Dunyo ahliga ma’rifat ulashgan buyuk alloma 

Dunyo ahliga ma’rifat ulashgan buyuk alloma 



 

 Bundan besh asr muqaddam hazrat Alisher Navoiy: “Turk nazmida chu men tortib alam, Ayladim ul mamlakatni yakqalam”, deb yozgan edi. Ya’ni ul zot ona tili bayrog‘ini baland ko‘tarib, butun el-ulusni, yurtlarni shu bayroq ostida birlashtirdim, deb iftixor qilgan. 

Shavkat Mirziyoev 

  

 Alisher Navoiy 1441 yil 9 fevralda Xuroson davlatining poytaxti — hozirgi Afg‘oniston hududidagi Hirot shahrining Bog‘i Davlatxona mavzesida tug‘ildi. Alisherning otasi G‘iyosiddin Kichkina Temuriylar saltanatining sodiq mulozimlaridan, bir muddat Sabzavor shahrining hokimi vazifasida ishlagan, onasi ham shu xonadon xizmatidagi ayollardan – shahzodalarni tarbiyalaydigan enagalardan biri edi. Navoiyning o‘zi bu haqda shunday yozadi: 

  

Otam bu ostonning xokbezi, 

Onam ham bu saro bo‘ston kanizi. 

  

 Alisher to‘rt-besh yoshlarida maktabga boradi. Olti yoshga to‘lganida (1447 yili) Xuroson podshosi Shohrux Mirzo vafot etib, Hirotda toj-taxt uchun kurash avj oladi. Shahar ahli notinchliklardan qochib, yon-atrofdagi hududlarga ko‘chadi. G‘iyosiddin Kichkina oilasi Iroqning Taft shahriga kelib yashay boshlaydi. Bu shaharda Alisher mashhur tarixchi, Amir Temur hayoti va faoliyatini muxtasar yoritgan asar - “Zafarnoma” kitobining muallifi Sharafiddin Ali Yazdiy bilan uchrashdi. Tasodifiy uchrashuv chog‘ida buyuk olim yosh Alisherning ziyrakligiga, aqlu farosatiga qoyil qoldi. Bu suhbat yuz berganda bo‘lg‘usi shoir Qur’onni “Taborak” (“Mulk” surasining ikkinchi nomi) surasigacha o‘qigan edi. Qur’oni karim o‘ttiz juz, ya’ni poradan iborat. “Taborak” surasi bilan esa yigirma to‘qqizinchi juz boshlanadi. Demak, Alisher olti yoshida Qur’onning yigirma sakkiz porasini o‘qib tushirgan. 

 Ko‘p o‘tmay, 1457 yili Abulqosim Bobur vafot etdi. Abulqosim Bobur vafotidan keyin Navoiy uchun hayotning murakkab, biroq mustaqil kurashlar davri boshlandi. U Mashhadda ilm tahsili bilan mashg‘ul bo‘lib, ko‘p do‘stlar orttirdi. She’rlari, bilimdonligi bilan el aro tanildi. Mashhaddagi mashhur kishilardan shayx Kamol Turbatiy bilan tanishuviga ham yosh Alisherning she’ri, ilmda zukkoligi sabab bo‘ldi. Navoiy Mashhadda sakkiz yil yashadi. Musofirlikning bu yillari Alisher uchun chinakam tahsilu mutolaalar davri bo‘ldi. 

 1464 yili shoir yana ona shahri Hirotga qaytdi. Bu shahar hamon Temuriylar saltanatining yirik madaniy markazlaridan biri bo‘lib, olimu fozillar ko‘p edi. Navoiy ona shahrida ijod qilib, obro‘ qozonishga umid bog‘ladi. Biroq 1459 yili hokimiyatni egallagan Abusaid Mirzo (Mironshoh Mirzo avlodlaridan, Boburning bobosi) o‘z poytaxtini Samarqanddan Hirotga ko‘chirgandi. Abusaid Mirzo Sohibqiron Amir Temurdan keyin Samarqand va Hirot taxtini birlashtira olgan, tajribali, qat’iy va shafqatsiz davlatboshi edi. 

 Navoiy Hirotda ilmu ma’rifat ahli bilan tig‘iz aloqalar o‘rnatdi. Tasavvuf olamining yirik shayxlaridan Abdurahmon Jomiy bilan ham shu yillarda tanishdi. Biroq podshohning ro‘yxushlik bermagani oxir-oqibat Alisherni tag‘in Xurosonni tark etishga majbur qildi. Tahsilini chuqurlashtirish, ilm o‘rganish maqsadida saltanatning bosh shahri Samarqandga jo‘natildi. Navoiy 1466 yili Samarqandga keldi. Asosiy sabab shoir va shoh o‘rtasidagi noxush munosabatlar ekanini Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”da keltirgan “Bilmon, ne jarima bila Sulton Abusaid Mirzo Hiridin ixroj qildi” qaydi ham tasdiqlaydi. Lekin bu rasmiy surgun emas edi. 

 Navoiy shaxsiy daromadlari hisobidan ko‘plab imoratlar qurdirdi. Ular orasida madrasalar, xonaqohlar, masjidlar, shifoxonalar, maqbaralar, ko‘priklar, to‘g‘onlar, hammomlar bor. Hirotdagi “Nizomiya”, “Ixlosiya” madrasalari, “Xalosiya” xonaqohi, “Shifoiya” tabibxonasi, Marv, ya’ni hozirgi Turkmanistonning Mari shahridagi “Xusraviya” madrasasi Navoiy qurdirgan eng mashhur me’moriy yodgorliklar hisoblanadi. Alisher Navoiy haqidagi manbalarda shoir o‘zi qurdirgan madrasa, shifoxonalarni kerakli jihozlar bilan jihozlatgan, faoliyat boshlagan binolarni mudarrislar, tabiblar va boshqa xodimlar bilan ta’minlagan.


Shoir kuch-quvvatga to‘lgan ayni o‘ttiz besh yoshida, ya’ni 1476 yili vazirlik lavozimidan ham iste’fo berdi. Biroq u mansabdan voz kechgan bo‘lsa ham, Sulton Husayn saroyining eng nufuzli kishilaridan biri bo‘lib qolaverdi. 

 Buyuklarga hech qachon oson bo‘lmagan. Navoiyning xalq orasidagi obro‘-e’tibori ham, shoh oldidagi mavqei ham ayrim kimsalarni xursand qilmas edi. Shoirning ashaddiy dushmanlaridan biri Majdiddin Muhammad bo‘lib, Sulton Husayn Mirzo taxtni egallaganidan keyin uni parvonachi lavozimiga tayinladi. Mudom adolatga zid ishlarni amalga oshirganini, xalqdan zo‘rlik bilan to‘plangan mablag‘ni aysh-ishratlarga sarflaganini ulug‘ mutafakkir podshohga tushuntirib, Majdiddinni lavozimidan chetlattirgan edi. Bu ular o‘rtasidagi kelishmovchilikni yanada kuchaytirdi. 

 Sulton Husayn xazinasida moliyaviy tanglik yuzaga kelgan mahalda Majdiddin yana yo‘lini qilib, shohning pinjiga kirib oldi. U Sulton Husaynga: “Huquq bering, men oz fursatda xalqdan yig‘ib kelay o‘sha mablag‘ni”, dedi. Shunday qildi ham. Shu bahona u shohning ishonchini qozonib, yana vazirlik lavozimini egallash harakatiga tushdi. Bu maqsadiga yetishi uchun esa, qanday qilib bo‘lmasin, Navoiyni Hirotdan uzoqlashtirishi zarur edi. Buning ham yo‘li topildi. Sulton Husayn Mirzo Navoiyni Xuroson davlatining g‘arbiy chegaralarida joylashgan uzoq Astrobodga hokim qilib tayinladi. 

 Navoiy hayotining so‘nggi 15 yili nihoyatda qizg‘in ijod davri bo‘ldi. Merosining kattagina qismini aynan shu — 45 yoshdan keyin yaratdi. Birinchidan, shoir davlat va jamiyat ishlaridan bir qadar forig‘ bo‘ldi. Ikkinchidan, uning asarlari yaratilishi ketma-ketligiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, muallif shoshilib, ulgurib qolishga intilib ishlagani ma’lum bo‘ladi. “Xamsa”dan keyin shoir “Zubdat ut-tavorix” asarini yozdi. 

 1488-1489 yillari Navoiyning ustozi Sayyid Hasan Ardasher vafot etdi. Bu paytda ham shoir Hirotdan yiroqda edi. Oradan ikki yil o‘tganidan keyin, ya’ni 1490 yili u “Holoti Sayyid Hasan Ardasher” asarini bitib, bu ajoyib insonning fazilatlarini bag‘oyat mehr bilan bayon etdi. 

 1492 yili Navoiyning boshiga yana bir og‘ir musibat tushdi. Piri va ustozi Abdurahmon Jomiy vafot etdi. Navoiy piri va ustozi uchun sohibi aza bo‘ldi. Jomiyning yil oshida zamonasining mashhur voizi Husayn Voiz Koshifiy Navoiyning piri va ustoziga bag‘ishlab bitgan mashhur marsiyasini Sulton Husayn huzurida qiroat bilan o‘qib turdi. Ustozi vafotidan ikki yil o‘tib, ya’ni 1494 yili Navoiy piri haqida “Xamsat ul-mutahayyirn” (“Besh hayrat”) asarini bitdi. 

 Navoiy 1501 yil 3 yanvar kuni Hirotda vafot etdi. 

 Navoiy yaratgan o‘lmas asarlar tuganmas ma’naviy mulk sifatida abadiy qoldi. O‘zbek xalqi bu boy meros bilan haqli ravishda dunyodagi buyuk adabiyot yaratgan millatlar qatoridan joy oldi. Turkiy olamda undan oldin ham, keyin ham bunday buyuk sohibi qalam chiqqani yo‘q. Olimlarning taxliliy ma’lumotiga ko‘ra, Pushkin o‘z asarlarida 21197 ta betakror so‘z ishlatgan, Shekspir salkam 20 mingta, Servantes mingtaga yaqin, Alisher Navoiy esa   1 million 378 ming 660 ta betakror so‘z ishlatgan.  

 Mana bu yil dunyo ahliga ma’rifat ulashgan buyuk alloma hazrat Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi keng tarzda nishonlanmoqda. Asrlar-u davrlar osha Alisher Navoiy jahon adabiyotining daho shoiri sifatida e’tirof etilaveradi. 

  

Jonibek Settiyev, 

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi  

To‘rtko‘l tuman bo‘linmasi rahbari

Report Page