Diydor (hikoya)

Diydor (hikoya)

O.Henry

Ota odatdagidek ishdan kech qaytdi. Horgʻin gavdasini arang sudrab ostona hatladi. Boʻsagʻada mijja qoqmay koʻzlari toʻrt boʻlib, uni intiq kutayotgan besh yashar oʻgʻli qarshi oldi.

– Salom, dada! – dedi u quvonchdan koʻzlari porlab.

– Salom, boʻtalogʻim, haliyam yotmadingmi?

– Yoʻq, – deya javob berdi bola va sabrsizlik bilan soʻradi: – Dada, maylimi, sizga savol bersam?

– Mayli. Qani eshitaylik-chi, oromingni oʻgʻirlab, allamahalgacha senginani yoʻlimga intizor qildirgan qanday savol boʻldi u?

Besh yashar bolaning kutilmagan savoli otani tang qoldirdi-yu, turib-turib jahlini chiqardi.

Bemahalda boshqa boʻlmagʻurroq savol topolmadingmi? Qolaversa, bu sening ishing emas, shumtaka.

– Dada, iltimos, men shunchaki bilmoqchi edim, ayta qoling, bir soatda qancha pul topasiz? – oyoq tirab oldi bolakay.

Bolaning hukmi poshshoning hukmidan ustun emasmi, ota qarasa, javob bermasa boʻlmaydigan, jovdirab tikilayotgan begʻubor koʻzlar bilan nigohi baqamti kelganida koʻngli iyidi va:

– Bir soatda 20 dollar ishlayman, qoʻzim, – deya javob qildi u bolasining boshini silab.

– Yashasin! – qichqirib yubordi kichkintoy. Dada, menga 10 dollar qarz berib tura olasizmi?

Bunisi hammasidan oshib tushdi va dargʻazab otaning sabr kosasi toʻlib, ortiq jahlini oʻzini tutib turolmadi.

– Iye, tagʻin yana nimani oʻylab topding. Qayerdagi keraksiz oʻyinchoqlarni sotib olishim uchun dadam 10 dollar beradi, deb oʻylasang, chuchvarani xom sanabsan. Qani hoziroq oʻrningga borib yot, oxirgi paytlarda qanchalar xudbin boʻlib ketganing haqida bosh qotirib koʻr! Men har kun betinim mehnat qilaman va jonim halqumimga kelib arang uyga qaytaman. Sening xarxashalaring va injiqlaringni koʻtarishga tobim yoʻq!

Moʻltirab tikilib turgan koʻzlarga yosh qalqdi. Bolakay indamay ortiga oʻgirildi. Charchagan ota dam olgali oʻrniga choʻzildi, biroq har qancha horigan, jismonan ezilgan boʻlmasin, hadeganda koʻzlariga uyqu inay demasdi. Asablari dosh bermay, bolasiga nooʻrin baqirgani uchun koʻngli buzildi.

“Tun yarmigacha uxlamay, topgan savolini qarang. Qiziq, 10 dollar unga nega kerak boʻlib qoldiykin?”.

Shu yoʻsinda oradan bir soat oʻtdi. Ota u yoniga agʻdarildi, bu yoniga agʻdarildi, lekin koʻzlari ilinmadi. Bu turishda saharga dovur uxlolmasligini anglab, oʻrnidan turdi.

Hovuridan tushgan ota sokin oʻy surar ekan: “Chindan bolam shu 10 dollarga muhtoj boʻlsa, gapini eshitmay turib, kutganini ham roʻy-xotir qilmay jigargoʻshamni urishib berdim”, deya koʻngli xijil boʻldi.

U oʻgʻlining xonasi tomon yoʻnaldi. Eshikni sekingina ochib:

– Uxlayapsanmi, bolajonim? – deb soʻradi.

– Yoʻq, uygʻoqman, dada.

– Senga nisbatan nohaqlik qildim, qoʻpollik qilganimni tushundim. Mendan xafa boʻlmadingmi? Baʼzan kattalar ham xato qiladilar. Mana senga 10 dollar, endi eski ginalarni unutamiz.

Bola pulni qoʻliga ham olmay, chopqillab borib yostigʻining ostidan bir dasta gʻijimlangan pullarni chiqardi. Oʻgʻlining harakatlarini sukut saqlab kuzatib turgan ota hayratda edi.

– Shuncha puling bor ekan, mendan tagʻin 10 dollar soʻraganing nimasi, boʻtalogʻim?

– Pulim borlikka bor ediku-ya, ammo yetmasdi-da. Mana endi 20 dollarim bor. Dada, men bir soat vaqtingizni sotib olmoqchiman. Ertaga uyga vaqtliroq keling, birga ovqatlansak, devdim…



Report Page