Davlat qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha birlamchi dilerlar uchun ilk auksion savdosini tashkillashtirish bo‘yicha navbatdagi davra suhbati o‘tkazildi

Davlat qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha birlamchi dilerlar uchun ilk auksion savdosini tashkillashtirish bo‘yicha navbatdagi davra suhbati o‘tkazildi

MoliyaPress

Joriy yilning 21-noyabr kuni Moliya vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, O‘zbekiston Respublikasi Valyuta birjasi va 9 ta tijorat banklari ishtirokida Davlat qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha birlamchi dilerlar uchun ilk auksion savdosini tashkillashtirish bo‘yicha navbatdagi davra suhbati o‘tkazildi.

Ma’lumot uchun: 2022-yil 3-4-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan II Xalqaro iqtisodiy forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va 9 ta tijorat banklari o‘rtasida ilk bor xalqaro standartlarga asoslangan “Birlamchi dilerlik” shartnomasi imzolandi. Mazkur banklar: O‘zbekiston Milliy banki, Ipoteka bank, Xalq banki, Sanoat qurilish banki, Qishloq qurilish banki, Asaka bank, Aziya Alyans bank, Ipak Yo‘li bank va Turon bank.

Davra suhbati davomida DQQ bo‘yicha ilk auksion savdosini puxta takshillashtirishga oid masalalar muhokama qilindi. Xususan, DQQ auksion savdosi o’tkaziladigan O‘zbekiston Respublikasi Valyuta birjasining elektron platformasidagi tegishli texnik parametrlarni sozlash bo’yicha vazifalar belgilab olindi.

Shuningdek, birlamchi dilerlarning majburiyatlari, moliyaviy rag‘batlantirish shartlari, chet el tajribasiga ega bo‘lgan xalqaro treyderlarni auksion savdolariga jalb qilish va birlamchi dilerlarning market meykerlik funksiyalarini belgilash kabi masalalar muhokama qilindi.

Xususan, birlamchi dilerlar uchun Moliya vazirligi tomonidan birlamchi bozorda joylashtiriladigan DQQni sotib olishning eng kam miqdorlari hamda davlat qimmatli qog‘ozlari bilan bog‘liq operatsiyalarda, shu jumladan, repo operatsiyalarida faol ishtirok etishi orqali ikkilamchi bozor likvidligini va ichki pul bozorini qo‘llab-quvvatlash bo’yicha aniq majburiyatlar belgilab berildi. Birlamchi dilerlar moliyaviy rag‘batlantirishdan oladigan mablag’larini faqatgina maqsadli sarflashi, ya’ni bank tashkiliy tuzilmasida eko-tizim – investitsiya bank xizmatlarini, DQQ bilan doimiy shug‘ullanuvchi tadqiqot va savdo bo‘limlarini tashkil etish hamda ushbu sohada katta tajribaga ega bo’lgan chet ellik treyderlarni jalb etish bo’yicha xarajatlarga yo‘naltirilishi belgilab berildi.

Shu bilan birga, bugungi kunda O‘zbekistonga xorijiy investorlarni jalb qilish uchun “Clearstream” xalqaro depozitariysi bilan integratsiya qilish va “Raiffeisen Bank International”ni O‘zbekistonga kastodian-bank sifatida jalb qilish bo‘yicha kerakli chora-tadbirlar amalga oshirib borilishi ta’kidlab o’tildi. 

DQQ bozorida birlamchi dilerlarning mavjud bo‘lishi birlamchi va ikkilamchi bozorda daromadlilik egri chizig‘ini shakllantirish va xorijiy investorlarni mahalliy bozorga jalb qilishga zamin yaratish, kapital bozorini yanada rivojlantirishga asos bo‘ladi.

Moliya vazirligi

Axborot xizmati


Report Page