Oliy ta'lim vazirligidagi tizimsizlik va ulkan devor

Oliy ta'lim vazirligidagi tizimsizlik va ulkan devor

O'zbekiston Milliy universiteti magistranti

Men O'zbekiston Milliy universitetida magistrantman. Oliy ta'limda 6 yildan beri tahsil olib kelaman. Bizning ta'lim tizimimizda talaba-magistrlar hamda rahbariyat o'rtasida juda ulkan devor borki, devor ortida nima bo'layotganligini faqat rahbariyatdagi "kattakonlar" biladi, ular oddiy talaba yoki magistrga hisobdor emas. Qilgan ishlarining hammasi qonunlarga to'g'ri kelaveradi.

Davlatning eng nufuzli tanlovlaridan biri bo‘lgan Prezident Davlat stipendiyasi tanlovi Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi qo‘lida tizimsiz yakunlandi. Tashkilotchilarning masʼuliyatsizligi va aniq tizim bilan qurilmaganligi tufayli eng nufuzli tanlovning saralash bosqichida ko‘plab jarayonlar tushunarsiz, noxolis va to'g'ri bo'lmagan vaziyatlarni vujudga keltirdi. Bu esa ko'plab iqtidorli talabalar orasida tanlov va uning nufuziga ishonchsizlik fikrini shakillantirdi.

Voqealar rivojini qisqa qilib keltirib beraman: 

  1. Taxminan oktabr oylarida Prezident stipendiyasiga hujjatlar yig'ila boshlandi. hujjatlarni hammasi qog'oz shaklda yig'ildi.
  2. Noyabr oyida hamma hujjatlar elektron shaklda stipendiya.edu.uz platformasiga elektron yuklandi va arizalar topshirildi.
  3. Orada universitet bosqichi, 3 bosqichli tanlov imtihonlari bo'lib o'tdi, hujjatlar 1-tartibda ko'rib chiqildi, hujjatlarni Respublika bosqichiga taqdim etish kabi jarayonlar bo'lib o'tdi.
  4. Dekabr-yanvar oylari stipendiya tanlovi bo'yicha deyarli rasmiy tashkiliy jarayon bo'lib o'tmadi. Hammasi shundan boshlandi. Aniq rasmiy axborot yo'q, qanday jarayonlar bo'layotganligini hech kim bilmaydi. Fevral oyi boshida birdan rasmiy axborot keldi, qachon Respublika bosqichi bo'lishi haqida.
  5. 7-fevralda nomzodlar uchun vazirlikda konsultatsiya, 8-fevral DTM binosida imtihon, 10-fevral vazirlik komissiyasida suhbat.
  6. DTM imtihoni natijalari 10-fevralda eʼlon qilindi.
  7. 9-fevralda esa hujjatlar uchun tuzilgan ekspertlar komissiyasi tomonidan nomzodlarning hujjatlari ko‘rib chiqilgan. (Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirining 2022-yil 27-yanvardagi "2021/2022 o‘quv yili uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyasi hamda Navoiy, Beruniy, Ulug‘bek, Ibn Sino, Imom al-Buxoriy, Islom Karimov, To‘lepbergen Qaipbergenov va Ibroyim Yusupov nomli davlat stipendiyalariga tanlovlar o‘tkazish to‘g‘risida"gi 32-son buyrug‘iga asosan)

Muammo nimada?

Muammo shundaki, nomzodlarni suhbatga kirish (vazirlik komissiyasiga kirish) jarayonigacha bo‘lgan umumiy baholash tizimining yo‘qligida. Prezident Davlat stipendiyasiga magistrlar uchun 22 yo‘nalishda tanlov eʼlon qilingan. Nomzod tomonidan bir necha yil davomida yig‘ilgan hujjatlar 1 kun davomida hech qanday asoslarga ega bo‘lmagan tizim orqali baholash juda ko‘plab noroziliklarni keltirib chiqardi.

Barcha hujjatlar bir necha bosqichdan o'tib, saralanib va vazirlikka jo'natilgan. Kamiga imtihonlar kechiktirildi va fevral oyiga qoldirildi (qoldirilganligi ham tushunarsiz, hujjatlarni qabul qiladigan platforma esa shoshilinchda qilinganligi bir qarashda ayon, juda ko'p kamchiliklari bor, «O‘zbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida» Vazirlar Mahkamasining 226-son (13.10.2008) qarorida talab qilingan jarayonlarga mos kelmaydi).

Hujjatdan screenshot
Menda aynan shu holat bo‘yicha vazirlikka bir nechta ochiq savolim bor. Bu savollar ko‘pchilikka qiziq:

1. Nima uchun eng nufuzli tanlovni baholaydigan konkret tizim normasi vazirlik tomonidan tasdiqlangan versiyasi yo‘q? Nima uchun nomzodlarga suhbatdan oldin appelyatsiya komissiyasi tuzib berilmadi? Nega baholashning aniq strategiyasi yo'q? Baholash tizimi mavjud bo'lmagan joyda adolat bo'lishiga kafolat bormi? Baholashning konkretlashgan, kriteriyalarga asoslangan tizimi bormi? 22 yo‘nalishda hujjatlarni ko‘radigan ekspertlar komissiyasi standartlar asosida baholagan umumiy reyting qani? DTM imtihoni bali Umumiy baholash tizimining necha foizini tashkil qiladi? Nega aniq tizim mavjud emas eng nufuzli tanlovda? Suhbatgacha bo'lgan jarayonda expertlar xulosasining nomzodlarga qo'yilgan umumiy baholagan reyting pratakoli mavjudmi? Agar mavjud bo'lsa nomzodlarning reytingi qanday shakllantirilgan? Nomzodlarga qo'yilgan umumiy ball qayerda? Nomzodlar tomonidan yig'ilgan hujjatlar qaysi mezonlarga asosan baholangan? Tayyorlangan hujjatlarga necha ball beriladi, qaysi maqolalar qanday baholanadi, Scopus bazasidagi jurnallarda chiqqan maqola qanday baholanadi, Impact Factor darajadagi maqolalar qanday baholanadi, OAK tan olgan jurnallar qanday baholanadi, Respublika va xalqaro ilmiy jurnallari qanday baholanadi, Respublika va xalqaro darajadagi konferensiyalarda chiqargan maqolalar qanday baholanadi, olingan yutuqlar, sertifikatlar, diplomlar, patentlar, ixtirolar qanday baholanadi, ilmiy risola, ilmiy kitoblar va monografiyalar qanday baholanadi, DTM da olgan imtihon bali umumiy ballning necha foizini tashkil qiladi, magistr ilmiy ishlar qilish davomida mavzusidan chiqib ketmagan holda ijtimoiy loyihalarda ishtiroki qanday baholanadi, Xalqaro va Respublika darajasida ilmiy-amaliy grantlarda ishtiroki qanday baholanadi? Bularning aniq javobi yo‘q. Hammasi ekspert kayfiyatiga bog‘liq!

2. Baholashda aniq konkret tizim mavjud emasligini o‘zlari ham tan oldi. 22 yo‘nalishda hujjatlarni ko‘radigan ekspertlar komissiyasi standartlarga solinmagan holda baholashgan ballarni nega bizga ko‘rsatishmadi? Yaʼni kim nimani xohlasa shunday holatda baholaganligi ochilib qolishidan qo‘rqishdimi? Umumiy ballar nega eʼlon qilinmadi?

3. Bu yerda (baholashda) katta chalkashlik mavjud. Kimdir DTM baliga urg‘u bersa, kimdir oddiy sertifikatlarga, yana kimdir boshqa narsaga. Prezident stipendiyasi tanlovida nima uchun baholash tizimi mavjud emas? Agar mavjud bo‘lsa nega hammaga eʼlon qilinmaydi? Nima uchun biz kimningdir kayfiyatiga qarab javob kutishimiz kerak?

Aytaylik nomzod Scopus bazasiga kirgan jurnalda maqola chiqardi, uning bahosi nechchi bo‘lishi ekspertning xohishiga bog‘liq. Aytaylik kimdadir 50 ta maqola bor, u maqolalar qayerda chiqishidan qatʼiy nazar umumiy necha ball berish ekspertning kayfiyatiga bog‘liq, aytaylik nomzodda xalqaro darajada baholangan sertifikat bor, uni ham baholash mutaxassis bo‘lmagan aynan shu ekspertga bog‘liq. Ekspert nima desa shu, hatto u o‘sha yo‘nalish bo‘yicha mutaxassis bo‘lmasa ham, qarorni kayfiyatiga qarab aytadi. (Hatto baholashda mutaxassisligi to‘g‘ri kelmaydigan «ekspertlar» aynan mutaxassis ustidan hukm o‘qimoqda)

4. Prezident stipendiyalarini berishning umumiy normasi «O‘zbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida» Vazirlar Mahkamasining 226-son (13.10.2008) qarori asos bo‘lib hisoblanadi. Ushbu normativ hujjatni istalgan ekspert istalgancha talqin qilgan holda baholadi. 

Hamma gap baholash metodikasi tizimining yo‘qligida. Tizimsiz holda, inson omiliga qarab baholashning oqibatida ko‘plab intellektual yoshlar suhbatga jalb qilinmadi. Baholash aynan nimaga asoslanganligining aniq asosi mavjud emas, asosni keltirib bera olishmadi.

Jarayon davomida bir guruh magistrlar bilan appelyatsiya talab qildik. Bundan so‘ng ekspertlar komissiyasidan bittadan kishi keldi. Ekspertlar o‘zining metodikasi qaysi kriteriyalar asosida baholanganligini isbotlab bera olmadi (ekspertlar bilan appelyatsiya berganlar o‘rtasida og‘zaki suhbat bo‘lib o‘tdi. Bu esa shunchaki magistrlarni yosh boladay yupatishga teng. Hattoki hech narsa qila olmasliklarimiz uqtirildi, appelyatsiya talab qilsak yozuvchiga chiqdik, qoyil). Og‘zaki suhbatdan keyin, magistrlar bilan birga yana konkret appelyatsiya talab qildik, hujjatlarni qaysi baholash metodikasi asosida baholanganligi va nima uchun aynan tizim mavjud emasligini aniqlash uchun. Alam qiladigan tomoni shundaki, appelyatsiya komissiyasining o‘zi yo‘q. Hamma appelyatsiyalar ekspert komissiyasi xulosasi ustidan yozilgan. Eng qiziq tomoni o‘sha ariza xati 15 kun davomida ko‘rib chiqilar ekan va javob xati olar ekanmiz. Ekspertlar qilgan xulosasi ustidan haq ekanligini isbotlash uchun yana xulosa chiqarar ekan. Har qanaqasiga berilgan apellyatsiya o‘sha ekspertlar xulosasi bilan tugaydi. Aynan mana shu jihat juda "qiziq dilemma"ni paydo qilmoqda. Har qanaqasiga berilgan apellyatsiya yopiladi va bosdi-bosdi bo‘lib ketadi. Qoyil, shu jihatdan haqiqat ham tiz cho‘kadi. 


Umumiy norma «O‘zbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida» Vazirlar Mahkamasining 226-son (13.10.2008) qaroriga asosan "Talabalarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalarini tayinlash bo‘yicha ariza va shikoyatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi" degan band bor, lekin bu band ham istalgan usulda ekspertlar komissiyasi o'z manfaati yo'lida foydalanishi ehtimoldan yiroq emas. Chunki tanlov natijasidan norozi bo'lib yozilgan appelyatsiya arizasi katta ehtimol hujjatlarni ko'rgan o'sha "ekspertlar" komissiyasiga borib tushadi. Bu degani istalgan usulda hech narsa qila olmaymiz, huddi ekspertlar guruhidagi biz bilan gaplashgan vakil "aytganidek".


Appelyatsiya bo‘yicha kimga murojaat qilish bo‘yicha ham tizim mavjud emas. Magistrlar ariza yozdik, 15 kunda javob berar ekan. Lekin bugun g‘olib stipendiantlar eʼlon qilindi. Appelyatsiya bilan hech narsa qila olmasligimizni ular juda yaxshi biladi, chunki hamma tizim ularning keng imkoniyatlari asosiga qurilgan.

Bir narsani bilishni qatʼiy istayman, suhbatga kiritilmagan ko'plab nomzodlar (xalqaro darajada ilmiy ish qilganlar, xalqaro darajada ilmiy yutuqlari mavjud bo‘lganlar, xalqaro darajadagi o‘qituvchilik sertifikati mavjud bo‘lganlar va ko‘plab intellektual yoshlar) suhbatga jalb qilinmaganligining huquqiy asosi bormi? Suhbatga kirishgacha bo‘lgan jarayon inson omili va uning kayfiyatiga bog‘liq holda tashkil qilingan bo‘lsa xolislik qay darajada bo‘lgan ekan? Agar bu ochiq savollarni huquqiy asosi bo‘lmasa tanlovning tashkilotchilari xato qilganliklarini tan olishar ekanmi? Qiziq. Sizga ko‘plab magistrlar nomidan rahmat, hurmatli Abduqodir Toshqulov!

So'zim yakunida bir narsani aytishim kerak, men va men kabi appelyatsiya bergan nomzodlar qaysi kategoriyalar asosida rad etilganligimizning aniq faktlar asosida boshqa nomzodlarning natijalari bilan taqqoslangan kategoryal reytingimizni bilmoqchimiz. Umumiy ball aynan nima asosga ko'ra baholandi? Qaysidir faktor aynan umumiy ballga qanchalik ta'sir qilganligi ko'pchilik uchun qiziq.
Ja'farxon Isaxonov, magistrant. 10.02.2022

Report Page