Davlat xavfsizlik xizmati: «Dok-1 MAKS” va «Ambronol” dori vositalari belgilangan tartibda laboratoriya sinovlaridan o‘tkazilmagan

Davlat xavfsizlik xizmati: «Dok-1 MAKS” va «Ambronol” dori vositalari belgilangan tartibda laboratoriya sinovlaridan o‘tkazilmagan

Nurafshon shahar hokimligi axborot xizmati

Hindiston davlatida ishlab chiqarilgan «Dok-1 MAKS” va «Ambronol” dori vositalarining nojo‘ya taʼsiri oqibatida, hozirga qadar «o‘tkir buyrak yetishmovchiligi” tashxisi bilan davolangan bemor bolalar hayotdan ko‘z yumgan.

«Quramax Medikal” MCHJ tomonidan mamlakatimizga import qilingan ushbu preparatlar «Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ tomonidan laboratoriya sinovlaridan o‘tkazilgan hamda ularga muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilgan. 

Dastlabki tergov harakatlari davomida aniqlanishicha, «Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ masʼul xodimlari tomonidan meʼyoriy-huquqiy hujjat talablari qo‘pol ravishda buzilib, ushbu dori vositalari belgilangan tartibda laboratoriya sinovlaridan o‘tkazilmaganligi natijasida, sifatsiz preparatlarning sotuvga chiqarilishiga yo‘l qo‘yilgan.

Jinoyat ishi doirasida «Quramax Medikal” MChJning 2 nafar rahbar xodimlari hamda «Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MChJning 2 nafar masʼul xodimlari gumonlanuvchi shaxslar sifatida DXX Tergov hibsxonasiga tegishli tartibda joylashtirilgan.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida «Quramax Medikal” MCHJ tomonidan Hindiston davlatidan O‘zbekistonga import qilinayotgan dori vositalarining bojxona nazoratidan o‘tkazilishi to‘xtatildi hamda mamlakatimiz dorixonalaridagi bunday preparatlar yig‘ib olindi. Hozirda bu boradagi tadbirlar davom ettirilmoqda.

«Quramax Medikal” MChJga tegishli dori vositalarini O‘zbekistonda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilganligi hamda sog‘liqni saqlash tizimidagi mutasaddi xodimlarning ushbu holat bo‘yicha amalga oshirgan harakatlarini tekshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.


Report Page