EGACHI

EGACHI


“O‘zbek xalq shevalari lug‘ati”da yozilishicha, ba’zi shevalarda “egachi” (“әkәji”, “egәch’”) deb akaning xotini, ya’ni yangaga nisbatan aytiladi. Ammo adabiy tilda, shuningdek, ayrim shevalarda “egachi” deganda “opa” tushuniladi: “egachi-singil” – “opa-singil”.

Bu so‘z “ega” so‘zidan yasalmagan, “Devon-u lug‘otit-turk”da “ӭkā” so‘zi bor va u shunday izohlangan: “ӭkā – opa. O‘g‘uzlar ӭzā deydilar”. Ba’zi o‘zbek shevalarida bu so‘z “acha”, “eja”; qirg‘izlar ham “opa”ni – “eja” deydilar. “Boburnoma”da Bobur bu so‘zni “aka” shaklida qo‘llaydi, ammo “Mo‘g‘ullarning sirli tarixi” asarida “ākā” so‘zi “ona” ma’nosida qo‘llangan.

“O‘zbek tilining etimologik lug‘ati”da Sh.Rahmatullayev “egachi” so‘zini: “akaning xotini, yoshi katta xotinga ayol kishining murojaat so‘zi. Bu so‘z qadimgi turkiy tildagi “opa” ma’nosidagi “ӭkā” so‘zidan e’zoz­lash ma’nosini ifodalovchi “-chi” qo‘shimcha bilan hosil qilingan”, deb izohlaydi. Ammo “Devon-u lug‘otit-turk”da “ӭkāch” shakli ham bor va u shunday izohlangan: “ӭkāch – o‘zining ortiq siyrakligi bilan odamlarga xuddi o‘z singlisidek tuyuluvchi yosh qiz; bu so‘z yosh qizlarni sevish, erkalash uchun qo‘llanadi”. Bu izohdan “-ch” qo‘shimchasining kichraytirish, erkalash ma’nosi ham borligi anglashiladi.

“Mo‘g‘ullarning sirli tarixi” obidasida turkiy so‘zlarning ko‘pligi haqida avvalgi maqolalarda ham aytgan edik, asarda “opa” ma’nosida bir necha o‘rinda aynan “egachi” (āgāči) so‘zi ishlatilganini ko‘rish mumkin. Xususan, Chingizxon tatarlar ustidan g‘alaba qozonib, tatar Yeke-Cheren (Yākā Čārān)ning qizi Yesugan xotun (Yāsügān qatun)ga uylanmoqchi bo‘ladi. Shunda Yesugan Chingizxonga: “Mening Yesuy ismli opam bor (āgāči Yāsui), xon mendan oldin opamga uylansa...”, deb opasini ham xonga taklif etadi. Asarning hozirgi mo‘g‘ul tiliga qilingan tabdilida asliyatdagi: “Mening egachim Yesuy” – “miniy egch Yesuy”, deb o‘girilgan, ya’ni hozirgi mo‘g‘ul tilida ham turkiy “egachi” – “opa” ma’nosida “egch” shaklida qo‘llanadi.

Alqissa, “egachi” – “opa”ning sinonimi, “-chi” qo‘shimchasi e’zozlash, erkalash ma’nosida, ba’zi shevalarda akaning xotiniga nisbatan ham “egachi” deb aytilishini esa hurmat yuzasidan, deb tushunish mumkin.             

 

Abduvohid HAYIT

“Jadid” gazetasining 2024-yil 8 -martdagi 11-sonida

Report Page