol adolatchi ayoli-2018” Respublika ko‘rik-tanlovining Xorazm viloyat bosqichida faol ishtiroki uchun Polvonova Yulduzxon Saparboyevna “Eng faol oqila ayol-2018” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.
Yulduz Polvonovaning sa’y-harakatlari bilan uning o‘quvchilari matematika fani bo‘yicha umumta’lim fani olimpiadalarining tuman, viloyat bosqichlarida hamda qator tanlovlarda sovrinli o‘rinlarni egallab kelishgan. 2019-2020-o‘quv yilida “SEAMO-2019” nodavlat xalqaro matematika fan olimpiadasida faol qatnashgan 5-sinf o‘quvchilari Yusupov Boboxon va Ozodova Xosilalar bronza medali sohibi bo‘lishdi va keyingi Avstraliyada bo‘ladigan bosqichiga yo‘llanma oldilar.
Y.Polvonova olimpiada tashkilotchilari tomonidan “Certificate of Appreciation”tashakkurnomasi bilan taqdirlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Xorazm viloyati Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi bilan hamkorlikda "O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi" munosabati bilan tashkil qilingan “Yaxshi muallim - sifatli ta’lim” Respublika ko‘rik-tanlovida faxrli 3-o‘rinni egalladi va III darajali diplom, kitoblar jamlanmasi va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Yulduz Polvonova Pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori PhD, dotsent, “Yangi asr” Universiteti prorektori D.N.Mamatovning ilmiy rahbarligida mustaqil tadqiqotchi sifatida “O‘quvchilarni mantiqiy fikrlashini “Blended learning” texnologiyasi asosida pedagogik loyihalashtirish (Ijod maktablari misolida)” mavzusida ilmiy ish olib bormoqda. Bu borada pedagog doimiy izlanishda bo‘lib hozirgacha ilmiy-amaliy tadqiqotlari bilan O‘zbekiston Respublikasi va xorijiy davlatlar konferensiyalarida, ilmiy anjumanlarida muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda, bir qancha maqolalari jurnallarda chop etildi.
Izlanuvchan ustoz 2022-yil 7-12-fevral kunlari Prezident ta’lim muassasalari agentligi huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi tomonidan tashkil etilgan “Zamonaviy trener dasturi” haftaligida muvaffaqiyatli ishtirok etdi va tashkilotchilar tomonidan taqdim etilgan sertifikatiga ega bo‘ldi.
2022-yil 8-oktabr kuni M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filiali tomonidan tashkillashtirilgan ''Renessans davri ilmiy tadqiqotlar yetakchisi'' Xalqaro konferensiya tanlovi g‘olibi bo‘lib maxsus guvohnoma va “Renessans yetakchisi” esdalik ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Mahoratli ustoz doimiy ravishda yangi pedagogik texnologiyalar, yangi metodlar bilan dars o‘tish maqsadida izlanishda bo‘lib hozirgacha ilmiy-amaliy tadqiqotlari bilan shug‘ullanmoqda. Murakkab mavzularni o‘qitish bo‘yicha elektron slayd va internet platformalaridan dars mashg‘ulotlarida samarali foydalanmoqda.
Polvonova Yulduz jamoat va tashkiliy ishlar borasida ham doimiy ravishda faol. Pandemiya davrida Agentlik tomonidan o‘quvchilarni o‘qitish bo‘yicha tashkil etilgan platformada ish tashkil qilish uchun matematika fanidan ijod maktablari o‘qituvchilariga moderatorlik qilib berilgan topshiriqni unumli bajarilishiga katta hissasini qo‘shdi.
Hozirda Y.Polvonova matematika fanlari doktori, professor M.A.Mirzaahmedov bilan hammualliflikda Prezident ta’lim muassasalari agentligi maktablari uchun mo‘lajallangan "Ijodiy matematika" nomli o‘quv-metodik qo‘llanma ustida ish olib bormoqdalar.
Yulduz Polvonova ta’lim muassasasida va mahallada o‘tkazilayotgan tadbirlarda faol qatnashib, mamlakatimiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning samaralarini keng targ‘ib qilib kelmoqda. Ustozning ko‘plab shogirdlari Respublikamizning turli sohalarida, bank va iqtisod yo‘nalishlarida samarali mehnat qilmoqdalar.
Yulduz Polvonova yuqori malakali va izlanuvchan pedagog, jonkuyar va samimiy inson sifatida jamoatchilik va aholi hurmatini qozongan. Yosh avlodni ona Vatanga muhabbat, milliy gʻurur, vatanparvarlik gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashga hissa qo‘shib kelmoqda.
Mashaqqatli, ammo sharafli kasbida ustozni shijoat va matonat hech qachon tark etmasligini, hamisha shogirdlar ardog‘ida yurishini, bosib o‘tgan hayot yo‘llarining har bir lahzasi asrlarga tatigulik bo‘lishini tilaymiz. Ustozning bundan keyingi ilmiy-uslubiy, pedagogik, ijodiy ishlarida ham muvaffaqqiyatlar va ulkan zafarlar tilab qolamiz.
💠 Prezident ta’lim muassasalari agentligi Xorazm viloyati hududiy bo‘limi