Depressiyada qaysi kerak: tabletkalar yoki psixoterapiya?

Depressiyada qaysi kerak: tabletkalar yoki psixoterapiya?


Antidepressantlar depressiya simptomlarini sezilarli darajada yengillashtirishi mumkin. Ammo ular psixoterapiya o‘rnini bosa oladimi?

25 yildan ko‘proq vaqt oldin “baxt dorilari” paydo bo‘ldi, bu depressiyaga nisbatan munosabatimizni butunlay o‘zgartirdi.

 

Amerika Qo‘shma Shtatlari va Yevropada antidepressantlar allaqachon ko‘pchilik odamlar hayotining bir qismi bo‘lib ulgurdi.

Yangi avlod preparatlari muvaffaqiyat qozondi: ularning nojo‘ya ta’sirlari kamroq, depressiya alomatlari va kundalik stressni yengishga qiynalayotgan odamlar esa ancha ko‘p. Bu endi psixoterapiyadan voz kechish mumkinligini anglatadimi?

 

Vaziyatni yengillashtirish vositasi

Antidepressantlar va anksiolitiklar – ko‘pincha zarur yechimdir. Bemor depressiya shikoyati bilan kelgan bo‘lsa, shifokor avvalo: “Depressiya deganda nimani nazarda tutyapsiz?” deya savol beradi va odatda shunday javobni eshitadi: “Har doim charchoq his qilaman, energiyam yo‘q, juda yomon uxlayman, ishtaham yo‘qolgan”. Bundan jiddiyroq shikoyatlar ham bo‘lishi mumkin: “Hayotda hech narsaga loyiq emasman, meni juda salbiy fikrlar qamrab olgan”.

Shu kabi bitta konsultatsiyadan so‘ng, bemorga odatda retsept beriladi, chunki unda “Ruhiy kasalliklarning diagnostik va statistik qo‘llanmasi”da ko‘rsatilgan depressiyaga xos oltita simptom bor. Shu asosda dori-darmonlar bilan davolash tanlanishi mumkin.

 "Ehtimol, bunday bemorga psixoterapiya kerak bo‘lishi mumkin, bu davolanish samarasini yana-da chuqurroq va barqaror qiladi”, deydi Yevropa tibbiyot markazi (ETM) psixoterapiya va psixiatriya klinikasi rahbari. “Depressiya, xavotir buzilishlari va stress reaksiyalarini davolashning zamonaviy standarti – dori-darmon terapiyasi va psixoterapiyaning hamjihatligidir”.

 

Tushkunlikka tushgan, psixolog bilan ishlashga kuchi ham, xohishi ham bo‘lmagan odam uchun antidepressantlar beqiyos yordam bergandek bo‘ladi. Sekin-asta, ahvoli yaxshilanganida, preparat miqdorini kamaytirib borish bilan birga ruhiy tushkunlikning psixologik sababi bilan ishlash boshlanadi.

“Antidepressantlar kursini tayinlash uchun asosiy ko‘rsatma – depressiya, ammo ular faol yashaydigan, qattiq ishlaydigan va doimiy ortiqcha yuklamalarga dosh berolmaydiganlarga ham yordam beradi”, - deydi psixiatr-psixoterapevt Aleksandra Yaltonskaya. – Preparatlar simptomlarni yengillashtiradi. Psixoterapiya, psixolog bilan ishlash esa psixologik muammolarga olib kelgan ichki ziddiyatni ochib berishga va doimiy barqarorlikka erishishga yordam beradi”.

 

Hayotga qaytish

Ba’zi odamlar, hatto depressiyadan aziyat chekkanida ham, dori-darmonlarni qabul qilishdan qat’iy bosh tortadi. Ularning ayrimlarida irratsional (asossiz) qo‘rquv kuzatiladi. Ayrimlar dorilar tarkibining shaxsiyatiga yomon ta’sir qilishi mumkinligini o‘ylaydi, boshqalar esa xavotir, asabiylik, g‘azabni kamaytiradigan tabletkalarni qabul qilganida kamsitilayotganini his qiladi.

Ruhiy holatingizni yaxshi his qilish uchun ishlatiladigan preparatlarga tobe bo‘lib qolish chakana narsa emas. Shuning uchun sizni bu holatdan ozod qiluvchi maqulroq yo‘l – psixoterapiya kursidir. Ba’zi psixoterapevtlar, bemorning psixologik muammolari tabiatini bilmay turib antidepressantlar qabul qilishini ma’qullamaydi. Ular bemorning muammosini tabletkasiz hal qilolmasligini o‘ziga nisbatan haqorat deb biladi. Qachonki psixiatr va psixoterapevt o‘zaro ochiq pozitsiyani egallab, bir-birini qadrlasa va umumiy sa’y-harakatlar mazmunini anglasa, bu ularning bemorlariga foyda keltiradi, qiyin vaziyatdan chiqish yo‘lini topishga yordam beradi.

 

Muloxazali va mas’uliyatli shifokor va psixoterapevtlar bu borada umumiy fikrda: psixoaktiv dorilar – qisman yechimdir va psixioterapiya bilan birga olib borilganida yana-da samaraliroqdir. “Men bemorlarga shuni ro‘yi-rost aytaman: dorilar “men o‘zimni yomon his qilyapman” va “men o‘zimni yaxshi his qilyapman” tushunchalari o‘rtasidagi ko‘prikdir”, - deydi klinik psixolog Ronald Pais. – Ammo bir sohildan ikkinchisiga o‘tish – bemorning ishi.

 

Psixotrop dorilar: ular nega kerak?

  • Trankvilizatorlar (anksiolitiklar). Xavotirlanishga qarshi bo‘lib, bosimni, bezovtalikni susaytiradi. Ba’zilar uyqu chaqiruvchi ta’siriga ega, ba’zilari esa yo‘q (kunduzgi trankvilizatorlar). Bu preparatlarni bir oydan ko‘proq vaqt davomida qabul qilish qaramlik paydo qilishi mumkin.
  • Uyqu chaqiruvchi tabletkalar. Uyqu davomiyligi va sifatini yaxshilaydi. Uyquga ketish jarayonini tezlashtiradi yoki uyquni yana-da mustahkam qiladi. Yangi avlod dorilari ertalabki mudrashga sabab bo‘lmaydi, xotiraga ta’sir qilmaydi va tungi uyg‘onishlar muammosini hal qiladi. Uzoq vaqt davomida qabul qilinishi mumkin.
  • Neyroleptiklar (antipsixotiklar). Ular idrok buzilishlari, gallyutsinatsiyalar yoki alahsirashlarda terapevtik ta’sirga ega. Shuningdek, xavotir, kayfiyat o‘zgaruvchanligi va uyqusizlikni davolash uchun yozib beriladi. Preparatlar yondosh ta’sirga ega: koordinatsiyadagi qiyinchiliklar, vazn ortishi, titroq(tremor). Shifokor nazoratisiz ularni o‘zingiz qabul qilishingiz mutlaqo mumkin emas.
  •  Antidepressantlar. Ular nafaqat depressiya, balki vahima xurujlari, surunkali og‘riq, ovqatlanish bilan bog‘liq xulq-atvor buzilishida ham qo‘llaniladi. Ijobiy ta’sir 10-14 kundan keyin seziladi. Odatda kamida 3-6 oyga tayinlanadi. Stressga bardoshlilik, chidamlilikni kuchaytiradi, kayfiyatni yaxshilaydi. Ba’zi preparatlarni qabul qilish diqqat konsentratsiyasini buzishi, libidoni (seksual xohishni) susaytirishi mumkin.

Manba


Kanal rivojiga hissa qo'shishni istasangiz, quyidagi karta raqamiga istagan miqdorda xayriya mablag'i o'tkazishingiz mumkin:

8600 0204 2089 6339

Kanalga ulanish: Psixologning qaydlari

 

Report Page