Dzyudochi Gulnoza Matniyozovaga davlat mukofoti, Tokio-2020ga yoʻllanma olgan sportchilar va ularning trenerlariga pul mukofotlari topshirildi
Shu kunlarda barchamiz Yaponiyaning Tokio shahrida oʻtkaziladigan XXXII yozgi Olimpiya oʻyinlari boshlanishini intiqlik bilan kutayapmiz. Odatda har toʻrt yilda bir marotaba boʻladigan Olimpiada musobaqalari bu safar 5 yillik siklda tashkil etilmoqda. Shu bois mazkur musobaqaga qiziqish har qachongidan yuqori.
Boz ustiga, bu safargi oʻyinlar xalqimizning eng ulugʻ va eng aziz bayrami – Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yillik toʻyiga ulanib ketmoqda. Bu ham Tokio-2020 yozgi Olimpiya oʻyinlariga boʻlgan qiziqishni oshirish barobarida sportchilarimizga katta masʼuliyat yuklaydi. Zero, xalqimizda toʻyga toʻyona bilan borishdek yaxshi urf-odat bor. Shunday ekan, sportchi oʻgʻil-qizlarimiz Tokio arenalarida muvaffaqiyatga erishib xalqimiz, qolaversa Prezidentimizni xushnud etishga intilishadi.
Olimpiya oʻyinlarini birinchilardan boʻlib dzyudo sport turi vakillari boshlab berishadi va ular 24-iyuldan medallar uchun tatamiga chiqishadi. Musobaqaga munosib tayyorgarlik koʻrish, qolaversa iqlimga moslashish maqsadida dzyudo boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari ertaga, yaʼni 11-iyul kuni Yaponiyaga joʻnab ketishadi.
Shu munosabat bilan bugun Turizm va sport vazirligida Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma olgan dzyudochilar hamda ularning murabbiylarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, Milliy olimpiya qoʻmitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov, Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi mutasaddilari, dzyudochilar, ularning murabbiylari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Xabaringiz bor, 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan bir guruh faol va tashabbuskor yoshlarni mukofotlash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni eʼlon qilindi. Quvonarlisi, ana shu mukofotlangan sportchilar qatorida dzyudo boʻyicha milliy terma jamoamiz aʼzosi ham bor. Bugungi tadbirimiz avvalida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.Abduvoxidov dzyudo boʻyicha terma jamoamiz aʼzosi Gulnoza Matniyazovani mukofotlash toʻgʻrisidagi Prezident Farmonini oʻqib eshittirdi hamda unga “Shuhrat” medalini topshirdi.
Oʻz navbatida G.Matniyazova ham soʻzga chiqib, bu mukofot unga katta masʼuliyat yuklashi, Tokio tatamilarida munosib qatnashgan holda yurtdoshlarimiz va Prezidentimizni quvontirishga astoydil harakat qilishini bildirdi.
Shuningdek, tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – Turizm va sport vaziri A.Abduhakimov ham nutq soʻzladi:
“Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlarini birinchilardan boʻlib boshlab beradigan dzyudochilarimiz bu safargi musobaqada har qachongidan koʻp – 11 ta litsenziya bilan ishtirok etishadi. Shuni alohida taʼkidlash kerak, mustaqil Oʻzbekistonning yozgi Olimpiya oʻyinlaridagi ilk medali aynan dzyudo sport turidan qoʻlga kiritilgan, 1996-yilgi Atlanta olimpiadasida hamyurtimiz Armen Bagdasarov Oʻzbekiston sport delegatsiyasiga kumush medal taqdim etgan. Keyinchalik ham polvonlarimiz Olimpiya oʻyinlarida munosib ishtirok etib, Abdulla Tangriyev, Rishod Sobirov va Diyorbek Oʻrozboyevlar ham sovrindorlar safidan joy olishdi. Umid qilamizki, bu yoqimli anʼana dzyudo Vatanida oʻtadigan Olimpiya oʻyinlarida ham davom etadi va bu safar polvonlarimiz nihoyat Olimpiya oʻyinlarida gʻoliblik shohsupasiga ham koʻtarilishadi”.
Tantanali taqdirlash marosimida XXXII yozgi Olimpiya oʻyinlarining 10 nafar (7 ta erkak, 3ta ayol) litsenziati hamda ularning murabbiylariga bir martalik pul mukofotlari topshirildi. Belgilanganidek, sportchilarga 100 mln, ularning murabbiylariga esa 50 mln soʻmlik sertifikatlar taqdim etildi.
Maʼlumot uchun, dzyudo boʻyicha terma jamoamiz delegatsiyasi ertaga Yaponiyaning Maydzuru shahriga joʻnab ketadi. Olimpiadaga tayyorgarlikning soʻnggi bosqichi aynan kunchiqar yurtda davom etadi.