"Duel" tanlovi nizomi
Lazizbek
BUXORO DAVLAT UNIVERSITETIDA TASHKIL ETILGAN “DUEL”
TANLOVI TO‘G‘RISIDAGI
NIZOM
UMUMIY QOIDALAR
1.1. Mazkur Nizom ijodkor yoshlar o‘rtasida “Duel” tanlovini (keyingi o‘rinlarda Tanlov deb yuritiladi) o‘tkazish tartibini belgilaydi.
1.2. Ushbu Tanlov ijodkor yoshlar o‘rtasida adabiy did va madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan ustuvor vazifalarni izchil amalga oshirishga yo‘naltirilgan.
1.3. Buxoro davlat universitetida tahsil olayotgan talabalarning millati, dini, ijtimoiy kelib chiqishi va tilidan qatʼiy nazar barchasi Tanlovda ishtirok etish huquqiga ega. Ishtirokchilar talabidan kelib chiqib, ularning Tanlov jarayonida o‘zbek, qoraqalpoq, tojik tillaridan foydalanishiga ruxsat beriladi hamda alohida baholanadi.
1.4. Tanlovni baholashda hakamlar hay’ati tuziladi.
1.5. Tanlov har mavsumda bir marta bo‘lib o‘tadi.
1.6. Tashkiliy qo‘mita Tanlov nizomiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish vakolatiga ega.
2. Tanlovning maqsad va vazifalari
2.1. Mazkur Tanlov yoshlarni adabiy did va saviyasini oshirish, ularning adabiyotga qiziqishi va ishtiyoqini yuksaltirish bilan bir qatorda kattalar she’riyat va bolalar she’riyati yo‘nalishlarida ijod qilayotgan yosh ijodkorlarning isteʼdodini sog‘lom raqobat asosida shakllantirish maqsadida tashkil etiladi.
2.2. Tanlovni tashkil etish orqali quyidagi vazifalar bajarilishi ko‘zda tutiladi:
– yoshlarning barcha qatlamlarini badiiy ijodga oshno etish, xususan, she’riyatiga bo‘lgan qiziqish va intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, joylarda adabiy muhit shakllanishiga erishish;
– qadimiy va betakror diyorimizdan yetishib chiqqan buyuk shoir va yozuvchilarning boy maʼnaviy merosini, umumbashariy sivilizatsiya, madaniyat, adabiyot taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ ajdodlarimizning noyob asarlarini asrab-avaylash va ulardan ibrat olgan holda ijodiy faoliyat olib borishni qo‘llab-quvvatlash;
– yoshlarni o‘zlikni anglash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ular o‘rtasida adabiyotga bo‘lgan qiziqishni keng ommalashtirish.
3. Tanlovni tashkil etish va o‘tkazish
3.1. Tanlovni tashkil etish va uni o‘tkazish vazifasi BuxDU “Mushoira” klubi koordinatori zimmasiga yuklatiladi.
– Tanlovning asosiy bosqichlari va tartib-qoidalari haqida ishtirokchilarni xabardor qiladi;
– barcha ishtirokchilar uchun teng sharoitlarni yaratadi;
– Tanlovni o‘tkazish borasida oshkoralikni taʼminlaydi;
– muddatidan oldin Tanlov natijalari haqida maʼlumotlar tarqalishining oldini olish choralarini ko‘radi;
– Tanlov ishtirokchilari o‘rtasida yuzaga keladigan nizolarni hal etadi;
– Mazkur Nizomga asoslangan holda Tanlovning o‘tkazilishini tashkil etadi.
3.2. Tanlovda ishtirok etishni xohlovchi yoshlar loyihaning telegramdagi maxsus manzili orqali ro‘yxatdan o‘tadilar.
3.3 Tanlovda Buxoro davlat universitetida o‘qiyotgan, 15-30 yosh oraligʻidagi ijodkorlar ishtirok eta oladi.
4. Tanlov shartlari va baholash mezonlari
4.1. Tanlov 2 bosqich: yarim final hamda final bosqichini o‘z ichiga oladi.
4.2. Ishtirokchilar o‘rtasida qur’a tashlash yo‘li bilan o‘zaro raqiblar aniqlanadi. Tanlangan raqiblar o‘zaro bellashishadi. Bunda o‘zlari yozgan she’rlardan galma-gal 5 tasini o‘qib berishlari kerak bo‘ladi. (Istisno tariqasida: O‘zlari yoqtirgan ijodkor ijodidan 1 ta she’r o‘qib berishlari mumkin) Shu vaqtning o‘zida hakamlar tomonidan ishtirokchilar 10 ballik tizimda baholanadi.
4.3. Eng yuqori balni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar final bosqichiga yo‘llanma olishadi.
4.4. Final bosqichida hakamlar tomonidan avvaldan tayyorlangan 5 ta konvertlardan biri kelishgan holda tanlanadi va konvert ichidagi mavzu doirasida belgilangan vaqt (30 daqiqa) ichida she’r yozish sharti belgilanadi. Tayyor bo‘lgan ijodiy ishlar hakamlar hay’ati tomonidan yuqoridagi mezonga muvofiq baholanadi. Shundan so‘ng ikkita shart natijasiga ko‘ra ballar hisoblanib g‘oliblar aniqlanadi.
4.5. Tanlov e’lon qilingandan so‘ng qatnashish istagi bo‘lgan ishtirokchilar bir hafta ichida ro‘yxatdan o‘tishlari kerak.
5. Baholash komissiyasi va baholash mezonlari
Duelchilar quyidagi mezonlar asosida baholanadi:
5.1. Tanlangan g‘oya va mavzuning ochib berilishi – 3 ball;
5.2. She’rning uslubi – 3 ball;
5.3. Ijokorning badiiy topilmalari – 3 ball;
5.4. She’rni intonatsiya bilan o‘qish mahorati – 1 ball.
6. G‘oliblarni taqdirlash
6.1. Tanlovning final bosqichida g‘olibi bo‘lgan 1-, 2-, 3- o‘rin sohiblari pul mukofoti, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishadi.
7. Yakuniy qoidalar
7.1. Tanlov qoidalarini buzgan, madaniyat va odob-ahloq qoidalariga rioya qilmagan ishtirokchilar tanlovdan chetlashtiriladi.
7.2. Tanlovga homiylik qilish barcha tashkilotlari uchun ochiq.
7.3 . Tashkiliy ishchi guruhi tanlovga qo‘shimcha o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishi mumkin.
Hakamlar hay’ati qarorlari ustidan shikoyat qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.