Dzyudo: Abu-Dabidagi “Katta Dubulg‘a” turnirini vakillarimiz ikkita medal bilan yakunlashdi

Dzyudo: Abu-Dabidagi “Katta Dubulg‘a” turnirini vakillarimiz ikkita medal bilan yakunlashdi


Kecha BAA poytaxti Abu-Dabi shahrida o‘tkazilgan dzyudo bo‘yicha “Katta Dubulg‘a” turkumiga kiruvchi musobaqa o‘z yakuniga yetdi.

Musobaqaning ikkinchi kunida terma jamoamizning to‘rt nafar vakili medallar hamda qimmatli reyting ochkolari uchun tatamiga chiqishdi. Bular – Davlat Bobonov (-90 kg vazn toifasida), Muzaffarbek Toʻraboyev, Aqlmurodbek Xudoyberdiyev (ikkalasi ham -100 kg) hamda Shohruh Mamarasulov (+100 kg).


-100 kg vazn toifasidagi iste‘dodli dzyudochimiz Muzaffarbek Toʻraboyev kutilmaganda ilk bellashuvdayoq germaniyalik Folk Petersilkaga yutqazib qo‘ydi.


Shu vazn toifasidagi yana bir sportchimiz Aqlmurodbek Xudoyberdiyev esa ¼ finalda kanadalik Shadi Elhanasga qo‘shimcha daqiqalarda vazari bahosi bilan imkoniyatni boy berdi. So‘ngra u bronza medali yo‘lidagi o‘tish bahsida jahon reytingida 8-o‘rinni egallab turgan niderlandiyalik Mixael Korrelga ham yutqazib qo‘ydi. Natijada Xudoyberdiyev musobaqani 7-o‘rin va 260 reyting ochkosi bilan yakunladi.


+100 kg vazn toifasidagi polvonimiz Shohruh Mamarasulov bahslarga ikkinchi davradan qo‘shilgan bo‘lsa-da, o‘zining ilk bellashuvida mo‘g‘ulistonlik Tsetsentsengelga imkoniyatni boy berib, u ham musobaqadagi ishtirokini yakunladi.


Kechagi bahslarda tatamiga chiqqan sportchilarimizdan birgina Tokio-2020 Olimpiadasi sovrindori Davlat Bobonov nisbatan muvaffaqiyatli ishtirok yetdi. U avvaliga ¼ finalda tojikistonlik Jahongir Majidovni qo‘shimcha daqiqalarda ippon bahosi evaziga mag‘lubiyatga uchratdi. Biroq, Bobonov yarim finalda rossiyalik Mansur Lorsanovga qarshi tatamiga chiqdi va qo‘shimcha daqiqalardagi vazari evaziga imkoniyatni boy berdi.


Bronza medali uchun kechgan bahsda esa Davlat fransiyalik Fransis Damierga qarshi tatamiga chiqdi va raqibini ippon bahosi bilan mag‘lubiyatga uchratdi. Bu g‘alaba evaziga Bobonov bronza medali bilan birga 500 reyting ochkosini ham qo‘lga kiritdi.


Shu tariqa, dzyudo bo‘yicha mavsumning so‘nggi turnirida terma jamoamiz a’zolari bittadan kumush va bronza medaliga sazovor bo‘lishdi. Eslatib o‘tamiz, shanba kungi bahslarda hamyurtimiz Hikmatillo To‘rayev kumush medal sohibiga aylangan edi.


Report Page