Davlat xizmatchisining bir hikoyasi...

Davlat xizmatchisining bir hikoyasi...


Majburiyatingizga kirmasa ham gohida rasmiy ish jarayonlarida vijdon va iymon amri bilan ish yuritishga o‘zingizda ishtiyoq sezasiz. Oilada olgan tarbiyangiz, faoliyatdagi tajribangiz ana shu voqelikka befarq qarashga imkon bermaydi. Tunov kuni ham shunday bo‘ldi...

Men ishlaydigan Marg‘ilon shahar davlat xizmatlari markaziga pensiya haqidagi ma’lumotnoma olish uchun bir ayolning nomidan qizi keldi. Bilasiz, bu kabi shaxsiy ma’lumotlar bevosita fuqaroning o‘ziga beriladi. To‘g‘risi, bir yaxshi, bir yomon gumon qildim. Qizi bo‘lsa ham ma’lumotnomani o‘zining shaxsiy kredit ehtiyojlariga ishlatsachi... yo‘q, yo‘q... balki, kelishga imkoni, madori yo‘qdir...

Xullas, ushbu o‘ylar tushlikka chiqqunimizcha menga tinchlik bermadi. Yomon gumon iymondan ayiradi, deydilar. Bu xaq gap ekan! Apil-tapil ovqatlandimu tavakkaliga pasport ma’lumotlariga asoslanib to‘lanadigan nafaqalar miqdori to‘g‘risida ma’lumotnomani oldimu, manzil tomon shoshildim.

  Marg‘ilon shahar, Jaloliddin Rumiy ko‘chasi. Xorg‘in uy qarshisidaman. Bo‘yoqlari ustidang zang g‘olib kelayotgan darvozani taqillatdim. Biroz muddatdan so‘ng ichkaridan ovozsiz ellik yoshlardagi bir ayol devor paypaslab chiqib keldi. Qo‘l harakatlari va imo-ishora bilan salomlashdik, bir amallab vaziyatni tushuntirdim. Bilishimcha, menga peshvoz chiqqan Mohira opa umrbod nogironlik nafaqasida. Eshitish, gapirish va ko‘rishdan mosuvo inson.

– Nafaqamning qanchaligini ham bilmayman. Olib kelishadi, berishadi, – deydi Moxira opa qo‘l harakatlari bilan. – Ko‘z tushmagur  pullarni rangini ham ajrata olmaydi. Xullas, oladigan pensiyamning qancha ekanligiga qiziqqandim. Chunki oilada jim o‘tirsangiz ham bo‘lmaydi. Farzandlarimga yukim tushmasin, deymanda. Eringni topganini o‘ynab eysan, o‘g‘lingni topganini o‘ylab eysan, ekan. Gohida majburlab ularga ehtiyojlar uchun pul beraman. Shu bilan o‘zimni xotirjam sezaman.

Balki, Moxira ona qo‘l harakatlari bilan bundanda ma’noli suhbat qurgandir. Lekin mening tushunganlarim shu bo‘ldi.

Nafaqa ma’lumotnomani topshirdimu markaz telefon raqamini onaga yozib berdim. Xorg‘in uy ostonasidan engil bo‘lib ishxonamga qaytarkanman, o‘zimni anglab etgandek bo‘ldim:

–       Men xalq xizmatchisiman...

 

Feruza YULDASHEVA,

Marg‘ilon shahar DXM

bo‘lim boshlig‘i   



Report Page