Davomiylikning ahamiyati
21.01.2026 | Otabek KomilDavomiylik haqida muallif o'z shogirdlari va do'stlariga ko'p gapiradigan bo'lib qolgan oxirgi paytlar. Sababi, o'z ko'z oldida bitta narsani ustida uzoq davr mobaynida ishlab muvaffaqiyatga erishganlarni ko'p ko'rdi.
Keling davomiylik qay darajada muhim ekanligini haydovchilikni o'rganish misolida ko'rib chiqamiz. Haydovchilik guvohnomasini endi olganlar ikkiga bo'linadi: doimiy haydashga mashinasi borlar va mashinasi yo'qlar. Mashinasi borlar har kuni mashina haydayvergani sababli kundan kunga haydovchilik ko'nikmalari oshib boraveradi, buning uchun oldida instruktori bo'lmasa ham. Mashinasi yo'qlar esa, oradan 3 oy o'tganidan keyin rulga o'tirsa, ko'nikmalari haligi kursni o'rtasidagi darajasigacha tushib qolganini his qiladi. 1 yildan keyin o'tirsa, umuman kursni eng boshiga qaytgandek bo'ladi hisob.
Masalan, Obid va Sobit degan yigitlar 3 oylik kursga kelib noldan mashina haydashni o'rganishni boshlashdi. Obid yoshligidan ilmga chanqoq, biror narsani o'rgansa tez iladigan yigit. Sobit esa sal dangasaroq va biror narsani ilishi boshqalarga nisbatan sekinroq. Ikkovi 3 oylik kurs davomida kun ora haydashga chiqishdi va natijada Obid haydashni ancha yaxshi o'rganib oldi va imtihonni birinchi urunishdayoq muvaffaqiyatli topshirdi. Sobit esa haydovchilik ko'nikmalarini boshqalarchalik yaxshi o'zlashtira olmadi va qiyinchiliklar bilan to'rtinchi urunishda imtihonni amallab topshirib oldi.
Sobitni haydashga mashinasi tayyor edi, kurs tugagandan keyin mashinasida har kuni ishga borib kelishni boshlab yubordi. Obidni esa mashinasi yo'q edi, kimgadir mashinangni ber haydab turay deyishga ham tortinardi. Oradan 1 yil vaqt o'tdi. Sobit mashina o'rindig'ini ancha orqaroq yotqizib, jarimalarni anchadan beri olmay qo'ygan, erkin mashina haydaydigan bo'lib ketdi. Obid esa rulga o'tirib ko'rsa, o'z haydash ko'nikmalarini 90%ga yo'qotganini his qildi.
Yuqoridagi misolga ko'pchiligimiz real hayotda ko'p guvoh bo'lganmiz. Misolda ikkisi o'rtasidagi farq faqat va faqat davomiylikda. Kurs davomida kun ora o'rganish natijasida Obid yaxshi haydovchiga aylangandi, lekin keyin davomiylik bo'lmadi. Sobitta esa davomiylik bo'ldi va o'zidan ko'ra tabiatan kuchliroq bo'lganlardan ham bemalol o'zib keta oldi.
Bu nazariya maktabda yomon o'qiganlar katta bo'lganidan keyin, ba'zi a'lochilardanda karyerasidagi va hayotidagi natijalari yaxshi bo'lib ketishida ham katta ro'l o'ynaydigan faktorlardan hamda misollardan biri sifatida ham xizmat qiladi.
Demak biz endi "Consistency is a key to success", ya'ni "Davomiylik muvaffaqiyatning kaliti" ekanligi nima uchun ko'p ta'kidlanishini tushunib oldik. Ammo, shu davomiylikni ushlash doim ham oson emas va biz qiyinchilikka duch kelganimizda to'xtatib qo'yishimiz ko'p bo'ladi, natijada esa o'sha ishning masteri, ya'ni mohir ustasi bo'la olmaymiz.
George Leonard o'zining "Mastery" kitobida bir nazariyani olg'a surgan va uni "Mastery curve", ya'ni "Mahorat (bir ishning ustasi bo'lishlik) chizmasi" orqali zo'r tushuntirgan. Quyida shu chizma tasvirlangan.

Kitobda yozilishicha biror ishga kirishganimizda yoki ko'nikma o'rganishni boshlaganimizda, boshida kuchli o'sish qilamiz, keyin bir oz tushamiz, ortidan esa stabil holatga kelib qolamiz va ortidan yana kuchli o'sishimiz boshlanadi. Stabil holatda turgan vaqtimiz hamma voqeyliklar va kichik detallar bizni keyingi kuchli o'sishimiz uchun yig'ilayotgan bo'ladi, ammo biz o'zimiz buni sezmaymiz. Quyida ingliz tilini biluvchilar uchun bu nazariyani yanada yaxshiroq tushuntiradigan yana bir chizma.

Shu chizmani keling Davron ismli bir yigit misolida ko'raylik. Davron dasturchi bo'lishni niyat qiladi va dasturlashni o'rganishni boshlaydi. Boshida qattiq sohaga qiziqadi, yangi noutbuk oldiradi uydagilariga, keyin kursga yozilishga ham ularni ko'ndiradi, rosa kurs tanlaydi, demo darslarga borib ko'radi. Kursni ham boshlab oladi, ustozi tomonidan uyga vazifalar olishni boshlaydi, ularni qilishda qiyinchiliklarga duch keladi, sal zerikish ham paydo bo'la boshlaydi. Hayollaridan birinchi marta dasturlashni shu joyida to'xtatganim yaxshi bo'lsa kerak, meniki emas shekilli degan fikrlar o'ta boshlaydi. Ammo, onasi unga to'xtatmasligini, juda bo'lmasa kurs pulini oqlash uchun va ular uchun oxirigacha o'qib qo'yishni aytadi. U esa mayli, nima qilayotganimni tushunmayotgan bo'lsamda ota-onam uchun davom ettiraman deydi va gazini berib shu sohaga energiyasini sarflashini ikkinchi bosqichi boshlanadi va yana katta o'sish qiladi. Kursni yaxshi baholar bilan tamomlaydi va dasturchilik meniki ekan deydi. Endi ishga kirmoqchi bo'lib, har xil vakansiyalarga topshirib ko'radi. Shu nuqtada uni yangi tushish davri qarshi oladi, bu uni kompaniyalar ishga olaverishmasligi, hammasi tajribali xodim izlayotgani, u esa ish tajribasiga ega emasligini deb olishmayotganidan tushkunlikka tusha boshlaydi, yana hayollaridan amakisini oldiga kiyim bozorga chiqib yaxshiroq soqqa qilsam ham bo'lardi-ku degan fikrlar kela boshlaydi. Ammo ishga kirish uchun intervyulardan birida bir ayol undan qo'shimcha yana bir dasturlash tilini o'rganish sharti bilan pul to'lanmaydigan stajirovkaga taklif qiladi, stajirovka natijalariga ko'ra ishga olish olmasligini o'ylab ko'rishini aytadi. U rozi bo'ladi va yana o'zida ishonch hamda ishtiyoq paydo bo'ladi, qo'shimcha dasturlash tilini ham o'rganadi, stajirovkadan ham muvaffaqiyatli o'tib oladi. Shundan so'ng esa o'sha ayolning o'zi kompaniyaga doimiy maosh asosida dasturchilik pozitsiyasiga ishga taklif qiladi. Natijaga erishgan Davron esa, o'tmishiga bir qarasa shu chizmaning har bir bosqichidan o'tib chiqqan bo'ladi.
Keling endi Davron keysini ichiga sal tushamiz, u agar qaysidir tushish nuqtasida taslim bo'lganda aniq yakuniy natijaga, ya'ni niyatiga yeta olmas edi. Mahorat chizmasini bilish, o‘sishning “sekin” davrlarida sabr qilishni ancha osonlashtiradi. Siz o‘sishni ko‘rmay turgan bo‘lsangiz ham, oldingi siljimayotganingizni anglatmaydi. Oylar davomida hech qanday o'sish yo‘qdek tuyulsa ham, bu sizning ichingizda tez va katta sakrashga tayyorgarlik ko‘rayotganingizni bildiradi.
Muallif shu nazariyani tushunib yetganidan keyin hayoti ancha osonlashdi, qiyinchilik davrlarida endi davomiylik, to'xtab qolmaslik, taslim bo'lmaslik zarur ekanini biladi. Va qaysidir vaqtlarda qiyinchilik kelayotgan bo'lsa, ketidan yengillik kelishini ham e'tiqod nuqtai nazaridan, ham dunyoviy ilmiy isbot nuqtai nazaridan aniq ekanligini biladi. Muhimi, chizmaning so'nggi nuqtasi to'g'ri niyat bilan qo'yilgan bo'lsa bo'ldi.