Didaktik tamoyillar

Didaktik tamoyillar


Didaktik tamoyil - bu o'qitish va o'qish jarayonida qoʼllaniladigan, darsning samaraliligini oshirishga yo'naltirilgan qoidalardir. Ta'limda ulardan foydalanish darsdan kutilgan maqsadga erishish uchun yaxshi natija beradi. Quyida ulardan bir nechtasini sanab o'tamiz.

 1. Faollik tamoyili

Oʼquvchi uchun o‘zi qatnashgan, yetakchilik qilgan dars jarayoni o‘rganish va esda saqlab qolish uchun eng munosib darsdir. Shu tufayli, oʼquv vaziyati bir oʼquvchi bir-nechta jarayonda ishtirok eta oladigan qilib tashkillashtirilishi kerak. Natijada bu bilim uning xotirasida chuqurroq o'rnashib qoladi. O‘quvchi individual o'zlashtirish qobiliyatiga ham o’zi faol bo’lgan darslarda takror-takror qatnashish orqali erishishi mumkin. Buning uchun esa, oʼqituvchi juda yaxshi uslubiy qobiliyatlarga va koʼnikmalarga ega boʼlishi kerak.

2. Nazariya va amaliyotni bog‘lash tamoyili

O‘qitilayotgan mavzu, albatta, amaliyotga taalluqli boʼlishi shart. Bu oʼquvchilarning ta’lim olishga bo‘lgan ishtiyoqini oshiradi. Ular kasb-hunar amaliyotida haqiqatdan ham qoʼllaniladigan bilimlarni oʼrganayotganliklarini his qiladilar. Nazariy bilimlar doim kasb-hunar amaliyoti bilan bogʼlanishi lozim. Аmaliy taʼlim ham oʼz navbatida nazariy bilimlarga asoslangan boʼlishi kerak.

3. Koʼrgazmalilik tamoyili

Mashgʼulot jarayonida oʼquvchilarning individual oʼzlashtirish qobiliyatini sayqallash uchun iloji boricha sezgi a’zolarini ko‘proq ishga solishga e’tibor qaratish kerak. Buning uchun iloji boricha bilimlarni koʼrgazmali va real hayotga yaqin qilib uzatish kerak. Bu bir tomondan tilning tushunarliligini va taʼlim jarayonida audio-vizual vositalardan foydalanishni talab qilsa, ikkinchi tomondan, u bevosita jonli ish jarayonini va real obyektlar bilan oʼqitishni talab qiladi. Dars jarayonida bilimlar koʼrgazmali berilsa, oʼquvchilar bu bilimlarni oʼzlashtirishlari osonlashadi va oʼquv jarayoni yanada qiziqarli boʼladi.

4. Tushunarlilik tamoyili

Oʼquv materialining mazmuni shunday tanlangan va tuzilgan boʼlishi kerakki, oʼquvchilar uni oʼzlarining avvalgi bilimlari bilan bogʼlay olishi va tushunishda qiynalmasligi lozim. Yaʼni, oʼquv materialining mazmuni, shuningdek, oʼqituvchining tili va fikrlarni ifodalash usuli oʼquvchilarning bilimi, saviyasiga mos kelishi lozim, ammo - bu oʼqituvchi ilmiy tildagi terminlardan foydalanmasligi kerak, degani emas.

5. Namunalardan foydalanish tamoyili

Oʼqituvchi oʼquv materialining mazmunini tushuntirish uchun har doim yaxshi namunalarni tanlashga harakat qilishi kerak. Amaliyotdan tanish misollar keltirish, mavzuning yaxshi hamda yomon tomonlari qanday boʼlishini aniq koʼrsatadi.

6. Didaktik reduksiya tamoyili

Berilayotgan bilimlarni oʼrgatish uchun bu bilimlar kerakli miqdorgacha qisqartirilishi lozim. Oʼquv materialining hajmi juda kattaligi sababli, undan aynan kasb-hunar vazifalarini bajarish uchun kerakli qismlar tanlab olinishi kerak. Kompleks(umumiy) va murakkab topshiriqlar doimo didiktik ravishda osonlashtirilishi lozim, lekin mazmun saqlab qolinishi kerak. Agar faqat boshlangʼich bilimlar kerak boʼlsa, oʼquv materilini iloji boricha oddiyroq tushuntirishga, nihoyatda qiyin va keng qamrovli o'quv materiali bilan oʼquvchini qiynamaslikka harakat qilish kerak. Tajribali oʼqituvchi murakkab narsalarni oson soʼzlar bilan tushuntira oladi.

7. Ilmiylik tamoyili

Oʼquv materiali shunday tanlanishi kerakki, u ilmiy jihatdan aniq tasdiqlangan yoki ilmiy tadqiqotlar asosida o‘rganilgan boʼlishi kerak. Shuningdek, fanning yangi yutuqlari va kashfiyotlarini oʼzida aks ettirishi lozim. Oʼqituvchining taxminiga yoki subyektiv fikriga asoslangan material qoʼllanilmasligi kerak. Ma’lumotlar, albatta, nazariy tasdiqlangan va amalda sinalgan boʼlishi shart.

8. Bilimlarni qo'llash tamoyili

O‘quvchi oʼrgangan bilimlarini amalda qoʼllay bilishi kerak. Shuning uchun darsda amaliyot uchun ham muhit yaratilishi kerak.

9. Natijalarni mustahkamlash tamoyili

Kishi shunchaki koʼrgan, eshitgan narsalarini tezda unutib qo‘yadi. Shu sababli o‘rganilgan bilimlarni, albatta, mashqlar  bilan mustahkamlash kerak. Erishilgan kichik natijalar esa o‘sha joyda baholanishi va tan olinishi kerak. Bu oʼqituvchi va oʼquvchi oʼrtasida doimiy aloqa boʼlishini talab qiladi, natijalar esa maxsus “Baholash varoqlari”da qayd qilinishi kerak.


Kanalga obuna bo`lish:👇👇👇

Telegram |Facebook |Instagram


 

Report Page