Intervali kechikayotgan metronim
Sobirxujayev XadyatilloOxirgi paytlar fertillik va nikohlar sonining tushishi bo'yicha xabarlar yana ko'paya boshladi. Gazeta.uz, Daryo.uz va boshqa nashrlar maqolalari, Muhrim A'zamxo'jayev , iqtisodchi Otabek Bakirov sahifalarida materiallar ulashildi. Biroq demografik ko'rsatkichlar ijtimoiy-iqtisodiy hodisalar natijasida o'zgarib, chuqurroq tahlil va e'tiborni talab etadi.
Biz tug'ilish tendensiyalari haqida ko'pincha bitta ko‘rsatkichga tayangan holda mulohaza qilamiz, bu - total fertility rate, ya'ni umumiy tug'ilish koeffitsienti (Keyingi o'rinlarda UTK). U ayol boshiga o‘rtacha farzandlar soni bilan o'lchanadi, ammo fertillik darajasi biz o‘ylagandek sodda emas.
UTKni ayollarning butun hayoti davomida nechta farzand ko'rishini bashorat qiluvchi ko'rsatkich deb qabul qilish mutlaq to'g'ri emas. Ayollarning fertillik davri - 45 yoshgacha bo'lib, keyin fertillik yakunlanadi va yakuniy farzandlar soni hisoblanadi. Hatto bir ayol boshiga yakuniy farzandlar soni avvalgi davrga nisbatan o'zgarmagan yoki oshgan holatda ham UTK pasayishi mumkin. Aksincha, UTK ko'tarilib, yakuniy farzandlar soni o'zgarishsiz darajada qolishi ham mumkin. Tug‘ilish jarayonini yaxshiroq tushunish uchun, qo'shimcha metrikadan ham foydalanish kerak.
Tugallangan kohort tug‘ilish koeffitsienti (TKTK) bu - ma’lum bir tug‘ilish yilida dunyoga kelgan ayollar kohortining butun reproduktiv davri davomida tug‘gan bolalarining o'rtacha soni
Kohort - bir xil yilda tug'ilgan barcha ayollar guruhi. TKTK kohortdagi ayollar farzand ko'rish yillarini to'liq yakunlagach hisoblanadi. Qisqacha, ma’lum bir yilda tug'ilgan ayollar uchun jami tug'ilishlar sonini shu yilgi ayollar soniga bo'lish ya’ni bir ayolga mos keladigan tug'ilishlar o'rtachasini topish.
Ammo barcha ayollar farzand ko'rish yillarining oxirigacha yashamaydi, aholining hajmi esa migratsiya sabab o'zgarishi mumkin. Shu bois amaliyotda kohort tug'ilishi yillik ma’lumotlar asosida hisoblanadi.
Masalan, 1990-yilda tug'ilgan ayollarni olaylik. Ularning TKTKsi 12-55 yosh oralig'ida har bir yilda bir ayolga to'g'ri keladigan tug'ilishlar sonini hisoblab, keyin ularni yig'ish orqali aniqlanadi. Quyidagi sxemada hisoblash jarayoni ko'rsatilgan. Soddalik uchun farzand ko'rish davri atigi besh yil deb olingan (fertillik davri - 5 yil).

Tug'ilishni hisoblashda TKTK ning afzalligini quyidagi grafikda ko'rishimiz mumkin. Shvetsiyada tug'ilishlar o'zgarishi ikkala ko‘rsatkichda ham kamaygan. Biroq 20-asr o'rtalaridan ikki ko'rsatkich ajrala boshlagan: UTK bir necha bor keskin ko‘tarilib-tushgan, TKTK esa ancha barqaror.

UTK esa ma’lum bir aniq yil uchun olinadi. Oldingi sxema bitta kohortni vaqt bo'ylab kuzatgan bo'lsak, bu yerda ma’lum bir yildagi turli kohortlar ko'rib chiqiladi.

Ko'pincha trend chizig'i keskin tebranadi. Sababi UTK tug'ilishlarning vaqtni kechiktirish yoki oldinga surish kabi kohortlararo silkinishlardan ta’sirlanadi.
Shu bois, ayrim voqealar ta’sirida turli yillarda keskin pasayishlar yoki sakrashlar kuzatiladi. Ispaniyada fuqarolar urushi va Ikkinchi jahon urushi yillarida tug'ilishlar kechikkani uchun grafikda katta tebranishlar sezilgan. Yaponiyada 1966-yilda tug'ilish keskin kamaygan. Yapon taqvimidagi “olovli ot yili”da tug'ilgan bolalar omadsizlik keltiradi degan e’tiqod sabab ko'plab ota-onalar farzandni bir yil oldinroq yoki keyinroq rejalashtirishni tanlagan.
Xuddi shunday, tabiiy ofat, pandemiya yoki urush bir yilda turli yoshdagi ayollarning farzand ko'rish qarorlarini o‘zgartirishi mumkin. Faraz qiling, 2023-yilda farzand ko'rmoqchi bo'lgan ayollarning bir qismi bu qarorni keyingi yilga qoldirdi. Natijada 2023-yilda UTK 1.1 gacha tushdi, ammo 2024-yilda ular avvalgi yildagi rejalashtirilgan tug‘ilishlarni amalga oshirdi va koeffitsient 2.9 gacha ko'tarildi.
Shunday qilib, UTK bir yilda keskin tushib, keyingi yilda oshgan bo'lsa ham, TKTK o'zgarmadi. Yakunda ayollar baribir o'rtacha bir xil miqdorda farzand ko'rishdi.
Endi boshqa bir holatni olaylik. Masalan, majburiy ta’lim yillari birdaniga uzaytirildi. Misol uchun, 1994-yilda yoki undan keyin tug‘ilgan ayollar uchun maktab ta'lim tizimi bir yilga uzaytirildi.
Pastdagi diagrammada bunday o‘zgarishning natijalari ko‘rsatilgan. 2023-yilda UTK 1.9 gacha tushgan, keyingi yili 1.6 ga pasaygan, so'ng 1.9 va 2.0 darajalariga qaytgan. Ya’ni, vaqtinchalik pasayish bo'lsa ham, yakunda TKTK barqaror qolgan, ayollar bir xil miqdorda farzand tug'ishgan.

Demak, yoshligida tug‘ilish darajasi pasaygan kohort haqida darhol xulosa chiqarib bo‘lmaydi. Chunki bu pasayish vaqtinchalik kechikishmi yoki tug‘ilishlar butunlay kamayganmi bu darhol ayon bo'lmaydi. Xuddi shunday, qisqa muddatli ko‘tarilish ham aslida kechiktirilgan tug‘ilishlarning “to'ldirilishi” bo'lishi mumkin.
O'zbekistonda demografik o‘zgarishlar ketma-ket avlodlar sonidagi farq bilan bog‘liq. Ayni paytda turmush qurish yoshida bo'lgan avlod 2000-yillar atrofida tug'ilgan bo'lib, kohortlar kesimida eng kichik. Shu bois, nikohlar sonining kamayishi chuqur ijtimoiy muammolardan emas, balki avlodlar hajmidagi tabiiy farqdan kelib chiqmoqda.

Grafikdan ko'rinadiki, 1990-2005-yillar orasida tug'ilish pasaygan. Mos ravishda nikohlar soni va farzand/onalar nisbati ham kichikroq bo'lishi tabiiy. Shu tarzda, bugungi tug‘ilish va nikoh darajasidagi pasayishlar demografik inqiroz belgisidan ko‘ra, vaqtinchalik demografik siklning bir bosqichi sifatida talqin etilishi mumkin. Real natijalarni olish uchun - nikohlar va tug'ilishlar sonini tugallangan kohortlar kesimida ko'rish maqsadga muvofiq.
Xulosa qilib aytganda, nikoh va ajrimlar soni turli yillarda o'zgarsada, biroq ushbu o'zgarish avvalgi yilgi ta'sir yoki kelgusi yillarga nisbatan kutilma bo'lib, umumiy kohort darajasida o'zgarmas bo'lib qolayotgan bo'lishi mumkin.
Manba: https://ourworldindata.org/total-fertility-rate-births-per-woman