Davlat sport-taʼlim muassasalari faoliyatini mutlaqo yangi tizim asosida tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Davlat sport-taʼlim muassasalari faoliyatini mutlaqo yangi tizim asosida tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Bolalar va yoshlarning maktabdan tashqari sport taʼlimi tizimini tubdan takomillashtirish orqali iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya)ning yangi mexanizmlarini joriy qilish, sportchilarning Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo oʻyinlarida, boshqa nufuzli xalqaro musobaqalarda ishtirok etishi hamda yuqori natijalarga erishishini taʼminlash, bu borada trener va sport mutaxassislari mehnatini adolatli asosda ragʻbatlantirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

Sportni rivojlantirish vazirligi tasarrufidagi 279 ta bolalar-oʻsmirlar sport maktablari va ularning filiallari negizida 254 ta sport maktablari 1-ilovaga muvofiq;

Sportni rivojlantirish vazirligi tasarrufidagi 56 ta ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktablari negizida

56 ta ixtisoslashtirilgan sport maktablari 2-ilovaga muvofiq tashkil etilsin.

Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov) Moliya vazirligi (T.Ishmetov), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.Xusanov) bilan birgalikda ikki oy muddatda sport maktablari va ixtisoslashtirilgan sport maktablarining (keyingi oʻrinlarda – sport maktablari) namunaviy shtat meʼyorlarini tasdiqlasin.

Bunda, sport maktablarining alohida sport inshootlari uchun zarur boʻlgan mutaxassisliklar boʻyicha shtat birliklari toʻliq ajratilishini taʼminlash nazarda tutilsin.

2. Sport maktablarida oʻquvchilarni qabul qilish va tayyorlash boʻyicha quyidagi tizim joriy etilsin:

sport maktablariga 4 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan sport bilan muntazam shugʻullanish va kelgusida professional sportchi boʻlish maqsadidagi bolalar va yoshlar qabul qilinadi;

“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida oʻtkazilgan ommaviy sport musobaqalarida gʻolib va sovrindor boʻlgan yoshlar, shuningdek, 4-6 yoshli bolalar sport turlaridan kelib chiqib ularning antropometrik koʻrsatkichlari asosida dastlab sport maktabining sport-sogʻlomlashtirish guruhida olimpiya sport turlari yoki milliy kurash boʻyicha harakatlanish imkoniyatlarini kengaytirish va harakat faolligi tanqisligini toʻldirish uchun sakkiz oygacha bepul shugʻullanadi;

sport-sogʻlomlashtirish guruhida shugʻullangan yoshlar aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimi boʻyicha sport sinovlaridan oʻtkaziladi, ushbu sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtgan oʻquvchilar sport maktabining boshlangʻich tayyorgarlik guruhiga qabul qilinadi. Bu guruhda yoshlar bazaviy tayyorgarlikka ega boʻlish va keyinchalik ixtisoslashish uchun sportning muayyan turini tanlaydi

va uch yilgacha shugʻullanadilar;

boshlangʻich tayyorgarlik guruhida shugʻullangan va kamida oʻsmirlar uchun uchinchi sport razryadiga ega boʻlgan bolalar sport maktabining oʻquv-mashq guruhiga oʻtkaziladi. Ushbu guruhda bolalar ixtisoslashuv va sportning tanlangan turi boʻyicha chuqurlashtirilgan mashqlar asosida besh yilgacha shugʻullanadi;

oʻquv-mashq guruhida shugʻullangan va kamida uchinchi yoki ikkinchi sport razryadiga ega boʻlgan bolalar sport maktabining sportda kamolotga erishish guruhiga oʻtkaziladi. Ushbu guruhda bolalar uch yilgacha muddat davomida sport mahoratini takomillashtirish bilan shugʻullanadi;

sportda kamolotga erishish guruhida shugʻullangan va kamida Oʻzbekiston sport ustaligiga yoki Oʻzbekiston grossmeysterligiga nomzod sport razryadiga ega boʻlgan bolalar sport maktabining oliy sport mahorati guruhiga oʻtkaziladi. Ushbu guruhda bolalar uch yil va undan ortiq muddat davomida sportda shaxsiy imkoniyatlarini namoyon qilish bilan shugʻullanadi;

sport maktabining sport-sogʻlomlashtirish va boshlangʻich tayyorgarlik guruhlarida tayyorgarlikdan oʻtgan, professional sportga salohiyati bor oʻquvchilari ixtisoslashtirilgan sport maktabining tegishli yoʻnalishiga (sportning oʻyin turlari va yengil atletika, suv sporti turlari, yakka kurash va gimnastika) oʻqishga qabul qilinadi.

Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Karimov) Moliya vazirligi (J.Abruyev) bilan birgalikda ikki oy muddatda mazkur band talablaridan kelib chiqib Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan sport maktablari toʻgʻrisidagi nizomning yangi tahririni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab:

a) aholisi 200 mingdan yuqori boʻlgan tuman (shahar)lardagi sport maktablarida kamida 20 ta olimpiya sport turlari;

b) aholisi 150 mingdan 200 minggacha boʻlgan tuman (shahar)lardagi sport maktablarida kamida 15 ta olimpiya sport turlari;

v) aholisi 150 minggacha boʻlgan tuman (shahar)lardagi sport maktablarida kamida 10 ta olimpiya sport turlari boʻyicha sportchilar tayyorlanadi;

g) sport maktablari kontingenti faqat Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo oʻyinlari dasturiga kiritilgan (bundan milliy kurash hamda alohida Hukumat qarorlari bilan belgilangan sport turlari mustasno) sport turlari boʻyicha shakllantiriladi. Bunda har bir sport maktabi va ixtisoslashtirilgan sport maktabiga Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan Osiyo va Paraosiyo oʻyinlari dasturiga kiritilgan 2 ta noolimpiya sport turlari boʻyicha sportchilarni tayyorlashga ruxsat beriladi;

d) sport maktablaridagi Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo oʻyinlari dasturlariga kiritilmagan (milliy kurash hamda alohida Hukumat qarorlari bilan belgilangan sport turlari bundan mustasno) noolimpiya sport turlari boʻyicha mavjud sport seksiyalari faoliyati sport klublari qoshida rivojlantiriladi;

ye) sport maktablari trenerlariga noolimpiya sport turlari boʻyicha, shuningdek, aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimi boʻyicha sport sinovlaridan keyingi bosqichlarga oʻta olmagan oʻquvchilar uchun olimpiya sport turlari boʻyicha pullik asosda toʻgaraklar tashkil etishga ruxsat beriladi. Bunda:

sport maktablarida pullik asosda koʻrsatiladigan xizmatlardan tushadigan mablagʻlarning bir qismi ular trenerlariga qoʻshimcha

haq sifatida yoʻnaltiriladi;

“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan oilalarning farzandlariga sport maktablarida mashgʻulotlar bepul oʻtkaziladi.

Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:

ikki oy muddatda sport maktablarida rivojlantiriladigan olimpiya sport turlari roʻyxatini tasdiqlasin;

zaruratga koʻra, sport federatsiya (assotsiatsiya)larining talabnomalariga asosan noolimpiya sport turlari boʻyicha faoliyat olib borayotgan trenerlarni olimpiya sport turlari boʻyicha qayta tayyorlash kurslarida belgilangan tartibda oʻqitish ishlarini tashkil etsin;

sport maktablaridagi mavjud noolimpiya sport turlari boʻyicha shugʻullanayotgan yoshlar ushbu sport maktablarini toʻliq tamomlagunga qadar shugʻullanishini taʼminlasin.

Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov), Xalq taʼlimi vazirligi (B.Saidov), Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A.Toshkulov), tasarrufida taʼlim tashkilotlari mavjud boʻlgan vazirlik va idoralar:

sport klublari qoshida rivojlantiriladigan noolimpiya sport turlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida ularga taʼlim muassasalarining sport zallarini dars mashgʻulotlariga xalaqit qilmagan holda bepul ajratsin;

muntazam ravishda ommaviy axborot vositalari orqali sport klublarida rivojlantirilayotgan sport turlariga oʻquvchi va yoshlar qiziqishini uygʻotishga qaratilgan targʻibot ishlarini olib borsin.

4. Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari tashkil etilsin.

5. Belgilansinki:

olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejlari negizida tashkil qilinadi;

olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarida oʻqish jarayoni 2 ta bosqichda amalga oshiriladi: birinchi bosqichda 5–11-sinflar uchun Olimpiya maktablari, ikkinchi bosqichda 1–2-kurslar uchun Olimpiya va Paralimpiya kollejlari faoliyat koʻrsatadi;

olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarining Vasiylik kengashlariga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari rahbarlik qiladi;

Olimpiya maktabining 5-sinfiga sport maktablarida yaxshi natija koʻrsatgan yoshlar, aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimi boʻyicha sport sinovlarini muvaffaqiyatli topshirgan va yuqori iqtidorga ega boʻlgan hamda oʻqish istagini bildirgan oʻquvchilar tanlov asosida qabul qilinadi;

Sportni rivojlantirish vazirligi huzurida malakali trener va xorijiy ekspertlardan iborat Trenerlar kengashi tashkil etiladi;

Olimpiya va Paralimpiya kollejlarining 1-kursiga Olimpiya maktablarini muvaffaqiyatli bitirgan oʻquvchilar, shuningdek, Trenerlar kengashi xulosasiga muvofiq musobaqalarda eng yuqori natijaga erishgan sportchilar tanlov asosida qabul qilinadi;

Olimpiya maktablari hamda Olimpiya va Paralimpiya kollejlarining sport turlari boʻyicha kontingenti Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi.

6. Quyidagilar Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari mablagʻlari;

taʼlim xizmatlarini koʻrsatishdan, pedagogika, ishlab chiqarish hamda ular ustavlaridagi vazifalariga muvofiq boʻlgan boshqa faoliyat turlaridan olingan daromadlar;

yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida Hukumat qarorini qabul qilsin.

7. Sportni rivojlantirish vazirligi tasarrufidagi ayrim sport-taʼlim muassasalari faoliyatini 2022-yil yakuniga qadar rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Sportni rivojlantirish vaziri A.Ikramov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari maqsadli koʻrsatkichlarga erishish yuzasidan shaxsan masʼul etib belgilansin.

8. Sportni rivojlantirish vazirligi uch oy muddatda:

a) Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda:

sport maktablarida tayyorgarlik bosqichlariga va sport turlariga koʻra sport maktabiga qabul qilish uchun tavsiya etiladigan oʻquvchi-sportchilarning eng kichik yosh normativlari va tibbiy koʻrik turlarini;

sport maktablarining tibbiyot xonalarida foydalaniladigan zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalari, dori-darmonlar va tiklanish vositalari miqdori va roʻyxatini tasdiqlasin;

b) tayyorgarlik bosqichlari va sport turlariga koʻra sport maktabi oʻquv guruhlarida shugʻullanadiganlar soni (oʻquv guruhining toʻliqligi)ni belgilasin;

v) sport maktablari shugʻullanuvchilariga sport tayyorgarligi bosqichlari boʻyicha beriladigan sport unvonlari va razryadlarini tasdiqlasin;

g) xalqaro tajribani oʻrganish asosida sport-taʼlim muassasalarining faoliyati samaradorligini reyting tizimi asosida baholash tartibini qayta koʻrib chiqsin va uning takomillashtirilgan tahririni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

9. Sport maktablarining direktorlari, direktorlarning oʻquv, sport, ommaviy sportni rivojlantirish va seleksiya ishlari boʻyicha oʻrinbosarlari, instruktor-metodistlari, trenerlari va tibbiyot xodimlarining bazaviy tarif stavkasiga oʻquvchi-sportchilar erishgan yuqori sport natijalaridan kelib chiqib har oyda toʻlab beriladigan ustamalar miqdorlari 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

10. Sportni rivojlantirish vazirligi tasarrufidagi sport maktablari trenerlarining bazaviy tarif stavkalari 2022-yil 1-sentyabrdan oʻrtacha 1,35 baravarga oshirilsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-apreldagi “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–201-son qarori bilan 2023-yil 1-martdan boshlab olimpiya, noolimpiya va milliy sport turlari boʻyicha uch bosqichli umumrespublika sport musobaqalarini oʻtkazish tizimi joriy etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Belgilab qoʻyilsinki:

birinchi bosqich – tuman (shahar) musobaqalarida qatnashmagan sportchilar ikkinchi bosqichga – viloyat musobaqalarida ishtirok etishga;

ikkinchi bosqich – viloyat musobaqalarida qatnashmagan sportchilar uchinchi bosqichga – respublika (final) musobaqalarida ishtirok etishga yoʻl qoʻyilmaydi;

milliy terma jamoalar tarkibiga barcha bosqichlardan oʻtgan gʻolib yoki sovrindor boʻlgan sportchilar saralab olinadi.

12. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2023-yil 1-yanvardan boshlab sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasida nazarda tutilgan Oʻzbekiston chempionatlari va kuboklari musobaqalari sport turlari xususiyatlariga muvofiq, sport federatsiya (assotsiatsiya)lari tomonidan, xalqaro sport tashkilotlarining tasdiqlangan norma va qoidalarida belgilangan yosh toifalari (kichik oʻsmirlar, oʻsmirlar, yoshlar, U-23 va kattalar) oʻrtasida yilda bir marta oʻtkaziladi, bunda musobaqalarni tugʻilgan yillar kesimida oʻtkazilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Sportni rivojlantirish vazirligi ikki oy muddatda xalqaro tajriba va standartlarni chuqur tahlil qilgan holda milliy chempionatlar va kuboklarni oʻtkazish tartibini takomillashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

13. Belgilansinki, bolalar-oʻsmirlar sport maktablari va ularning filiallarini maqbullashtirish va ular xodimlarini qisqartirish natijasida boʻshab qoladigan byudjet mablagʻlari Sportni rivojlantirish vazirligi tizimidagi sport-taʼlim muassasalarining boshqa zarur xarajatlari uchun yoʻnaltiriladi.

14. Belgilansinki, 2023-yildan boshlab har yili qoʻshimcha ravishda respublika byudjetidan:

sport maktablarining tibbiyot xonalarini zamonaviy asbob-uskunalar, dori-darmon va tiklanish vositalari bilan jihozlashga – 10 milliard soʻm;

sport maktablari uchun zamonaviy oʻquv adabiyotlarini chop etish va xarid qilishga – 2 milliard soʻm;

viloyat, respublika va xalqaro sport musobaqalarida ishtirok etadigan sport maktablari shugʻullanuvchilarini (terma jamoalarini) maxsus sport kiyimlari (ekipirovkalar) bilan taʼminlashga – 23 milliard soʻm ajratiladi.

15. Moliya vazirligi (T.Ishmetov) mazkur qarorga muvofiq respublika byudjetidan bir oy muddatda tuman (shahar)larning sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlari kalendar rejalaridagi sport tadbirlarini moliyalashtirish uchun 55 milliard soʻm ajratilishini taʼminlasin hamda 2023-yildan boshlab har yili ushbu mablagʻlarni Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutsin.

16. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

joylarda, ayniqsa, qishloq va chekka hududlarda aholi oʻrtasida sport musobaqalari, sport aksiyalari, havaskorlik chempionatlarini tizimli tashkil etish choralarini koʻrsin;

hududiy, tuman va shaharlarning sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlari kalendar rejasida nazarda tutilgan musobaqalarni oʻtkazish, ushbu musobaqalarda oʻquvchi-sportchilar ishtirokini taʼminlash uchun ushbu tadbirlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar)lar mahalliy byudjetlari va ularning qoʻshimcha manbalari hisobidan toʻliq moliyalashtirilishini taʼminlasin;

sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasida nazarda tutilgan barcha sport turlari boʻyicha Oʻzbekiston chempionati va kubogi musobaqalarida hududiy terma jamoalar ishtirokini taʼminlasin;

har oyda kamida bir marta sport maktablarida va ularning sport inshootlarida hamda jismoniy tarbiya, sport markazlari va klublarida “ochiq eshiklar” kunlarini tashkil etishni anʼanaga aylantirsin;

sport federatsiya (assotsiatsiya)larining hududiy boʻlinmalari hamda noolimpiya sport turlari boʻyicha faoliyat koʻrsatayotgan sport klublari faoliyatini yanada rivojlantirish uchun ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash choralarini koʻrsin;

jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlarida imkoniyati cheklangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga sport bilan shugʻullanish uchun sharoitlar yaratsin hamda ushbu muassasalarni maxsus sport jihozlari bilan taʼminlasin;

sport maktablarini boshqarish va samaradorligini tahlil qilishda jamoatchilikning ishtirokini taʼminlash choralarini koʻrsin.

17. Toshkent viloyati hokimligi (Z.Mirzayev) 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab Toshkent viloyati gimnastikaga ixtisoslashtirilgan sport maktabi faoliyatini yoʻlga qoʻysin.

18. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-noyabrdagi “Sport-taʼlim muassasalari faoliyatini 2025-yilgacha rivojlantirish dasturi toʻgʻrisida”gi PQ–5280-son qaroriga 5-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

19. Sportni rivojlantirish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

20. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sportni rivojlantirish vaziri A.I. Ikramov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2022-yil 6-iyun

Report Page