Diniy qadriyatlar – maʼnaviy komillik asosi

Diniy qadriyatlar – maʼnaviy komillik asosi

Din ishlari bo'yicha qo'mita

Inson maʼnaviy olamida diniy qadriyatlar muhim va ustuvor o‘rin egallaydi. Xalqimizning maʼnaviy va diniy qadriyatlari tarixan uyg‘un holda rivojlanib, takomillashib borgan. Insoniy fazilatlarning eng yuqori cho‘qqisi, shubhasiz, odob-axloqi, yuksak maʼnaviy-maʼrifiy tafakkuridir.

Jonajon yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va barqarorlikni yana-da mustahkamlashda maʼrifiy Islomning o‘rni beqiyos. Asrlar silsilasida ajdodlarimiz muqaddas bilib, eʼtiqod qilib kelayotgan Islom dini taʼlimoti o‘zining bag‘rikeng va moʻtadil, mehr-oqibat, odob-axloqqa yo‘g‘rilgan tinchlikparvar g‘oyalari bilan barqarorlikka rahna soluvchi har qanday illatni keskin qoralaydi va insonlarni ezgulik yo‘lida birlashib, hamkor va hamnafas bo‘lib, taraqqiyotga g‘ov bo‘ladigan turli shakldagi to‘siqlarga qarshi maʼrifat bilan kurashishga chaqiradi.

Millatimizning diniy-maʼnaviy qadriyatlari haqida gap ketganda, eng avvalo, uzoq asrlar qaʼrida yuzaga kelgan, vatanparvarlik, do‘stlik, tinchliksevarlik, mehmondo‘stlik, mehnatsevarlik, mehr-muruvvat, or-nomus, halollik, oilaparvarlik, mehr-oqibat, birodarlik va ahil qo‘shnichilik munosabatlari kabi ezgu insoniy fazilatlarni alohida qayd etish o‘rinlidir. Tom maʼnoda, bugungi shiddatli globallashuv davrida diniy qadriyatlar inson maʼnaviyatining barqaror rivojlanishida muhim o‘rin tutadi.

Ruhiy-ma‘naviy kamolot insoniyatning doimiy dolzarb masalalaridan sanaladi. Har tomonlama barkamol shaxslardan tarkib topgan jamiyat taraqqiyotning yuqori pog‘onalarini tez va oson zabt eta olishi tarixiy haqiqatlardandir.

Shu ma‘noda, so‘nggi vaqtlarda yurtimizda ma‘naviyat va ma‘rifat sohasiga jiddiy e‘tibor qaratilib, izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2022-yil 28-yanvarda tasdiqlangan “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”da ham ushbu jihatlar ustuvor belgilangan. Unga ko‘ra, Taraqqiyot strategiyasining V yo‘nalishi “Ma‘naviy taraqqiyotni ta‘minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish”ga yo‘naltirilgan.

Ushbu jihatlarni e‘tiborga olgan holda, bugun, 2-iyun kuni “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatida Taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq hamda xodimlarning diniy-ma‘rifiy tafakkurini yuksaltirish maqsadida “Diniy qadriyatlar – ma‘naviy komillik asosi” mavzusida davra suhbati tashkil qilindi.

Davra suhbatida Jamiyat Ijro apparati xodimlari hamda tizim korxona va tashkilotlari videokonferensaloqa orqali ishtirok etdilar.

Tadbirni Boshqaruv raisining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha maslahatchisi Surayyo Po‘latova kirish so‘zi bilan ochib berdi hamda ishtirokchilarni taklif etilgan mehmonlar bilan tanishtirdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Dilbar G‘ulomova, Respublika targ‘ibot guruhi a‘zosi, Xalq ta‘limi a‘lochisi Muazzam Rahmatullayeva, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi katta o‘qituvchisi Saidafzal Saidjalolovlar ishtirok etishdi.

Notiqlar tomonidan milliy, diniy qadriyatlar, e‘tiqod erkinligi, ruhiy-ma‘naviy tarbiya, “Jaholatga qarshi ma‘rifat” g‘oyasining bugungi kundagi amaliy ahamiyati, oilalarni mustahkamlash, ayniqsa, yosh oilalarni, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, oilaviy munosabatlarni tartibga solish va asrab-avaylash, zamonaviy o‘zbek oilasiga qo‘yiladigan talablar borasida muhim ma‘lumot va zaruriy tavsiyalar berib o‘tildi. O‘z hayotiy-kasbiy tajribalari bilan bilan o‘rtoqlashib, tadbir qatnashchilariga muhim ma‘naviy ozuqa ulashishdi.

Shu bilan birga, Jamiyat tizimida joriy etilgan “Odob-axloq kodeksi”ga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

Davra suhbati qizg‘in bahs-munozaralarga boy o‘tib, barchada iliq taassurot qoldirdi. 

Tadbir yakunida tashrif buyurgan mehmonlarga mazmunli ma‘ruzalar uchun alohida minnatdorchilik bildirildi hamda Jamiyatning tashakkurnomalari topshirildi.

Ta‘kidlash joizki, bu kabi ma‘naviy-ma‘rifiy tadbirlar ishchi-xodimlarning shaxsiy va kasbiy sifatlarini takomillashtirishga, soha rivojiga, ma‘naviy hayotimizni yanada yaxshilashga sezilarli ta‘sir etishini inobatga olgan holda reja asosida davomli tashkil etib boriladi.




Report Page